Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotini tasdiqlash haqida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2024-yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axboroti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2024-yil 6-dekabr,
KSQ-4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2024-yil 6-dekabrdagi KSQ-4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2024-yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida
AXBOROTI
I. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini hayotga tatbiq etish boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar
Mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash davlatchilikni mustahkamlash va uning barqaror rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konstitutsiya) mamlakatimizning kelgusidagi konstitutsiyaviy rivojlanish yoʻlini hamda xalq irodasiga asoslangan va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan zamonaviy oʻzbek davlatchiligining asoslarini belgilab berdi.
Konstitutsiya davlat boshqaruvini demokratlashtirish, davlatning ijtimoiy rolini va majburiyatlarini kengaytirish, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish asoslarini mustahkamladi. Bosh qomusimizdagi norma va prinsiplarni hayotga tatbiq etish, shu jumladan, jamiyat va davlatni Konstitutsiyaga muvofiq, huquqiy modernizatsiya qilish, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlash boʻyicha ishlar 2024-yil davomida ham faol davom ettirildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi (keyingi oʻrinlarda — Konstitutsiyaviy sud) quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni alohida eʼtirofga molik, deb hisoblaydi:
Birinchidan, Konstitutsiya asosida joriy etilgan hokimiyatlarning boʻlinishi prinsipi hamda oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy yangi konsepsiyasidan kelib chiqib, bir qator davlat organlari, xususan, Konstitutsiyaviy sud, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilib, ularning faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyildi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonun, 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonun, 2024-yil 17-oktabrdagi OʻRQ-976-sonli Qonun, 2024-yil 25-oktabrdagi OʻRQ-982-sonli Konstitutsiyaviy Qonun
Parlament palatalari vakolatlarining kuchaytirilishi, aralash saylov tizimining joriy etilishi Oliy Majlis va siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi faolligini oshirishga, mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkil etishning yangi prinsiplarining joriy etilishi esa, mahalliy davlat boshqaruvida aholi irodasini yanada yaqqolroq ifoda etishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, oʻtgan davrda siyosiy institutlar va vakillik hokimiyati organlarining huquqiy maqomini yanada mustahkamlashga, ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Xususan, siyosiy partiyalar faoliyatining tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlari kengaytirildi. Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi professional saylov komissiyalari tizimi yoʻlga qoʻyildi va hududiy saylov komissiyalari tuzildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan yangi tizimi shakllantirildi.
Xalq deputatlari Kengashlarining hududlarni rivojlantirish borasidagi roli yanada kuchaytirildi, vakillik nazoratining Kengash soʻrovi, Kengash tekshiruvi kabi yangi shakllari joriy etildi, hokimlarning tegishli Kengashlar oldidagi masʼuliyati va hisobdorligi kuchaytirildi, xususan, xalq deputatlari Kengashida hokim nomzodi koʻrib chiqilayotganda uning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturini taqdim etishi belgilandi. Ekologiya, taʼlim, ilm-fan, transport, bandlik, shaharsozlik, ijtimoiy himoya, sport kabi muhim ijtimoiy-iqtisodiy va sotsial ahamiyatga ega boʻlgan hokimlarning 33 ta vakolati mahalliy Kengashlarga oʻtkazildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, oldini olish va bu borada samarali nazorat tizimini oʻrnatishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni va uning ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Uchinchidan, 2024-yilda Konstitutsiyaning 20, 26 — 28-moddalarida insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligiga oid kafolatlar kuchaytirildi. Xususan, qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni oʻtash chogʻida fuqarolar huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi belgilandi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-963-sonli Qonun
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) vakolatlari kengaytirildi, xususan, u ogohlantirish, xulosa, iltimosnoma, taqdimnoma va daʼvo ariza kabi besh turdagi taʼsir hujjatlarini qoʻllash huquqiga ega boʻldi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 15-noyabrdagi OʻRQ-1002-sonli Qonun
Xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish tizimi takomillashtirildi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmat koʻrsatish tartibi joriy etildi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 10-maydagi PQ-175-sonli qaror
Bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan oilaviy zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishi, shuningdek, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi ham Konstitutsiyaning 78-moddasida belgilangan bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish boʻyicha davlatning zimmasidagi majburiyatini taʼminlaydi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 21-oktabrdagi OʻRQ-978-sonli, 2024-yil 14-noyabrdagi OʻRQ-996-sonli qonunlar
Konstitutsiyaning 28-moddasiga muvofiq, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar huquqlarini kafolatlash maqsadida ularning Oliy Majlisning Inson huquqlari va Bola huquqlari boʻyicha vakillariga, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarning saylov va referendumda ishtirok etish huquqlari mustahkamlandi. Mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olish tartibi joriy etildi.
