Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (4-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 11-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3701]
Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-yanvardagi 23-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (4-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi va Oʻzbekiston rieltorlar gildiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. ORTIKOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-oktabr,
01/11-14/45-son
Kelishildi:
Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi raisi A. ALIYEV
2025-yil 16-oktabr
Rieltorlar gildiyasi raisi B. NASRULLAYEV
2025-yil 9-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 17-oktabrdagi 01/11-14/45-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (4-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish”
Mazkur Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (4-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish” (bundan buyon matnda standart deb yuritiladi) rieltorlik tashkilotlari tomonidan koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan amalga oshiriladigan rieltorlik faoliyatiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Asosiy tushunchalar
1. Mazkur standartda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish — rieltorlik tashkilotiga (ishonchli boshqaruvchiga) qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish shartnomasi asosida berilgan koʻchmas mulk obyektlarini rieltorlik tashkiloti tomonidan oʻz nomidan haq evaziga muayyan muddat davomida boshqaruv muassisining yoki u koʻrsatgan shaxsning (foyda oluvchining) manfaatlarini koʻzlab boshqarishning amalga oshirilishi;
ishonchli boshqaruvchi — koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi rieltorlik tashkiloti;
ishonchli boshqarish muassisi (bundan buyon matnda boshqaruv muassisi deb yuritiladi) — ishonchli boshqarishga topshirilayotgan koʻchmas mulk obyektining egasi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs. Qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqaruv muassisi sifatida notarius, vasiylik va homiylik organi, sud yoki boshqa vakolatli organ ishtirok etishi mumkin;
foyda oluvchi — koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish uning manfaatlari yoʻlida amalga oshiriladigan jismoniy yoki yuridik shaxs (ishonchli boshqaruvchi bundan mustasno);
koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) — bu koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma uchun nazarda tutilgan shaklda va tartibda tuziladigan va qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan shartnoma boʻlib, uning asosida bir taraf (boshqaruv muassisi) ikkinchi tarafga (ishonchli boshqaruvchiga) koʻchmas mulk obyektini muayyan muddatga ishonchli boshqarishga topshiradi, ikkinchi taraf esa ushbu koʻchmas mulk obyektini boshqaruv muassisi yoki u koʻrsatgan shaxsning (foyda oluvchining) manfaatlarini koʻzlab boshqarish majburiyatini oladi;
koʻchmas mulk obyektlari — yer uchastkalari, binolar va inshootlar (ularning bir qismi), koʻp yillik dov-daraxtlar, koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar, xususiy uylar, koʻp qavatli imoratlardagi xonalar hamda yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa obyektlar, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar. Ushbu standart maqsadlarida yer osti boyliklari (yer qaʼri), shu jumladan foydali qazilmalar koni koʻchmas mulk obyektlari jumlasiga kirmaydi;
rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
2-bob. Umumiy qoidalar
2. Mazkur standartning maqsadi koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishning quyidagilarni taʼminlovchi yagona va shaffof mexanizmlarini belgilashdan iborat:
mulkdorlar huquqlarining himoya qilinishi;
bitimlarni amalga oshirish chogʻidagi shaffoflik va xavf-xatarlarning kamaytirilishi;
koʻchmas mulk obyektlarini professional boshqarish;
koʻchmas mulk bozorining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq barqaror rivojlanishi.
3. Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi rieltorlik tashkilotlari qonunchilik hujjatlariga va ushbu standart talablariga rioya qilishi majburiydir.
4. Standartning amal qilishi:
davlat koʻchmas mulk obyektlarini boshqarish bilan bogʻliq munosabatlarga;
yagona mulkiy majmua sifatida butun korxonaga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3-bob. Koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarishning vujudga kelish asoslari va undagi mavjud cheklovlar
5. Koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish quyidagilar asosida vujudga keladi:
boshqaruv muassisi bilan ishonchli boshqaruvchi oʻrtasida tuziladigan koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish shartnomasi;
vasiyatning ijrochisi (ishonchli boshqaruvchi) tayinlangan vasiyatnoma;
sud qarori;
vasiylik va homiylik organining vasiylikka olingan shaxsning koʻchmas mulk obyekti ustidan vasiylik belgilash toʻgʻrisidagi qarori;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa yuridik faktlar.
