Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining
buyrugʻi
Qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 14-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2810]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2019-yil 17-oktabrdagi 12-sonli “Qattiq maishiy chiqindi poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3197, 19.11.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv taʼminoti tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-iyun,
73-son
Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2016-yil 15-iyundagi 73-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish boʻyicha
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv taʼminoti tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2014-yil 15-iyuldagi 194-son “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
chiqindi — ishlab chiqarish yoki isteʼmol qilish jarayonida xomashyo, materiallar, xomaki mahsulotlar, boshqa buyumlar yoki mahsulotlarning hosil boʻlgan qoldiqlari, shuningdek oʻzining isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotgan tovarlar (mahsulotlar);
qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati, shuningdek yuridik shaxslarning faoliyati (oziq-ovqat, shishalar, rezinalar, qogʻozlar, toʻqimachilik mahsulotlari, oʻrash-joylash materiallari, oʻzining foydalanish xususiyatlarini yoʻqotgan uy-roʻzgʻor asboblari, supurindi chiqindilari, qattiq yoqilgʻida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bugʻ qozonlaridan foydalanish natijasida vujudga keladigan chiqindilar) natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar;
chiqindilarni utilizatsiya qilish — chiqindilardan zaruriy komponentlar ishlab chiqarish yoki chiqindilardan ikkilamchi xomashyolar, yoqilgʻi, oʻgʻit sifatida yoki boshqa maqsadlarda foydalanish.
2. Mazkur Yoʻriqnoma radioaktiv chiqindilar, biologik chiqindilar, davolash-profilaktika muassasalari chiqindilari, zararli moddalarni atrof muhitga (atmosferaga) chiqarib tashlash va zararli moddalarni suv obyektlariga oqizib yuborish bilan bogʻliq boʻlgan ishlar sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Qattiq maishiy chiqindilar poligonlari (bundan buyon matnda poligonlar deb yuritiladi) qattiq maishiy chiqindilarni izolatsiyalash va zararsizlantirish uchun moʻljallangan maxsus inshootlar boʻlib, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashi va kafolatlashi lozim. Poligonlar istalgan kattalikdagi aholi punktlari uchun tashkil etilishi mumkin. Aholi punktlari guruhlari uchun markazlashgan poligonlarni tashkil etish maqsadga muvofiq.
4. Qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun tegishli texnologiyalar mavjud boʻlganda bunday chiqindilarning koʻmib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Chiqindilarni utilizatsiya qilish qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimining har qanday bosqichi yoki maydonida amalga oshiriladi.
5. Chiqindilarni aholi yashash joylarida, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy ahamiyatga ega boʻlgan yerlarda, suvni himoya qilish zonalari va suv obyektlarining sanitariya-qoʻriqlash zonalari chegaralarida, shuningdek fuqarolar hayoti va salomatligi uchun xavf vujudga kelishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda hamda tabiati maxsus qoʻriqlanadigan hududlarda va obyektlarda saqlash va koʻmish taqiqlanadi.
6. Chiqindilarni koʻmib tashlash va utilizatsiya qilish joylari davlat kadastri Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan yuritiladi.
7. Poligonlarni loyihalashtirish va ulardan foydalanishda qattiq maishiy chiqindilarning miqdori va tavsifi hisobga olinishi lozim. Koʻmilishi lozim boʻlgan qattiq maishiy chiqindilar miqdori ularga tegishli ishlov berilgandan keyin (masalan, retsirkulatsiya, kompostlashdan) hosil boʻladigan chiqindilarni oʻz ichiga oladi.
2-bob. Poligonlarni loyihalash
1-§. Poligonlar qurilishi uchun maydonlarni tanlash
8. Poligon qurilishi moʻljallangan joylar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanib, tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida ajratiladi.