Toʻrtinchidan, Konstitutsiyaning 33-moddasida davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilangan. Mazkur konstitutsiyaviy norma ushbu sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, respublika hududida Internet va zamonaviy sifatli aloqa qamrovini kengaytirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi. Xususan, joriy yilda qonun hujjatlariga respublika hududida Internet va aloqa qamrovini kengaytirish uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritildi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 23-fevraldagi OʻRQ-912-son Qonun
Beshinchidan, oʻtgan davrda Konstitutsiyaning 43-moddasida mustahkamlangan davlatning kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrish boʻyicha majburiyati doirasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, har bir fuqaroni oʻzi va farzandlari kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila aʼzosi uchun ijtimoiy soliq 3 yil 1 foiz stavkada toʻlanishi belgilandi.
Oltinchidan, Konstitutsiyaning 48-moddasiga muvofiq, har kimning sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi kafolatlangan, davlat sogʻliqni saqlash tizimini, tibbiy sugʻurtani rivojlantirish choralarini koʻrishi mustahkamlangan. Bu borada ogʻir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam koʻrsatuvchi xospislar tashkil etilayotgani, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish boshlanib, ushbu tizim 2024-yilda Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025 va 2026-yillarda esa, 6 tadan viloyatlarda joriy etilishi belgilanganligini alohida qayd etish zarur. Shuningdek, aholini sport musobaqalarini tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb qilish orqali aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy norma hayotga tatbiq etilmoqda.
Yettinchidan, joriy yilda Konstitutsiyaning 49-moddasiga muvofiq, davlat tomonidan atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, fuqarolarning atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini taʼminlash boʻyicha ham tizimli ishlar olib borildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi oʻsimlik va hayvonlar turlarini tabiiy muhitdan ajratib olish cheklandi. Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash chora-tadbirlari kuchaytirildi. Ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, aholining ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etildi.
2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilinishi va alohida davlat dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilayotganligi, unda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, koʻkalamzor hududlarni keskin koʻpaytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, aholi salomatligini mustahkamlash kabi ustuvor yoʻnalishlar qamrab olinishi belgilanganligi ham bu boradagi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Sakkizinchidan, Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq, taʼlim olish konstitutsiyaviy huquqini, shuningdek, alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiyani taʼminlash boʻyicha ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va oʻquvchilariga budjet mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibi takomillashtirildi. Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish sohasida maʼmuriy toʻsiqlar bartaraf etildi.
Toʻqqizinchidan, Konstitutsiyaning 52-moddasiga muvofiq, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
Ushbu konstitutsiyaviy norma ijrosi doirasida “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi va ularning oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishi, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar kuchaytirildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, kasbiy bilim, koʻnikma va mahoratini muntazam oshirib borishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Oʻninchidan, Konstitutsiyaning 53-moddasidagi intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi haqidagi normani rivojlantirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yaratildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini taʼminlash maqsadida intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga koʻra huquqbuzar tomonidan tovon toʻlash tartibi joriy etildi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-959-sonli Qonun
Oʻn birinchidan, Konstitutsiyaning 55-moddasida kafolatlangan har kimning sud orqali himoyalanish va sudga shikoyat qilishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Xususan, davlat organlari, tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat boji fuqarolardan oldindan undirmasdan, ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etildi.
Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlar bekor qilindi.