6. Operativ boshqaruvda boʻlgan koʻchmas mulk obyekti ishonchli boshqarishga topshirilishi mumkin emas. Operativ boshqaruvda boʻlgan koʻchmas mulk obyekti uni operativ boshqaruvda saqlab turgan yuridik shaxs tugatilganidan yoki koʻchmas mulk obyektiga nisbatan operativ boshqaruv huquqi bekor qilinganidan hamda u qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra mulkdorning egaligiga oʻtganidan keyingina ishonchli boshqarishga topshirilishi mumkin.
7. Koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarishga topshirish ushbu koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga oʻtishiga olib kelmaydi.
4-bob. Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishda bajariladigan ishlar (xizmatlar) tarkibi
8. Ishonchli boshqaruvchi boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) manfaatlarini koʻzlagan holda quyidagi ishlarni (xizmatlarni) shartnomaga muvofiq bajaradi:
koʻchmas mulk obyektlarini boshqarish, shu jumladan boshqaruv muassisi bilan tuzilgan shartnomaviy munosabatlar doirasida oʻziga ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektlarini ishonchnoma asosida sotish (bundan buyon matnda sotish deb yuritiladi);
daromadlar va xarajatlarni boshqarish, koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan yoki boshqa manbalardan olingan daromadlar hisobini yuritish, shuningdek koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish, ularni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish xarajatlarini amalga oshirish;
boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) manfaatlarini koʻzlab uchinchi shaxslar bilan koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish, ikkilamchi ijaraga berish shartnomalarini, taʼmirlash-qurilish ishlar uchun pudrat shartnomalarini va koʻchmas mulk obyektlarini samarali boshqarish uchun zarur boʻlgan boshqa bitimlarni tuzish;
koʻchmas mulk obyektlariga texnik xizmat koʻrsatishni tashkil etish, ularni joriy va kapital taʼmirlash, foydalanishning texnik normalariga rioya qilish, shuningdek ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanishning avariya oqibatlarini va buzilishlarini bartaraf etish;
boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) manfaatlarini ifodalash, uchinchi shaxslar, jumladan ijarachilar, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, zarur hollarda sudlarda va boshqa idoralarda (tashkilotlarda) belgilangan tartibda boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) manfaatlarini ifodalash;
koʻchmas mulk obyektlarining rentabelligini yaxshilash va bozor qiymatini oshirish maqsadida boshqaruv muassisining roziligini olgan holda koʻchmas mulk obyektini modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish, kengaytirish, qayta jihozlash;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish doirasida boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya etilishini taʼminlash, kontragentlar bilan nizolarni hal etish;
soliq organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish, koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanishda olinadigan daromadlar deklaratsiyasini tayyorlash, boshqaruv muassisi nomidan soliqlar toʻlanishini va boshqa zarur harakatlarni tashkil etish.
5-bob. Ishonchli boshqarish obyektlari
9. Ishonchli boshqarishga topshiriladigan koʻchmas mulk obyektlari ishonchli boshqarish obyektlari hisoblanadi.
10. Quyidagilar ishonchli boshqarish obyektlari boʻlishi mumkin emas:
qonunchilikda belgilangan tartibda xatlab qoʻyilgan yoki taqiq mavjud boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari;
oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlar;
qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga topshirish va qabul qilish talablariga rioya qilinmagan obyektlar;
xizmat turar joylari, maxsus uylar (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, yolgʻiz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek, bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylar);
mulkka oid nizolar mavjud boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari;
qonunchilik hujjatlari bilan ishonchli boshqarishga topshirish taqiqlangan koʻchmas mulk obyektlari (masalan, qoʻriqxonalar, mudofaa obyektlari, tabiatni muhofaza qilish zonalari, oʻrmon fondi, madaniy meros obyektlari va hokazolar).
6-bob. Ishonchli boshqarish subyektlari
11. Boshqaruv muassislari va koʻchmas mulk obyektlarining ishonchli boshqaruvchilari, shuningdek foyda oluvchilar ishonchli boshqarish subyektlari hisoblanadi.
12. Quyidagilar boshqaruv muassisi boʻlishi mumkin:
koʻchmas mulk obyektining egasi;
yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs;
qonunda nazarda tutilgan hollarda — notarius, vasiylik va homiylik organi, sud yoki boshqa vakolatli organ.
13. Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan rieltorlik tashkiloti ishonchli boshqaruvchi boʻlishi mumkin.