9. Poligonlar shaharlar va boshqa aholi punktlarining tashqarisida joylashtiriladi.
Turar joydan poligonlar chegarasigacha boʻlgan masofa SanPiN № 0246-08 “Oʻzbekiston Respublikasi aholi joylari atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha sanitariya meʼyorlari va qoidalari”ga muvofiq, kamida 500 metrni tashkil qilishi kerak. Bunda sanitariya-muhofaza zonasining aniq oʻlchamlari gazsimon tashlamalarning miqdorini hisobga olgan holda aniqlanadi.
10. Poligonlar uchun ishlatib boʻlingan karyerlar, oʻrmon massivlaridagi qimmatbaho daraxt turlaridan holi boʻlgan maydonlar, jarliklar va shu kabi boshqa hududlar ajratiladi.
11. Gidrogeologik sharoitlariga koʻra, poligon qurilishi uchun gil yoki qum tuproqli hamda sizot suvlari 2 metrdan kam boʻlmagan chuqurlikda joylashgan maydonlar tanlanadi. Chuqurligi 1 metrdan ortiq boʻlgan botqoqliklar, sizot suvlari buloqlar koʻrinishida oqib chiqadigan hududlar, toshqin suvlar bosadigan hududlar, shuningdek aeroportlarga 15 kilometrgacha yaqin joylashgan yer maydonlarida poligon qurilishiga ruxsat etilmaydi.
12. Poligonlar qurilishi moʻljallangan joylar Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-dekabrdagi 491-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkaziladi.
13. Obyektlarni atrof-muhitning turli obyektlariga salbiy taʼsiri darajasini aniqlash va eng kam taʼsir koʻrsatuvchi maydonni tanlash uchun bir necha hududlarni muqobil variant sifatida koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.
Har bir maydonning atrof-muhitga potensial taʼsirini oʻrganish hamda aholi bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish natijalariga koʻra eng kam taʼsir koʻrsatadigan maydon tanlanadi.
14. Quyidagi omillar mavjud boʻlganda tanlangan maydon atrof-muhitga potensial taʼsiri jihatdan poligon qurilishi uchun yaroqli hisoblanadi:
maydonning geologik nuqtai nazardan barqarorligi, yaʼni unda yoriqlar mavjud emasligi;
poligonlar joylashadigan yerda suv oʻtkazmaydigan qatlamning mavjudligi;
poligonlar maydoni tagida 30 metrdan ortiq qalinlikdagi gil yoki ogʻir qum tuproqli suv oʻtkazmaydigan qatlamning mavjudligi;
maydonning suv havzalaridan kamida 1000 metr uzoqda joylashganligi;
suv obyektlarining sathi yer yuzasidan kamida 10 metr pastda joylashganligi, undan isteʼmol qilish va sugʻorish uchun foydalanilmasligi.
15. Quyidagi omillar mavjud boʻlganda atrof-muhitga potensial taʼsirini inobatga olib, tanlangan maydonda poligon qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
suv oʻtkazuvchi bir necha qatlamlar, masalan ochiq shagʻal konlari, yoriqlar mavjudligi;
poligonlar joylashgan yer sizot suvlari yaqinida yoki sizot suvlariga 10 metrdan kamroq sathda joylashganligi;
mahalliy sizot suvlaridan isteʼmol uchun foydalanilishi;
100 metr radiusda suv havzasi yoki suv toshadigan hududlar mavjudligi.
16. Poligon qurilishi uchun maydon ajratishda qurilgan poligon yopilgandan keyin undan qanday maqsadda foydalanilishi (oʻrmonzor, bogʻlar majmuasini yaratish, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari uchun moʻljallanmagan idishlarning (taralarning) ochiq omborini tashkil etish va hokazolar) ham nazarda tutilishi lozim.
17. Poligonlarni rekultivatsiya qilishda barcha tizimlar, xususan, yakuniy izolatsiya (izolatsiya) qatlamining butligi va ishlashini taʼminlash chora-tadbirlari oldindan belgilab olinadi.
