Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA VALYUTANI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 472-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-573-son va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2019-yil 5-noyabrdagi OʻRQ-580-son qonunlari)”gi qaroriga asosan 2020-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida” va “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1993-yil 7-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq va xalqaro toʻlovlarni markazlashgan tartibda amalga oshirish uchun chet el valyutasida olinadigan barqaror moliyaviy manbalarni taʼminlash, Respublika valyuta fondini shakllantirish, aholi uchun birinchi navbatda zarur boʻlgan buyumlarni chet eldan xarid qilishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Respublika valyuta fondi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq Bosh boshqarmasi bilan birgalikda:
chet el valyutasida olingan tushumdan soliqni hisoblab chiqish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani oʻn kun muddatda ishlab chiqsin hamda uni tegishli vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va boshqa soliq toʻlovchilarga yetkazsin;
chet el valyutasida undiriladigan bojlar, yigʻimlar va soliqqa tegishli boʻlmagan boshqa majburiy toʻlovlar roʻyxati toʻgʻrisidagi takliflarni ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki oʻn kun muddatda Respublika valyuta fondi mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga valyuta sotish tartibi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Markaziy bank Davlat soliq Bosh boshqarmasi, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda valyuta, eksport-import operatsiyalari boʻyicha statistika hisoboti shaklini ishlab chiqsinlar va uni joriy etish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakolatli banklar bilan birgalikda har oyda kirimlarning manbalarini va xarajatlar moddalarini koʻrsatgan holda amalga oshirilgan valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishni taʼminlasin.
7. Vazirliklar, idoralar, banklar va boshqa tashkilotlar bir oy muddatda normativ va yoʻriqnoma hujjatlarni mazkur qarorga va ilova qilinayotgan Nizomga muvofiqlashtirsinlar.
8. Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 6-sentabrdagi 200-7-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 25-may,
251-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Respublika valyuta fondi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Respublika valyuta fondining vazifasini, shakllanishini va ishlatilishini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
Respublika valyuta fondi (RVF) — respublika valyuta budjeti respublika valyuta tushumlarining bir qismini chet el kreditlarini toʻlash yuzasidan majburiyatlarni bajarish, aholi ehtiyojlari uchun eng zarur boʻlgan buyumlarni chet mamlakatlardan xarid qilishni taʼminlash, xalqaro toʻlovlarni markazlashtirilgan tartibda amalga oshirish, respublikaning valyuta rejasida belgilangan davlat ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarini amalga oshirish manbai sifatida jamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi.
RVF mablagʻlari ilova* qilinayotgan Respublika valyuta fondi daromadlari va xarajatlari Klassifikatsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi maxsus schyotlarda jamlanadi.
* Ilova rus tilidagi matnida berilgan.
II. Respublika valyuta fondini shakllantirish manbalari
1. Chet el valyutasidagi quyidagi tushumlar RVFni shakllantirish manbalari hisoblanadi:
yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi tushumidan olinadigan soliq;
chet el investorining xorijga oʻtkaziladigan daromadidan olinadigan soliq;
jismoniy shaxslardan chet el valyutasida olinadigan daromad soligʻi;
bojxona bojlari;
bojxona tartibi qoidalarini amalga oshirganlik uchun toʻlovlar;
musodara qilingan mol-mulkni va musodara qilingan chet el valyutasini sotishdan tushumlar;
korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarni roʻyxatga olganlik uchun davlat boji;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan olingan chet el kreditlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan chet mamlakatlar hukumatlariga berilgan kreditlar boʻyicha tushumlar;
qiymatli qogʻozlardan tushumlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan chet el valyutasida sotib olingan mablagʻlar;
boshqa tushumlar.
2. RVF schyotlari boʻyicha bank operatsiyalarini amalga oshirganlik uchun vositachilik haqi undirilmaydi. Mablagʻlar chet elga oʻtkazilgan taqdirda bank haqi imtiyozli tarif boʻyicha undiriladi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi ijro etuvchi organlarining Respublika valyuta fondi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish boʻyicha vakolatlari
RVF mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish RVFning chet el valyutasidagi tushumlari va xarajatlari Prognozi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida amalga oshiriladi.
RVF ning chet el valyutasidagi tushumlari va xarajatlari Prognozi har yili koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Moliya vazirligi tomonidan taqdim etiladi.
Respublika Moliya vazirligining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
RVFning chet el valyutasidagi tushumlari va xarajatlarining tasdiqlangan Prognoziga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlariga binoan RVF mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish;
Respublika Vazirlar Mahkamasiga valyuta mablagʻlarini koʻpaytirish yoʻllari va manbalari toʻgʻrisida, RVF mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari haqida takliflar kiritish;
RVF dan ajratilgan valyuta mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish;
xizmat safarlari va boshqa joriy xarajatlar uchun valyuta mablagʻlari ajratish.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining va boshqa vakolatli banklarning, shuningdek, respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq Bosh boshqarmasining huquq doirasiga korxonalardan, birlashmalardan va tashkilotlardan RVFga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahrining valyuta fondlariga chet el valyutasidagi soliqlar hamda boshqa toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq kelib tushishini taʼminlash kiradi.
IV. Respublika valyuta fondi mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari
RVF mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining chet el valyutasidagi tushumlar va xarajatlar Prognozida nazarda tutilgan maqsad va chora-tadbirlar;
chet el kreditlariga xizmat koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya Dasturiga kirgan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dasturlar va obyektlarni imtiyozli shartlarda kredit bilan taʼminlash;
respublika Hukumati nomidan jahon bozorlarida qiymatli qogʻozlar operatsiyalarini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa maqsadlar.
V. Respublika valyuta fondidan mablagʻlar ajratish shakllari
Respublika valyuta fondidan chet el valyutasidagi mablagʻlar quyidagi shakllarda ajratiladi:
a) budjetdagi davlat korxonalari va tashkilotlariga:
begʻaraz berish;
foizsiz kredit berish;
imtiyozli kredit berish;
b) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan sotiladigan kunda belgilanadigan kurs boʻyicha soʻmga sotish;
imtiyozli kredit berish;
v) Markaziy bankka:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibga muvofiq soʻmga sotish.
Markaziy bankka, korxonalarga, tashkilotlarga va muassasalarga chet el valyutasini sotishdan tushgan soʻmdagi ekvivalent Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi maxsus soʻm schyotiga oʻtkaziladi.
Mazkur schyotdan olinadigan mablagʻlardan Vazirlar Mahkamasining qarori boʻyicha:
chet el valyutalari sotib olish;
eksport tovarlar sotib olish uchun soʻmni qoplashni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
VI. Respublika valyuta fondi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisobot
RVFning chet el valyutasidagi tushumlar va xarajatlar Prognozining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobot yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.