14. Koʻchmas mulk obyektlari davlat organiga ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin emas.
15. Ishonchli boshqaruvchidan tashqari har qanday shaxs foyda oluvchi boʻlishi mumkin.
7-bob. Boshqaruv muassisining huquq va majburiyatlari
16. Boshqaruv muassisi quyidagilarga haqli:
ishonchli boshqaruvchidan malaka sertifikati koʻrsatilishini talab qilish;
shartnoma bajarilishining borishi haqida, koʻchmas mulk obyektlarining holati va ularni boshqarish toʻgʻrisida ishonchli axborot olish;
boshqaruvga topshirilgan koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi axborotning maxfiyligiga rioya etilishini talab qilish;
ishonchli boshqaruvchidan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida shartnomada belgilangan muddatlarda va tartibda hisobot taqdim etishni talab qilish;
qonunchilik doirasida va taraflarning oʻzaro kelishuviga koʻra, shartnoma shartlariga oʻzgartirish(lar) kiritish tashabbusi bilan chiqish;
ishonchli boshqaruvchi tomonidan shartnoma shartlari buzilgan taqdirda, shartnomaning bekor qilinishini hamda bekor qilish tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishini talab qilish;
koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir tuzilishi moʻljallanayotgan bitimning xususiyati hamda huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida ishonchli boshqaruvchidan yozma shaklda axborot olish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga, rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalariga, shuningdek sudga murojaat qilish.
17. Boshqaruv muassisi:
shartnoma predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti, unga boʻlgan huquqlar haqidagi, oʻzi va boshqa huquq egalari (uchinchi shaxslar) toʻgʻrisidagi ishonchli hamda toʻliq maʼlumotlar va hujjatlarni ishonchli boshqaruvchiga taqdim etishi;
shartnoma shartlariga muvofiq ishonchli boshqaruvchi xizmatlariga oʻz vaqtida haq toʻlashi;
shartnomani belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishi;
agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ishonchli boshqaruvchi tomonidan koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish chogʻida qilgan zarur xarajatlarning oʻrnini qoplashi;
shartnoma doirasida oʻz majburiyatlarining bajarilishini taʼminlashi shart.
8-bob. Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari
18. Ishonchli boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
shartnomada nazarda tutilgan doirada ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektiga nisbatan mulkdor huquqlarini amalga oshirish;
boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) manfaatlarini koʻzlab yuridik va amaliy harakatlarni amalga oshirish;
xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni boshqaruv muassisidan soʻrab olish;
koʻrsatilgan xizmatlar uchun shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda haq olish;
ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektlarini reklama qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan ishonchli boshqarishni amalga oshirish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda olish;
boshqaruv muassisi tomonidan shartnoma shartlari buzilgan yoki bajarilmagan taqdirda shartnomaning bekor qilinishini talab qilish;
agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish bilan bogʻliq zarur xarajatlarning oʻrni qoplanishini talab qilish;
agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, koʻchmas mulk obyektini shartnomaning amal qilish muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga ijaraga berish;
shartnomada yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina oʻz nomidan boshqa shaxsga koʻchmas mulk obyektini boshqarish uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirishni topshirish;
shartnomada nazarda tutilgan hollardagina ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektini garovga qoʻyish.
19. Ishonchli boshqaruvchi oʻzining rasmiy veb-saytiga ega boʻlishi mumkin va unda ishonchli boshqaruvchi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar, shu jumladan:
uning rahbari;
rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan xodimlar;
fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisi;
ishonchli boshqaruvchi aʼzo boʻlgan rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
20. Ishonchli boshqaruvchi koʻchmas mulk obyektini boshqarish sohasidagi harakatlarni amalga oshirish natijasida qoʻlga kiritgan huquqlari shu koʻchmas mulk obyekti tarkibiga kiritiladi.
21. Ishonchli boshqaruvchi boshqaruv muassisining yozma roziligisiz ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha affillangan shaxslar (ishonchli boshqaruvchining faoliyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan shaxslar, yaqin qarindoshlar, shu jumladan ishonchli boshqaruvchining mulkdori, taʼsischi (ishtirokchisi), kreditori, sugʻurtalovchisi, xodimi) bilan bitimlar tuzishga haqli emas.
