Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida” 1994-yil 24-noyabrdagi Farmoniga muvofiq savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda, shuningdek, yer maydonlarini yakka tartibda uy-joy qurish va shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish uchun umrbod meros qilib qoldirish sharti bilan egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida fuqarolarga sotish amaliyotini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi shaharlari, shahar koʻrinishidagi va qishloq aholi yashash joylari yerlarini (1991-yilgi bazis narxlarda) kompleks iqtisodiy baholash natijalari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
2. Quyidagilar:
Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq;
fuqarolarga xususiy mulk sifatida berilmaydigan va kimoshdi savdolarida meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun sotilmaydigan yerlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda xususiy mulk sifatida sotish, shuningdek, yakka tartibda uy-joy qurilishi va dehqon xoʻjalik yuritish uchun fuqarolarga meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun yer maydonlari ajratish ishlarini faollashtirsinlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 202-sonli qarori tahririda)
4. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda xususiy mulk qilib sotish tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 4-iyuldagi 341-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 29-noyabrdagi 575-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshi;
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 15-iyundagi 282-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida yerlarning qishloq va oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun olinishi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi hajmlarini aniqlash hamda ularning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida Nizom”ning 4-bandi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 11-aprel,
126-son
Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi toʻgʻrisida
nizom
Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” va “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi farmonlarini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshlangʻich narxni aniqlash uchun yer uchastkasining qiymati Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan “Davarxitektqurilish” va Yer resurslari davlat qoʻmitasi bilan birgalikda yilning har choragida aniqlanadigan narxlarning oʻzgarish koeffitsiyenti (indeksi)ga koʻpaytiriladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 202-sonli qarori tahririda)
Boshlangʻich narxni belgilashda aniq qaror topgan talab va takliflarga bogʻliq holda oshib boruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanishi mumkin.
3. Yerlarni kompleks iqtisodiy baholashga hokimliklar tomonidan aholi yashaydigan joyni obodonlashtirish uchun mablagʻlar sarflanishiga qarab, yaqin davr uchun tegishli ravishda asoslab, muhandislik infrastrukturasini istiqbolni rivojlantirishni hisobga olgan holda tuzatishlar kiritilishi mumkin.
4. Yer maydonlarining ularning joylashgan oʻrni, muhandislik kommunikatsiyalari bilan taʼminlanganligi, arxitektura va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan boshlangʻich narxlarini belgilash uchun mintaqalar hududlari tegishli shaharlar va tumanlar hokimliklari qarori bilan zonalarga boʻlinadi va zarur boʻlgan hollarda ular boʻyicha narxlar loyiha institutlari bilan birgalikda, yer kadastrlarini va yakka tartibda imorat qurishga obod qilish uchun zarur boʻlgan bitta uchastkaga qilinadigan xarajatlarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
5. Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish bitishuvlarini yoki shartlarini haqiqiy emas deb hisoblash toʻgʻrisidagi nizolar tegishli sudda koʻrib chiqiladi.
Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda xususiy mulk sifatida sotish tartibi
6. Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga, xususiylashtiriladigan obyektlarni sotib olishda ular foydalanadigan mablagʻlarning manbalari haqida deklaratsiya talab qilmagan holda, xususiy mulk sifatida sotish tanlov asosida yoki kimoshdi savdolarida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning belgilangan tartibiga va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Sotish tegishli hokimliklar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashgan yer maydonlarini xususiy mulk sifatida sotish haqidagi qarorlarni taqdim etishgandan keyin Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
7. Davlat mulki qoʻmitasi yoki uning hududiy boshqarmasi bilan yangi mulkdor oʻrtasida obyektning faoliyat turi toʻgʻrisida shartnoma tuzish tanlov yoki kimoshdi savdosining sharti hisoblanadi.
