O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining
buyrug‘i
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOG‘LIQNI SAQLASh VAZIRLIGINING SUD-TIBBIY EKSPERTIZA MUASSASALARIDA SUD-TIBBIYOT EKSPERTIZALARINI O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI YO‘RIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 28-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2259]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2023-yil 26-iyundagi 21-sonli ““O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza muassasalarida sud-tibbiyot ekspertizalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga o‘zgartirishlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2259-3, 10.07.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-yanvardagi 5-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 1-2-son, 7-modda) bilan tasdiqlangan Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomning 2-bandiga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza muassasalarida sud-tibbiyot ekspertizalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-iyul,
227-son
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2011-yil 25-iyuldagi 227-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza muassasalarida sud-tibbiyot ekspertizalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 22-son, 173-modda), O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-y., 2-son), Fuqarolik protsessual kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son), Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-y., 3-son) va Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-yanvardagi 5-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 1-2-son, 7-modda) bilan tasdiqlangan Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza muassasalarida (bundan buyon matnda sud-tibbiy ekspertiza muassasasi deb yuritiladi) sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasida ekspertizalar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi qarori, sud ajrimi (sudya qarori) asosida o‘tkaziladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2017-yil 19-oktabrdagi 114-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2259-1, 23.11.2017-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.11.2017-y., 10/17/2259-1/0304-son)
2. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasida ekspertizaning quyidagi turlari o‘tkaziladi:
zo‘raki o‘lim, zo‘rlik ishlatilganiga shubha bo‘lgan yoki sud-tibbiyot tekshiruv zaruratini yuzaga keltiradigan boshqa holatlarda murdalar ekspertizasi;
tan jarohatlarining xarakteri va og‘irlik darajasi, yosh, jinsiy holat va sud tibbiyoti sohasidagi maxsus bilimlarni talab etadigan boshqa masalalarni hal etish uchun tirik shaxslar ekspertizasi;
ashyoviy dalillar va biologik obyektlar ekspertizasi (tibbiy-kriminalistik ekspertiza, sud-biologik ekspertiza, sud-gistologik ekspertiza, sud-kimyo ekspertizasi, sud-tsitologik ekspertiza, kimyo-toksikologik ekspertizasi, biokimyoviy ekspertiza, genetik ekspertiza va spektrografik ekspertiza).
Sud-tibbiy ekspertiza muassasasida uning ixtisosligi bo‘yicha boshqa turdagi ekspertizalar ham o‘tkazilishi mumkin.
3. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha keyingi tayyorgarlikdan o‘tgan va Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-dekabrdagi 300-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 50-son, 475-modda) bilan tasdiqlangan Davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq davlat sud eksperti (bundan buyon matnda ekspert deb yuritiladi) sifatida attestatsiyadan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekspertiza muassasasida ekspertizani o‘tkazadi.
Sud-tibbiy ekspertiza muassasasida ekspertiza boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs tomonidan ham o‘tkazilishi mumkin. Bunday xodimlar yoki jismoniy shaxslarni tanlash, ular tarkibini tasdiqlash hamda ularning faoliyat tartibini belgilash sud-tibbiy ekspertiza muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni ekspertizani o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishda sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari va ekspertning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunchilik hujjatlari va ushbu Yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5. Ekspert quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sud-tibbiyot ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;
tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud-tibbiyot ekspertizasi predmetiga oid savollar berish;
sud muhokamasida sud-tibbiyot ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;
ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish;
o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki sud-tibbiyot ekspertizasi predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish;
uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish;
agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;
agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Ekspert qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(5-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
6. Ekspert:
ekspert sifatida o‘zini o‘zi rad etishi uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqda sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki sud-tibbiy ekspertiza muassasasining yoxud boshqa tashkilotning rahbariga darhol ma’lum qilishi;
o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi;
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi;
o‘zi o‘tkazgan sud-tibbiyot ekspertizasi xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi;
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;
taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi;
ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(6-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
7. Ekspert:
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, ishning natijasidan o‘zining manfaatdor emasligini shubha ostiga qo‘yadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga;
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun mustaqil ravishda materiallar to‘plashga;
sud-tibbiyot ekspertizasi natijalarini ushbu ekspertizani tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbaridan tashqari bevosita boshqa biron-bir organdan (shaxsdan) sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risida topshiriqlar qabul qilishga;
(7-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs sifatida sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishga haqli emas.