22. Ishonchli boshqaruvchi:
boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) talabiga binoan malaka sertifikatini koʻrsatishi;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishni shartnoma shartlariga qatʼiy amal qilgan holda amalga oshirishi;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish chogʻida boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) huquq va manfaatlarini ifodalashi;
ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektlarini oʻz mol-mulkidan alohida ajratishi;
ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektining alohida hisobini yuritishi;
ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektining bozor qiymati oʻzgarishiga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarni (sotish, ijaraga berish, kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash, kengaytirish, qayta jihozlash, reklama qilish va hokazo) boshqaruv muassisi (foyda oluvchi) bilan kelishishi;
shartnoma predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti, unga boʻlgan huquqlar haqidagi, boshqaruv muassisi va boshqa huquq egalari (uchinchi shaxslar) toʻgʻrisidagi hujjatlarni tekshirishi;
ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektlari bilan bogʻliq bitimlar tuzish chogʻida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar, cheklovlar va oqibatlar haqida, shuningdek shartnoma shartlarini oʻzgartirishi va keyinchalik mulk huquqining yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan barcha maʼlum boʻlgan holatlar va faktlar toʻgʻrisida boshqaruv muassisini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
boshqaruv muassisi va koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisidagi axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
boshqaruv muassisiga va (yoki) foyda oluvchiga oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni shartnomada belgilangan muddatlarda va tartibda taqdim etishi;
manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda boshqaruv muassisini (foyda oluvchini) bu haqida darhol xabardor qilishi va uni boshqaruv muassisining (foyda oluvchining) manfaatiga hal etish choralarini koʻrishi;
oʻz xodimlarining samarali ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga, kasbiy mahorat darajasini oshirish va yangi bilimlarni olish maqsadida rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan xodim(lar)ini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborishi;
oʻz faoliyatining barcha bosqichlarida Rieltorlarning professional xulq-atvori kodeksiga rioya qilishi shart.
9-bob. Boshqaruv muassisining ishonchli boshqaruvchi bilan oʻzaro munosabatlari
23. Ishonchli boshqaruvchi boshqaruv muassisining talabiga koʻra, quyidagilarni taqdim etishi kerak:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatishda foydalaniladigan namunaviy shartnomalar, bayonnomalar, ishonchnomalar va boshqa hujjatlarning namunalari;
rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzolikni tasdiqlovchi hujjat;
oʻzi aʼzo boʻlgan rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmasining, shuningdek rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining rekvizitlari;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish tariflari va narxlari;
rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmasining muhri bilan tasdiqlangan shikoyatlar va takliflar daftari (ushbu daftar elektron shaklda yoki ishonchli boshqaruvchining rasmiy veb-saytida ham yuritilishi mumkin);
ishonchli boshqaruvchining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisi.
24. Koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarishga topshirish uning bozor qiymatini saqlab qolish yoki koʻpaytirish, undan samarali foydalanishni taʼminlash, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish, boshqaruvdan olinadigan daromad darajasi va boshqa vazifalarni bajarishni oʻz ichiga oladigan ishonchli boshqarishning samaradorligini baholash mezonlari (bundan buyon matnda baholash mezonlari deb yuritiladi) asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda baholash mezonlari aniq, oʻlchanadigan va erishiladigan boʻlishi kerak.
25. Baholash mezonlari shartnomada belgilanishi yoxud shartnomaning amal qilish muddati davomida boshqaruv muassisi va ishonchli boshqaruvchining oʻzaro kelishuvi asosida belgilanishi kerak.
Shartnomada baholash mezonlarining natijalarini tasdiqlash uchun mustaqil ekspertlar yoki auditorlarni jalb qilish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin.
26. Ishonchli boshqarish jarayonida erishilgan moliyaviy natijalar, amalga oshirilgan tadbirlar, koʻchmas mulk obyektining joriy holati va boshqaruvning boshqa jihatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan hisobot ishonchli boshqaruvchi tomonidan shartnomada nazarda tutilgan muddatlarda va tartibda boshqaruv muassisiga va (yoki) foyda oluvchiga taqdim etib boriladi.
27. Ishonchli boshqaruvchiga toʻlanadigan haqning miqdori taraflarning kelishuviga koʻra, qatʼiy belgilangan shaklda va/yoki koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishdan olingan daromaddan foiz koʻrinishida yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqacha tartibda belgilanadi.
28. Boshqaruv muassisi tomonidan ishonchli boshqaruvchiga shartnomada ayrim cheklovlar, jumladan koʻchmas mulk obyektining sotilishi, ijaraga berilishi, garovga qoʻyilishini taqiqlash yoki qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa majburiyatlar belgilanishi mumkin.
29. Ishonchli boshqaruvchi shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarini lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida garov, bank kafolati kabi qoʻshimcha kafolatlarni taqdim etishi mumkin.
