Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARI VA ROSSIYA FEDERATSIYASI FUQAROLARINING OʻZARO KELIB-KETIShLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida doʻstona yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa xil munosabatlarni mustahkamlash istagida,
ikki davlat fuqarolarining oʻzaro kelib-ketishlarini huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga ushbu Bitimning tarkibiy qismlari boʻlgan 1- va 2-ilovalarda koʻrsatilgan shaxsni va uning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlardan biri asosida vizasiz kirishlari, chiqishlari, tranzit oʻtishlari, unda yurishlari va boʻlishlari mumkin.
Tomonlar davlatlarining uchinchi davlatlarda istiqomat qiluvchi fuqarolari ham Tomonlar davlatlarining hududiga vizasiz kirishlari, chiqishlari, unda yurishlari, boʻlishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
2-modda
Tomonlar fuqarolarining kirish va chiqishlari xalqaro qatnov uchun ochiq boʻlgan oʻtkazish punktlari orqali amalga oshiriladi..
3-modda
Tomonlar xalqaro qatnov uchun ochiq boʻlgan oʻtkazish punktlarida chegaradan oʻtish huquqini beruvchi haqiqiy va Tomonlar davlatlari milliy qonunlariga muvofiq tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlarga ega boʻlgan Tomonlar davlatlari fuqarolarini oʻtkazish majburiyatini oladilar hamda Tomonlarining vakolatli organlari tarafidan chiqishi taqiqlangan shaxslarni uchinchi davlatlarga chiqarmaslik choralarini koʻradilar.
4-modda
Tomonlar ushbu Bitim qoidalarini tatbiq etish sohasiga taalluqli masalalar boʻyicha, jumladan shaxsni va uning fuqaroligini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar toʻgʻrisida, ularni berish va ishlatish tartibidagi oʻzgartishlar toʻgʻrisida, xorijiy fuqarolarning Tomonlar davlatlari hududida boʻlish qoidalari toʻgʻrisida, shuningdek tegishli qonun hujjatlari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
Tomonlar oʻzaro ahdnoma boʻyicha ushbu Bitimning 1-va 2-ilovalarida koʻrsatilgan hujjatlar roʻyxatlaridagi oʻzgartishlar qaror qabul qilishlari mumkin. Bunda, yangi hujjatlar joriy qilingan yoki amaldagi hujjatlarga oʻzgartishlar kiritiladigan boʻlsa, ular amal qilishga kiritilishidan kamida oʻttiz sutka ilgari Tomonlar diplomatik kanallar orqali ularning namunalarini almashadilar.
5-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlish chogʻida shu Tomon davlatining qonun-qoidalariga, jumladan shu davlatda amal qiluvchi unda boʻlish qoidalariga rioya qilishlari lozim.
Bir Tomon davlatining ushbu Bitim qoidalarini yoki boshqa Tomon davlati hududida boʻlish qoidalarini buzgan fuqarolari Tomonlar davlatlarining qonunlarida koʻzda tutilgan tartibda oʻzi fuqarosi boʻlgan yoki doimiy istiqomat qiladigan davlatga qaytariladilar.
6-modda
Ushbu Bitim davlat xavfsizligi, jamoat tartibi yoki aholi sogʻligʻini muhofaza qilishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan hollarda Tomonlarning ushbu Bitim yoki uning alohida qoidalari amal qilishini toʻliq yoki qisman toʻxtatib turish huquqiga daxl qilmaydi.
Bu holda manfaatdor Tomon boshqa Tomon fuqarolarining vizasiz kirishi, chiqishi, boʻlishi, unda yurishi va tranzit oʻtishiga tegishli cheklashlar kiritishi mumkin. Bu toʻgʻrida manfaatdor Tomon boshqa Tomonni koʻrsatilgan cheklashlar joriy etilishidan 72 soat ilgari diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
7-modda
Ushbu Bitim imzolangach, Tomonlar ushbu Bitimning 1- va 2-ilovalarda koʻrsatilgan hujjatlarning namunalarini diplomatik kanallar orqali darhol almashadilar.
8-modda
Ushbu Bitimni tatbiq etishda yuzaga keladigan masalalarni Tomonlar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etadilar.
9-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuv boʻyicha ushbu Bitimga zarur qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishlari mumkin. Ular tegishli bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab vaqtincha qoʻllanadi va uni kuchga kiritish uchun lozim boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilgani toʻgʻrisida soʻnggi xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda bir Tomon boshqa Tomonning ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi xabarnomasini olgan sanadan boshlab 90 kun oʻtgunga qadar amal qiladi.
Minsk shahrida 2000-yil 30-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishlari, chiqishlari, unda yurish va boʻlishlari uchun hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik pasporti.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti.
3. Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma (16 yoshga toʻlmagan bolalar uchun; ularning qonuniy vakili kuzatuvidagina).
4. Xizmat safari yoki taʼtil guvohnomasi (yozma buyruq) mavjud boʻlgan holda haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi, harbiy bileti.
5. Havo kemasi ekipaji aʼzosining uchish guvohnomasi (uchish topshiriqnomasida yozuv boʻlgan holda).
6. Temir yoʻl transporti xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (poyezd va refrijerator brigadalari tarkibida borilayotgan vaqtda).
7. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun).
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
2-ILOVA
2-ILOVA
Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, chiqishlari, unda yurish va boʻlishlari uchun hujjatlar
ROʻYXATI
1. Sobiq SSSR fuqarosining pasporti, unda shaxsning Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma, qistirma ilova, (belgisi ekan) va Rossiya fuqaroligiga mansubligi toʻgʻrisida matn, yoki 1992-yil 6-fevraligacha Rossiya Federatsiyasi hududida roʻyxatdan oʻtganligi (doimiy qayd qilish) toʻgʻrisida shtamp qoʻyilgan boʻlishi kerak (2005-yil 31-dekabrgacha).
2. Rossiya Federatsiyasi fuqarosining pasporti.
3. Yoʻqolgan pasport oʻrniga Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakl boʻyicha berilgan fuqaroning vaqtinchalik shaxsiy guvohnomasi.
4. Tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma (14 yoshga toʻlmagan bolalar uchun).
5. Xizmat safari guvohnomasi, yozma buyruq yoki taʼtil bileti mavjud boʻlgan holda harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi, harbiy bileti.
6. Diplomatik pasport.
7. Xizmat pasporti.
8. Rossiya Federatsiyasi ramzlari tushirilgan chet el pasporti.
9. Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi toʻgʻrisidagi yozuv yoki belgisi boʻlgan sobiq SSSR ramzi tushirilgan umumfuqaro xorijiy pasporti.
10. Dengizchi pasporti (kema roli yoki undan koʻchirma mavjud boʻlgan holda).
11. Havo kemasi ekipaji aʼzosining uchish guvohnomasi (uchish topshiriqnomasida yozuv boʻlgan holda).
12. Temir yoʻl transporti xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (poyezd va refrijerator brigadalari tarkibida borilayotgan vaqtda).
13. Rossiya Federatsiyasiga qaytish guvohnomasi (faqat Rossiya Federatsiyasiga qaytish uchun).