Ekspert o‘z faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir va uning faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari quyidagi huquqlarga ega:
agar sud-tibbiy ekspertiza muassasasida tekshirishlarni o‘tkazish uchun tegishli mutaxassislar yoki zarur moddiy-texnik baza yoxud maxsus sharoitlar bo‘lmasa, sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimni ijro etmasdan hamda sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarini uch kunlik muddatda qaytarish;
sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) ekspertlar komissiyasi tarkibiga mazkur tashkilotda ishlamaydigan shaxslarni, shu jumladan boshqa davlatlardan mutaxassislarni, agar sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun ularning maxsus bilimlari zarur bo‘lsa, kiritish to‘g‘risida iltimos qilish;
qo‘yilgan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan tekshirishlarni o‘tkazishni o‘z kuchlari va vositalari bilan ta’minlayotgan tashkilotlarga sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimning ko‘chirma nusxasini yuborish;
sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) mazkur tashkilotning tekshirish obyektlari tekshirilganidan so‘ng ularni tashish, bundan pochta xarajatlari mustasno; tekshirish obyektlari sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan olinmagan taqdirda, ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida ushbu tashkilotda saqlash; katta xavf tug‘diradigan obyektlarning mazkur tashkilotga kelib tushishi natijasidagi zararli oqibatlarni, agar sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) ushbu obyektlar bilan muomalada bo‘lishning unga ma’lum bo‘lgan maxsus qoidalari to‘g‘risida rahbarga xabar bermagan bo‘lsa yoki ular lozim darajada o‘ralmagan bo‘lsa, bartaraf etish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplashni talab qilish.
(8-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(8-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
9. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari:
sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim olinganidan so‘ng sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishni qo‘yilgan savollarga javob berish uchun talab qilinadigan ko‘lamda maxsus bilimlarga ega bo‘lgan ekspertga yoki ekspertlar komissiyasiga topshirishi;
ekspertga yoki ekspertlar komissiyasining har bir a’zosiga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi (sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining xodimlariga bunday tushuntirish ishga qabul qilish chog‘ida beriladi);
ekspertni bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirishi, undan tegishli tilxat olishi va mazkur tilxatni xulosa bilan birga ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuborishi;
o‘tkazilayotgan tekshirishlarning to‘liqligi va sifati ustidan nazoratni, ekspertning mustaqilligi prinsipini buzmagan holda ta’minlashi;
sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazish muddatini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlashi va unga rioya etilishini nazorat qilishi;
(9-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
ekspertga tekshirishlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni ta’minlashi;
tekshirish tugaganidan so‘ng xulosani, tekshirish obyektlari va ish materiallarini sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuborishi shart.
Sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(9-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
10. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari:
ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha tekshirish obyektlarini sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) qarori yoki ajrimisiz talab qilib olishga;
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun sud-tibbiy ekspertiza muassasasida ishlamaydigan shaxslarni mustaqil ravishda jalb etishga;
ekspertga muayyan sud-tibbiyot ekspertizasi yuzasidan tekshirish jarayonini va fikrlar mazmunini oldindan belgilab qo‘yadigan ko‘rsatmalar berishga haqli emas.
11. Sud-tibbiyot ekspertizalarini o‘tkazish muddatlari ushbu ekspertizalarning murakkabligi va xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kun doirasida belgilanadi.
Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishni o‘ttiz kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari muddat o‘tishidan uch kun oldin asoslangan xulosa tuzadi va bu to‘g‘rida sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga yozma ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qo‘shimcha muddatni belgilaydi.
12. Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish muddatlari materiallar sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga tushgan kundan keyingi kundan boshlab hisoblanadi va ular ushbu muassasa rahbari tomonidan sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga yuborilgan kunda tugaydi.
Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish muddatlari quyidagi davrlarga to‘xtatib turiladi:
ekspertning sud-tibbiyot ekspertizasiga taqdim etilgan materiallardagi kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi iltimosnomasini qondirish yoki iltimosnomani qondirishning rad etilishi to‘g‘risida javob olish;
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishni o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatda bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda uni o‘tkazish muddatlarini kelishib olish;
ekspertning boshqa sud-tibbiyot ekspertizasini bajarishi munosabati bilan xizmat safarida bo‘lishi, uni bajarishni boshqa ekspertga topshirish mumkin bo‘lmagan taqdirda;
ekspertning vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi, sud-tibbiyot ekspertizasini bajarishni boshqa ekspertga topshirish mumkin bo‘lmagan taqdirda.
Qonunchilik hujjatlari va ushbu Yo‘riqnomada nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazish muddatlarini to‘xtatib turishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(12-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
13. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasida sud-tibbiyot ekspertizalarini o‘tkazish xizmat ko‘rsatiladigan mintaqalarga muvofiq tashkil etiladi va ushbu mintaqalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan belgilanadi.
Sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan va sud-tibbiy ekspertiza muassasasining xizmat ko‘rsatish mintaqasidan tashqarida joylashgan organlar (shaxslar) uchun sud-tibbiyot ekspertizasi, mazkur organlar (shaxslar) joylashgan hududdagi sud-tibbiy ekspertiza muassasasida tegishli ekspertiza turini o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan hollarda (tekshirishlarni o‘tkazish uchun tegishli mutaxassislar yoki zarur moddiy-texnik baza yoxud maxsus sharoitlar bo‘lmasa), ushbu muassasa tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2022-yil 24-fevraldagi 6-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2259-2, 17.03.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2022-y., 10/22/2259-2/0235-son)
II. Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun yuboriladigan materiallarni rasmiylashtirish
14. Sud-tibbiyot ekspertizasi faqat uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan, protsessual qonunga, ushbu Yo‘riqnomaga muvofiq rasmiylashtirilgan materiallar taqdim etilgan taqdirdagina o‘tkaziladi.
15. Sud-tibbiyot ekspertizasiga sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), tekshirish obyektlari va ish materiallari, shuningdek tekshirishlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun ekspertga zarur bo‘lgan sud-tibbiyot ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak. Sud-tibbiyot ekspertizalarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorlar (ajrimlar)ning faksimil va yorug‘ sezgir qog‘ozga ko‘chirilgan nusxalarini taqdim etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari, taqqoslovchi materiallar, ma’lumotlarning ishonchliligi uchun sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) javob beradi.
17. Sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi bitta qaror (ajrim)ga ko‘p miqdordagi obyektlar tushgan taqdirda sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari bir qator alohida-alohida sud-tibbiyot ekspertizalar o‘tkazilishini tashkil etishi mumkin.
18. Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish sud-tibbiy ekspertiza muassasasi bilan birgalikda boshqa sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga (muassasalariga) topshirilgan taqdirda sud-tibbiyot ekspertizalarini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da mazkur sud-tibbiyot ekspertizasining qanday mutaxassisliklarga ega bo‘lgan ekspertlar tomonidan o‘tkazilishi kerakligi, ekspertlar komissiyasi faoliyatini tashkil etishning qaysi sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga yuklanayotganligi hamda tekshiriladigan obyektlar va boshqa materiallar qaysi sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga yuborilganligi ko‘rsatiladi.
Sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) har bir sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga yuboriladi.
19. Qo‘shimcha yoki qayta sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan taqdirda sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga xulosa yoki oldingi o‘tkazilgan sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasini berish mumkin emasligi to‘g‘risidagi dalolatnoma barcha ilovalar (fotojadvallar, eksperimental materiallar va shu kabilar) bilan birga taqdim etiladi.
Qo‘shimcha yoki qayta sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da uni tayinlashning sabablari va asoslari albatta ko‘rsatiladi.
20. Sud-tibbiyot ekspertizasiga yuborilayotgan, uni o‘tkazish imkonini bermaydigan materiallarni rasmiylashtirish qoidalariga rioya etilmagan taqdirda sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari bu to‘g‘rida sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga darhol xabar qiladi.
Sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmasa sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari o‘ttiz kun o‘tgach unga materiallarni sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazmasdan qaytaradi.
Rasmiylashtirishning protsessual tartibi buzilgan holda qayta, shuningdek komission yoki kompleks sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazishga tushgan materiallar sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga uch kun muddatda qaytariladi.
21. Agar tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasi sud-tibbiy ekspertiza muassasasida o‘tkazish nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki sud-tibbiy ekspertiza muassasasi tegishli mutaxassislarga yoki asbob-uskunalarga ega bo‘lmasa, sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari sud-tibbiyot ekspertizasiga taqdim etilgan materiallarni uch kun muddatda, sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)ning bajarilmaganligi sabablarini ko‘rsatgan holda sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga qaytaradi.
III. Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish
22. Ekspert sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishga sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbarining yozma topshiriqnomasi sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) va sud-tibbiyot ekspertizasiga tushgan barcha materiallar bilan birga olingan vaqtdan boshlab kirishadi.
Sud-tibbiyot ekspertizasiga taqdim etilgan materiallarni rasmiylashtirish tartibining buzilganligi aniqlangan taqdirda ekspert bu to‘g‘rida sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbarini xabardor qiladi, rahbar ushbu Yo‘riqnomaning 20-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni ko‘radi.
23. Taqdim etilgan materiallar to‘liq bo‘lmagan taqdirda bu haqda ekspert sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari orqali sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga qo‘shimcha materiallar taqdim etish to‘g‘risida yozma ravishda ma’lum qilish huquqiga ega.
Qo‘shimcha materiallar faqat sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan taqdim etiladi.
Qo‘shimcha materiallar o‘ttiz kun mobaynida tushmagan taqdirda ekspert tekshirishni mavjud materiallar bo‘yicha o‘tkazadi.
24. Ekspert quyidagi hollarda qo‘yilgan masalalar yuzasidan xulosa berish imkoniyati yo‘qligi to‘g‘risida asoslangan dalolatnoma tuzadi:
agar qo‘yilgan masala ekspertning maxsus bilimlari (vakolatlari) doirasidan chetga chiqsa yoki uni hal etish uchun maxsus bilimlar talab qilinmasa yoxud masala huquqiy tusga ega bo‘lsa;
taqdim etilgan tekshirish obyektlari yoxud materiallar ularning to‘liq yoki sifatli emasligi tufayli xulosa berish uchun yaroqsiz bo‘lsa va to‘ldirilishi mumkin bo‘lmasa;
agar ilm-fan va ekspertiza amaliyotining holati qo‘yilgan masalalarga javob berish imkonini bermasa;
tekshirishlarni o‘tkazish va xulosalar berish uchun zarur shart-sharoitlar, uslubiy vositalar va asbob-uskunalar mavjud bo‘lmasa.
Xulosa berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnoma ushbu Yo‘riqnomaning 40-bandiga muvofiq tuziladi.
25. Ekspert o‘ziga taqdim etilgan obyektlar va materiallarni tekshirishni tegishli sohadagi bilimlarga amal qilgan holda, protsessual qonun talablariga qat’iy muvofiq ravishda xolisona va mufassal amalga oshiradi.
Obyektlar (tirik odamdan tashqari) faqat tekshirishni o‘tkazish va xulosa berish uchun zarur bo‘lgan darajada shikastlangan va sarflangan bo‘lishi mumkin. Bunda tekshirish obyektining qisman shikastlanishi yoki ishlatilishiga sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati olinishi zarur, tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasining o‘ziga xos xususiyatlari obyektning shikastlanishini (buzilishini) yoki ishlatilishini taqozo etuvchi hollar bundan mustasno.
26. Ishda ishtirok etadigan shaxslar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazishda ishtirok etish huquqiga ega. Sababidan qat’i nazar, ularning yo‘qligi sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanmaydi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
27. Ekspert o‘zining maxsus bilimlariga muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar asosida o‘z nomidan xulosa beradi va uning uchun javob beradi.