8. Viloyat, tuman va shahar yer tuzish xizmatlari tegishli hudud boʻyicha qurilgan va chala qurilgan yer maydonlarining chegaralarini (konturlarini) natura tarzida belgilaydilar hamda sotuvchiga (Davlat mulki qoʻmitasiga yoki uning hududiy boshqarmasiga) ana shu maydonlarning hajmini tasdiqlovchi hujjatlarni beradilar. Bunda yer maydoni savdo va xizmat koʻrsatish sohasining sotib olinayotgan obyektining sanitariya va texnologiya jihatidan faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan eng kam hajmdan oshmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-dekabrdagi 475-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Tanlov yoki kimoshdi savdosi gʻolibiga Davlat mulki qoʻmitasi yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan uni keyinchalik tegishli hokimliklar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun obyektga u joylashgan yer maydoni bilan birgalikda egalik qilish huquqini beruvchi davlat dalolatnomasi belgilangan tartibda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-dekabrdagi 475-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
12. Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda tanlov boʻyicha va kimoshdi savdosida xususiy mulk sifatida sotilayotganda obyektning va yer maydonining narxini oʻz ichiga oluvchi yagona boshlangʻich narx belgilanadi.
Yer maydonlarini fuqarolarga meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi
13. Yer maydonlari meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektar doirasida kimoshdi savdolarida sotiladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2021-y., 09/21/391/0590-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tajriba tariqasida, xalq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yer maydonlari, shuningdek, zarar koʻrib ishlayotgan va past rentabelli qishloq xoʻjaligi korxonalarining yerlari fuqarolarga meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida kimoshdi savdolarida va tanlov asosida sugʻoriladigan yerlar 3 gektargacha va sugʻorilmaydigan yerlar 15 gektargacha doirada sotiladi.
Kimoshdi savdosida va tanlov asosida tajriba sifatida sotiladigan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi foydalanilmayotgan yer maydonlarining, shuningdek, zarar koʻrib ishlaydigan va past rentabelli qishloq xoʻjaligi korxonalarining meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun sotiladigan yerlarining boshlangʻich narxi, qaror topgan talab va taklifni hisobga olgan holda, yerlarni sifat jihatdan baholash natijalari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi belgilaydigan tartibda belgilanadi.
14. Kimoshdi savdolarini oʻtkazish tartibi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Yakka tartibda uy-joy qurish va dehqon xoʻjalik yuritish uchun yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish boʻyicha kimoshdi savdolarida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar — diplomatik korpus xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan matbuot vakillari, doimiy vakolatxonalar, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari, qoʻshma korxonalarda doimiy asosda ishlovchi shaxslar, shuningdek, respublikada doimiy yashaydigan va yashash guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar qatnashishlari mumkin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 202-sonli qarori tahririda)
Fuqarolarga xususiy mulk sifatida berilmaydigan va kimoshdi savdolarida meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun sotilmaydigan yerlar
roʻyxati
Shahar va shaharchalardagi umumiy foydalanishdagi yerlar (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sohil boʻylari, istirohat bogʻlari, skverlar, xiyobonlar, suvni muhofaza qilish zonalari, choʻmilish joylari va boshqalar).
Tabiat yodgorliklari, botanika bogʻlari yerlari.
Sogʻlomlashtirish va tarixiy-madaniy maqsadlarga moʻljallangan yerlar.
Yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni qoʻriqlash uchun berilgan yerlar.
Xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaxarlanishga uchragan yerlar.
Shaharlarni rivojlantirish bosh rejalarida, mukammal rejalashtirish loyihalarida va obyektlarni (savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlaridan tashqari) joylashtirish sxemalarida nazarda tutilgan yerlar.
Bosh yoʻllarga tutash yerlar.
Elektr quvvati uzatish liniyalari, kabel liniyalari va podstansiyalar, issiqlik, suv va kanalizatsiya trassalari hamda gaz quvurlari, umumdavlat aloqa liniyalari uchun ajratilgan yerlar va ulardagi inshootlar, suv xoʻjaligi inshootlari.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1995-y., 4-son, 15-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2021-y., 09/21/391/0590-son)