Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish, shuningdek, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yoʻnalishlarini hayotga tatbiq etish, jamiyatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qaroriga muvofiq respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi (keyingi oʻrinlarda — maslahatchi) lavozimi joriy etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) maslahatchilarning faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi;
maslahatchi Departament bilan kelishilgan holda tegishli davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
maslahatchilar faoliyati boʻyicha oʻz rahbariga va Departamentga hisobdordir.
3. Quyidagilar maslahatchining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat tili, geografik obyektlar, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi, shuningdek, bu jarayonda davlat tili qoida va meʼyorlariga amal qilinishini taʼminlash hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish choralarini koʻrish;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizimlarida davlat tili va geografik obyektlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini doimiy ravishda tanqidiy-tahliliy oʻrganib borish, bu borada aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili hamda geografik obyektlarning nomlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar va “yoʻl xaritalari”ning ishlab chiqilishida faol qatnashish hamda ularning ijrosini taʼminlash;
zamonaviy atamalarning oʻzbek tilidagi muqobillarini yaratish va ularning bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash, sohalar boʻyicha atamalar lugʻatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Atamalar boʻyicha ishchi guruh faoliyatini yuritish;
hududlardagi, davlat organlari va tashkilotlaridagi tashqi yozuvlar, shu jumladan, lavhalar, eʼlonlar, reklama va koʻrgazmali axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili haqidagi va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlashda ishtirok etish;
davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazorati subyektlari bilan hamkorlikda ish olib borish;
davlat tili va geografik obyektlarni nomlash hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borish.
Maslahatchilar mazkur banddagi vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatlari tarkibiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
4. Respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarida maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
maslahatchi maqomi, tibbiy va transport xizmatini koʻrsatish shartlariga koʻra davlat organlari va tashkilotlari rahbarining oʻrinbosariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlarining maslahatchilari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosariga, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlarining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
maslahatchi lavozimiga nomzodlarni tanlab olishda filolog (oʻzbek tili) va jurnalistika mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotli hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalarida tashkil etilgan oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikat olgan, yetarli bilim va tajribaga ega nomzodlarga ustuvorlik beriladi;
maslahatchining vazifa va funksiyalarini davlat organlari va tashkilotlarining boshqa boʻlinmalariga topshirishga yoki yuklashga, shuningdek, ushbu lavozimni qisqartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari:
oʻn kun muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining shtatlar jadvali belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
ikki hafta muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida maslahatchining funksional vazifalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
maslahatchining har tomonlama samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qarori bilan tasdiqlangan 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturining 11-bandida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga sunʼiy intellekt yordamida oʻzbek tilidagi matnlarni ovozli nutqqa, nutqlarni matnga aylantiradigan, oʻzbek tilidan xorijiy tillarga, xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiladigan, video va fotosuratlardagi matnlarni oʻqib-oʻgirishga xizmat qiladigan sunʼiy intellekt platformasini (keyingi oʻrinlarda — platforma) yaratish vazifasi belgilangani koʻrsatib oʻtilsin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlari doirasida platformani yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qilsin. Bunda tanlov natijalariga koʻra gʻolib deb topilgan tashkilot tomonidan platformani 2027-yil 1-dekabrga qadar ishga tushirish nazarda tutilsin.
Raqamli texnologiyalar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda tanlovni samarali tashkil etishni, jumladan, vazirlik tizimidagi tashkilotlar va tajribali soha mutaxassislarining faol ishtirokini taʼminlasin.
8. Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi va davlat tilida ish yuritilishiga, jumladan, ushbu qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishiga respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari masʼul va shaxsiy javobgar etib belgilansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-avgust,
437-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarida maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublika darajasidagi davlat organlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchi (keyingi oʻrinlarda — maslahatchi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Maslahatchi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) maslahatchilarning faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi.
Maslahatchilar faoliyati boʻyicha oʻz rahbariga va Departamentga hisobdordir.
2-bob. Maslahatchining asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar maslahatchining asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat tili, geografik obyektlar, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi, shuningdek, bu jarayonda davlat tili qoida va meʼyorlariga amal qilinishini taʼminlash hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish choralarini koʻrish;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizimlarida davlat tili va geografik obyektlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini doimiy ravishda tanqidiy-tahliliy oʻrganib borish, bu borada aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili hamda geografik obyektlarning nomlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar va “yoʻl xaritalari”ning ishlab chiqilishida faol qatnashish hamda ularning ijrosini taʼminlash;
zamonaviy atamalarning oʻzbek tilidagi muqobillarini yaratish va ularning bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash, sohalar boʻyicha atamalar lugʻatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Atamalar boʻyicha ishchi guruh faoliyatini yuritish;
hududlardagi, davlat organlari va tashkilotlaridagi tashqi yozuvlar, shu jumladan, lavhalar, eʼlonlar, reklama va koʻrgazmali axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili haqidagi va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlashda ishtirok etish;
davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazorati subyektlari bilan hamkorlikda ish olib borish;
davlat tili va geografik obyektlarni nomlash hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borish.