28. Bir xil mutaxassislikka ega bo‘lgan ikki va undan ortiq ekspertlar (ekspertlar komissiyasi)ga sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazish topshirilganda komissiyaga kiritilgan ekspertlarning har biri tekshirishni to‘liq hajmda amalga oshiradi. Ekspertlar komissiyasi tekshirishda qatnashgan ekspertdan har biri unga rozi bo‘lgan taqdirda umumiy xulosa beradi. Shuningdek, ekspertlar komissiyasida ishtirok etgan ekspertlar fikrining bir qismini aks ettiruvchi yagona xulosa berilishi ham mumkin. Kelishmovchilik bo‘lgan taqdirda har bir ekspert kelishmovchilikka sabab bo‘lgan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa tuzadi.
29. Sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun har xil mutaxassislikka ega bo‘lgan ikki va undan ortiq ekspertlar (kompleks ekspertiza) tayinlanganda har bir ekspert tekshirishni amalga oshiradi va o‘z vakolati doirasida xulosa beradi. Kompleks ekspertiza xulosasida har bir ekspert qanday tekshirishlar va qanday hajmda o‘tkazganligi, shaxsan u qanday faktlarni aniqlaganligi hamda qanday xulosalarga kelganligi ko‘rsatiladi. Ekspert kompleks ekspertiza xulosasining o‘z vakolatiga tegishli bo‘lgan qismini imzolaydi.
Olingan natijalarni va aniq xulosa (xulosalar)ni shakllantirishni baholashda vakolatli bo‘lgan ekspertlar umumiy xulosa (xulosalar) chiqaradi. Agar ekspertlar komissiyasining yakuniy xulosasi yoki uning bir qismi uchun ekspertlardan biri (alohida ekspertlar) tomonidan aniqlangan faktlar asos hisoblansa, u holda bu haqda xulosada ko‘rsatilishi kerak. Kelishmovchilik holatida ekspertlarning har biri kelishmovchilikka sabab bo‘lgan masalalar bo‘yicha alohida xulosa tuzadi.
30. Agar sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da turli xil sud-tibbiyot ekspertizalari predmetiga taalluqli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning har biri bo‘yicha alohida xulosa yoki xulosa berish imkoniyati yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi.
31. Ekspert xulosasi uch qismdan: kirish, tadqiqot va xulosa (yakunlovchi) qismlardan iborat bo‘ladi.
Ekspert xulosasining kirish qismida ekspertning huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirish va uni bilib turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, ish materiallarini oshkor qilganligi, shuningdek uzrli sabablarsiz xulosa berishni rad etganligi yoki bundan bosh tortganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida tushuntirilganligi haqidagi ekspert tilxati olinganligi ko‘rsatiladi.
32. Xulosaning kirish qismida quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi:
sud-tibbiyot ekspertizasining turi va uning ro‘yxat raqami;
sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ning nomi;
ekspert (ekspertlar) haqidagi ma’lumotlar. Bunda ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, ma’lumoti, ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, ixtisosi (umumiy va ekspertlik malakasi), ish tajribasi va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi;
materiallarning sud-tibbiyot ekspertizasiga kelgan vaqti va xulosaga imzo chekilgan vaqt;
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish uchun protsessual asos (qaror yoki ajrim, u qachon va kim tomonidan chiqarilganligi);
sud-tibbiyot ekspertizasiga yuborilgan materiallarning nomi, jo‘natish usuli, o‘ramning turi, holati va tekshiriladigan obyektlarning rekvizitlari;
sud-tibbiyot ekspertizasi hal etishi uchun qo‘yilgan savollar. Bunda savollar sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da keltirilgan shaklda qayd etiladi. Savollarni mazmunan o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi, ekspert faqat savolga to‘g‘ri grammatik shakl berishi va ekspert ixtisosligiga moslashtirishi mumkin. Bir necha savollar qo‘yilgan taqdirda ekspert tekshiruv o‘tkazish uchun ularning eng maqbul tartibini ta’minlaydigan izchillikda guruhlarga bo‘lib chiqishi mumkin. Ekspert tashabbusi bilan hal qilingan savollar sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da keltirilgan savollardan keyin bayon qilinadi.
