Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat don inspeksiyasi boshligʻi Z.N. Abidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-avgust,
612-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-avgustdagi 612-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda “Oʻzdavdoninspeksiya” deb ataladi)maqomi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari, masʼuliyatini va faoliyati tashkil etilishini belgilaydi.
2. “Oʻzdavdoninspeksiya” davlat resursidagi don, moyli ekinlar, ularning urugʻlari, shuningdek un, yorma, kepak, qoʻshimcha mahsulotlar, chiqindilar, omuxta ozuqalarning (keyingi oʻrinlarda don va donni qayta ishlash mahsulotlari deb ataladi) sifati, saqlanishi va ulardan oqilona foydalanilishi yuzasidan davlat nazorati sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi
3. “Oʻzdavdoninspeksiya” oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
4. “Oʻzdavdoninspeksiya”, “Oʻzdavdoninspeksiya”ning markaziy laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda markaziy laboratoriya deb ataladi) va “Oʻzdavdoninspeksiya”ning hududiy laboratoriyalari (keyingi oʻrinlarda hududiy laboratoriyalar deb ataladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy inspeksiyalari (keyingi oʻrinlarda hududiy inspeksiyalar deb ataladi) “Oʻzdavdoninspeksiya”ning yagona tizimini tashkil qiladi.
5. Hududiy inspeksiyalar, markaziy va hududiy laboratoriyalar yuridik shaxs hisoblanmaydilar, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir va bevosita “Oʻzdavdoninspeksiya”ga boʻysunadilar.
6. “Oʻzdavdoninspeksiya” oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
7. “Oʻzdavdoninspeksiya” oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xorijiy, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
8. “Oʻzdavdoninspeksiya”ning oʻz vakolatlari doirasida davlat resursidagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari saqlanishini, ulardan oqilona va maqsadli foydalanilishini, shuningdek ularning ifloslanishi, kamayishi va nobud boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlashda aniqlangan qoida buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalari va xulosalari xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda boshqa yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
9. “Oʻzdavdoninspeksiya” yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga va blankalarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy hisob raqamlariga hamda qonunchilikka muvofiq boshqa hisob raqamlariga ega boʻladi.
“Oʻzdavdoninspeksiya”ning joylashgan manzili (pochta manzili): Toshkent shahri, S-14, 27-uy, indeksi 100011.
2-bob. “Oʻzdavdoninspeksiya”ning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar “Oʻzdavdoninspeksiya”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini oshirish sohasida davlat siyosatining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlaridan belgilangan maqsadda oqilona foydalanilishi, ularning sifatli saqlanishi va nobud boʻlishini qisqartirishning taʼminlanishi, davlat resurslariga xarid qilinadigan donning hamda dukkakli, moyli ekinlar urugʻlari miqdorini va sifatini aniqlashning hamda donni yetishtirish, qabul qilish va qayta ishlash korxonalarida ular uchun hisob-kitoblarning ishonchliligi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
don va donni qayta ishlashni texnik boshqarish sohasidagi normativ-texnik hujjatlar talablariga, shuningdek ularni qabul qilish, saqlash, qayta ishlashda va eksport-import operatsiyalarida sifatini sinash metodlari talablariga rioya etilishi yuzasidan tizimli nazoratni olib borish;
respublika ichidagi tashishlarda, davlat zaxirasi joyini oʻzgartirishda sifat sertifikatlari bergan holda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini davlat tomonidan majburiy tekshirishlarni oʻtkazish;
mamlakat ichida va eksport-import operatsiyalarida foydalaniladigan don va donni qayta ishlash mahsulotlari boʻyicha nizoli masalalarni oʻz vakolati doirasida hal etish;
davlat resurslariga kelib tushadigan yangi don hosili sifatini oʻrganish.
