O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyundagi 5069-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirishga, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishda, mamlakatni demokratik yangilashda fanning rolini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Zamonaviy sanoat ishlab chiqarishi, energetika, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, fan va texnikaning g‘oyat muhim ilmiy va texnologik muammolarini hal qilishga qaratilgan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlar sohasidagi 25 davlat ilmiy-texnika dasturi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ilmiy-tadqiqot muassasalarini bazaviy ta’minlash tizimidan ilmiy-texnik vazifalarni hal qilishga qaratilgan maqsadli loyihalarni moliyalashga o‘tish ilmiy jamoalar ijodiy faolligi rag‘batlantirilishini, ularning sa’y-harakatlari real yakuniy natijalarga erishishga safarbar qilinishini, fan va texnika taraqqiyotining dolzarb masalalari hal qilinishini, ularning ishlab chiqarishga joriy etilishini ta’minladi. Ilmiy-texnika sohasida xalqaro aloqalar jadal rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlarga qaramay, ilmiy-texnika salohiyatining rivojlanish darajasi ortib borayotgan talablarga, mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar sur’atlariga to‘liq javob bermaydi.
Ilmiy dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish, ilmiy-texnika ishlarini moliyalash mexanizmi tubdan qayta qurilishi lozim. Davlat ilmiy-texnika dasturlari, loyihalar iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari rivojlanishi uchun mas’ul vazirliklar va idoralarning faol ishtirokisiz, chuqur va har tomonlama ekspertizasiz, olimlar, mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinmay shakllantirilmoqda va amalga oshirilmoqda.
Moliyaviy mablag‘larning tor doiradagi ekspertlar xulosasi asosida taqsimlanishini nazarda tutuvchi, mavjud ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishning grant tizimi mayda mavzular tanlanishiga, ilmiy loyihalar takrorlanishiga va ajratilgan mablag‘lardan samarasiz foydalanilishiga olib kelmoqda. Jumladan, agar 2000-yilda Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 747 ta ilmiy loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa, grant orqali moliyalash tizimiga o‘tilgach, mazkur dasturlar doirasida o‘rganilayotgan mavzular soni 2-marta ko‘paydi va 1515 taga yetdi.
Bugungi kunda fan doktorlari va nomzodlarining 74 foizdan ko‘prog‘i ishlayotgan, ilmiy tadqiqotlarning mustahkam moddiy-texnika bazasi yaratilgan mamlakat oliy o‘quv yurtlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish tizimi sezilarli darajada takomillashtirilmog‘i zarur. Oliy o‘quv yurtlarining kafedralari, ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalari ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini tashkil etish hamda amalga oshirishda yetakchi bo‘g‘inga aylanishi kerak.
Ilmiy-texnika tadqiqotlari natijalarini amaliyotga joriy etishga oid ishlarning ahvoli ham qoniqarsizligicha qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ilmiy-texnika taraqqiyotini muvofiqlashtirish kengashining ishchi organlari hisoblangan Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish kengashi hamda Fan va texnologiyalar markazi o‘rtasida yaqin va samarali hamkorlik yo‘q. Bu esa mavzularning dolzarbligiga, olib borilayotgan tadqiqotlar sifatiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-texnika taraqqiyoti boshqaruvini erkinlashtirish, ilmiy tadqiqotlar, texnologik va konstruktorlik ishlanmalari darajasi, sifati va dolzarbligini oshirish, ulardan samarali foydalanish uchun sharoit yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ilmiy-texnika taraqqiyotini muvofiqlashtirish kengashi va uning ijrochi organlari — Fan va texnologiyalar markazi hamda Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish kengashi tugatilsin.
Tugatish komissiyasi 1-ilovaga* muvofiq tuzilsin, Tugatish komissiyasi belgilangan tartibda Fan va texnologiyalar markazi hamda Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish kengashini tugatsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tashkil etilsin (bundan keyin Qo‘mita deb yuritiladi):
Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalari, zamonaviy fan yutuqlari hisobga olingan holda Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birga fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
vazirliklar va idoralarning ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalari, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari, Fanlar akademiyasining fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash;
ilmiy-texnika dasturlari amalga oshirilishini, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari iqtisod, ishlab chiqarish, ta’limning turli sohalarida qo‘llanilishini samarali monitoring qilishni tashkil etish;
ilmiy-texnika sohasida o‘zaro foydali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mamlakat ilm sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, respublika ilmiy tashkilotlari, olimlari va mutaxassislarining xalqaro dasturlar va ilmiy loyihalar tanlovlarida qatnashishi uchun ko‘maklashish.