xulosa berish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan va ekspert tomonidan asosiy ma’lumot sifatida qabul qilingan ish holatlari;
qo‘yilgan savollarni hal qilishda ekspert amal qilgan hujjatlar (qarorlar, buyruqlar, qo‘llanmalar, uslubiy ko‘rsatmalar), shuningdek tekshiruv o‘tkazishda foydalanilgan boshqa manbalar;
sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish jarayonida hozir bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar (ularning familiyasi, ismi, otasining ismi, protsessual holati);
ekspertning qo‘shimcha materiallar taqdim etish to‘g‘risidagi iltimosnomasi (iltimosnoma yuborilgan va javob olingan vaqt, iltimosnomani ko‘rib chiqish natijalari).
Qo‘shimcha yoki qayta sud-tibbiyot ekspertizasi bo‘yicha xulosaning kirish qismida yuqorida bayon etilgan ma’lumotlardan tashqari, dastlabki sud-tibbiyot ekspertizasi haqidagi ma’lumotlar, ya’ni xulosaning ro‘yxat raqami va sanasi, ekspertning (ekspertlarning) familiyasi, ismi va otasining ismi, sud-tibbiy ekspertiza muassasasining nomi, dastlabki sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalari hamda qo‘shimcha va qayta sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrimda)da keltirilgan sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish sabablari bayon etiladi.
33. Ekspert xulosasining tadqiqot qismida ekspert oldiga qo‘yilgan har bir savol bo‘yicha tekshirish jarayoni va uning natijalari yoziladi, aniqlangan faktlar bo‘yicha ilmiy tushuntirish beriladi.
Xulosaning tadqiqot qismida quyidagilar ko‘rsatiladi:
sud-tibbiyot ekspertizasi tekshiruvi obyektlarining holati;
foydalanilgan tadqiqot usullari va bu usullar qo‘llanishining texnik sharoitlari;
sud-tibbiyot ekspertizasi tahlilining sharoitlari, maqsadi va natijalari hamda namunalar olish;
xulosani asoslash uchun ahamiyatga ega tergov (sud) harakatlari (so‘roq, ko‘zdan kechirish, eksperiment va shu kabilar)ning natijalari;
namoyish materiallariga qilingan havolalar, ilovalar va ularga berilgan zarur izohlar;
olib borilgan tekshiruv va uning alohida bosqichlari natijalariga berilgan ekspert bahosi.
Qayta sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasining tadqiqot qismida, agarda tadqiqot natijalari bilan avvalgi sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasining yakunlari o‘rtasida tafovut mavjud bo‘lsa, buning sabablari ko‘rsatiladi.
Xulosaning tadqiqot qismi maxsus bilimi bo‘lmagan shaxslar uchun tushunarli tilda bayon etilgan bo‘lishi kerak. Maxsus atamalar izohlab berilgan bo‘lishi lozim.
34. Ekspert xulosalari uning oldiga qo‘yilgan savollarga javob shaklida bayon qilinadi va turli talqinlarga yo‘l qo‘ymaydigan aniq, tushunarli tilda bayon qilinishi lozim.
Agar xulosani tadqiqot qismida bayon qilingan tekshirish natijalarining mukammal tavsifisiz va qo‘yilgan masalaga to‘liq javobsiz shakllantirish mumkin bo‘lmasa, xulosaning tadqiqot qismiga havola qilishga ruxsat beriladi.
35. Ekspert xulosasida qoidabuzarlik sabablari va ularni sodir etishga imkon bergan sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishning tashkiliy-texnikaviy tavsiyalari ko‘rsatilishi mumkin.
36. Ekspert xulosasi ikki nusxada tuziladi, tekshirishni o‘tkazgan ekspert (ekspertlar) tomonidan imzolanadi, uning (ularning) imzosi sud-tibbiy ekspertiza muassasasi muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin xulosaning bir nusxasi sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari tomonidan sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga yuboriladi, ikkinchi nusxasi esa sud-tibbiy ekspertiza muassasasida besh yil mobaynida saqlanadi.
