Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-son va “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qarorlariga muvofiq, shuningdek Toshkent davlat yuridik universitetida modul tizimiga asoslangan oʻquv jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 3-dekabrdagi PQ-4910-son qaroriga muvofiq akademik litseylarga iqtidorli yoshlarni test sinovlari asosida saralab olish uchun test sinovlari ikki boʻlimlardan tashkil topganligi hamda I boʻlim — tanlangan yoʻnalishga mos 2 ta fan boʻyicha test sinovlaridan iborat boʻlishi belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son Farmoniga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinlarda — TDYU) huzuridagi akademik litseyning (keyingi oʻrinlarda — akademik litsey) barcha fanlar boʻyicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYUga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga egaligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
12. Belgilansinki:
Akademik litseyda I boʻlim — tanlangan yoʻnalishi boʻyicha test sinovlari topshiriladigan mos fanlar TDYU tomonidan belgilanadi;
akademik litseyda kamida uch yil ishlagan, bazaviy oliy yuridik maʼlumotga ega pedagog va rahbar xodimlarga TDYU magistratura mutaxassisligiga test sinovlarisiz, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqi beriladi. Bunda ushbu xodimlarga oʻqishni tugatgandan soʻng taqsimot boʻyicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, akademik litseyda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyati yuklanadi;
akademik litseyga xodimlar adliya organlari va muassasalari uchun belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
akademik litsey oʻquvchilarining bilimlarini baholash, yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish, shuningdek, akademik litseyning barcha fanlar boʻyicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYUga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish adliya vazirining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
(12-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy ichida mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-iyun,
347-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qaroriga muvofiq xorijiy davlatlar fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek xorijiy davlat hududida doimiy ravishda istiqomat qiladigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (keyingi oʻrinlarda xorijiy fuqarolar deb yuritiladi)ni Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinda TDYU deb ataladi) bakalavriatiga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish TDYU bakalavriatiga qabul kvotalaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan belgilanadigan joylarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Talabalar oʻqishi qonunchilikda xorijiy fuqarolar uchun nazarda tutilgan toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoki “IT-visa” yoxud investitsiya vizasiga ega boʻlgan xorijiy fuqarolar hamda ularning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi, ota-onasi va farzandlari) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda oʻqishga kirishga va taʼlim olishga haqlidir.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-apreldagi 191-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 09/22/191/0315-son)
3. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish test sinovlarisiz, TDYUda oʻtkaziladigan suhbat natijalariga koʻra va reyting tizimiga muvofiq toʻplangan ballarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
4. TDYU bakalavriatida oʻqish uchun hujjatlarni topshirgan xorijiy fuqarolar, ularning dunyoqarashi, kasbiy layoqati va motivatsiyasi, umumiy intellektual va maʼnaviy-axloqiy darajasini aniqlash nuqtai nazaridan suhbatdan oʻtkaziladi.
5. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Hujjatlarni qabul qilish
6. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish tegishli oʻquv yili uchun tuzilgan TDYU qabul komissiyasi (keyingi oʻrinda qabul komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xorijiy fuqarolarni qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalar Adliya vazirligi bilan kelishgan holda TDYU tomonidan belgilangan muddatlarda qabul qilinadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
7. TDYU bakalavriatiga qabul qilish uchun hujjatlar Internet jahon axborot tarmogʻi orqali topshiriladi.
Xorijiy fuqarolar aniq vaqt rejimida elektron shakldagi qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani toʻldirib, unda: taʼlim yoʻnalishi, taʼlim tili va shakli; xorijiy fuqaro tomonidan oliy taʼlim muassasasini tugatganligi yoki unda oliy maʼlumoti mavjud emasligi; xorijiy fuqaro suhbat oʻtkazish qoidalari bilan tanishganligi xususida belgi koʻrsatiladi.
8. Qabul qilish toʻgʻrisidagi elektron arizaga quyidagilar elektron shaklda ilova qilinadi:
xorijiy fuqaroning pasporti yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat;
belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qoʻyilgan xorijiy davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan, oʻrganilgan fanlar va ular boʻyicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) koʻrsatilgan taʼlim haqidagi hujjat;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
Arizaga ilova qilinayotgan har bir hujjat haqiqiyligi saqlanishini taʼminlovchi (har bir duymga 200 nuqtadan kam boʻlmagan) alohida fayl koʻrinishida boʻlishi kerak. Har bir fayl oʻlchami 10 Mbdan oshmasligi lozim.
Arizani hujjatlar “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalari koʻrinishida ilova qilingan holda joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.
Qabul qilish toʻgʻrisidagi arizaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va TDYU bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
9. Mazkur Nizomning 7 va 8-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq barcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, 72 soat ichida noyob raqam berish orqali ariza roʻyxatga olinadi va xorijiy fuqaroga belgilangan muddatda hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish haqida xabar beriladi.
Qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni qabul qilish vaqti etib arizaga noyob raqam berish payti hisoblanadi.
10. Taqdim qilingan hujjatlar mazkur Nizomning 7 va 8-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, 72 soat ichida arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzil boʻyicha xorijiy fuqaroga tegishli xabarnoma yuboriladi. Bunda xorijiy fuqaroga koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni tuzatish va hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar ularni takroran taqdim etish imkoni beriladi.
Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagandan soʻng ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish qatʼiyan man qilinadi.
11. Roʻyxatga olingan qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalar soni har kuni TDYU saytida joylashtiriladi.
12. Xorijiy fuqarolar hujjatlarning asl nusxalarini suhbat oʻtkazilishidan 3 kun oldin taqdim etadi.
Bunda chop etilgan va imzolangan ariza xorijiy fuqaro tomonidan taqdim etiladi, bu hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar haqiqiyligini tasdiqlaydi.
Hujjatlarning soxta yoki qalbakiligi aniqlangan taqdirda, xorijiy fuqaro suhbatdan (talaba TDYU talabalari safidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlar esa oʻrnatilgan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
3-bob. Suhbat oʻtkazish
13. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish joylarining soni haqidagi maʼlumot TDYU veb-saytida, qoida tariqasida, hujjatlarni qabul qilish muddatidan bir oy oldin joylashtiriladi.
14. TDYU bakalavriatiga qabul qilinishi uchun xorijiy fuqarolar TDYUda taʼlim beriladigan tillarni bilishi kerak. Taʼlim beriladigan tillarni bilmaydigan xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadigan tegishli muassasalarda oʻqiydi va til oʻrganish boʻyicha tayyorgarlikni muvaffaqiyatli tugatish natijalariga koʻra, belgilangan namunadagi guvohnoma (sertifikat) va oʻqishga yoʻllanma beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Suhbat Adliya vazirligi bilan kelishgan holda TDYU tomonidan belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
Suhbat oʻtkazish muddatlari toʻgʻrisida maʼlumot TDYU tomonidan uning rasmiy veb-saytida suhbat oʻtkazilishidan kamida 1 oy oldin eʼlon qilinadi.
Xorijiy fuqarolar bilan suhbat bevosita yoki zaruratga koʻra masofaviy (onlayn) tarzda amalga oshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
16. Suhbat oʻtkazilishiga qadar maslahatlar tashkil etiladi, maslahatlar jadvali qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi.
17. Suhbat oʻtkazish jadvallari TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi va TDYU veb-saytida, qoida tariqasida, suhbat boshlanishidan bir oy oldin joylashtiriladi.
18. Suhbat TDYU rektori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan oʻtkaziladi. Komissiya tarkibiga TDYU xodimlari bilan bir qatorda boshqa tashkilotlar vakillari ham ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
Suhbat natijalari xorijiy fuqaroga ballarni qoʻyishni (0 dan 100 gacha) nazarda tutadigan reyting tizimi boʻyicha aniqlanadi hamda maxsus komissiya majlisining TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadigan bayonida qayd etiladi.
Suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va TDYU bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Masofaviy (onlayn) suhbat kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu kommunikatsiya texnologiyalari abituriyentning shaxsini tasdiqlash imkonini beradigan texnik talablarga javob berishi lozim.
Masofaviy (onlayn) suhbat natijalarini baholash umumiy tartibda amalga oshiriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
19. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:
jadval boʻyicha suhbatga kelmaganda (0 ball qoʻyiladi);
suhbatda belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball toʻplaganda.
20. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbatni qayta oʻtkazish taqiqlanadi.
21. Suhbat natijalari shikoyat qilinishi va apellyatsiya tartibida koʻrilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Suhbat natijalariga koʻra TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida TDYU rektori tomonidan buyruq qabul qilinadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
4-bob. Qabul qilishni rasmiylashtirish, oʻqish uchun toʻlov
Oldingi tahrirga qarang.
23. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish toʻgʻrisidagi TDYU rektorining buyrugʻi, qoida tariqasida, 2-sentabrdan kechiktirmasdan qabul qilinadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
Oldingi tahrirga qarang.
24. TDYU rektori tomonidan xorijiy fuqarolarni qabul qilish toʻgʻrisida buyruq qabul qilingandan keyin TDYU bilan jismoniy yoki yuridik shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda kontraktlar tuziladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari qabul komissiyasi tomonidan TDYU rektori buyrugʻi qabul qilingan kundan boshlab beriladi va TDYU rektori va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda (yuridik shaxslar uchun 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada) rasmiylashtiriladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
Oldingi tahrirga qarang.
26. Xorijiy fuqarolar oʻqish uchun toʻlovni har yili kontrakt shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiradi.
