Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI TOPONIMIK OBYEKTLARGA MAShHUR KIShILARNING NOMINI BERISh MASALALARINI MUVOFIQLAShTIRUVChI RESPUBLIKA KOMISSIYASINI TUZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-maydagi 203-sonli “Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlar va boshqa toponimik obyektlarning nomlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fizik-jugʻrofiy, geologik va boshqa toponimik obyektlarning nomlarini tartibga solish toʻgʻrisida” 1993-yil 3-sentabrdagi qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Respublika komissiyasi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 1994-yilning II choragi oxirigacha tabiiy-joʻgʻrofiy va boshqa toponimik obyektlarning nomlarini umumdavlat, milliy manfaatlardan, tarixiy, tabiiy-joʻgʻrofiy sharoitlardan kelib chiqqan va mehnatkashlarning istaklarini hisobga olgan holda tartibga solish ishlarini asosan tugallashni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1981-yil 27-maydagi 457-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimi hamda Hududiy-tashkiliy boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 9-mart,
123-son
Oʻzbekiston Respublikasidagi toponimik obyektlarga mashhur kishilarning nomini berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududidagi tabiiy-joʻgʻrofiy va boshqa toponimik obyektlarga mashhur kishilarning nomini qoʻyish, ilgari ular sharafiga berilgan nomlarni oʻzgartirish masalalarini tartibga solib borish, bu ishda suiisteʼmolchilikka, tanish-bilishchilikka, noilmiylikka va boshqa tarzdagi buzilishlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish, mamlakatimiz xalqlarining tarixi va anʼanalari bilan bogʻliq toponimlarni muhofaza etish choralarini koʻrish toponimik obyektlarga mashhur kishilarning nomini berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridir.
2. Komissiya amaldagi qonun hujjatlari va Hukumat qarorlari asosida ish olib boradi.
3. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
— mashhur kishining nomini qoʻyish taklifini kiritgan barcha darajadagi tashkilotlardan uning xizmatlarini tavsiflovchi hamma kerakli hujjatlarni talab qilib oladi;
— mashhur kishilarning xotiralarini abadiylashtirish masalalari boʻyicha tegishli hokimiyat organlariga tavsiyalar beradi, zarur boʻlgan hollarda vaqtinchalik ekspertlar guruhini tuzadi;
— oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha hokimliklar, vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitib boradi.
4. Komissiya toponimik obyektlarga kishilarning nomlarini berish va ilgari mashhur kishilar sharafiga qoʻyilgan nomlarni oʻzgartirish haqidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining, vazirliklar va idoralarning takliflarini tarixchilarni, tilshunoslarni, meʼmorchilarni va boshqa sohalarning mutaxassislarini bu ishga jalb qilgan holda koʻrib chiqadi. Komissiya oʻz xulosalarini belgilangan tartibda taklif kiritgan tashkilotlarga, mamlakat ahamiyatiga molik obyektlar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qiladi.
5. Nom berish haqidagi takliflarni koʻrib chiqishda komissiya:
— nomini berish tavsiya etilayotgan kishining mamlakat xalqi oldidagi xizmatlari, nomi qoʻyilayotgan sohani, joyni rivojlantirishga qoʻshgan hissasini;
— davlat va jamoat tashkilotlari hamda mehnat jamoalarining mulohazalarini;
— xalqning tarixiy-milliy anʼanalar his-tuygʻulari hamda axloqiy qadriyatlarini va aholining istaklarini hisobga oladi va bunda umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqadi.
6. Komissiya zaruratga qarab oʻz majlislarini oʻtkazib turadi va qarorlarini bayon shaklida rasmiylashtiradi. Komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashgan komissiya majlisi qaror qabul qilishga vakolatli hisoblanadi. Qaror qabul qilish uchun majlisda qatnashayotgan komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi uni maʼqullashi kerak.
Ayrim hollarda komissiya qarorlari soʻrov yoʻli bilan rasmiylashtirilishi mumkin.