Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2021-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 17-oktabrdagi PQ-3978-son qaroriga muvofiq, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-fevral,
167-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 167-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari qishloq xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun hamda loyihalarni erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiradigan investorlar uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurishga yer uchastkalari faqat ushbu qurilishni amalga oshirishga talabgor boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalari doirasida hamda yer ijarasi shartnomasida belgilangan muddatga ajratiladi.
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquq bekor boʻlganda yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquq ham bir vaqtning oʻzida bekor boʻladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — ushbu Nizom talablariga muvofiq yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish boʻyicha tuman (shahar) hokimliklariga murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlari;
vakolatli organ — qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalari ajratish vakolatiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari;
yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari (keyingi oʻrinlarda yengil konstruksiyali obyekt deb ataladi) — yengil konstruksiyalardan barpo etilgan, chuqurlashtirilgan poydevorlarga va yer osti inshootlariga (0,5 metrdan koʻp) ega boʻlmagan, buzib olib (bartaraf etib) koʻchirish imkoniyati mavjud meva-sabzavot mahsulotlarini sugʻorish, tayyorlash va saqlash maqsadida, shuningdek, kapital hisoblanmagan ombor sifatida ishlatiladigan bino va inshootlar;
yengil konstruksiyali issiqxona — yerning ustki qatlamiga zarar yetkazilmasdan ixcham metall yoki yogʻoch konstruksiyalardan foydalanib plyonka bilan yopiladigan issiqxona;
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi;
ijrochi — ushbu Nizomga muvofiq yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratish materiallarini tayyorlash va kelishish ishlarini amalga oshiruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)lardagi filiallari.
5. Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer ajratish ushbu Nizomga ilova qilingan sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish boʻyicha ariza berish
6. Tadbirkorlik subyekti yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun arizani shaxsan yoki pochta aloqasi vositasi orqali tuman (shahar) hokimliklariga beradi (yuboradi).
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilgan arizalar tuman (shahar) hokimliklariga avtomatik ravishda yuboriladi.
7. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi.
Tadbirkorlik subyektidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Tuman (shahar) hokimligi tushgan arizani bir ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi va ularda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda ariza hamda tegishli hujjatlarni shu kunning oʻzida ijrochiga yuboradi.
9. Tuman (shahar) hokimligi ariza va hujjatlarda tegishli kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, tadbirkorlik subyektiga ariza tushgan kunning ertasidan kechiktirmay kamchiliklarni aniq koʻrsatgan holda asoslangan yozma xabar beradi. Ushbu xabarda ariza va hujjatlardagi kamchiliklar tegishli qonun hujjatlari normalariga asoslangan holda bayon etilib, ularni bartaraf etish va arizani qayta taqdim etish muddatlari koʻrsatiladi.
Ariza koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan taqdirda, tuman (shahar) hokimligi tomonidan shu kunning oʻzida ijrochiga yuboriladi.
3-bob. Yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratish materiallarini tayyorlash va kelishish tartibi
10. Ijrochi besh ish kuni mobaynida yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlaydi va ularni kelishish uchun bir ish kuni mobaynida vakolatli organlarga yuboradi.
11. Ijrochi tomonidan yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlash davomida:
yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun joylashadigan yer maydoni aniqlanadi;
yer tuzish hujjatlari, yer kadastrlari maʼlumotlari oʻrganiladi;
yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun, birinchi navbatda, tadbirkorlik subyektiga ajratilgan yerlardagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlardan beriladi;
yer uchastkalarini tanlashda bogʻ va uzumzorlar hamda boshqa daraxtzorlar buzib tashlanishiga yoʻl qoʻymaslik, suv xoʻjaligi obyektlaridan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalaridan foydalanishda noqulayliklar yaratmaslik holatlari inobatga olinadi.
12. Ijrochi tayyorlangan yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalarini tanlash materiallarini quyidagi vakolatli organ (tashkilot)larga:
a) xulosa olish uchun:
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimiga;
tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (boʻlimining) yongʻin xavfsizligi boʻlimiga;
tuman (shahar) davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasiga, viloyatlar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga;
b) kelishish uchun:
tuman (shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimiga;
tuman (shahar) irrigatsiya boʻlimiga;
tegishli hududlar va inshootlardan rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlarga yuboradi.
13. Vakolatli organlar taqdim etilgan materiallarni uch ish kuni mobaynida kelishadi yoki tegishli xulosalar beradi.
14. Vakolatli organlar taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi xulosalardan birini chiqaradi:
yengil konstruksiyali obyektlar hamda (yoki) yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratishning maqsadga muvofiqligi;
yengil konstruksiyali obyektlar hamda (yoki) yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratishning maqsadga muvofiq emasligi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan xulosa chiqarilgan taqdirda, ushbu xulosada yer uchastkasidan foydalanish, shaharsozlik, tabiatni muhofaza qilish, yongʻinga qarshi talablar, shuningdek, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etish talablari bayon etiladi.