Oʻn ikkinchidan, joriy yilda Konstitutsiyaning 57-moddasi asosida mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining huquqlarini davlat tomonidan himoya qilishga hamda ijtimoiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi.
Pensioner hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini toʻlash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.
Pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovar va xizmatlar isteʼmol narxlari indeksi darajasining oʻsish surʼatlarini inobatga olgan holda oshirib borish, pensiya tayinlashda bir vaqtning oʻzida shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi pulni olish proaktiv tarzda amalga oshirish tartibi belgilandi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berildi, ular yoʻqolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-karta yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojidan ozod etildi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylik qilish uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritildi.
Maʼlumot uchun: 2024-yil 18-oktabrdagi OʻRQ-977-sonli Qonun
Nogironligi boʻlgan shaxslarning boshqa fuqarolar bilan teng ravishda oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirish imkoniyatini berish maqsadida ularning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, taʼlim olishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha huquqiy kafolatlar yaratildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning xavfsiz va toʻsiqlarsiz harakatlanishi uchun qulay muhit yaratish, bu borada shaharsozlik hujjatlari loyihalarini majburiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.
Oʻn uchinchidan, Konstitutsiyaning 65-moddasida mustahkamlangan iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini kafolatlash borasida huquqiy mexanizmlar ham sezilarli darajada kuchaytirildi.
Joriy yilda litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega 22 ta hujjat hamda 4 ta tartib va talablar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinadigan 8 ta hisobot va statistika maʼlumotlari bekor qilindi hamda soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari maqbullashtirildi.
Oʻn toʻrtinchidan, Konstitutsiyaning 136-moddasidan kelib chiqib, joriy yilda sudyalar mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish borasida ham muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinib, sudlarning oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borish tartibi belgilandi.
Sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirildi. Shuningdek, jinoyatda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli taʼminlash, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda taʼminlash maqsadida tergov sudyalari institutini joriy etildi.
Oʻn beshinchidan, Konstitutsiyada belgilangan huquqiy davlat prinsipidan kelib chiqib, qonuniylik muhitini taʼminlash va norma ijodkorligi sifatini yaxshilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash hamda qonunchilik hujjatlari natijadorligini monitoring qilish mexanizmlari takomillashtirildi hamda qonunlardagi havolaki normalarni amalga oshirish boʻyicha yangicha tizim joriy etildi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini takomillashtirib borish orqali aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar ham huquqiy davlat qurish borasidagi intilishlarimizga mos keladi. Bu borada 2024-2025-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturining tasdiqlanishi shaxs, davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishi, yoshlarni salbiy taʼsir koʻrsatuvchi turli omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Maʼlumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-sentabrdagi 588-son qarori
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi F-53-son farmoyishi bilan tasdiqlangan 53 banddan iborat dasturda nafaqat bir martalik, vaqtinchalik, balki doimiy xususiyatga ega chora-tadbirlar, ayniqsa, elektron Konstitutsiya kutubxonasini yaratish boʻyicha chora-tadbirlar ham belgilanganligini qoʻllab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish yuqori darajadagi huquqiy ong va madaniyatni shakllantirishni taqozo etadi. Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sud birinchi navbatda davlat xizmatchilari oʻrtasida Konstitutsiya targʻibotini kuchaytirishga, huquqshunoslik yoʻnalishida darslik va qoʻllanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazishga chaqiradi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, jamiyat tomonidan konstitutsiyaviy prinsip, normalarga rioya etish va ijro etishning ahamiyatini chuqur anglab yetish konstitutsiyaviy qonuniylik va jamiyat barqaror rivojlanishining kafolati boʻlib xizmat qiladi.
Bu borada “Yangi Oʻzbekiston — maʼrifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy taʼlim masalasiga alohida eʼtibor qaratish, xususan, parlament tomonidan Konstitutsiyani oʻqib-oʻrganish boʻyicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilishni, Asosiy qonunimizni oʻrganishni bolalar bogʻchasidan boshlash, barcha darajadagi taʼlim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilarini ushbu jarayonga toʻliq jalb etib, davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari boʻyicha imtihonlar oʻtkazish tizimini amalda tatbiq etish boʻyicha ishlarni jadallashtirish zarur.
