Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Qarori
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 16-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2999]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 31-oktabrdagi PQ-213-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2016-yil 26-sentabrdagi 73, 4-2016-son “Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 2838, 2016-yil 15-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 46-son, 533-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
59-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
5-2018-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligining 2018-yil 6-martdagi 59, 5-2018-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 31-oktabrdagi PQ-213-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (bundan buyon matnda Ittifoq deb yuritiladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish shartlari va tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqiyotgan talabalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Mazkur Qoidalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalar joriy oʻqish yilida Ittifoqning oliy taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkiloti faoliyatida faol qatnashgan taqdirda Ittifoq tomonidan moddiy yordam olish huquqiga ega boʻladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi qarori bilan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qoʻshimcha oshirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishining ikkinchi bosqichidan boshlab moddiy yordam olish huquqiga ega boʻladi.
4. Moddiy yordam koʻrsatish Ittifoq tomonidan mazkur Qoidalarning 1-bandida koʻrsatilgan talabalarga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqish uchun tuzilgan shartnoma miqdorining 35 foizini toʻlash orqali koʻrsatiladi. Bunda talabalarga moddiy yordam koʻrsatish ular tomonidan shartnomada belgilangan toʻlov miqdorining 65 foizini belgilangan muddatlarda toʻlash sharti bilan amalga oshiriladi.
2-bob. Talabalarga moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish
5. Har yili 1-fevraldan kechikmay oliy taʼlim muassasasi Ittifoqning oliy taʼlim muassasasidagi boshlangʻich tashkiloti Yoshlar Kengashiga (bundan buyon matnda Ittifoqning Yoshlar Kengashi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan va oliy taʼlim muassasasiga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarning (bundan buyon matnda talabalar deb yuritiladi) roʻyxatini, shuningdek ularning oʻzlashtirishi va intizomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi.
6. Har yili 20-fevraldan kechikmay talabalar Ittifoqning Yoshlar Kengashiga Ittifoq tomonidan moddiy yordam koʻrsatilishi toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.
7. Har yili 1-martdan 5-martga qadar boʻlgan muddatda Ittifoqning Yoshlar Kengashi talabalarning arizalarini koʻrib chiqadi hamda mazkur Qoidalarning 9-bandida koʻrsatilgan koʻrsatkichlar asosida qaror qabul qiladi.
8. Ittifoqning Yoshlar Kengashi talabalarning arizalarini koʻrib chiqish natijasida:
talabaga moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida Ittifoqning Markaziy Kengashiga tavsiya etish haqida;
talabani moddiy yordamga tavsiya etishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Talabani moddiy yordamga tavsiya etish rad etilgan taqdirda, Ittifoqning Yoshlar Kengashi majlisining bayonida muayyan talaba nima uchun rad etilganligi sabablari aniq koʻrsatiladi.
9. Ittifoqning Yoshlar Kengashi talabalarni moddiy yordamga tavsiya etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishda talabalarning oldingi oʻquv yilidagi quyidagi asosiy koʻrsatkichlari (birinchi bosqich talabalari uchun oʻquv yilining birinchi semestr natijalari) inobatga oladi:
talabaning Ittifoq faoliyatidagi (maʼnaviy-maʼrifiy va jamoat ishlarida, Ittifoqning Yoshlar Kengashi, mahalliy va hududiy kengashlari, Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan tashkil etilgan loyiha tanlovlardagi) faol ishtiroki;
talabaning oliy taʼlim muassasasida belgilangan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi (ichki tartib qoidalarga rioya etilmaganligi holati faqatgina oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan eʼlon qilingan hayfsan olganligi bilan aniqlanadi, bunda talabaning talabalik guvohnomasi hamda reyting daftarchasining yoʻqotilganligi uchun oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan eʼlon qilingan xayfsan inobatga olinmaydi);
talabaning oʻrganilayotgan davrdagi oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi. Bunda talabaning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 71 va undan yuqori foiz boʻlishi lozim. Talabaning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi oʻrganilayotgan davrdagi oʻquv fanlari boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yigʻindisini oʻtilgan har bir semestrdagi oʻquv fanlarining umumiy soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
10. Ittifoqning Yoshlar Kengashi tomonidan moddiy yordam koʻrsatish uchun talabalarni tavsiya etish toʻgʻrisidagi qaror joriy oʻquv yili mobaynida haqiqiy hisoblanadi.
11. Ittifoqning Yoshlar Kengashi majlisi uning ishida Kengash jami aʼzolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Kengash majlisining bayonnomasi Ittifoqning Yoshlar Kengashi rahbari va Kengashning majlisida ishtirok etgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
12. Ittifoqning Yoshlar Kengashi majlisi bayonnomasining nusxasi uch ish kunida oliy taʼlim muassasasiga va Ittifoqning Markaziy Kengashiga taqdim etiladi.
Bayonnomaning nusxasiga moddiy yordam koʻrsatishga tavsiya etilgan talabalarning roʻyxati ilova qilinadi.
13. Ittifoqning Markaziy Kengashi Yoshlar Kengashining qarorini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani hujjatlar qabul qilingandan keyin oʻn besh ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqadi.
14. Ittifoqning Markaziy Kengashi qarorining bir nusxasi oliy taʼlim muassasasiga, bir nusxasi Ittifoqning Yoshlar Kengashiga yuboriladi.
15. Ittifoqning Markaziy Kengashi talabalarga moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin oʻn bank kuni mobaynida oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga moddiy yordam koʻrsatish pulini oʻtkazadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Oliy taʼlim muassasalarining yozma murojaatiga koʻra Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda talabalarni tavsiya etish bilan bogʻliq masalani koʻrib chiqish muddatlariga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
3-bob. Moddiy yordam koʻrsatish pulining qaytarilishi
17. Talabalar safidan chiqarilgan yoki akademik taʼtilga chiqqan talaba Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat raqami 2431, 2013-yil 26-fevral) 28 va 29-bandlariga muvofiq oʻzining toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun toʻlagan mablagʻini qaytarib olish huquqiga ega boʻlgan hollarda Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazilgan moddiy yordam koʻrsatish puli qayta hisob-kitob qilinishi va Ittifoqning Markaziy Kengashiga qaytarilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Oliy taʼlim muassasasi talabalari safidan chiqarilgan talaba Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat raqami 2431, 2013-yil 26-fevral) 27-bandiga muvofiq oʻzining toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun toʻlagan mablagʻini qaytarib olish huquqiga ega boʻlmagan hollarda Ittifoqning Markaziy Kengashi toʻlangan moddiy yordam koʻrsatish pulini talabadan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiradi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
19. Talaba moddiy yordam olish huquqidan voz kechsa, oliy taʼlim muassasasi talaba uchun toʻlangan mablagʻni Ittifoqning Markaziy Kengashiga oʻn kun ichida qaytaradi.
20. Mazkur Qoidalarning 17 — 19-bandlarida koʻrsatilgan holatlar yuz bergan taqdirda Ittifoqning Yoshlar Kengashi Ittifoqning Markaziy Kengashiga oʻn kun ichida xabar beradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Mazkur Qoidalar talablarining bajarilishi, shuningdek Ittifoq tomonidan moddiy yordam koʻrsatilgan talabalarning oʻquv jarayonidagi ishtiroki, ularning oʻzlashtirishi, intizomi va Ittifoq faoliyatidagi ishtiroki ustidan nazorat qilish tegishincha oliy taʼlim muassasasi hamda Ittifoqning Yoshlar Kengashi zimmasiga yuklatiladi.
22. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q. QURANBAYEV
2018-yil 6-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2018-y., 10/18/2999/1075-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)