O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SIMENS” AKSIYADORLIK JAMIYATI BILAN TOShKENT ShAHRIDAGI ShAHARLARARO-XALQARO EWSD STANSIYASINI KENGAYTIRISh QO‘ShMA LOYIHASINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmog‘ini 2010-yilgacha bo‘lgan davrda rekonstruksiya qilish va rivojlantirish milliy dasturini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligining “Simens” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining 1999-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan Toshkent shahridagi shaharlararo-xalqaro EWSD stansiyasini kengaytirish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Toshkent telegraf-telefon stansiyasi loyiha bo‘yicha buyurtmachi va kreditlar bo‘yicha qarz oluvchi etib belgilanganligi;
“O‘zimpeksaloqa” aksiyadorlik jamiyati qarz oluvchi majburiyatlari bo‘yicha kafolatchi etib belgilanganligi;
“O‘zimpeksaloqa” aksiyadorlik jamiyati tomonidan loyihani amalga oshirish maqsadida, buyurtmachining manfaatlarini nazarda tutib, “Simens” aksiyadorlik jamiyati bilan 2285,3 ming EVRO (4469,7 ming Germaniya markasi) miqdorida kontrakt tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, kontraktni mablag‘ bilan ta’minlash quyidagi tartibda:
kontrakt qiymatining 1942,5 ming EVRO miqdoridagi 85 foizi — KfV banki (Germaniya)ning “Germes” (Germaniya) eksport-kredit agentligining sug‘urta qoplamasi ostidagi, to‘lash muddati 5 yil bo‘lgan mablag‘larini qayta moliyalash yo‘li bilan Milliy bank krediti hisobiga;
kontrakt qiymatining 342,8 ming EVRO miqdoridagi 15 foizi — KfV banki (Germaniya)ning to‘lash muddati 5 yil bo‘lgan mablag‘larini qayta moliyalash yo‘li bilan Milliy bank krediti hisobiga amalga oshiriladi.
Asosiy qarzni, foizlarni, vositachilik haqlarini va jalb qilinadigan kreditlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni to‘lash Toshkent telegraf-telefon stansiyasining o‘z mablag‘lari hisobiga 1 va 2-ilovalarga* muvofiq amalga oshiriladi.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ko‘rsatib o‘tilgan kontraktni mablag‘ bilan ta’minlash yuzasidan xorijiy bank bilan belgilangan tartibda kredit bitimlari tuzsin va mablag‘larni Toshkent telegraf-telefon stansiyasiga qayta moliyalashtirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Milliy bankning to‘lov majburiyatlari bo‘yicha xorijiy bankka va Toshkent telegraf-telefon stansiyasining to‘lov majburiyatlari bo‘yicha Milliy bankka beriladigan kafolatlarni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xorijiy bankni qoniqtiradigan shaklda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlari bo‘yicha yuridik xulosalar bersin.
7. O‘zbekiston Respublikasiga mazkur loyiha doirasida import qilinadigan asbob-uskunalar, materiallar (ishlar va xizmatlar) bojxona to‘lovlari va qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari L.A. Axmetov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 8-iyul,
335-son