27. TDYU rektorining oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinganidan boshlab xorijiy fuqarolarga darslarga qatnashishga ruxsat etiladi.
(26 va 27-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
28. TDYU bakalavriatiga qabul qilingan xorijiy fuqarolarga stipendiya toʻlanmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
29. TDYU bakalavriatiga qabul qilingan xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruq va suhbat natijalaridan tegishli koʻchirmalar ularning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildlariga tikib qoʻyiladi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
TDYU bakalavriatiga qabul qilinmagan xorijiy fuqarolarning suhbat natijalari 6 oy davomida saqlanadi va keyinchalik belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12 avgustdagi 511-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2006-yil 10-fevraldagi 20-son qarorining ilovasida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 36-mod.):
a) 10-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Toshkent davlat yuridik universitetiga pedagog xodimlar adliya organlari va muassasalari uchun belgilanadigan tartibda oʻtkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi”;
b) II boʻlim quyidagi mazmundagi 111-band bilan toʻldirilsin:
“111. Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqituvchi va katta oʻqituvchi lavozimlariga oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs (qoida tariqasida, magistr, diplomli mutaxassis), shuningdek ilmiy daraja (shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) darajasiga yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) va ilmiy unvonga ega boʻlgan hamda bunday daraja va unvonga ega boʻlmagan, biroq oʻqituvchilik, ilmiy-tadqiqot va amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinishi mumkin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 164-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 31-32-son, 302-modda):
a) 2-ilovaga izohning ikkinchi xatboshisida “Bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmaydigan” soʻzlari “Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni modul tizimiga asoslangan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-ilovada:
7-bandning ikkinchi xatboshisida “Bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmaydigan” soʻzlari “Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan oliy taʼlim muassasalarida yillik shaxsiy ish rejasi faqat oʻquv tusdagi tadbirlarni, ularning soatlar miqdorini koʻrsatgan holda, oʻz ichiga oladi. Ushbu soatlarning eng kam miqdori oliy taʼlim muassasasi Kengashi tomonidan belgilanadi”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshlari talablari qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 42-modda):
a) 1-bandning toʻrtinchi xatboshiga “agar” soʻzidan keyin “qonun hujjatlari yoki” soʻzlari qoʻshilsin;
b) ilovada:
8-banddagi “agar” soʻzidan keyin “qonun hujjatlari yoki” soʻzlari qoʻshilsin;
birinchi xatboshiga quyidagi mazmundagi jumla bilan qoʻshilsin:
“Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda oʻtkaziladigan suhbat natijasida qabul qilinadi”;
ikkinchi xatboshiga “test sinovi” soʻzlaridan keyin “(suhbat)” soʻzi qoʻshilsin;
uchinchi xatboshiga “Test sinovlari” soʻzlaridan keyin “(suhbat)” soʻzi qoʻshilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarorining 1-ilovasidagi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 39-son, 453-modda) “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazlari” boʻlimi “Mintaqaviy va tarmoq markazining nomi” ustunining 15-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 23-dekabrdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetlarida oʻquv yuklamasining hajmlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 337-son qarori 2-ilovasining rus tilidagi matnida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 691-modda):
a) 1-boʻlim quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Bakalavriat
Maksimalniy obyem auditornix zanyatiy pri ochnoy forme obucheniya doljen bit ustanovlen v obyeme 30 chasov v nedelyu.
Pri normativnom sroke obucheniya v 4 goda prodoljitelnost uchebnogo protsessa doljna sostavlyat 204 nedeli.
Obshiy obyem uchebnogo vremeni doljen raspredelyatsya na:
teoreticheskoye obucheniye — 40 — 55%;
attestatsiyu — 10 — 20%;
kanikuli — 12 — 18%;
Samostoyatelnuyu podgotovku — 6 — 14%;
kvalifikatsionnuyu praktiku — 8 — 12%;
vipusknuyu rabotu — 2 — 4%.
Obyem vremeni teoreticheskogo obucheniya doljen raspredelyatsya po blokam dissiplin sleduyushim obrazom:
neprofilnie dissiplini — 10 — 30%;
profilnie dissiplini — 60 — 80%;
dopolnitelnie dissiplini — 5 — 10%.
Obshiy obyem kanikulyarnogo vremeni v uchebniy god ustanavlivayetsya 5 — 14 nedel”;
b) 2-boʻlimda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maksimalniy obyem auditornix zanyatiy i nauchnoy deyatelnosti pri ochnoy forme obucheniya doljen bit ustanovlen v obyeme 30 chasov v nedelyu”;
beshinchi xatboshidagi “25 — 30” raqamlari “20 — 25” raqamlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “4 — 7” raqamlari “8 — 12” raqamlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“samostoyatelnuyu podgotovku — 6 — 10%”;
yettinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishli ravishda sakkizinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 472-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2019-y., 09/19/864/3902-son; 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 15.04.2022-y., 09/22/191/0315-son; 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)