O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
ILMIY-TADQIQOT FAOLIYATINI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-avgustdagi PQ-436-sonli “Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekistonning ilmiy va texnologik salohiyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi islohotlarning strategik vazifalari va ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq holda mamlakat ilmiy-texnikaviy taraqqiyotini ta’minlash, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar saviyasi, sifati va samaradorligini oshirish, ulardan amaliyotda keng foydalanish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ilmiy-texnika taraqqiyotini Muvofiqlashtirish kengashi tuzilsin.
Muvofiqlashtirish kengashi respublikada ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi muvofiqlashtiruvchi yuqori organ ekanligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan boshqarilishi belgilab qo‘yilsin.
2. Muvofiqlashtirish kengashi tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Muvofiqlashtirish kengashi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalarning ustuvor yo‘nalishlarini iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar rivojlanishining strategiyasi, shuningdek mamlakat iqtisodiyotidagi qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolli tarkibiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq holda belgilash;
mamlakat manfaatlari va davlatimizning iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda yirik ilmiy-tadqiqot dasturlari va texnologik loyihalar bo‘yicha ekspertizalar tashkil etish va ekspertiza xulosalarini tasdiqlash;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat ustuvor yo‘nalishlariga mos keluvchi yirik ilmiy dasturlar va texnologik loyihalarni tasdiqlash;
ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar bo‘yicha yillik Davlat dasturini tasdiqlash;
yangi innovatsiyaviy ilg‘or g‘oyalarni ilgari suruvchi, jahon ilm-fanidagi yangi, istiqbolli yo‘nalishlarni muntazam kuzatib boruvchi hamda mamlakat manfaatlari yo‘lida qo‘llay olishga qodir iqtidorli yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.
4. Muvofiqlashtirish kengashi qoshida uning ijroiya organi sifatida Fan va texnologiyalar markazi tashkil etilsin.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan takliflar ishlab chiqish va ularni Muvofiqlashtirish kengashiga taqdim etish;
Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan belgilangan ilm-fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari doirasida yillik ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar dasturi loyihasini ishlab chiqish;
ilm-fan va texnologiyalarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish huquqiga ega bo‘lish uchun tanlovlar uyushtirish va o‘tkazish;
intellektual salohiyatdan hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun ajratiladigan moliyaviy mablag‘lardan maksimal darajada oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida respublika ilmiy muassasalari faoliyatini muntazam tahlil etib borish;
ilm-fan rivoji va innovatsiya faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish bo‘yicha muntazam ish yuritish va bunda dolzarbligini yo‘qotgan mavzularni tugatish hamda ilmiy-texnikaviy taraqqiyot taqozo etayotgan yangi tadqiqotlar olib borishga doir takliflar kiritishni nazarda tutish;
maqsadli grantlar ajratish, chet davlatlarda stajirovkadan o‘tishni tashkil etish va qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllaridan foydalangan holda iqtidorli, istiqbolli olimlarning kasbiy malakalarini oshirish uchun shart-sharoit yaratish;
ilmiy-texnikaviy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishni tashkil qilish, iqtisodiyotning muayyan sohasi korxonalari rahbarlarining innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni moliyalash va birgalikda moliyalashdan manfaatdorligini oshiruvchi rag‘batlantirish usullarini yaratish;
ilm-fan va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalar va innovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni, homiylar mablag‘larini va grantlarni jalb etish.
5. Muvofiqlashtirish kengashi qoshida Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish kengashi tashkil etilsin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
yirik ilmiy va investitsiya loyihalarining xolis, mustaqil ekspertizasini uyushtirish, texnik jihatdan ta’minlash va o‘tkazish;
yuqori malakali olimlar va mutaxassislar orasidan mustaqil ekspertlar xususidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va uni muntazam ravishda yangilab borish;
amalga oshirilayotgan yirik ilmiy tadqiqotlar va investitsiya loyihalari bo‘yicha joriy va yakuniy hisobotlar monitoringini olib borish;
Muvofiqlashtirish kengashiga olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning va ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi, ularning samaradorligi va sifatini yanada oshirishga doir takliflar kiritish.
6. Investitsiya loyihalarini moliyalash maqsadida Muvofiqlashtirish kengashi qoshida Innovatsiya ilmiy-texnika faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash jamg‘armasi tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
ustuvor innovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;
xorijiy va mamlakatimizdagi homiylar badallari;
xalqaro grantlar;
korporatsiyalar, kompaniyalar, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalari, idoralar, korxonalarning maqsadli innovatsiya loyihalari uchun mo‘ljallangan mablag‘lari;
moliya institutlari, jumladan xorijiy institutlarning imtiyozli maqsadli kreditlari.
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlarini belgilash vazifasi Muvofiqlashtirish kengashi zimmasiga, Jamg‘arma hisob raqamlari bo‘yicha tezkor xizmat ko‘rsatish esa Fan va texnologiyalar markaziga yuklatilsin.
7. Quyidagilar belgilab qo‘yilsin:
Muvofiqlashtirish kengashi va Markaz O‘zbekiston Respublikasidagi faqat ustuvor, strategik ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar va ishlanmalarning muvofiqlashtirilishi va mablag‘ bilan ta’minlanishini amalga oshiradi, idoraviy va sohaga oid ilm-fanni boshqarish bilan bog‘liq masalalar esa tegishli davlat va xo‘jalik hisobidagi tuzilmalar ixtiyoriga beriladi;
2002-yildan boshlab ilmiy muassasalarga budjet mablag‘larini ilmiy jamoaning Markaz yoxud tegishli budjet tuzilmasi bilan muayyan ilmiy buyurtmani bajarish uchun e’lon qilingan tanlov natijalariga ko‘ra grant shartnomasi asosida berish tartibi joriy etiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat ilmiy-texnika axboroti fondi qoshidagi Respublika ilmiy-texnika kutubxonasini birlashtirish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunuvchi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga berilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi tugatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 18-fevraldagi PF-345-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida mazkur Farmonni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 20-fevral,
PF-3029-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 3-son, 48-modda)