30. Ishonchli boshqaruvchi koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish jarayonida ayrim harakatlarni bajarish uchun uchinchi shaxslarni jalb qilishi mumkin. Ularning xatti-harakatlari (harakatsizligi) uchun ishonchli boshqaruvchi javobgar boʻladi.
10-bob. Koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish shartnomasiga qoʻyiladigan talablar
31. Shartnoma yozma shaklda, koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma uchun nazarda tutilgan shaklda va tartibda tuzilishi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Shartnoma shakliga yoki uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi.
32. Shartnomada quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
shartnoma tuzilgan sana va joy;
shartnoma predmeti;
shartnoma taraflarining nomi va rekvizitlari;
ishonchli boshqarishga topshirilayotgan koʻchmas mulk obyektining batafsil tavsifi (huquqni belgilovchi hujjatlar va koʻchmas mulk obyekti holatining foto va (yoki) videotasviri, barcha nuqsonlar va nosozliklar mavjudligi ilova qilingan holda);
ishonchli boshqaruvchining hisobotlar taqdim etish muddatlari;
shartnomaning amal qilish muddati;
hisob-kitob qilish tartibi;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda taraflarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
ishonchli boshqaruvchida mavjud boʻlgan rieltorlarning malaka sertifikati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ishonchli boshqaruvchida fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shartnomani bekor qilish tartibi va shartlari;
shartnoma muddati tugaganidan keyin ishonchli boshqarish obyektini qaytarish va qabul qilib olish tartibi (uni qabul qilib oladigan shaxsni koʻrsatgan holda).
33. Shartnomaga quyidagilar ilova qilingan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi ilova qilinadi:
koʻchmas mulk obyektiga huquqni belgilovchi hujjatlar;
koʻchmas mulk obyektining foto va (yoki) videotasvirlari;
kommunal xizmatlar, soliqlar va qonunchilikda belgilangan boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikning yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar. Bunday holatda elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv hisoblagichlarining koʻrsatkichlari yozib olingan boʻlishi shart.
Agar koʻchmas mulk obyekti bilan birga unda joylashgan mol-mulk ham topshiriladigan boʻlsa (masalan, mebellar, maishiy texnikalar va h.k.), topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga ushbu mol-mulk(lar)ni inventarizatsiya qilish akti ham ilova qilinishi kerak.
Agar topshirilayotgan koʻchmas mulk obyekti qurilishi tugallanmagan obyekt boʻlsa, u holda qabul qilish-topshirish dalolatnomasiga qurilishga ruxsatnoma va obyektning texnik holati toʻgʻrisidagi xulosa ilova qilinishi lozim.
34. Shartnoma besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Shartnomaning amal qilish muddati tamom boʻlganida taraflardan biri shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bermagan va (yoki) shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma unda nazarda tutilgan muddatga va shartlar asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.
35. Shartnomaga taraflarning kelishuvi yoki qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
11-bob. Koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarish shartnomasining bekor boʻlishi
36. Shartnoma quyidagi hollarda bekor boʻladi:
taraflardan birining shartnoma muddati tugashi munosabati bilan shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq;
agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqaruv muassisi (foyda oluvchi) boʻlgan fuqaroning vafot etishi, boshqaruv muassisi (foyda oluvchi) boʻlgan yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan;
ishonchli boshqaruvchi yuridik shaxs tugatilganida yoki u toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida;
foyda oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma boʻyicha foydani olishdan bosh tortganida;
ishonchli boshqaruvchi boshqaruv muassisining manfaatlarini koʻzlab koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarishni shaxsan amalga oshirishi mumkin emasligi munosabati bilan boshqaruvni amalga oshirishdan bosh tortganida;
boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchiga shartnomada kelishilgan haqni toʻlagan holda shartnomani bajarishdan bosh tortganida;
taraflar oʻzining majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan taqdirda shartnoma sudning qaroriga muvofiq bekor qilinganida;
qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra.
37. Shartnoma bekor qilinganida ishonchli boshqarishda boʻlgan koʻchmas mulk obyekti, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqaruv muassisiga topshiriladi.
Shartnoma taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganida ikkinchi taraf, agar shartnomada boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, kamida uch oy oldin bundan xabardor qilib qoʻyilishi kerak.
