Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga onlayn davlat xizmatlarini koʻrsatish, shu jumladan, ularni elektron shaklda davlat roʻyxatidan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish, oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni real vaqt rejimida taqdim qilish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati va tendensiyalarini kuzatib borish imkoniyatini beradigan elektron portal (keyingi oʻrinlarda — elektron portal) ishlab chiqilib, ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda — Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi) bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar elektron portal bazasida quyidagi imkoniyatlarni beradigan ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etsin:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari (keyingi oʻrinlarda — NNT) tomonidan ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar ishlab chiqilishida ishtirok etish, ularning ijrosini monitoring qilish, monitoring natijasi boʻyicha majburiy tartibda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan hujjatni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari toʻgʻrisidagi takliflarni masʼul davlat organlari va tashkilotlariga kiritish;
NNTlarning ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar loyihalari yuzasidan bergan takliflarini davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqish va natijalarini elektron portalga joylashtirish;
NNTlar yoki davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha takliflar kiritish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy sheriklik sohalari doirasida davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish toʻgʻrisida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalariga (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar) buyurtmanomalar yuborish;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
NNTlar tomonidan amalga oshirilgan jamoatchilik nazoratining yakuni boʻyicha tayyorlangan hujjatni davlat organlari va tashkilotlariga yuborish hamda davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan ushbu hujjatning koʻrib chiqilishi natijasi boʻyicha qabul qilingan qarorlarni eʼlon qilish.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda elektron portalga joylashtirib boriladi:
ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning loyihalari;
sotsial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun NNTlarga budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish uchun tanlov oʻtkazilishi haqidagi eʼlonlar;
Oldingi tahrirga qarang.
kelgusi moliya yili uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish toʻgʻrisida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki uning hududiy boʻlinmalariga yuboriladigan buyurtmanomalar;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
NNTlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar, tuzilgan hamkorlik bitimlari, memorandumlar hamda berilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari haqidagi maʼlumotlar;
davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish jarayoni va natijalari, ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi haqidagi maʼlumotlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalariga davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasini berish uchun tanlovlar oʻtkazilishi haqidagi eʼlonlar, shuningdek, oʻtkazilgan tanlovlarning natijalari haqida maʼlumotlarni elektron portalga joylashtirib borish tavsiya etilsin.
(3-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
4. Elektron portalda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tashkiliy sxema ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Elektron portalning funksional imkoniyatlarini takomillashtirish, uning uzluksiz faoliyat koʻrsatishi, shuningdek, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
a) ijtimoiy sheriklikni elektron portal orqali amalga oshirish tartibiga rioya etilishining nazorati va doimiy monitoringini amalga oshirsin;
b) Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-avgustga qadar davlat boshqaruvi organlarining sotsial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish uchun NNTlarga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibini takomillashtirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartib-taomillarini “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida qayta koʻrib chiqish;
davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarish uchun ajratiladigan mablagʻlarning eng koʻp miqdorini belgilash;
ijtimoiy loyihalarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilish tartibi;
davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarishga ajratilgan mablagʻlarning NNTlar tomonidan maʼmuriy xarajatlar va ish haqiga ishlatiladigan qismini aniq belgilash;
davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarishga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini monitoring qilishning aniq mexanizmi;
davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarish natijalarining samaradorligini baholash indikatorlarini belgilash;
davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarishga ajratilgan mablagʻlar sarflanishi yuzasidan jamoatchilikni doimiy ravishda xabardor qilib borish tartibi;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat organlari va tashkilotlari, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, uning hududiy boʻlinmalari hamda NNTlarning elektron portaldan ushbu qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishi uchun foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
(6-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
ushbu qarorning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan funksional imkoniyatlar Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham amalga oshirilishini taʼminlasin;
g) Moliya vazirligi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar NNTlarga qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy sheriklik doirasida ajratilgan davlat granti va ijtimoiy buyurtmasi boʻyicha amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalarning Yagona elektron reyestrini joriy etsin va doimiy ravishda yangilab borsin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda:
a) “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining tizimli va samarali ijrosi taʼminlanishiga koʻmaklashish maqsadida quyidagi masalalarni aniqlash uchun 2023-yildan boshlab har yili tahlil qilib boradi:
mavjud ijtimoiy xizmatlarning xatlovi, ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish holati, ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishga jalb qilingan moddiy va moliyaviy resurslarning turlari va miqdori;
ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatayotgan subyektlar turlari (davlat organlari va tashkilotlari, NNTlar, tadbirkorlik subyektlari va boshqalar.) va soni;
aholining ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojini baholash orqali birinchi navbatda, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi zarur boʻlgan aholi qatlamlari;
jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, NNTlarga davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalari beriladigan ijtimoiy xizmat koʻrsatishning ustuvor yoʻnalishlari;
b) tahlillar natijasi boʻyicha har yili 1-martga qadar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari, Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga maʼlumot taqdim etib boradi.
8. Vazirlik va idoralar har yili sotsial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun NNTlarga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan beriladigan davlat ijtimoiy buyurtmalarini ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan tahliliy maʼlumotlarga asosan shakllantirib borsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-aprel,
208-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-apreldagi 208-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Elektron portalda Ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha
TASHKILIY SXEMA
Adliya vazirligi, manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birga | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
↓ | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
7 | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Davlat organlari va tashkilotlari | 6 | Elektron portal | 5 | Fuqarolik jamiyati institutlari | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
→ | → | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
← | ← | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
1 | 4 | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
↑ | ↓ | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
2 | 3 | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, uning hududiy boʻlinmalari | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
1. Davlat organlari va tashkilotlari ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning loyihalari; budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini berish uchun tanlov oʻtkazilishi haqidagi eʼlonlar; loyihalar, tuzilgan hamkorlik bitimlari, memorandumlar hamda berilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari boʻyicha maʼlumotlar; Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki uning hududiy boʻlinmalariga yuboriladigan davlat ijtimoiy buyurtmalari haqidagi maʼlumotlarni elektron portalga joylashtiradi.
2. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, uning hududiy boʻlinmalari davlat granti va ijtimoiy buyurtmasini berish uchun tanlov oʻtkazilishi haqidagi eʼlonlar.
3. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, uning hududiy boʻlinmalari davlat granti tanlovlarning natijalari, loyihalarni amalga oshirish jarayoni va natijalari, ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi boʻyicha maʼlumotlarni elektron portalga joylashtiradi.
4. Fuqarolik jamiyati institutlari ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning loyihalariga takliflarni, eʼlon qilingan tanlovlarda ishtirok etish uchun arizani davlat organlari hamda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki uning hududiy boʻlinmalariga elektron portal orqali yuboradi.
5. Fuqarolik jamiyati institutlari ijtimoiy sheriklik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha takliflarni davlat organlari va tashkilotlariga elektron portal orqali yuboradi.
6. Davlat organlari va tashkilotlari ijtimoiy sheriklik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha takliflarni fuqarolik jamiyati institutlariga elektron portal orqali yuboradi.
7. Adliya vazirligi ijtimoiy sheriklikni elektron portal orqali amalga oshirish tartibiga rioya etilishining nazorati va doimiy monitoringini amalga oshiradi, amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalarning yagona elektron reyestrini joriy etadi va doimiy ravishda yangilab boradi.
(ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2022-y., 09/22/208/0338-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)