Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Sloveniya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2025-yil 30-mayda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4593-SI-2025-H]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Sloveniya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, xalqlarni bogʻlovchi aloqalarni chuqurlashtirish hamda taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istagida,
Ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, fan va madaniyat sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish oʻz mamlakatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch hosil qilgan holda,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslanib taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar hamda hamkorlik uchun zarur sharoitlarni yaratishga intiladilar, xususan:
- ilmiy, madaniy va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, oʻqituvchilar va olimlarning almashinuvini ragʻbatlantirish;
- oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari oʻrtasida ilmiy, texnikaviy va maʼmuriy sohalarda tajriba va bilim almashinishni osonlashtirish;
- har ikki Tomonning imkoniyatlariga muvofiq, mobillik dasturlari, stipendiyalar va qoʻshma tadqiqot faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini oʻrganib chiqish;
- ikkala mamlakatning oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi akademik hamkorlikni kengaytirish;
taʼlim tizimlari haqida maʼlumot almashish;
- mobillik dasturlarida ishtirok etayotgan qatnashchilarga ularning chet eldagi tajribalarini boyitish maqsadida yordam berish tizimlarini amalga oshirish, shu jumladan, yoʻnaltirish, til oʻqitish va murabbiylik imkoniyatlarini taqdim etish;
- badiiy sanʼat (musiqa, teatr, raqs), adabiyot, amaliy va tasviriy sanʼat, fotografiya, arxitektura, jamoat kolleksiyalari (muzeylar, kutubxonalar, arxivlar) va boshqa sanʼat turlari hamda ijodiy guruhlar oʻrtasidagi aloqalarni va almashinuvlarni ragʻbatlantirish:
- kutubxonalar va arxivlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni ragʻbatlantirish;
- oʻz mamlakatlaridagi taʼlim va madaniy muassasalarda taʼlim, fan va madaniyat sohalarida tadbirlar, shu jumladan, seminarlar, maʼruzalar, kitob koʻrgazmalari va yarmarkalar hamda boshqa shakllarda ikkala mamlakatning yutuqlarini taqdim etish uchun tadbirlar oʻtkazishni ragʻbatlantirish;
- taʼlim, fan va madaniyat sohalarida Tomonlar oʻrtasida kelishilgan boshqa hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash.
2-modda
1. Tomonlar turli madaniy va badiiy faoliyatlarni rivojlantirish va ragʻbatlantirish, shuningdek, oʻz imkoniyatlari doirasida ularni amalga oshirishga, xususan, quyidagilar orqali koʻmaklashishga kelishib oladilar,:
- madaniyat sohasining turli yoʻnalishlarida hamkorlik, amaliyot oʻtash va tajriba almashish maqsadida vakillarning oʻzaro tashriflarini qoʻllab-quvvatlash;
- yakkaxon sanʼatkorlar va badiiy jamoalarning xorij safarlari, konsertlar, spektakllar, koʻrgazmalar va boshqa madaniy tadbirlarni ragʻbatlantirish;
- oʻz mamlakatlarida manfaatdor tomonlar tarafidan tashkil etiladigan festivallar va boshqa xalqaro tadbirlarga taklifnomalarni yuborish.
2. Tomonlar oʻz mamlakatlarida taʼlim, ilmiy tadqiqot va madaniy faoliyatlarga oid kitoblar, risolalar, davriy nashrlar, hujjatlar, filmlar hamda boshqa materiallar va manbalarni almashishni ragʻbatlantiradilar.
3-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, qoʻlyozmalar, arxivlar va tarixiy hujjatlardan foydalanishni osonlashtiradilar hamda oʻz mamlakatlarida arxeologiya va madaniy meros sohalarida hamkorlik qiladilar. Tomonlar, shuningdek, ushbu sohalarda mutaxassislar almashinuvini qoʻllab-quvvatlaydilar.
4-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining mashhur adabiy asarlarini tarjima qilish va nashr etishni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Tomonlar Sloveniya Respublikasida oʻzbek tilini va Oʻzbekiston Respublikasida sloven tilini oʻrganishni, shuningdek, tegishli oʻquv-uslubiy adabiyotlarni tarjima qilish va nashr etishni ragʻbatlantiradilar.
6-modda
Tomonlar ikki davlatning taʼlim, ilmiy va madaniy muassasalari oʻrtasida hamkorlik boʻyicha bitimlar tuzilishini ragʻbatlantiradilar.
7-modda
Zarurat hollarda, Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar va loyihalarni nazarda tutuvchi ijro dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, imkon qadar ushbu Bitim va uning ijro dasturlari doirasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun moliyaviy va boshqa tashkiliy shartlarni belgilash maqsadida oʻz vakillari oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning tegishli davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa shartnomalar doirasidagi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki amalga oshirishdan kelib chiqadigan har qanday nizolar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Mazkur Bitimga istalgan vaqtda Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Bunday oʻzgartirishlar 11-moddaning 1-bandiga muvofiq kuchga kiradi.
11-modda
1. Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan tegishli ichki huquqiy tartib-taomillar bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladigan oxirgi yozma bildirishnoma olingan sanadan soʻng oʻttizinchi (30) kundan boshlab kuchga kiradi. U besh (5) yil muddatga amal qiladi va keyingi besh (5) yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
2. Har bir Tomon boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali olti (6) oy oldin yozma ravishda xabardor qilish orqali istalgan vaqtda ushbu Bitimni tugatishi mumkin.
Lyublyana shahrida, 2025-yil 22-mayda, ikki asl nusxada oʻzbek, sloven va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)