12-bob. Ishonchli boshqarishda boʻlgan koʻchmas mulk obyektini ajratib chiqarish
38. Ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyekti boshqaruv muassisining boshqa mol-mulkidan, shuningdek ishonchli boshqaruvchining mol-mulkidan ajratiladi. Ushbu koʻchmas mulk obyekti ishonchli boshqaruvchida alohida balansda aks ettiriladi va u boʻyicha mustaqil hisob yuritiladi. Ishonchli boshqarish bilan bogʻliq faoliyat boʻyicha hisob-kitob yuritish uchun alohida bank hisobvaragʻi ochiladi.
Ishonchli boshqaruvchiga ishonchli boshqarishga topshirilgan har bir obyekt boʻyicha alohida “Obyekt ishi” (qogʻoz yoki elektron shaklda) yuritiladi, unga quyidagi hujjatlar kiritilishi kerak:
topshirish-qabul qilish dalolatnomalari (foto va (yoki) video materiallar bilan birga);
huquqni belgilovchi hujjatlarning nusxalari;
obyektni sugʻurtalash toʻgʻrisidagi maʼlumot (agar mavjud boʻlsa);
obyektning texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumot (koʻzdan kechirish aktlari, taʼmirlash, texnik xizmat koʻrsatish va jihozlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumotlar, agar bunday ishlar amalga oshirilgan boʻlsa);
obyektga taalluqli bitimlar, sud nizolari haqidagi maʼlumot, agar shunday maʼlumotlar mavjud boʻlsa;
obyekt boʻyicha moliyaviy hisobotlar, shu jumladan ijaradan olingan daromadlar, obyektni saqlashga sarflangan mablagʻlar, kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar, soliq xarajatlari;
obyektga tashriflar va uning holatini tekshirish boʻyicha hisobotlar;
ijarachilar (mijozlarning) murojaatlari va ular boʻyicha amalga oshirilgan choralar yuzasidan hisobotlar.
13-bob. Uchinchi shaxslarning huquqlari boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish
39. Ishonchli boshqaruvchi shartnoma tuzilgunga qadar oʻziga boshqarish uchun topshirilayotgan koʻchmas mulk obyektiga uchinchi shaxslarning huquqlari borligi haqida xabardor qilib qoʻyilishi kerak. Ushbu shart buzilgan taqdirda ishonchli boshqaruvchi shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab, boshqaruv muassisidan haqiqiy zararni qoplashni va mutanosib haq toʻlashni talab qilishga haqli.
40. Agar ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyektiga shartnoma tuzilganidan keyin uchinchi shaxslarning huquqlari paydo boʻlsa, ishonchli boshqaruvchi esa bu haqda oʻn kunlik muddatda xabardor qilinmagan boʻlsa, u shartnomani bekor qilib, boshqaruv muassisidan oʻziga keltirilgan haqiqiy zararning qoplanishini va mutanosib haq toʻlanishini talab qilish huquqiga ega.
14-bob. Taraflarning javobgarligi
41. Ishonchli boshqaruvchi oʻzining aybi bilan ishonchli boshqarishga topshirilgan koʻchmas mulk obyekti shikastlangan yoki qiymati pasaygan taqdirda yoxud uni samarasiz boshqarganlik yoki lozim darajada boshqarmaganlik oqibatida foyda oluvchiga obyektni ishonchli boshqarish vaqtida boy berilgan foydani, boshqaruv muassisiga esa yetkazilgan zararni, shuningdek boy berilgan foydani toʻlaydi.
42. Ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqarish boʻyicha oʻziga berilgan vakolatlardan chetga chiqqan yoki shartnomada belgilab qoʻyilgan cheklashlarni buzgan holda tuzgan bitim boʻyicha majburiyatlarni shaxsan oʻzi oʻz hisobidan bajaradi.
43. Ishonchli boshqaruvchi quyidagilar natijasida koʻchmas mulk obyektiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlmaydi:
fors-major holatlari yoki yengib boʻlmaydigan kuchlar taʼsiri;
foyda oluvchining yoki boshqaruv muassisining harakatlari;
koʻchmas mulk obyektining tabiiy eskirishi.
44. Boshqaruv muassisi koʻchmas mulk obyektini ishonchli boshqarishga topshirishning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etilishi, koʻchmas mulk obyektining ishonchli boshqaruvchiga maʼlum qilinmagan kamchiliklari yoki nuqsonlari hamda ishonchli boshqaruvchining xizmatlariga shartnomada belgilangan tartibda haq toʻlanishi uchun ishonchli boshqaruvchining oldida javobgar boʻladi.
15-bob. Yakuniy qoidalar
45. Mazkur standart talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
46. Mazkur standart boʻyicha yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.11.2025-y., 10/5/3701/1041-son)