Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Internet tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishi taqiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va chet el fuqarolarining toifalari roʻyxatini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3642]
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi hamda “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Internet tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishi taqiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va chet el fuqarolarining toifalari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 25-iyun,
13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 25-iyundagi 13-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Internet tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishi taqiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va chet el fuqarolarining toifalari
ROʻYXATI
1. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslar va ularning oila aʼzolari.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 27-fevraldagi 12-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3642-1, 06.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2026-y., 10/26/3642-1/0217-son)
3. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va (yoki) “Ayollar daftari”ga kiritilgan shaxslar.
4. Voyaga yetmagan shaxslar.
5. Prokuratura organlari, ichki ishlar, milliy gvardiya va bojxona organlari xodimlari.
6. Harbiy xizmatchilar.
7. Xizmatni oʻtash vaqtida qoʻriqlash boʻlinmalarining harbiy xizmatchilari, xodimlari, ishchilari va xizmatchilari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining xodimlari.
9. Chet el fuqarolari — xorijiy davlatlar vakolatli organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali ularning fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan Internet tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishini taqiqlash boʻyicha soʻrovlari asosida.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2025-y., 10/25/3642/0581-son; 07.03.2026-y., 10/26/3642-1/0217-son)