Zaharli va portlash xavfini tugʻdiradigan gazlarning ajralib chiqishi sababli, poligonlar yopilgandan keyin kamida 40 yil ushbu hududda kapital qurilish ishlarini olib borishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Poligonlar qurilishi moʻljallangan joylar kamida 15 yil foydalanish sharti bilan tanlanadi. Ushbu maydonlar toʻgʻri toʻrtburchak shakliga yaqin va qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirishning maksimal balandligiga erishish mumkin boʻlgan yerlardan tanlab olinadi.
19. Poligonlar qurilishi moʻljallangan joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan geologik va gidrogeologik tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Geologik tadqiqotlarni oʻtkazishda qatlamlanish tartibi, poligonlar joylashgan yerdagi jinslar tarkibi va qalinligi, tuproqning filtratsiya koeffitsiyenti oʻrganiladi. Tadqiqot ishlarining minimal chuqurligi 4 metr boʻlishi lozim. Turli jinslardan iborat tuproqli sharoitda suvga bardoshli qatlamgacha tadqiqot ishlarini olib borish hamda shu joydan boshlab 1 — 1,5 metr chuqurlikkacha tadqiqot oʻtkazish zarur boʻladi.
Gidrogeologik tadqiqotlar natijasida sizot suvlari sathlari va oqimi aniqlanadi. Poligonlarni yer usti (jala va qor) suvlari oqimidan himoya qiladigan balandlik zovurlarini qurishda yogʻingarchilik faolligi va ularning maydonda toʻplanib qolishiga oid maʼlumotlar yigʻiladi.
Geologik va gidrogeologik tadqiqotlar natijasida quduqlar (shurflar) joylashishi, geologik (litogeologik) kesimlar rejasi, poligonlar qurilishi uchun moʻljallangan maydonning yaroqliligi xususida gidrogeologiya xulosasi tuziladi.
20. Shahar (tuman) sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tayyorlangan barcha materiallarni inobatga olgan holda, tanlangan maydonning yaroqliligi xususida oʻz xulosasini beradi.
21. Loyihalashtirilayotgan poligonning hajmini belgilashda qattiq maishiy chiqindilarning kishi boshiga umumiy yillik toʻplanadigan solishtirma meʼyori, tashkilotlardan chiqadigan qattiq maishiy chiqindilar hajmi, poligonlardan foydalanadigan aholi soni, foydalanish muddati, joylashtiriladigan qattiq maishiy chiqindilarning zichlanish darajasi hamda poligonlarda ishlatiladigan texnika va mexanizmlar hisobga olinadi.
2-§. Poligonlarning tuzilishi
22. Poligonlar quyidagi qismlardan iborat boʻladi:
kirish yoʻli;
qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoni;
xoʻjalik hududi;
sanitariya-muhofaza zonasi.
23. Kirish yoʻli qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonini magistral yoʻl bilan bogʻlash maqsadida barpo etiladi. Kirish yoʻli ikki tomonlama harakatlanish uchun moʻljallangan boʻlishi kerak. Qiyaliklarda yuk ortilgan chiqindi tashish texnikalarining harakatlanishi uchun ruxsat beriladigan qiyalik oʻlchami yuqoriga 7 foiz va pastga 10 foizdan oshmasligi lozim.
Yomgʻir mavsumida yoʻllarni suv bosmasligi uchun poligonlar drenaj tizimiga ega boʻlishi lozim. Drenaj tizimi orqali yigʻilgan suvlar quduqlarda toʻplanib, qattiq maishiy chiqindilarni zichlashda foydalaniladi.
Ish xaritasi joylashuvining doimiy oʻzgarib turishi sababli, chiqindilarni doimiy yoʻl tizimidan ish xaritasiga yetkazadigan vaqtinchalik yoʻllar quriladi. Vaqtinchalik yoʻllar tuproq qatlamini zichlash usuli bilan yotqizilishi mumkin. Namlik sharoitidan kelib chiqib, ular mustahkamlaydigan materiallar — shagʻal, tosh, maydalangan beton, qurilish qorishmasi yoki gʻisht bilan qoplanishi mumkin.
24. Qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoni poligonning asosiy qismi hisoblanadi. U qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilishning yillik hajmidan kelib chiqib, poligon maydonining 85 — 95 foizini egallaydi. Joylashtirish maydoni 3 — 5 yil mobaynida qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilishga moʻljallangan navbatlarga boʻlinadi.
Foydalanishning keyingi navbati toʻldirilgan qattiq maishiy chiqindilar hajmida, loyiha belgisiga qadar amalga oshiriladi. Joylashtirish maydonini navbatlarga boʻlishda joy relyefi inobatga olinadi.
25. Jarlik yonbagʻrida joylashtirilgan qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonlari yuqorilikdan oqib kelishi mumkin boʻlgan yer usti suv oqimlaridan himoyalangan boʻlishi lozim.
26. Xoʻjalik hududi poligonlarga qabul qilinadigan qattiq maishiy chiqindilar miqdoridan qatʼi nazar, 0,3 — 1,0 gektar maydonni egallaydi. Ushbu hududda poligonning maʼmuriy va maishiy binolari, texnikalar turadigan ayvon yoki garaj va boshqa inshootlari joylashtiriladi.
27. Sanitariya-muhofaza zonasi poligonning atrofi boʻylab, uning atrof-muhitga va yaqin aholi punktlariga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida tashkil qilinadi.
3-§. Qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonini loyihalashtirish
28. Qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonida kotlovan loyihalashtiriladi. Kotlovanning oʻrtacha chuqurligi yer ishlari balansi va sizot suvlari sathidan kelib chiqib belgilanadi. Sizot suvlarining sathi kotlovan tubidan kamida 1 metr pastda boʻlishi lozim.
29. Poligonlar sizot suvlarining ifloslanishi xavfini kamaytirish uchun filtratsiyaga qarshi izolatsiya qoplamasiga ega boʻlishi lozim.
Izolatsiya xarajatlarini kamaytirishi maqsadida poligonlarni kam suv oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega boʻlgan tuproq qatlamida yaratish maqsadga muvofiq.
30. Chiqindi tarkibi va iqlim sharoitidan kelib chiqib izolatsiya qoplamasining quyidagi turlaridan foydalanish mumkin:
qalinligi 0,5 metrdan kam boʻlmagan bir qatlamli tuproq va qalinligi 0,2 millimetrdan kam boʻlmagan polietilen qoplama;
har birining qalinligi 0,2 millimetrdan kam boʻlmagan ikki qavatli polietilen plyonkadan tayyorlangan va ular orasiga 0,4 metr qalinlikda yirik donali qum yotqizilgan qoplama;
qalinligi 0,2 — 0,4 metr boʻlgan bitumli qoplama.
31. Qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoni loyihasida kotlovonlarning navbat boʻyicha qazilishi nazarda tutiladi. Birinchi navbatdagi kotlovandan olingan tuproq poligonlar perimetri boʻyicha tuproqtepaga joylashtiriladi. Ikkinchi navbatdagi kotlovandan olingan tuproq birinchi navbatdagi kotlovon toʻldirilgandan keyin undagi qattiq maishiy chiqindilarni izolatsiya qilishda foydalaniladi.
32. Poligon tubida namlik darajasi 52 foizdan ortiq, yillik yogʻingarchilik miqdori 100 millimetrdan ortiq boʻlganda qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoni filtrat paydo boʻlishi ehtimoli inobatga olingan holda loyihalashtiriladi.
Bunda kotlovan tubi maydon asosi boʻyicha filtratning teng taqsimlanishini taʼminlaydigan (gorizontal) holatda loyihalashtiriladi. Joy relyefi qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish navbati inobatga olingan holda kotlovanlarga boʻlinadi.
Kotlovanning yuqoridagi va navbatdagi oraliq devorlari balandligi, shuningdek ikkita yonma-yon kotlovanlar devorlarining oʻlchamlari orasidagi farq 1 metrdan oshmasligi lozim. Oraliq devorlarining tepa qismi boʻyicha chiqindi tashish texnikalarining kirishiga moʻljallangan vaqtinchalik kirish yoʻli loyihalashtiriladi.