37. Agar ekspert xulosasida ekspert tekshirishlar va uning natijalarini tasvirlovchi fotojadvallar, diagrammalar, chizmalar va shu kabi ilovalar berilsa ular ham ekspert (ekspertlar) tomonidan imzolanadi. Ekspert tekshirishlarining borishi, sharoitlari va natijalarini hujjatlashtirish materiallari ekspert xulosasi nusxasi bilan birga sud-tibbiy ekspertiza muassasasida saqlanadi. Sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ning talabiga ko‘ra ular yig‘majildga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi.
38. Sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari xulosani ko‘rib chiqishda noto‘g‘ri xulosaga olib kelishi mumkin bo‘lgan to‘liq bo‘lmagan tekshirishlarni, tekshirish o‘tkazish uslubiyoti buzilishini yoki uning noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligini aniqlagan taqdirda xulosa zarur o‘zgartirishlar va aniqliklar kiritish uchun ekspertga qaytariladi.
Agar ekspert o‘z xulosasini to‘g‘ri deb qat’iy turib olsa, sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari tekshirish o‘tkazishni belgilangan tartibda xulosa beradigan birinchi ekspert ishtirokidagi ekspertlar komissiyasiga topshirish huquqiga ega.
39. Sud-tibbiyot ekspertizasi sudda o‘tkazishda uning natijalari mazkur Yo‘riqnomaning 31 — 35-bandlarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha rasmiylashtiriladi.
Ekspert xulosasi ekspert tomonidan ikki nusxada tuziladi va imzolanadi, ulardan biri sudga, ikkinchisi esa sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbariga taqdim etiladi.
40. Xulosa berish imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnoma uch qismdan: kirish, asoslovchi va yakunlovchi qismlardan iborat bo‘ladi.
Kirish qismida ushbu Yo‘riqnomaning 32-bandida ko‘rsatilgan ro‘yxatga muvofiq ma’lumotlar bayon qilinadi.
Asoslovchi qismida xulosa berish imkoni yo‘qligi sabablari batafsil bayon qilinadi.
Yakunlovchi qismida ekspert oldiga qo‘yilgan har bir savol bo‘yicha xulosa berish imkoni yo‘qligi ko‘rsatiladi.
Xulosa berish imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnoma ikki nusxada tuziladi, ekspert tomonidan imzolanadi, uning imzosi ekspertiza muassasasi muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin uning bir nusxasi sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbari tomonidan sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga yuboriladi, ikkinchisi esa sud-tibbiy ekspertiza muassasasida besh yil mobaynida saqlanadi.
Agar xulosa berish imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnoma sudda ko‘rib chiqish bosqichida tuzilgan bo‘lsa, u ekspert tomonidan ikki nusxada tuziladi va imzolanadi, ulardan biri sudga, ikkinchisi esa sud-tibbiy ekspertiza muassasasi rahbariga taqdim etiladi.
41. Agar bir masala bo‘yicha ekspert xulosa bersa, boshqasi bo‘yicha esa xulosa berish imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzish uchun asos mavjud bo‘lsa, u holda yagona hujjat — ekspert xulosasi tuziladi.
42. Ekspert xulosasi, sud-tibbiyot ekspertizasi tekshiruvi obyektlari bo‘lgan predmetlar va hujjatlar hamda boshqa materiallar sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan shaxsga yoki sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organning vakolatli xodimiga yoxud sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ tomonidan berilgan ishonchnoma bo‘yicha boshqa shaxsga shaxsan beriladi yoki sud-tibbiyot ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs)ga pochta orqali yuboriladi.
Ekspert xulosasining, sud-tibbiyot ekspertizasi tekshiruvi obyektlari bo‘lgan predmetlar va hujjatlar hamda sud-tibbiyot ekspertizasiga berilgan boshqa materiallarning faksimil yoki yorug‘ sezgir qog‘ozga ko‘chirilgan ishonchnoma nusxasi orqali berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 34-35-son, 360-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.11.2017-y., 10/17/2259-1/0304-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.03.2022-y., 10/22/2259-2/0235-son)