Ushbu bandning uchinchi xatboshida nazarda tutilgan xulosa chiqarilgan taqdirda, ushbu xulosada tegishli qonun hujjatining aniq normalariga asoslangan holda boʻsh yer uchastkasini ajratish imkoni yoʻqligining sabablari koʻrsatiladi.
15. Tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi xulosasida quyidagilar koʻrsatiladi:
yengil konstruksiyali obyekt, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishi uchun tanlangan yer egalari, foydalanuvchilar va ijarachilarning nomi;
yer uchastkasining yer turi va sifat tavsiflari;
tuproqning unumdor qatlamini koʻchirib olishning zarurligi;
yer egalari, foydalanuvchilar va ijarachilardan yer uchastkasini olib qoʻyishning shartlari (mavjud boʻlsa).
16. Yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun materiallarni kelishish va (yoki) ular boʻyicha xulosalar berish uchun vakolatli organlar tomonidan toʻlov undirilmaydi.
17. Ijrochi vakolatli organlardan tegishli xulosalarni olgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun kelishilgan materiallar asosida tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning (keyingi oʻrinlarda tuman (shahar) komissiyasi deb ataladi) dalolatnomasini va tuman (shahar) hokimining qarori loyihasini tayyorlaydi.
Yer uchastkasida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish boʻyicha dalolatnoma faqat tuman (shahar) komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi.
18. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish boʻyicha quyidagi materiallar ijrochi tomonidan tuman (shahar) hokimiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi:
tuman (shahar) hokimining tuman (shahar) qurilish boʻlimi, qishloq xoʻjaligi boʻlimi, irrigatsiya boʻlimi hamda yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi bilan kelishilgan qarori loyihasi;
vakolatli organlarning yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish boʻyicha xulosalari;
yengil konstruksiyali obyektlarni, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi dalolatnomasi.
19. Tuman (shahar) hokimi oʻz vakolati doirasida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisida ikki ish kuni mobaynida qaror qabul qiladi va ijrochiga taqdim etadi.
20. Tuman (shahar) hokimining yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorida quyidagilar aks ettirilishi kerak:
yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar quriladigan yer uchastkasi kimga, qanday maqsadlar uchun va qancha muddatga (er vaqtincha foydalanishga va ijaraga berilganda aniq muddati koʻrsatiladi) beriladi, shuningdek, ularni qurish shartlari;
qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarish nobudgarchiliklari miqdorlari hamda ularni toʻlash muddatlari (mavjud boʻlganda);
tuproqning unumdor qatlamini koʻchirib olish taqiqlanganligi;
suv muhofazasi, ekologik, yongʻinga qarshi shartlar va talablar, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (zarurat boʻlganda).
21. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi yerlaridan ajratilgan taqdirda, yer uchastkalarini ajratish boʻyicha materiallar va tuman (shahar) hokimligining takliflari bir ish kunida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yoki viloyat hokimligiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Ushbu takliflar hamda tegishli hujjatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiya tomonidan koʻrib chiqilib, ushbu yer uchastkasini yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun berishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning ijobiy xulosasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining tegishli qarori qabul qilinadi.
Quyidagi holatlarda:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarning, eng avvalo sugʻoriladigan yerlarning alohida muhofaza etilishini hamda ulardan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash maqsadida;
yongʻinga qarshi, tabiatni muhofaza qilish talablari, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari buzilishi mumkin boʻlgan holatlarda;
ulardan yer uchastkalari olib qoʻyilayotgan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari yoki mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganda yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasini ajratish rad etilishi mumkin.
22. Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
23. Yer ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlaganlik va kelishganlik uchun ariza beruvchidan Vazirlar Mahkamasining “Kadastr hujjatlarini tayyorlash boʻyicha davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 10-iyuldagi 186-son qaroriga muvofiq belgilangan miqdorda toʻlov undiriladi.
Ushbu toʻlov vakolatli organning yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan soʻng ariza beruvchi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun ajratilgan, yer uchastkalaridan maqsadsiz (boshqa turdagi poydevor (fundament) quyib qurilgan binolar qurilganda, tuproqning ustki qatlami qazib olinganda) foydalanilgan taqdirda, ushbu qurilmalar yerdan foydalanuvchi tomonidan oʻz hisobidan buzdirilib, ushbu yer uchastkalari foydalanish uchun yaroqli holatga keltiriladi.
25. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer ajratish materiallarini kelishishni amalga oshiruvchi tuman (shahar) hokimliklarining va boshqa vakolatli tashkilotlarning mansabdor shaxslari ushbu Nizom talablarining buzilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 09/19/167/2665-son)