Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MILLIY VALYUTASINI MUOMALAGA KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi 952-XII-son qaroriga muvofiq:
1. 1994-yilning 1-iyulidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining hududida 1000 soʻm-kuponga bir “Soʻm” nisbati bilan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi — “Soʻm” muomalaga kiritilsin.
2. Milliy valyutani joriy etish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Naqd pullarni almashtirishga hamda pul muomalasiga oid barcha tezkor va joriy masalalarni hal qilish komissiya zimmasiga yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi “Soʻm” Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 “Soʻm” boʻlgan bank qogʻoz pullari /banknotlar/ va 1, 3, 5, 10, 20, 50 “Tiyin” boʻlgan metall tangalar holida naqd pul muomalasiga chiqariladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
1994-yilning 1-iyulidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida “Soʻm” qonuniy toʻlov vositasi hisoblanadi;
“Soʻmlar” va “Tiyinlar” Oʻzbekiston Respublikasi hududida mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, hamma jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha turdagi toʻlovlarga, shuningdek banklar tomonidan omonatlarga va hisobvaraqlariga qoʻshib qoʻyish uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida milliy valyuta — “Soʻm” bilan bir qatorda erkin muomaladagi valyutadan toʻlov vositasi sifatida belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat beriladi.
5. Soʻm-kuponlarni almashtirish uchun aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish va milliy valyutaga shoshmasdan oʻtishni taʼminlash maqsadida:
— Oʻzbekiston Respublikasining bank muassasalari 1994-yilning 1-iyulidan boshlab soʻm-kuponlarni muomalaga chiqarishni toʻxtatsinlar;
— 1994-yilning 1-avgustiga qadar barcha turdagi toʻlovlarga, shuningdek fuqarolarning omonatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi doirasida pul oʻtkazish uchun milliy valyuta bilan bir qatorda 1000 soʻm-kuponga 1 “Soʻm” nisbati bilan hech qanday cheklovlarsiz soʻm-kuponlarni qabul qilishga ruxsat berilsin. Aholiga xizmat koʻrsatayotgan respublikaning barcha savdo tashkilotlari hamda boshqa korxonalari, tashkilotlari va muassasalari mazkur bandning soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Soʻm” bilan soʻm-kupon bab-baravar muomalada boʻlgan davrda soʻm-kuponlarga tovarlar sotishdan va xizmat koʻrsatishdan bosh tortganlik uchun aybdor shaxslarni qattiq javobgarlikka tortsinlar.
6. Markaziy bank, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” va respublikaning boshqa banklari 1994-yil 28-iyundan 5-iyulgacha 1994-yil iyun oyining ikkinchi yarmi uchun ish haqi, shuningdek 1994-yil iyul oyi uchun pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar “Soʻm” bilan berilishini taʼminlasinlar.
7. Respublikaning vakil qilingan banklari 1994-yilning 1-iyulidan boshlab tegishli punktlar orqali erkin muomaladagi valyutani Oʻzbekiston Respublikasining “Soʻmlari”ga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan kurs boʻyicha cheklovlarsiz almashtirib berilishini taʼminlasinlar.
8. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublikaning barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlari va bank muassasalari 1994-yilning 1-iyuligacha boʻlgan holatda hisobvaraqlaridagi, omonatlardagi va majburiyatlardagi mablagʻlarni, shuningdek ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va boshqa toʻlovlarning miqdorlarini 1 “Soʻm”: 1000 soʻm-kupon nisbati bilan qaytadan hisoblab chiqsinlar.
9. 1994-yilning 1-avgustidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida toʻlovlarning barcha turlari faqat milliy valyuta “Soʻm” bilan amalga oshirilishini eʼtiborga olib, aholiga 1994-yilning 1-avgustiga qadar qolgan soʻm-kuponlarni omonatlarga cheklovlarsiz qoʻyish tavsiya etilsin.
Jamgʻarma tarmogʻiga ega boʻlgan “Oʻzjamgʻarmabank” va respublikaning boshqa tijorat banklari 1994-yil 1-avgustidan boshlab soʻm-kuponlarni omonatlarga qabul qilishni toʻxtatsinlar.
10. Jamgʻarma tarmogʻiga ega boʻlgan “Oʻzjamgʻarmabank” va respublikaning boshqa tijorat banklari 1994-yilning 1-sentabriga qadar aholining omonatlar boʻyicha shaxsiy hisobvaraqlaridagi operatsiyalarni faqat hisob-kitob cheklari, chek daftarchalari yoki omonatchilarning topshiriqlari boʻyicha pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirsinlar, 1994-yilning 1-sentabridan boshlab esa omonatchilarning xohishiga koʻra “Soʻmlar” va “Tiyinlar” bilan bersinlar.
11. Milliy valyutani joriy etish mexanizmi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki ishlab chiqqan normativ hujjatlar maʼqullansin.
12. 1994-yilning 1-iyulidan boshlab mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun mehnat haqini toʻlashga beriladigan mablagʻlarni davlat yoʻli bilan tartibga solish joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi oʻn kun muddat ichida buning uchun zarur yoʻriqnomalarni xoʻjalik yurituvchi subyektlarga yetkazsin.
13. Milliy valyuta – “Soʻm” joriy etish hamda muomalada boʻlgan soʻm-kuponlarni belgilangan muddatlarda yigʻishtirib olish borasidagi ishlarning tashkil etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki zimmasiga yuklatilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 16-iyun,
PF-870-son