Filtratsiya koeffitsiyenti belgilangan meʼyordan 30 — 50 foiz ortiq boʻlganda, tuproq qatlamini zichlash choralarini koʻrish lozim.
33. Poligon tubida namlik darajasi 52 foizdan past boʻlgan, yillik yogʻingarchilik miqdori 100 millimetrdan ortiq boʻlmaganda qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonida filtrat paydo boʻlmaydi. Bunday iqlimdagi hududda joylashgan poligonlarga filtratni oʻtkazmaslik boʻyicha choralar koʻrish talab qilinmaydi.
34. Qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonini jarlik hududidan ajratilganda qor va jala suvlarini toʻplash hamda ularning xavfini bartaraf qilish tizimi nazarda tutilishi lozim.
Kotlovonlarning chuqurligi, qoida tariqasida, 3 — 6 metr va kengligi 6 — 12 metr boʻlishi lozim. Ularni shamol yoʻnalishiga perpendikulyar holatida joylashtirish zarur.
4-§. Xoʻjalik hududi va muhandislik inshootlarini loyihalashtirish
35. Xoʻjalik hududi qattiq qoplamali maydonga ega boʻlishi, tungi vaqtlarda yoritilishi, atrofi toʻsilgan boʻlishi hamda qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoniga kiriladigan yoʻlga ega boʻlishi lozim.
Poligonning xoʻjalik hududiga kirish joyida darvoza yoki shlagbaum oʻrnatiladi.
36. Konteynyerlar va chiqindi tashish texnikalarini yuvishga moʻljallangan maydon xoʻjalik hududidan tashqarida boʻlishi kerak. Konteyner va chiqindi tashish texnikalarini yuvish havo harorati 5°S dan yuqori boʻlganda amalga oshiriladi.
37. Yiliga 360 ming m3 dan ortiq qattiq maishiy chiqindilar qabul qilinadigan hamda 15 yildan ortiq muddatga foydalanish moʻljallangan yirik poligonlarda suv taʼminoti artezian quduqlari orqali amalga oshiriladi. Ushbu quduqlar poligonlarning umumiy loyihasi tarkibida nazarda tutilishi lozim.
38. Poligonlardan chiqishda chiqindi tashish texnikalari gʻildiraklarini yuvish uchun uzunligi 8 metr, eni 3 metr va chuqurligi 0,3 metr oʻlchamdagi temir betonli qurilmaga ega boʻlgan dezinfeksiya hududi boʻlishi shart. Ushbu qurilma 3 foizli lizol bilan toʻldiriladi.
39. Tashqi va ichki yongʻin oʻchirish uchun sarflanadigan suv sigʻimining hajmi 108 m3 dan kam boʻlmasligi hamda ushbu sigʻimlardan yongʻin oʻchirish avtomobillarining suv olishlari uchun sharoit yaratilgan boʻlishi lozim. Poligonda yongʻin oʻchogʻiga suv berish uchun bir soniyada 10 litrdan kam boʻlmagan miqdorda suv olish imkoniga ega boʻlgan, yoqilgʻi-moylash mahsulotlarida ishlovchi nasos hamda yeng va dastaklar boʻlishi zarur.
40. Poligonlarning butun hududi perimetri boʻyicha toʻsiq oʻrnatiladi. Toʻsiq chuqurligi 2 metrdan ortiq boʻlgan quritish xandagʻi va balandligi 3 metrdan ortiq boʻlgan tuproq devor shaklida qurilishi mumkin.
5-§. Sanitariya-muhofaza zonasi va monitoring tizimi
41. Sanitariya-muhofaza zonasida poligon perimetri boʻylab 5 — 8 metr kenglikda yoʻlak quriladi, uning chegarasi boʻylab daraxtlar ekiladi, muhandislik kommunikatsiyalari (suv quvurlari, kanalizatsiya) yotqiziladi, balandligi 16 — 20 metr boʻlgan elektr yoritish qurilmalari oʻrnatiladi.
