O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING 2004 YIL 21 DEKABRDAGI 595-SON QARORI BILAN TASDIQLANGAN XALQ BANKI TOMONIDAN FUQAROLARNI JAMG‘ARIB BORILADIGAN PENSIYA TIZIMIDA ShAXSAN HISOBGA OLIShNI YURITISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMGA O‘ZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida” 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 595-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 12-son, 110-modda) bilan tasdiqlangan Xalq banki tomonidan fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida shaxsan hisobga olishni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 24-may,
145-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-maydagi 145-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq banki tomonidan fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida shaxsan hisobga olishni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 16-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“16. Har bir ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunigacha har oyda mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining yagona ma’lumotlar elektron bazasi formatida xodimlarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga badallar reyestrini shakllantirishi hamda elektron manbalarda joylardagi Xalq banki filialiga taqdim etishi yoki uni bevosita umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmog‘i orqali Xalq bankining axborot tizimiga uzatishi shart.
Ko‘rsatib o‘tilgan elektron hujjat tushgan pul mablag‘larini fuqarolarning Xalq bankidagi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.
Ish beruvchi tomonidan reyestrning qog‘oz manbada tuzilgan asl nusxasi rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolanadi hamda ish beruvchida saqlanadi”.
2. 17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Elektron reyestrni pensiya tizimining yagona ma’lumotlar elektron bazasiga kiritish jarayonida xatolar aniqlangan taqdirda Xalq banki filiali keyingi ish kunidan kechikmasdan ish beruvchidan xatolarni tuzatish uchun qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etishni yoki tafovutlarni bartaraf etishni talab qiladi. Agar ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunigacha reyestrni tuzatish chora-tadbirlarini ko‘rmasa, u holda Xalq banki filiali chora ko‘rish uchun davlat soliq xizmatining tegishli hududiy organini xabardor qiladi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 20-21-son, 204-modda)