11. “Oʻzdavdoninspeksiya” oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini oshirishga doir davlat siyosatining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash sohasida:
don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini oshirish va ulardan oqilona foydalanish davlat dasturlarini tayyorlashda, shuningdek don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini baholash metodlari va vositalarini ishlab chiqadigan ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda qatnashadi;
davlat resurslaridagi don sifatining yomonlashishi, ularning nobud boʻlishi holati va sabablarini aniqlaydi, zarurat boʻlganda, ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar beradi hamda davlat resursidagi don va donni qayta ishlash mahsulotlarini saqlash va ulardan foydalanish borasidagi ishlarning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qiladi;
davlat resursi, davlat zaxirasi va donning sugʻurta fondidagi oziq-ovqat balansi hajmlari va tarkibini boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kelishadi, shuningdek don va donni qayta ishlash mahsulotlarining eksport-import operatsiyalarida ularning hajmlari va tarkibi boʻyicha takliflarni shakllantiradi;
don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifati masalalari boʻyicha hududiy va xalqaro hamkorlik qilishda belgilangan tartibda qatnashadi;
“Oʻzdavdoninspeksiya” tizimi kadrlarini tayyorlash, ularning kasbiy tayyorgarligini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil qiladi;
b) davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlaridan belgilangan maqsadda oqilona foydalanilishini, ularning sifatli saqlanishini va nobudgarchiligi qisqartirilishini taʼminlash yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
quyidagilar yuzasidan nazoratni belgilangan tartibda amalga oshiradi:
donni qabul qilish va qayta ishlash korxonalari tomonidan don va donni qayta ishlash mahsulotlarini zarur darajada joylashtirishni, qayta ishlashni, realizatsiya qilishni hamda ularning sifatli saqlanishini taʼminlash;
don sifatini aniqlashning va uning uchun tovar ishlab chiqaruvchilar va boshqa yetkazib beruvchilar tomonidan hisob-kitoblarning, davlat resursidagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari hisobini yuritishning, davlat zaxirasi va sugʻurta fondining ishonchliligi, don va donni qayta ishlash mahsulotlari nobudgarchiligini hisobdan chiqarishning asoslanganligi;
omixta ozuqalarni ishlab chiqarish uchun ular sifatining texnik koʻrsatkichlari, normativ-texnik hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash;
don va donni qayta ishlash mahsulotlarining sarflangan partiyalari yuzasidan tozalash dalolatnomalarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini, saqlash muddatlari oʻtishini aniqlaydi va kelgusida ulardan foydalanish imkoniyati toʻgʻrisida xulosalar beradi;
davlat resursidagi donni saqlash va qayta ishlash bilan shugʻullanadigan korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining uning sifati, saqlanishi va undan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitadi;
v) don va donni qayta ishlash mahsulotlariga normativ-texnik hujjatlar talablariga, shuningdek qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va eksport-import operatsiyalarida ularning sifatini sinash metodlariga rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat olib borish sohasida:
nobudgarchilikning belgilangan normalari toʻgʻri va asosli qoʻllanishi, don yetishtiradigan, qabul qiladigan va uni qayta ishlaydigan korxonalarda davlat resursidagi dondan ishlab chiqariladigan mahsulotning chiqish normasiga va sifatiga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
don va donni qayta ishlash mahsulotlari uchun texnik tartibga solish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi normativ hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda va kelishishda, donni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va eksport-import operatsiyalarida sinashning amaldagi normativ-texnik hujjatlari va metodlari talablariga rioya etilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshirishda qatnashadi;
g) majburiy davlat tekshiruvini oʻtkazish sohasida:
respublika ichidagi tashuvlarda, davlat rezervi joyini oʻzgartirishda, don va donni qayta ishlash mahsulotlari bilan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatining majburiy davlat tekshiruvini amalga oshiradi;
don va donni qayta ishlash mahsulotlariga sifat sertifikatlari beradi;
d) mamlakat ichida va eksport-import operatsiyalarida foydalaniladigan don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifati boʻyicha nizoli masalalarni hal etish sohasida:
respublika hududida xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida paydo boʻladigan nizoli holatlarda, shuningdek eksport-import operatsiyalarida oʻz vakolatlari doirasida don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifati boʻyicha sinovlar oʻtkazadi hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiy boʻlgan xulosalar beradi.
“Oʻzdavdoninspeksiya”ning don mahsulotlari sifati boʻyicha xulosasi uzil-kesil hisoblanadi;
e) davlat resurslariga kelib tushadigan yangi don hosili sifatini oʻrganish sohasida:
donning sifati va texnologik xossalarini oʻrganish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifatini oshirish va davlat reyestrini shakllantirish, shuningdek undan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar berish uchun manfaatdor idoralar va don yetishtiruvchilar uchun tegishli tavsiyanomalar tayyorlash maqsadida yangi don hosilini har yili tekshiruvdan oʻtkazadi.
