Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktorining
buyrugʻi
Xorijdagi boʻsh ish oʻrinlarini xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3772]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PQ-367-son “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandiga muvofiq buyuraman:
1. Xorijdagi boʻsh ish oʻrinlarini xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-yanvar,
1-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 9-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktorining 2026-yil 26-yanvardagi 1-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Xorijdagi boʻsh ish oʻrinlarini xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan boʻsh ish oʻrinlarini xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida ochiq tanlov yoʻli bilan taqsimlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Xorijdagi ish oʻrinlarini xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlash komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) — xorijdagi boʻsh ish oʻrinlarini taqsimlash va uning nazoratini olib boruvchi, xususiy bandlik agentliklaridan kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqishni amalga oshiruvchi va doimiy asosda faoliyat yurituvchi kollegial organ;
kvota — xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan xorijdagi boʻsh ish oʻrinlari;
kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlon — xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻlgan hamda Agentlik tomonidan elektron platformaga joylashtiriladigan xabarnoma;
“Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasi (bundan buyon matnda elektron platforma deb yuritiladi) — xorijda ishlash istagini bildirgan va ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olish, kvotalarni xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlash va ularning faoliyatini baholashni, monitoringni, hujjatlar almashinuvini amalga oshiruvchi Agentlikning elektron platformasi.
2. Kvotalar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) ega xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida teng taqsimlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida va idoraviy kelishuvlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
2-bob. Kvotalar toʻgʻrisidagi axborotni xususiy bandlik agentliklariga yetkazish
3. Agentlik xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron platformada eʼlon qiladi hamda bu haqida xususiy bandlik agentliklarining elektron platformadagi shaxsiy kabinetlariga avtomatik ravishda xabarnoma yuboriladi.
Elektron platformada kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlon xorijiy ish beruvchi tomonidan qoʻyilgan shartlar doirasida shakllantiriladi.
4. Kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlonning muddati besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak va unda quyidagi maʼlumotlar aks ettirilishi lozim:
xorijiy ish beruvchining joylashgan davlati;
xorijiy ish beruvchi haqidagi maʼlumotlar (xorijiy ish beruvchining nomi, aloqa maʼlumotlari, manzili va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar);
boʻsh ish oʻrni uchun taklif etilayotgan kasb nomi va ajratilgan ishchi oʻrinlari soni;
ish sharoitlari, ish haqi miqdori, kunlik (haftalik) ish vaqti meʼyorlari, lavozim majburiyatlari, transport, ovqatlanish va yashash joyini taqdim etish shartlari;
nomzodlarga qoʻyiladigan talablar (malaka, til bilish darajasi, yosh chegarasi, jinsi, tibbiy koʻrsatkichlari, avvalgi ish tajribasi va hokazo);
ariza topshirish tartibi va muddatlari.
5. Xususiy bandlik agentliklari elektron platformada kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlon joylashtirilgan kundan boshlab undagi belgilangan muddat tugagunga qadar Agentlikka kvota taqsimotida ishtirok etish uchun shaxsiy kabineti orqali ariza yuborishlari mumkin. Ushbu ariza xususiy bandlik agentliklari tomonidan elektron raqamli imzo (bundan buyon matnda ERI deb yuritiladi) bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Komissiya tomonidan arizalarni koʻrib chiqish tartibi va uning vakolatlari
6. Komissiya tarkibi Agentlik direktorining buyrugʻi bilan uch yil muddatga shakllantiriladi hamda besh nafar aʼzo va bir nafar Komissiya kotibidan iborat boʻladi. Bunda Komissiya aʼzolaridan biri uning faoliyatiga raislik qiladi.
Komissiya qarorlari uning majlisida qatnashayotgan komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan, ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiya majlisi, agar unda Komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashsa, vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Komissiya tomonidan arizalar koʻrib chiqilgandan soʻng ularning natijasi boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi hamda ushbu bayonnoma Komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Komissiya aʼzolari xususiy bandlik agentliklari tomonidan yuborilgan ariza va hujjatlarni kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlon boʻyicha arizalarni qabul qilish muddati tugagan kundan boshlab yetti ish kuni ichida quyidagilar nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi:
faol litsenziyaning mavjudligi;
kvotalar toʻgʻrisidagi avvalgi eʼlonlar boʻyicha taqsimlangan kvotalarning belgilangan muddat va shartlarda toʻldirilganlik holati;
xorijda ishlash istagini bildirgan shaxslarni kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlon doirasida ishga joylashtirganlik holati;
ish qidirayotgan shaxslar tomonidan xususiy bandlik agentliklari ustidan qilingan shikoyatlarning tahlili.