Sanitariya-muhofaza zonasida daraxtlar yoki tuproq uyumlari mavjud boʻlmasa, poligonlar perimetri boʻyicha tuproqtepa barpo etiladi.
42. Sanitariya-muhofaza zonasida turar joylar va ichimlik suvi quduqlarini joylashtirish taqiqlanadi.
43. Sizot suvlari oqimining poligondan yuqori qismida poligondan chiqadigan filtrat taʼsir qilmaydigan hududda monitoring inshooti (quduq) barpo etilishi lozim.
Sizot suvlari oqimining poligondan 100 — 200 metr pastki qismida ham 1 ta yoki 50 — 100 metr oraliqda 2 ta monitoring inshooti (quduq) barpo etiladi.
Monitoring inshootlari (quduqlar) sizot suvlariga chiqindilar tushishidan himoya qilingan boʻlishi, shuningdek suvdan namuna olishni taʼminlashi lozim.
44. Olingan namunalarga asosan, suv tarkibidagi ammiak, nitritlar, nitratlar, gidrokarbonatlar, kalsiy, xloridlar, temir, sulfatlar, litiy, organik uglerod, rutut, magniy, xrom, tsianidlar, qoʻrgʻoshin, simob, margimush, mis, bariy va boshqa kimyoviy moddalar miqdori aniqlanadi.
45. Yirik shaharlarga xizmat koʻrsatuvchi poligonlarda atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalarni monitoring qilish yoki energiya olish maqsadida gazni faol ajratib olish tizimini oʻrnatish maqsadga muvofiq.
3-bob. Poligonlardan foydalanish
46. Poligonlarda chiqindilarni qabul qilish poligonlardan foydalanish texnologik chizmasi orqali amalga oshiriladi. Texnologik chizmada yil mavsumlarini inobatga olgan holda bajariladigan ishlar ketma-ketligi, qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish tartibi va izolatsiya qiluvchi tuproqni qazib olish rejasi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
47. Chiqindilarni qabul qilish bir yilga tuziladigan poligondan foydalanish jadvali asosida amalga oshiriladi.
48. Poligondan foydalanish jadvalida chiqindilar joylashtiriladigan xaritalar raqami koʻrsatilgan holda har oy davomida qabul qilinadigan qattiq maishiy chiqindilar miqdori, chiqindilarni izolatsiya qilish uchun qazib olinadigan tuproq maydoni xaritalari yoki tuproqtepalar raqamlangan holda koʻrsatiladi. Izolatsiya qilish uchun qazib olinadigan tuproq hajmi m3 oʻlchov birligida koʻrsatiladi.
49. Qabul qilinayotgan qattiq maishiy chiqindilarning hisobi ularning zichlanmagan holatdagi vazni yoki hajmi boʻyicha yuritiladi. Qabul qilingan qattiq maishiy chiqindilar miqdori alohida jurnalda qayd etib boriladi.
50. Qattiq maishiy chiqindilarni poligonga joylashtirish Maishiy chiqindilarni tashish qoidalariga (roʻyxat raqami 2625, 2014-yil 12-noyabr) muvofiq amalga oshiriladi.
51. Poligonning loyihaviy koʻrsatkichi koʻmilganidan soʻng uni yopish choralari koʻrilishi lozim. Foydalanish muddati 15 yildan ortiq boʻlgan poligonlarda uning loyihaviy koʻrsatkichidan 10 foizgacha miqdorda qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.
52. Poligon yopilishi uchun quyidagi inshootlarni loyihalashtirish va qurish talab etiladi:
yakuniy (yuqori) izolatsiya qiluvchi qoplama;
filtratni boshqarish tizimi;
gazni boshqarish tizimi.
53. Yakuniy (yuqori) izolatsiya qiluvchi qoplama poligon yopilishidan oldin barcha kotlovanlarni tuproqning yakuniy qatlami bilan yopishni nazarda tutadi. Yakuniy (yuqori) izolatsiya qiluvchi qoplamani rejalashtirishda poligon chetida nishablik boʻlishini taʼminlash kerak.
