Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Don va uni qayta ishlash mahsulotlari davlat resurslarining sifati, saqlanishi va oqilona foydalanilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
birinchi, don va uni qayta ishlash mahsulotlari davlat resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi, ularning sifatli saqlanishi va nobudgarchiligi kamaytirilishi taʼminlanishi, davlat resurslari uchun xarid qilinadigan don va urugʻlik, dukkakli don, moyli oʻsimliklar miqdori va sifati hamda don yetishtirish, gʻalla qabul qilish va donni qayta ishlash korxonalarida ular uchun hisob-kitoblar toʻgʻri belgilanishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
ikkinchi, don va uni qayta ishlash mahsulotlarini texnik tartibga solish, shuningdek, qabul qilib olish, saqlash, qayta ishlash va eksport-import operatsiyalarida ularning sifatini sinash usullari sohasida normativ-texnik hujjatlarning talablariga rioya etilishini muntazam nazorat qilib borish;
uchinchi, respublika ichida tashish, davlat rezervini joydan joyga koʻchirish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish chogʻida sifat sertifikatlarini bergan holda don va uni qayta ishlash mahsulotlarining sifatini albatta davlat inspeksiyasidan oʻtkazish;
toʻrtinchi, don yetishtiruvchilarga hamda donni saqlash va qayta ishlash korxonalariga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, oʻrnatilgan qoidalar va talablarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ular bilan tizimli asosda profilaktika ishlarini olib borish;
beshinchi, mamlakat ichida foydalaniladigan va eksport-import operatsiyalarida don va uni qayta ishlash mahsulotlarining sifati boʻyicha yuzaga kelgan nizoli masalalarni oʻz vakolati doirasida hal qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi boshligʻi (Z.N. Abidov) zimmasiga inspeksiyaga yuklatilgan vazifalar sifatli va toʻliq hajmda amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi ning tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 12 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi hududiy inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi boshligʻiga, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi markaziy apparati tuzilmasiga, uning hududiy inspeksiyasi tuzilmalariga xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining hududiy inspeksiyalari va mintaqaviy laboratoriyalarini bepul foydalanish huquqi bilan tegishli bino va xonalarda joylashtirsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 2004-yil 8-iyundagi 269-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-avgust,
PQ-3179-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining
TAShKILIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 75 kishi, shu jumladan boshqaruv apparati xodimlari soni — 38 kishi, ulardan markaziy apparatda — 12 kishi va hududiy inspeksiyalarda — 26 kishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi markaziy apparati
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 14 kishi, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 12 kishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining hududiy inspeksiyalari
TAShKILIY TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 2 nafar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 800-modda)