3. Quyidagilar tasdiqlansin:
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Qo‘mitaning tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga** muvofiq.
** 3-4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Qo‘mitaning ijro apparati boshqaruv xodimlarining eng ko‘p soni 25 kishi etib belgilansin.
Qo‘mita raisining o‘rinbosari — ijro apparati rahbari maqomi, moddiy va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
4. Belgilab qo‘yilsin:
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa vazirlik va idoralarning ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari tomonidan fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan ilmiy-texnika dasturlari asosida olib boriladi;
davlat budjeti mablag‘lari, budjetdan tashqari fondlar, homiylardan tushgan mablag‘lar va xo‘jalik subyektlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan shartnomalardan tushgan mablag‘lar moliyalash manbalari hisoblanadi;
davlat budjeti mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, yetakchi tadqiqot markazlariga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga ajratiladi;
Innovatsiya fan-texnika faoliyatini moliyalashtirish jamg‘armasini shakllantirish uchun mablag‘ vazirliklar, idoralar, xo‘jalik hisobidagi tuzilmalardan kelib tushadigan mablag‘lar, xalqaro grantlar, tijorat banklari va xorijiy moliya institutlarining maqsadli imtiyozli kreditlari bilan bir qatorda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan davlat budjetidan ajratiladi;
Fanlar akademiyasi, vazirliklar va idoralar tadqiqot va innovatsiya ishlari uchun ajratiladigan budjet mablag‘larini ilmiy-tadqiqot, ta’lim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek, amalga oshiriladigan ilmiy-texnika loyihalariga ilmiy-texnika loyihalari ekspertizalari natijalariga qarab tanlov asosida mustaqil taqsimlaydi.
5. Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar tadqiqot va ta’lim muassasalari, Fan va texnologiyalar markazi o‘rtasida fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari sohasida ilmiy-texnika loyihalarni amalga oshirish uchun ushbu qaror chiqishidan oldin tuzilgan shartnomalarga muvofiq buyurtmachilar deb belgilansin.
6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tarkibiga fan bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi kiritilsin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tarkibida ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limlari (sektor) tashkil etilsin, har bir vazirlikning boshqaruv xodimlari soni 5-ilovaga* muvofiq 3 nafarga ko‘paytirilsin.
* 5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tarkibidagi ilm-fanni moliyalash bo‘limiga qo‘shimcha 3 ta shtat birligi kiritilsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga har yilgi qabul kvotalari Qo‘mita tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o‘z boshqaruvida oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida Moliya vazirligi tomonidan ushbu maqsadlarga maxsus ajratiladigan mablag‘lar doirasida Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi PF-4635-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 30-son, 365-modda)
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga talaba-magistrlar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiatlarini aniqlash vazifasi yuklansin. Nomzodlarni ko‘rib chiqish va stipendiyalarni moliyalash Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi 344 va 2008-yil 13-oktabrdagi 266-son qarorlarida ko‘zda tutilgan tartibda amalga oshirilsin.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi PF-4635-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 30-son, 365-modda)
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda o‘rnatilgan tartibda Aspirantura (doktorantura) to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda ilmiy-tadqiqot, ta’lim muassasalari, tajriba-konstruktorlik tashkilotlariga ega vazirliklar va idoralarda bajariladigan Fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarining ilmiy-texnika dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2006-yilda Fan va texnologiyalar markazining tugatilishi natijasida bo‘shaydigan budjet mablag‘lari hisobidan Qo‘mita ijro apparatini ta’minlash uchun mablag‘ ajratsin;
2007-yildan boshlab Qo‘mitani joriy ta’minlash uchun zarur budjet mablag‘larini belgilangan tartibda ko‘zda tutsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qo‘mita ijro apparatining Mustaqillik maydonidagi ma’muriy binoda joylashishi va uning faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratishni ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 20-fevraldagi “Ilmiy-tadqiqot faoliyatni tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3029-son farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-martdagi “ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 77-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblasin.
13. Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta ichida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgarish va qo‘shimchalar to‘g‘risida taklif kiritsin;
Idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirishni ta’minlasin.
14. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 7-avgust,
PQ-436-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 31-32-son, 311-modda; 2008-y., 14-15-son,99-modda; 2011-y., 36-son, 366-modda; 2013-y., 47-son, 616-modda; 2014-y., 30-son, 365-modda)