O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA KORXONALARI, TAShKILOTLARI VA MUASSASALARIDAN PUL TUShIMI TUShIShI USTIDAN NAZORATNI TA’MINLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-sonli “Bank tizimini isloh qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida” 1994-yil 16-iyundagi Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1994-yil 20-iyundagi 307-son qaroriga muvofiq hamda so‘m va so‘m-kuponlardagi tushumlarning sotilgan tovarlar va xizmatlarga mos ravishda o‘z vaqtida va to‘liq topshirilishini tezkorlik bilan nazorat qilishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklarining tuman, shahar muassasalari huzurida tovar sotishdan va pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan pul tushumlari tushishining ahvolini nazorat qilish bo‘yicha komissiyalar tuzish hamda ushbu komissiyalar tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasining vakolatli va bilimdon vakillarini kiritish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagi vazifalarni hal etish ko‘rsatib o‘tilgan komissiyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qilib belgilansin;
tijorat banklarining tuman, shahar muassasalari bilan birgalikda tovar sotuvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi har qaysi korxona, muassasa va tashkilotdan so‘mlarda va “So‘m-kupon”larda tushgan tushumlarning har kuni inkassatsiya qilinishini ta’minlash;
tuman, shaharning inkassatsiya qilinadigan har qaysi korxonasi, muassasasi va tashkilotidan so‘mlarda va “So‘m-kupon”larda tushgan tushumlarni tezkorlik bilan hisobga olish va tahlil qilish;
inkassatsiya qilinadigan har qaysi obyektdan — do‘kondan, savdo markazidan, xizmat ko‘rsatish sohasi korxonasidan har kuni tushadigan tushum summasini ularning 10—15 kun oldin har kuni topshirgan tushum summasi bilan qiyoslab tahlil qilishni amalga oshirish;
tushgan tushumni qabul qilib olish yoki rad etish mumkinligi, shuningdek, sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlarning taqdim etilgan summaga muvofiq kelishini tezkorlik bilan tekshirib ko‘rish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilish;
tushumlarni inkassatsiya qilishning belgilangan tartibini buzish hollari aniqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish.
Ushbu ish tartibi 1994-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “O‘zbeksavdo” uyushmasi, O‘zbekbirlashuv, savdo tarmoqlariga ega bo‘lgan, shuningdek, aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatuvchi vazirliklar va idoralarning rahbarlari ushbu qaror talablarining qat’iy bajarilishini hamda tuzilgan komissiyalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga amaliy yordam berishni ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-noyabrdagi 561-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Respublika komissiyasi raisi A.M. Mutalov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 29-iyun,
331-son