O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRIDAGI MEHMONXONA KOMPLEKSINI “BAKRI INVESTINDO” (INDONEZIYA) KOMPANIYASIGA SOTISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, shuningdek turizmni yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Toshkent shahri, O‘zbekiston ovozi ko‘chasi, 2-uyda joylashgan mehmonxona kompleksini atrofidagi yer uchastkasi bilan birgalikda “Bakri Investindo” (Indoneziya) kompaniyasiga sotish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi bilan “Bakri Investindo” kompaniyasi o‘rtasida ko‘rsatib o‘tilgan mehmonxona kompleksining oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan;
“Bakri Investindo” kompaniyasi sotib olinadigan kompleksga mulkchilik huquqini amalga oshirish va turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish uchun Toshkent shahrida o‘z filialini ochadi.
3. Mehmonxona kompleksini sotishdan tushadigan mablag‘lar va ulardan maqsadli foydalanish jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin hamda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasiga tushadigan to‘lovlarni taqsimlash bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni amalga oshirish topshirilsin.
* Ilova berilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Bakri Investindo” kompaniyasining O‘zbekistondagi filialini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
5. Toshkent shahar hokimligi bir hafta muddatda:
sotilayotgan mehmonxonaning atrofidagi yer uchastkasiga “Bakri Investindo” kompaniyasining mulkchilik huquqini rasmiylashtirsin;
“Bakri Investindo” kompaniyasining tashkil etilayotgan filialiga mehmonxona kompleksida savdo faoliyatini amalga oshirish huquqini belgilangan tartibda bersin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bir hafta muddatda avans to‘lov “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi hisob-kitob schyotiga tushgandan va kompleksning qolgan qiymatiga “Bakri Investindo” kompaniyasi tomonidan tegishli bank kafolati berilgandan keyin hamda Toshkent shahar hokimligining qarori asosida mehmonxona kompleksiga va uning atrofidagi yer uchastkasiga egalik huquqiga dalolatnomani rasmiylashtirsin.
7. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi “Bakri Investindo” kompaniyasining mehmonxona kompleksini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy investorlarga beriladigan imtiyozlarga qo‘shimcha ravishda “Bakri Investindo” kompaniyasining filiali mehmonxona kompleksiga mulkchilik huquqi olingan kundan boshlab besh yil muddatga yer solig‘i va mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklashda O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini avj oldirish va respublikada xalqaro turizmni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1995-yil 2-iyundagi PF-1162-son Farmoniga muvofiq ko‘rsatib o‘tilgan filial besh yil muddatga chetga chiqariladigan foydadan soliq to‘lashdan ozod qilinsin.
Belgilansinki, “Bakri Investindo” filialining valyuta kursi o‘zgarib turishi hisobidan hosil bo‘ladigan foydasi soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanadi.
“Bakri Investindo” kompaniyasi filialiga inflatsiya darajasiga muvofiq aktivlarning balans qiymatiga tuzatish kiritishga, shuningdek elektr energiyasi, gaz va boshqa kommunal xizmatlar uchun Toshkent shahar mehmonxona komplekslari uchun amalda bo‘lgan narxlar bo‘yicha haq to‘lashga ruxsat berilsin.
9. “O‘zbekturizm” mehmonxona kompleksi “Bakri Investindo” kompaniyasi mulkiga berilishi bilan bog‘liq davlat poshlinalari va yig‘imlarining barcha turlarini to‘lashdan ozod qilinsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari S.S. Saidqosimov va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 23-fevral,
72-son