54. Yakuniy (yuqori) izolatsiya qiluvchi qoplamaning tuzilishi yer maydonidan kelgusida qanday maqsadda foydalanilishiga bogʻliq holda belgilanadi. Oʻrmon-bogʻ kompleksini tashkil etishda, qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli maydonlar, changʻi sporti uchun tepalik va boshqa balandliklarni hosil qilish uchun foydalanishda tuproqning ustki izolatsiya qatlami 0,6 metrdan kam boʻlmasligi, shu jumladan uning ustki qatlamida 0,2 metr oʻsimlik oʻsadigan tuproq yotqizilishi lozim.
Poligonlarning tashqi qiyaliklarini mustahkamlash undan foydalanish boshlangan paytdan boshlanib chiqindilarni joylashtirish balandligi ortishiga mutanosib ravishda davom ettiriladi. Poligonlarning tashqi qiyaliklarini qoplashda uni barpo etishda koʻchirib olingan oʻsimlik oʻsadigan tuproqdan foydalaniladi.
55. Shamol koʻchirib ketishi yoki qiyaliklardagi tuproq yuvilib ketishining oldini olish uchun yakuniy (yuqori) izolatsiya qiluvchi qoplamani koʻkalamzorlashtirish talab etiladi. Qiyaliklar boʻylab ixota daraxtlari ekiladi. Ekiladigan daraxtlar va butasimon oʻsimliklar (oq qayin, tol, terak va boshqalar) mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda tanlanadi.
Kelgusida noozuqaviy maqsadlarga moʻljallangan omborxonalar sifatida foydalaniladigan maydonlarda ustki yakuniy (yuqori) izolatsiya qiluvchi qoplamaning qalinligi 1,5 metrdan kam boʻlmasligi kerak. Chiqindilarning ustki qatlami izolatsiya bilan qoplangunga qadar uning zichlanish darajasi 750 kg/m3 ni tashkil etishi kerak.
56. Filtratni boshqarish tizimi loyihasi, qoida tariqasida, poligonning umumiy loyihasiga kiritiladi.
Poligon yopilganidan soʻng filtratni boshqarish tizimi undan foydalanish shartlariga mos ekanligi tekshirilishi lozim. Tekshiruv natijalariga koʻra, nasos tizimiga yoki filtratni tashlash tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish mumkin.
57. Gazni boshqarish tizimi poligondan faol foydalanish davrida barpo etiladi va foydalaniladi. Poligon yopilganidan soʻng, ushbu tizimni yanada mustahkamlash va barqarorlashtirish maqsadida unga tegishli oʻzgartirishlar kiritish (shamollatish quvurini germetik jihozlash, poligon ostiga havo kirishidan himoyalash va h. k.) zarur.
58. Poligon yopilgan va koʻkalamzorlashtirilgandan keyin uning maydonini rekultivatsiya qilishga kamida quyidagi muddatlar oʻtgandan keyin yoʻl qoʻyiladi:
koʻp yillik oʻtlar ekilgan, haydalma yerlar, pichanzor, maysazorlar barpo etilganda — 1 yil;
daraxtlar, butalar, urugʻidan koʻkartiriladigan koʻchatlar ekilganda — 2 yil.
4-bob. Yakuniy qoida
59. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Mehnat vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2016-yil 14-iyun
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2016-yil 14-iyun
Favqulodda vaziyatlar vaziri T. XUDAYBERGENOV
2016-yil 14-iyun
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. TEShAYEV
2016-yil 14-iyun
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2016-yil 14-iyun
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2016-yil 14-iyun
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2016-yil 14-iyun
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2016-yil 14-iyun
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi I. TURAMURATOV
2016-yil 14-iyun
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi S. ARABOV
2016-yil 14-iyun
Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori V. ChUB
2016-yil 14-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 28-son, 343-modda)