Komissiya tomonidan arizalarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xususiy bandlik agentligiga uning arizasi ijobiy qabul qilinganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma Komissiya qarori qabul qilingandan soʻng ikki ish kuni ichida elektron platforma orqali yuboriladi.
Komissiyaning rad etish toʻgʻrisidagi qarori asoslantirilgan boʻlishi lozim.
Arizasi ijobiy qabul qilingan xususiy bandlik agentligi avtomatik ravishda kvota taqsimotida ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritiladi.
8. Quyidagilar xususiy bandlik agentliklarining arizasi rad etilishiga asos boʻladi:
faol litsenziyaning mavjud emasligi;
kvotalar toʻgʻrisidagi avvalgi eʼlonlar boʻyicha taqsimlangan kvotalarni belgilangan muddat va shartlarda toʻldirish choralarining koʻrilmaganligi;
xususiy bandlik agentliklari tomonidan ish qidirayotgan shaxslarning huquq va manfaatlari buzilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud boʻlganda.
Boshqa sabablarga koʻra arizani qabul qilishni rad etish taʼqiqlanadi.
9. Komissiya qaroridan norozi boʻlgan xususiy bandlik agentliklari qonunchilikda belgilangan tartibda Agentlikka yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
4-bob. Kvotalarni taqsimlash tartibi
10. Kvotalar Komissiya qaroriga koʻra arizasi ijobiy qabul qilingan xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida teng taqsimlanadi.
11. Kvotalarni taqsimlashda quyidagilar elektron platformada avtomatik tarzda amalga oshiriladi:
har bir kvota taqsimoti elektron platformada qayd etiladi va har bir xususiy bandlik agentligining shaxsiy kabinetida aks ettiriladi;
agar umumiy kvota soni talabgor xususiy bandlik agentliklari soniga teng boʻlinmasa (teng taqsimotdan soʻng qoldiq kvotalar mavjud boʻlsa) yoki ularning soni mavjud kvotalar sonidan kam boʻlsa, kvotalar xususiy bandlik agentliklari tomonidan elektron platformaga arizalar kelib tushgan vaqtga qarab avtomatik tarzda ketma-ket taqsimlanadi;
kvotalar toʻgʻrisidagi eʼlon boʻyicha xususiy bandlik agentliklari tomonidan birorta ariza topshirilmagan taqdirda, ushbu eʼlon xuddi shu muddatga avtomatik ravishda uzaytiriladi.
12. Har bir xususiy bandlik agentligi oʻziga ajratilgan kvota doirasida xorijiy ish beruvchi bilan Oʻzbekiston Respublikasi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonunining 151-moddasida belgilangan shartnomani tuzadi va uni elektron platformaga yuklaydi.
5-bob. Taqsimlangan kvotalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish va nazorat qilish tartibi
13. Xususiy bandlik agentliklari oʻzlariga ajratilgan kvotalarni xorijiy ish beruvchi tomonidan qoʻyilgan shartlarga mos ravishda toʻliq va oʻz vaqtida toʻldirish choralarini koʻrishi kerak. Bunda xususiy bandlik agentliklari ajratilgan kvotalar doirasida nomzodlarni roʻyxatdan oʻtkazadi va kvotalarning toʻldirilish holati elektron platformada real vaqt rejimida aks ettiriladi.
14. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolar ish joylariga yetkazilganligi va ular bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilganligi haqidagi hujjatlarning elektron nusxalari (ishga kirish toʻgʻrisidagi buyruq nusxasi, mehnat shartnomasi nusxasi yoki ish beruvchi fuqarolarni qabul qilib olganligi toʻgʻrisida ish beruvchi tomonidan imzolangan dalolatnoma) elektron platformaga yuklangan boʻlsa, taqsimlangan kvotalar boʻyicha majburiyatlar bajarilgan deb hisoblanadi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
15. Har bir xususiy bandlik agentligi oʻz shaxsiy kabinetidan foydalanganda, kiritilgan barcha maʼlumotlarning toʻgʻri va haqqoniyligini taʼminlash uchun masʼul hisoblanadi.
16. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2026 y., 10/26/3772/0125-son)