Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI HUQUQIY HIMOYA QILISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash, sud-huquq tizimini yanada erkinlashtirish, nazorat organlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvini kamaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyati asossiz cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi talablariga soʻzsiz rioya etish maqsadida:
1. 2005-yilning 1-iyulidan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini (ilovaga muvofiq) faqat sud orqali qoʻllanish tartibi joriy etilsin.
2. Quyidagilar belgilansin:
tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari, ular tomonidan tekshirish davomida soliq va valyutaga oid jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan amalga oshiriladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PF-5547-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)
nazorat organlarining rahbarlari va mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlarini oʻz vakolatlari va nazorat sohasi doirasidan tashqari masalalar boʻyicha har qanday tekshiruvlar oʻtkazganligi uchun shaxsan javobgar, hatto jinoiy javobgar ham boʻladilar;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi PF-5027-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 18-son, 310-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi PF-5027-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 18-son, 310-modda)
3. Quyidagilar belgilansin:
davlat organlarining noqonuniy qarorlari yoki shu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararning oʻrni sud qarori asosida toʻla hajmda bevosita ana shu davlat organlari tomonidan, birinchi navbatda, ularning budjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobiga qoplanishi lozim;
zararlarning oʻrnini qoplash sud qarori bilan ana shu yetkazilgan zarar uchun aybdor boʻlgan davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorlarda yuklanishi mumkin;
tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi iqtisodiy nizolar iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Oliy xoʻjalik sudi va Savdo-sanoat palatasi bir oy muddatda belgilangan tartibda “Hakamlar sudi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin va bunda tadbirkorlik subyektlari hamda birlashmalarining oʻzlari tomonidan hakamlar sudi tashkil etilishi nazarda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi nazorat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik subyektlari huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzganliklari uchun jazo muqarrarligini, ularning hatto jinoiy javobgarlikka tortilishini taʼminlagan holda, tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari soʻzsiz bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quyidagi qarorlarning loyihalarini tayyorlasin va belgilangan tartibda taqdim etsin:
2005-yilning 1-iyuligacha — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishni tayinlash va oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi. Bunda tekshirishlar sonini keskin kamaytirish hamda nazorat organlari mansabdor shaxslarining ruxsat berilmagan tekshirishlar oʻtkazilganligi uchun javobgarligini kuchaytirish, hatto jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilsin;
2005-yilning 1-avgustigacha — ayrim faoliyat turlari bilan shugʻullanish uchun ruxsat olish tartib-taomilini qisqartirish va soddalashtirish, shu jumladan muddatlari cheklanmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar (ruxsatnomalar) berish tizimini joriy etish, jumladan, shunday taomilni amaldagi litsenziyalar (ruxsatnomalar)ga ham tadbiq etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy xoʻjalik sudi va Oliy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2005-yilning 1-iyuliga qadar:
ushbu Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan toifadagi ishlarni koʻrib chiqish tartib-taomilini yanada takomillashtirish va soddalashtirish boʻyicha;
xoʻjalik sudlariga daʼvo taqdim etilishi chogʻida toʻlanadigan xorijiy valyutadagi davlat boji stavkalarini milliy valyutadagi davlat bojlarining amaldagi stavkalari bilan unifikatsiya qilish boʻyicha;
sud ishlarining qoʻshimcha toifalarini hisobga olgan holda sudlar tarkibi va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash masalalari boʻyicha sudyalarni qayta tayyorlash borasidagi ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisida;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Xudaybergenov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 14-iyun,
PF-3619-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2005-yil 14-iyundagi PF-3619-sonli Farmoniga
ILOVA
2005-yil 14-iyundagi PF-3619-sonli Farmoniga
ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan faqat sud tartibida qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari roʻyxati
1. Faoliyatni tugatish.
2. Faoliyatni toʻxtatib qoʻyish. Favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga boshqa haqiqiy xavf-xatar yuzaga kelishining oldini olish munosabati bilan faoliyatni koʻpi bilan oʻn ish kunigacha toʻxtatib qoʻyish hollari bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qonunda nazarda tutilgan holatlarni mustasno qilgan holda, banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-dekabrdagi PF-4158-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 558-modda)
4. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash. Soliq va yigʻimlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penya qoʻshish, shuningdek tadbirkorlik subyekti sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror boʻlish va moliyaviy sanksiya jarimalarini ixtiyoriy ravishda toʻlash hollari bundan mustasno.
5. Huquqbuzarlik predmetlarini davlat daromadiga oʻtkazish.
6. Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish litsenziyalari (ruxsatnomalari)ni oʻn ish kunidan koʻproq muddatga toʻxtatib qoʻyish yoki amal qilishini tugatish va bekor qilish (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalar bundan mustasno).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 23-24-son, 167-modda; 2006-y., 28-29-son, 263-modda; 2009-y., 52-son, 558-modda; 2017-y., 18-son, 310-modda, 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)