5. Maslahatchi oʻziga yuklangan asosiy vazifalardan kelib chiqib, quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, Atamalar boʻyicha ishchi guruh faoliyatini tashkil etish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga muvofiq oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning ustuvor maqsadlari, yoʻnalishlari va vazifalarini amalga oshirishni taʼminlaydi;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizimlarida ish yuritishning toʻliq davlat tilida boʻlishini taʼminlaydi va bu jarayonda davlat tili qoida va meʼyorlariga amal qilinishini monitoring qiladi hamda natijalari boʻyicha oʻz rahbari va Departamentga takliflar kiritadi;
davlat tilini har tomonlama rivojlantirish hamda yangi soʻz va atamalarning oʻzbekona muqobillarini yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va Departamentga kiritib boradi;
Atamalar boʻyicha ishchi guruh majlislari kun tartibi va hujjatlarining oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi hamda ishchi guruh majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi, majlislar bayonlarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonlarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasiga taqdim etadi;
sohalar boʻyicha atamalar lugʻatlarini ishlab chiqish choralarini koʻradi;
davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz rahbari va Departamentga takliflar kiritadi;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizimlarida oʻzbek tilining imlo qoidalariga rioya etilishini, sohaviy ish yuritish hujjatlari yagona elektron namunalarining davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlaydi;
tegishli tizim faoliyatiga sunʼiy intellekt asosida matnlarni tahrir va tarjima qiladigan dasturlar hamda elektron lugʻatlarni joriy etish choralarini koʻradi;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizimlari, rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, portallari va boshqa elektron axborot tizimlarining nomlari (qisqartma nomlari) va ulardagi manbalarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq boʻlishini taʼminlash choralarini koʻradi;
davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi borasidagi ishlarni tanqidiy oʻrganadi, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazorati subyektlari hamda oʻzbek tili boʻyicha malakali mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib boradi;
oʻzi faoliyat koʻrsatadigan tegishli davlat organlari va tashkilotlari ishlab chiqqan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining matnlarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazadi;
xodimlarning davlat tilini oʻrganishlari hamda davlat tilida ish yuritish boʻyicha malakasini oshirish yuzasidan tegishli choralarni koʻradi hamda ularga uslubiy yordam koʻrsatadi;
“Oʻzbek tili bayrami kuni” va boshqa muhim sanalarga oid tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etadi;
hududlardagi tashqi yozuvlar, shu jumladan, lavhalar, eʼlonlar, reklama va koʻrgazmali axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini taʼminlash choralarini koʻradi;
tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizimlaridagi lavhalar, eʼlonlar va boshqa koʻrgazmali vositalar, shuningdek, axborot matnlarining davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq boʻlishini taʼminlaydi;
b) geografik obyektlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq nom berilishi va ularning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini tashkil etish sohasida:
geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi taʼminlanishini tashkil etadi;
geografik obyektlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq nom berilishini va ularning oʻz vaqtida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini tashkil qiladi;
geografik obyektlarga nom berish masalalari toʻgʻrisida maʼlumotnoma, tahliliy material hamda takliflar tayyorlaydi hamda oʻz rahbari va Departamentga kiritadi;
mavjud geografik obyektlarning nomlari boʻyicha maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi, yuritilishi hamda muntazam yangilab borilishini taʼminlaydi;
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar komissiyalari ishini yuritadi;
davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi geografik obyektlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq nom berish va ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini tashkil qiladi;
geografik obyektlarga nom berish hamda ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini puxta va sifatli tayyorlaydi;
d) davlat organlari va tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish sohasida:
maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishda ishtirok etadi;
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
oʻzbek tilining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizni targʻib qilish choralarini koʻradi;
oʻzbek tili rivojida muhim ahamiyatga ega boʻlgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizni, boy ijodiy merosimizni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Maslahatchining huquqlari va majburiyatlari
6. Maslahatchi oʻz zimmasiga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
davlat tili va geografik obyektlarni nomlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatlari tarkibiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari huzurida davlat tilini rivojlantirish va geografik obyektlarni nomlash borasidagi masalalarni koʻrib chiqish hamda qarorlar qabul qilishda ishtirok etish;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining davlat tilini va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada rivojlantirishga oid buyruq, qaror va koʻrsatmalari ijrosini nazorat qilish;
davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilini rivojlantirish, geografik obyektlarni nomlash borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish maqsadida vaqtincha ekspert guruhlarini tuzish;
davlat tili va geografik obyektlarni nomlash sohasiga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash boʻyicha vujudga kelgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan Departamentga takliflar kiritish;
davlat tili va geografik obyektlarni nomlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish jarayonida ishtirok etish;
davlat organlari va tashkilotlari muassisligida taʼsis etilgan ommaviy axborot vositalari, ularning Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini muntazam kuzatib borish, davlat tili qoida va meʼyorlarining buzilish holatlari aniqlanganda, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
turli sohalarga oid xalqaro soʻz va atamalarning oʻzbek tilidagi muqobili boʻyicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasiga takliflar kiritish;
taʼlimning barcha bosqichlarida davlat tilini zamonaviy texnologiyalar asosida mukammal oʻrgatish jarayonini tashkil etish yuzasidan Departamentga, manfaatdor vazirlik va idoralarga takliflar kiritish;
oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish boʻyicha konsepsiya va davlat dasturlari loyihalarini tayyorlashda, ularni amalga oshirishda ishtirok etish;
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalardan kelib chiqib, vazirliklar va idoralarning tegishli tarkibiy boʻlinmalariga topshiriqlar berish hamda ularning ijrosini nazorat qilish.
Maslahatchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Maslahatchi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etishga majburdir.
4-bob. Maslahatchi faoliyatini tashkil etish
8. Maslahatchi Departament bilan kelishilgan holda tegishli davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Maslahatchi har uch yilda bir marta ish oʻrni va oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalarida malaka oshiradi.
Maslahatchining Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalarida malaka oshirishi uchun toʻlov tegishli davlat organi va tashkilotlari tomonidan qoplanadi.
Maslahatchi faoliyati tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda Departament tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Maslahatchining vazifa hamda funksiyalarini davlat organlari va tashkilotlarining boshqa boʻlinmalariga topshirishga yoki yuklashga, shuningdek, ushbu lavozimni qisqartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Maslahatchining faoliyati davlat tili va geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, ushbu Nizom, shuningdek, Departamentning nizomi, ish rejalari, topshiriq va tavsiyalari, davlat organlari va tashkilotlarining ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining ish rejasini ishlab chiqishda maslahatchining takliflari inobatga olinadi.
Maslahatchining ish rejasi Departamentning ish rejasi asosida, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi hamda tegishlicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
10. Maslahatchining funksional vazifalari tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
11. Maslahatchi amalga oshirilgan ishlari yuzasidan har chorakda oʻzi faoliyat yuritayotgan tashkilotning rahbariga hamda har yarim yilda Departamentga hisobot taqdim etib boradi. Bunda tuman (shahar) hokimlari maslahatchilarining hisobotlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining maslahatchilari tomonidan umumlashtirilgan holda, Departamentga taqdim etiladi.
Hisobot davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbari (birinchi rahbar boʻlmaganda, uning vazifasini bajarish yuklangan shaxs) imzosi bilan tasdiqlangan holda, Departamentga kiritiladi.
12. Maslahatchining hisobotlari Departament tomonidan bir yilda kamida bir marta, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining yigʻilishlarida esa har chorakda muntazam eshitib boriladi va natijasi boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining maslahatchilari har yarim yilda kamida bir marta oʻz tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va tuman (shahar) hokimlarining maslahatchilari hisobotlarini eshitib boradi hamda natijasi boʻyicha Departamentga axborot kiritadi.
13. Departament davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining davlat tili boʻyicha maslahatchilari faoliyatini oʻrganib boradi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha Departament tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbari nomiga maslahatchini ragʻbatlantirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan javobgarlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Mazkur Nizom talablari bajarilishi ustidan nazorat Departament hamda davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 28-oktabrdagi 662-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“normativ-huquqiy hujjat loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritilishidan oldin loyiha matni davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida lingvistik ekspertizadan oʻtkaziladi”.
2. 1-ilovaning 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Lingvistik ekspertiza ishlab chiquvchi tomonidan loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritilishidan oldin oʻtkaziladi”.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2023-yil 8-apreldagi 147-son qaroriga 1-ilovaning 8-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2026-y., 09/26/437/0828-son)