Konstitutsiyani hayotga tatbiq etishda mamlakatimizda 2024-yil 27-oktabr kunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Saylovlar natijasida ilk marotaba xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga mahalliy Kengash deputatlari orasidan saylangan Kengash raislari boshchilik qilishi boʻyicha konstitutsiyaviy normalar hayotga tatbiq etildi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq parlament va Hukumat shakllantirildi.
Konstitutsiyaviy sud viloyat va Toshkent shahrida Kengash raislari va hokimlar boshchilik qiladigan vakillik va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari alohida ajratilganligini inobatga olib, qonunlardagi mahalliy davlat hokimiyati vakolatlariga oid umumiy normalarni hokimlik va mahalliy Kengashlar oʻrtasida ajratgan holda aniq tahrirda bayon etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son Farmonida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi vazifalarni aniq belgilab qoʻyilganini qoʻllab-quvvatlaydi.
Konstitutsiyaviy sud davlat organlari sudlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani bevosita qoʻllagan holda qarorlar qabul qilish amaliyotini qoʻllab-quvvatlaydi. Xususan, sud amaliyoti tahlili Konstitutsiya va uning moddalariga jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning 73 242 (2023-yilga nisbatan 4,8 baravar koʻp), fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning 25 083 (2023-yilga nisbatan 5,6 baravar koʻp), iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlarning 30 301 (2023-yilga nisbatan 13,6 baravar koʻp) hamda maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarning 8 837 (2023-yilga nisbatan 13 baravar koʻp) hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri havola qilganliklarini koʻrsatmoqda.
Sudlar tomonidan koʻproq Konstitutsiyaning 26, 27, 28, 29, 31 (jinoyat ishlari boʻyicha sudlar), 15, 20, 26, 29, 31, 33, 41, 42, 46, 47, 55, 60, 62 — 68, 76 — 78, 80 (fuqarolik ishlari sudlar), 15, 16, 55, 65 — 68, 99, 134, 138 (iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar) hamda 15, 20, 21, 29, 30, 40, 41, 46, 54, 55, 65 — 67, 138-moddalariga (maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlar) murojaat etilgan.
Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiya normalarini toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etgan holda qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish boʻyicha boshlangan ishlarni yanada jadallashtirish zarurligiga eʼtibor qaratadi.
Konstitutsiyaviy sud ayniqsa, Konstitutsiyaning shaxsning yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar, pochta, elektron va boshqa xabarlarini sir saqlashga boʻlgan huquqini cheklashni, uy-joyda tintuv oʻtkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga oid qoidalari asosida Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalari hali ham qayta koʻrib chiqilmaganligini qayd etadi hamda masʼul davlat organlarini tegishli qonun loyihasini qisqa fursatlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishga chaqiradi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat protsessida va maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritish jarayonida toʻlaqonli taʼminlash maqsadida ushbu institutni jinoyat-protsessual, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikda batafsil aks ettirish orqali Konstitutsiyani hayotga tatbiq etishga chaqirib qoladi.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud vazirlik va idoralar nizomlarida Konstitutsiyani amalga oshirish boʻyicha masʼul boʻlgan vazifa va funksiyalarini aniq belgilab qoʻyish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi hamda Hukumatni vazirlik va idoralarning nizomlarini qayta koʻrib chiqib, ularda ushbu masala boʻyicha alohida normalar belgilashga chaqiradi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sud:
1) viloyat va Toshkent shahrida Kengash raislari va hokimlar boshchilik qiladigan vakillik va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari alohida ajratilganligini inobatga olib, qonunlardagi mahalliy davlat hokimiyati vakolatlariga oid umumiy normalarni hokimlik va mahalliy Kengashlar oʻrtasida ajratgan holda aniq tahrirda bayon etishni tavsiya etadi;
2) Konstitutsiyani toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash masalasini davlat xizmatchilarini, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini oʻqitish va malakasini oshirish tizimining muhim qismi sifatida mustahkamlashga daʼvat qiladi;
