O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA AKSIZ MARKALARINI JORIY ETIShGA TAYYORGARLIK KO‘RISh BO‘YIChA TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aksiz solig‘i to‘lovlarining to‘liqligini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi hududiga tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarning noqonuniy keltirilishi, ishlab chiqarilishi va sotilishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1996-yil 1-oktabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar (pivodan tashqari)ni majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalash joriy etilsin va ularni aksiz markalarisiz sotish taqiqlansin.
2. Aksiz markalari tizimini joriy etish bo‘yicha Idoralararo komissiya tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Idoralararo komissiya tegishli idoralarning mutaxassislarini jalb qilgan holda bir hafta muddatda majburiy ravishda markalanishi kerak bo‘lgan vatanimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan tamaki mahsulotlari hamda spirtli ichimliklarni ro‘yxatga olish tartibi va muddatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Goznak” davlat ishlab chiqarish birlashmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar uchun aksiz markalari namunalarini ishlab chiqsin hamda ularni nominal qiymatini belgilasin va tasdiqlash uchun Idoralararo komissiyaga taqdim etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda o‘n kun muddatda respublikada ishlab chiqariladigan va chetdan olib kelinadigan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkalari miqdorlari bo‘yicha taklifni hamda 15 kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi hududida aksiz markalarini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishning tashkiliy-texnik masalalarini o‘z vaqtida hal etish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 1996-yil 10-avgustgacha “Goznak” davlat ishlab chiqarish birlashmasi fabrikasida Davlat soliq qo‘mitasi taqdim etgan buyurtmanomalar hajmlarida aksiz markalari tayyorlashni tashkil etsin;
Oldingi tahrirga qarang.
“Agrobank” ATB aksiz markalarini saqlash va berish uchun vakolatli bank etib belgilansin;
(4-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-maydagi 142-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 21-son, 252-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ikki hafta muddatda aksiz markalarini saqlash va belgilangan tartibda berish uchun “Paxta-bank” bilan shartnoma tuzsin;
“O‘zdavstandart” markazi bir hafta muddatda tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar standartlariga ularni aksiz markalari bilan markalashga oid o‘zgartirishlar kiritsin;
“O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi, “O‘zBAT” aksionerlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 1996-yil 1-sentabrgacha tamaki mahsulotlar va spirtli ichimliklar tayyorlash korxonalarda, shuningdek, bojxona omborlarida aksiz markalarini yelimlovchi maxsus asbob-uskana sotib olsinlar va o‘rnatsinlar. Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi ushbu maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni konvertatsiya qilish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqsin va hal qilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
respublika budjetidan bojxona xizmatlarini tegishli asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka va aksizlarni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlasin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni vaqtincha saqlash hamda markalash uchun bojxona omborlari tarmog‘ini kengaytirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari B. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 18-iyul,
256-son