“Oʻzdavdoninspeksiya” qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. “Oʻzdavdoninspeksiya”ning huquqlari va javobgarligi
12. “Oʻzdavdoninspeksiya” oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotish tashkilotlarini belgilangan tartibda tekshirish, zarurat boʻlganda, donni qabul qilish va qayta ishlash korxonalarida avtomobil hamda temir yoʻl transporti orqali qabul qilinayotgan hamda yuklab joʻnatilayotgan davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari partiyalarini, shuningdek davlat zaxirasidagi don partiyalari miqdorini nazorat tartibida tarozida qayta tortib koʻrish;
don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini baholash, qabul qilish, joylashtirish, saqlash va qayta ishlash qoidalarining aniqlangan buzilishlarini belgilangan muddatda bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berish;
tashkilotlarda don va donni qayta ishlash mahsulotlaridan belgilangan tartibda namunalar olish, sinovlar oʻtkazish uchun ularning laboratoriyalaridan foydalanish hamda zarur holatlarda tekshirish bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun “Oʻzdonmahsulot” AK tashkilotlari mutaxassislarini jalb qilish, shuningdek zarur holatlarda tekshirilayotgan tashkilotlar rahbarlariga don va donni qayta ishlash mahsulotlari namunalari boʻyicha qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida tegishli laboratoriyalarga joʻnatishga koʻrsatmalar berish;
davlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligi asosli ravishda shubha tugʻdirgan holatlarda ular boʻyicha navbatdan tashqari xatlov oʻtkazilishini tayinlash yoki, standart usulida qadoqlangan boʻlsa, qayta tarozidan oʻtkazish;
sifati boʻyicha standart talablariga, texnik shartlarga va xavfsizlik normalariga javob bermaydigan don va donni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqiqlash choralarini koʻrish;
zarur holatlarda davlat resursi va davlat zaxirasidagi don va donni qayta ishlash mahsulotlarining kamomadlari yoki sifati buzilishida aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarga nisbatan materiallarni tegishli organlarga yuborish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri inspeksiyalari, tarkibiy boʻlinmalar orqali nodavlat resurslaridagi don va donni qayta ishlash mahsulotlari bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida don va donni qayta ishlash mahsulotlari sifatini baholash, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatish.
“Oʻzdavdoninspeksiya” qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. “Oʻzdavdoninspeksiya” va uning mansabdor shaxslari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali amalga oshirilishi uchun javob beradilar.
4-bob. “Oʻzdavdoninspeksiya” faoliyatini tashkil etish
14. “Oʻzdavdoninspeksiya”ga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq boshchilik qiladi.
“Oʻzdavdoninspeksiya” boshligʻining belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar oʻrinbosari boʻladi.
“Oʻzdavdoninspeksiya” boshligʻi maqomiga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga, boshliq oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Hududiy laboratoriyalar mudirlari oʻz faoliyatini joylashgan joyidagi hududiy inspeksiyaning bosh inspektori rahbarligida amalga oshiradilar. Hududiy laboratoriyalarga metodik rahbarlik markaziy laboratoriya tomonidan amalga oshiriladi.
15. “Oʻzdavdoninspeksiya” boshligʻi:
“Oʻzdavdoninspeksiya” faoliyatiga umumiy rahbarlikni yakka boshchilik asosida amalga oshiradi hamda “Oʻzdavdoninspeksiya”ga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
“Oʻzdavdoninspeksiya” vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda kiritadi;
oʻz vakolatlari doirasida “Oʻzdavdoninspeksiya” markaziy apparati va uning hududiy inspeksiyalari, markaziy va hududiy laboratoriyalari xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
“Oʻzdavdoninspeksiya” markaziy apparati, markaziy va hududiy laboratoriyalari, hududiy inspeksiyalari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida shtatlar jadvalini, shuningdek “Oʻzdavdoninspeksiya”ning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
“Oʻzdavdoninspeksiya”ning hududiy inspeksiyalari, markaziy va hududiy laboratoriyalari tuzilmasini va ular toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
“Oʻzdavdoninspeksiya” markaziy apparati xodimlarini, hududiy inspeksiyalar, markaziy va hududiy laboratoriyalar rahbarlari hamda xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
“Oʻzdavdoninspeksiya”ning moliya-xoʻjalik faoliyatini rejalashtiradi va tashkil etadi;
“Oʻzdavdoninspeksiya”ning xodimlarini ragʻbatlantirish, ularning intizomiy javobgarligi masalalarini hal qiladi, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini faxriy unvonlar berishga hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan mukofotlashga tavsiya etadi.
“Oʻzdavdoninspeksiya” boshligʻi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5-bob. “Oʻzdavdoninspeksiya” xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
16. Inspeksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Inspeksiya xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, moddiy yordam, qoʻshimcha haq, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish toʻlovlaridan iborat boʻladi.
18. Mehnatga haq toʻlash fondi, budjet mablagʻlari hisobiga shakllantiriladigan budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi va budjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasi, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlari inspeksiya xodimlariga ish haqi toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish manbalari hisoblanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
19. “Oʻzdavdoninspeksiya”ni tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 33-son, 848-modda)