3) konstitutsiyaviy taʼlim masalasiga alohida eʼtibor qaratish, xususan, Konstitutsiyani oʻqib-oʻrganish boʻyicha Milliy faoliyat dasturini qabul qilish, davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari boʻyicha imtihonlar oʻtkazish tizimini amalda tatbiq etish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga chaqiradi;
4) huquqshunoslik yoʻnalishida darsliklar va boshqa qoʻllanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazishni jadallashtirish lozimligini qayd etadi;
5) shaxsning yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar, pochta, elektron va boshqa xabarlarini sir saqlashga boʻlgan huquqini cheklashni, uy-joyda tintuv oʻtkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga oid konstitutsiyaviy qoidalar asosida Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalarni qisqa muddatlarda qayta koʻrib chiqishga chaqiradi;
6) shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat protsessida va maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritish jarayonida toʻlaqonli taʼminlash maqsadida ushbu institutni jinoyat-protsessual, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikda batafsil aks ettirishni taklif qiladi;
7) vazirlik va idoralar nizomlarida ularning Konstitutsiyani amalga oshirishga qaratilgan vazifa va funksiyalarini aniq belgilab qoʻyish maqsadida Hukumatni vazirlik va idoralarning nizomlarini qayta koʻrib chiqib, ularda ushbu masala boʻyicha alohida normalar belgilashga chaqiradi.
II. Konstitutsiyaviy sud tomonidan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qoʻllash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar
Konstitutsiyaviy odil sudlov demokratik-huquqiy davlat uchun muhim boʻlgan fundamental qadriyatlarni kafolatlovchi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjat sifatida Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish orqali ularning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquq va erkinliklariga bevosita taalluqli boʻlgan qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshiriladi.
Ushbu institut konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish va konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim omili boʻlib xizmat qilmoqda. 2024-yil davomida Konstitutsiyaviy sudga jami 1400 ta murojaatlar, shundan 1 350 tasi fuqarolar, 50 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Fuqarolar tomonidan pensiya, fuqarolik, uy-joy, mehnat qonunchiligining alohida normalarini konstitutsiyaviyligini tekshirish yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.
Shu bilan birga yoʻllangan murojaatlarining aksariyati umumiy yurisdiksiya sudlarining qarorlarini bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish, sudga qadar ish yuritishning qonuniyligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan berilgan.
Bunday murojaatlar Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki umumiy yurisdiksiya sudlari yoki boshqa organlar tomonidan koʻrib chiqilishi (sud va tergovga, mansabdor shaxslarning xatti-harakatiga, ish yoki oʻqishga tiklashga oid) lozim. Tahlillar koʻpincha Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan fuqarolar huquqni muhofaza qilish institutlari toʻgʻrisida yetarlicha xabardor emasligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Konstitutsiyaviy sudga “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun talablariga muvofiq boʻlmagan shikoyatlar bilan murojaat etish holatlari koʻpayishi tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Konstitutsiyaviy sud Hukumat va boshqa masʼul davlat organlarining eʼtiborini huquqiy targʻibot-tashviqot ishlarini yanada faollashtirishga qaratadi.
Fuqarolarning normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini tekshirish haqidagi murojaatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni 29-moddasida belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Unda qoʻyilgan masala yuzasidan murojaat qiluvchining nuqtai nazari va murojaatni Konstitutsiyaning tegishli normalariga havola qilingan holdagi huquqiy asoslantirilgan boʻlishi lozim. Shu maqsadda Konstitutsiyaviy sud fuqarolarga yuridik maslahat berish va malakali yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Bu borada davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tizimi muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olib, yuridik yordamni davlat hisobidan koʻrsatish toʻgʻrisidagi (29-modda) konstitutsiyaviy norma ijrosini samarali tashkil etish maqsadida “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan kam taʼminlangan shaxslarning normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini tekshirish boʻyicha murojaatlarini Konstitutsiyaviy sud majlisida koʻrib chiqishni ham kiritish maqsadga muvofiq.
Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarning 14 ta maʼmuriy-hududiy birliklar kesimidagi tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, eng koʻp murojaat Toshkent shahri, Namangan va Toshkent viloyatlaridan kelib tushgan.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2024-yilda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 70 ta qonun va 218 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi oʻrganilgan. Konstitutsiyaviy nazorat tartibida tekshirilgan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sud hujjatlarida zamonaviy konstitutsionalizm amaliyotini hisobga olgan holda huquqiy tizimni takomillashtirish boʻyicha konstitutsiyaviy-doktrinal yondashuvlar bayon etilgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning aniq yoʻnalishlari koʻrsatib berilgan, huquqiy normalarni qoʻllashning konstitutsiyaviy-huquqiy masalalariga eʼtibor qaratilgan.
Masalan, Konstitutsiyaviy sudning 2024-yil 23-iyulda boʻlib oʻtgan sud majlisida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazning murojaati boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 86-moddasi birinchi qismiga sharh berish haqidagi masala koʻrib chiqildi.
Xususan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qoʻllanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq boʻlmagan qonunda buzilgan, deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlari, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda ishni koʻrib chiqish tugagan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay beriladi, degan normaga aniqlik kiritildi.
Konstitutsiyaviy sud huzurida jamoatchilik asosida ilmiy-maslahat kengashi faoliyat koʻrsatib, u Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar, shu jumladan, Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni himoya qilish mexanizmlari samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar kiritadi. Xususan, Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari 2024-yilda 13 ta masala boʻyicha takliflar kiritgan va ular Konstitutsiyaviy sud tomonidan qaror qabul qilishda inobatga olingan.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotida vazirlik va idoralar faoliyatiga oid tavsiyalar mazkur vazirlik va idoralar tomonidan koʻrib chiqilishini majburiy etib belgilash taklif etiladi;
2) Konstitutsiyaviy sud Hukumat va boshqa masʼul davlat organlarini, avvalambor, Adliya vazirligini oʻz vakolati doirasida fuqarolarning oʻz huquqlarini muhofaza qilishning barcha huquqiy vositalari haqida xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot-tashviqot ishlarini yanada faollashtirishga hamda ushbu faoliyat sifati ustidan doimiy monitoring qilib borishga chaqiradi;
3) konstitutsiyaviy sudlov boʻyicha yuridik maslahat berish va malakali yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tizimi muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish doirasiga normativ-huquqiy hujjatlar yoki uning alohida normalarining konstitutsiyaviyligini tekshirish boʻyicha murojaat Konstitutsiyaviy sud ish yurituviga qabul qilinganda ushbu toifa shaxslarning manfaatlarini himoya qilishni kiritish taklif etiladi.
III. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash va uni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar va takliflar
Oʻtgan davrda konstitutsiyaviy sud ish yurituvi davomida, shuningdek, Ilmiy-maslahat kengashi tomonidan kiritilgan takliflarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyani toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash va uni amalga oshirish bilan bogʻliq quyidagi ayrim masalalarga eʼtibor qaratadi.
Birinchidan, insonning huquq va erkinliklari qonunlarning mohiyati va mazmunini belgilashi haqidagi konstitutsiyaviy qoida norma ijodkorligida muhim oʻrin tutishi lozim.
Konstitutsiyaviy sud bu borada inson huquq va erkinliklarini cheklovchi choralarni joriy etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda konstitutsiyaviy talablarga rioya etish zarurligiga eʼtibor qaratadi.
Konstitutsiyaviy sud insonning huquq va erkinliklari qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar bilan cheklash mumkin emasligiga va ushbu masala parlamentning mutlaq vakolatiga kiritilganligini yana bir bor eslatib oʻtishni joiz deb biladi.
Shu bilan birga inson huquq va erkinliklarini cheklovchi normalar boʻlgan qonun loyihalarini ishlab chiqishda ham quyidagi konstitutsiyaviy normalarga rioya etish lozim:
mazkur choralarning asoslari va chegaralari mutanosiblik va yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga qatʼiy muvofiq boʻlishi kerak (Konstitutsiyaning 20-moddasi);
insonning huquq va erkinliklari faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkin (Konstitutsiyaning 21-moddasi).
Shunga koʻra, qonun chiqaruvchi bu mazmundagi qonunlarni qabul qilishda insonning huquq va erkinliklarini cheklashning konstitutsiyaviy chegaralaridan kelib chiqib yondashishi, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni Konstitutsiyaning 21-moddasida belgilangan maqsadlardan boshqa maqsadlarda yoxud zarur boʻlgan hajmdan ortiqcha cheklanishi mumkin emasligiga, bunday choralar adolatlilik, mutanosiblik va yetarlilik prinsiplariga mos boʻlishiga eʼtibor qaratishi zarur.
Ushbu konstitutsiyaviy norma asosida Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda ishlab chiquvchilardan bir qator jihatlarga rioya etishni, xususan, inson, jamiyat va davlat manfaatlari muvozanatini taʼminlash, davlat organlari faoliyati samaradorligini taʼminlash va huquqiy tartibga solishda suisteʼmolchiliklarga yoʻl qoʻymaslik, huquq normalarining turlicha, oʻzboshimchalik bilan sharhlashga yoʻl qoʻymaydigan darajadagi aniqligi hamda inson huquqlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etish va havolaki normalarni amalga oshirish zaruratini ham eʼtibordan chetda qoldirmaslikka chaqiradi.
Bu borada Konstitutsiyaviy sud oʻzining 2023-yildagi axborotida taklif etgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda uning Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtai nazardan baholashni eng asosiy, birlamchi mezon sifatida alohida belgilab qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 19-fevraldagi PQ-75-son qarorida mustahkamlanganligini qoʻllab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda uning Konstitutsiyaga muvofiqligini baholash faqat Adliya vazirligi emas, balki barcha vazirlik va idoralar, shuningdek, Oliy Majlis palatalari yuridik xizmatlari tomonidan taʼminlanishi lozim, deb hisoblaydi hamda Adliya vazirligi tomonidan vazirlik va idoralar huquqshunos kadrlarini malakasini oshirish jarayonida ham ularning ushbu masala boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish tashabbusini ilgari suradi.
Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy sud fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni taʼminlash bilan bogʻliq quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratadi:
tartibsiz qurilishlar, qurilish ishlarida xavfsizlik choralari koʻrilmaganligi aholi hayoti sifat darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatishini, shu jumladan, yosh bolalar oʻlimiga sabab boʻlganligini inobatga olib, barcha yirik qurilish ishlarida xavfsizlik kafolatlarini hamda ushbu masalada quruvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, renovatsiyaga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish maqsadga muvofiq;
masʼul idoralar tergov va sud jarayonida vaqtincha tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga bayram kunlarida oziq-ovqat, kiyim-kechak kiritish, toza havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlari va advokatlari bilan uchrashuvga ruxsat beradigan tizimni joriy etish masalasiga eʼtibor qaratishi zarur;
baʼzi hududlarda fermerlar oʻzlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf etishda toʻsqinliklarga uchrashi holatlarini eʼtiborga olib, barcha masʼullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi boʻyicha konstitutsiyaviy kafolatlarga soʻzsiz rioya etish talab etiladi.
Mazkur holatlar yuzasidan Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquqlarga rioya etmaslik holatlari vakolatli davlat organlari diqqat-eʼtibori markazida boʻlishi kerakligi, bu bilan bogʻliq har bir holat zudlik bilan oʻrganilishi hamda buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha zarur choralar koʻrilishi lozimligini taʼkidlaydi hamda Oliy Majlisni, Hukumatni va masʼul tashkilotlarni aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish bilan bir qatorda, ularni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tizimli choralar koʻrib borishga chaqiradi.
Uchinchidan, Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyadan kelib chiqib, maxsus qonunlarda xalqaro shartnomalarning yuridik kuchi masalasi aniq tartibga solinishi lozimligiga eʼtibor qaratadi. Xususan, Konstitutsiyaga koʻra, agar xalqaro shartnomada qonundan boshqacha qoida belgilangan boʻlsa xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi (15-modda).
Ushbu konstitutsiyaviy norma mazmunidan kelib chiqib, barcha xalqaro shartnomalar yoki faqatgina qonun bilan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar qonunlardan ustun boʻlishi, shuningdek, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunning yuridik kuchi oddiy qonunga nisbatan ustunroq boʻlishi kabi masalalarga aniqlik kiritish zarur.
Shuningdek, xalqaro shartnomalar normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash mexanizmlari ham yetarli emas. Qonunchilikda faqat ratifikatsiya qilinadigan xalqaro shartnomaning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash tartibi nazarda tutilmagan, xalqaro shartnomani Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topishning huquqiy oqibatlari ham qonunlarda aniq belgilab berilmagan.
Xalqaro shartnomalarni sudlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash uchun huquqiy va protsessual asoslarni takomillashtirish ham muhim ahamiyatga ega. Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyadan kelib chiquvchi xalqaro shartnomalarga oid ushbu masalalarni qonun darajasida tartibga solish lozim, deb hisoblaydi.
Toʻrtinchidan, Konstitutsiyada huquqiy davlatchilik, Konstitutsiya va huquq ustuvorligi, konstitutsiyaviy huquq-tartibotni taʼminlash va fuqarolarni sud himoyasida boʻlishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishning muhim sharti sifatida odil sudlov hokimiyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Umuman olganda, sud himoyasida boʻlish konstitutsiyaviy huquqi bir vaqtning oʻzida boshqa konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarga nisbatan kafolatlovchi mexanizm sifatida ham namoyon boʻladi.
Bu borada Konstitutsiyaviy sudning 2023-yilgi axborotidagi viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyotini bekor qilish haqidagi taklifini inobatga olib, Oliy Majlis tomonidan tegishli qonun qabul qilinganligini yuqori baholaydi.
Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-300-sonli qarorida belgilangan tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini koʻrib chiquvchi alohida tergov sudyalari institutini joriy etilishi sudlar mustaqilligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlarni yanada mustahkamlaydi. Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud tergov sudyasi vakolatlarining qonuniy asoslarini yaratish choralarini tezlashtirish zarur, deb hisoblaydi.
Beshinchidan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida boshqa shaxslarning manfaatlarini koʻzlab davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan shaxslar tomonidan kiritilgan daʼvolar koʻrmasdan qoldirilganda davlat bojini toʻlash masalasi boʻyicha huquqiy boʻshliqni bartaraf etish maqsadga muvofiq.
Sud himoyasida boʻlishga oid konstitutsiyaviy normani toʻlaqonli amalga oshirish maqsadida Konstitutsiyaviy sud “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunda boshqa shaxslar manfaatini koʻzlab qilingan daʼvolar yuzasidan, xususan, javobgarga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa va daʼvo koʻrmasdan qoldirilganda manfaatdor shaxsdan davlat bojini undirmaslik masalasini koʻrib chiqishni taklif etadi.
IV. Xulosa
Yangilangan Konstitutsiya va unga muvofiqlashtirilayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasini suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror va izchil rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy poydevor boʻlmoqda.
Ayni damda Konstitutsiyada belgilangan maqsadlarga erishish nafaqat davlat organlari, balki jamoat birlashmalari va keng jamoatchilik uchun ham ustuvor vazifa boʻlib, jamiyatning barcha aʼzolarining faol saʼy-harakatlarini talab etadi.
Shu maʼnoda Konstitutsiyaviy sud barcha davlat organlarini Konstitutsiyani amalga oshirish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlashda masʼuliyatni toʻlaqonli his qilishga, shu jumladan, oʻz faoliyatida Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarning cheklanishiga yoʻl qoʻymaslikka, konstitutsiyaviy huquqlar buzilishining har qanday holatlari boʻyicha tezkor va qatʼiy choralarni koʻrib borishga chaqiradi.
Zero, konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash, har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish har bir davlat hokimiyati organi, davlat instituti va mansabdor shaxsning bosh maqsadi boʻlib qolishi lozim.