Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat muassasalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat muassasalarini isloh qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 8-fevraldagi PQ-123-son qarori ijrosini taʼminlash hamda davlat muassasalari faoliyatida zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-sonli “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni.
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat muassasalari toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat muassasasining huquqiy maqomi;
davlat muassasasining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
davlat muassasasini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
davlat muassasasi filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish tartibi;
davlat muassasasi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash tamoyillari;
davlat muassasasi faoliyatini nazorat qilish tartibi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-iyul,
302-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 302-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Davlat muassasalari toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat muassasasining huquqiy maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, davlat muassasasini, uning filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish hamda faoliyatini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Davlat muassasasi boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda toʻliq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik shaxs hisoblanadi.
Davlat muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
Davlat muassasasi belgilangan tartibda oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, shuningdek, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 4-bobi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tashkil etilgan davlat muassasalari, basharti, mazkur hujjatlarda faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan boʻlsa, faoliyatning ushbu turlarini litsenziya olmasdan amalga oshirishga haqlidir. Mazkur qoida koʻrsatilgan davlat muassasalarini litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasi.
2-bob. Davlat muassasasini tashkil etish va qayta tashkil etish
4. Davlat muassasasining muassislari davlat organlari va boshqa davlat muassasalari boʻlishi mumkin.
Davlat muassasasining muassisi oʻzining qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etiladi (qayta tashkil etiladi). Ushbu qarorda uning muassisi koʻrsatiladi. Bunda:
bir tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan sohalarda (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlikni taʼminlash faoliyati bundan mustasno);
davlat organlari tomonidan oʻzlariga litsenziyalash, ruxsat berish, roʻyxatga olish va akkreditatsiyadan oʻtkazish vakolati berilgan sohalarda davlat muassasalari tashkil etilmaydi.
Davlat muassasasi nodavlat yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar tomonidan yoki ular bilan birgalikda tuzilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vakolatini berish koʻzda tutilgan davlat muassasasi monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan soʻng tashkil etiladi yoki qayta tashkil etiladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi 405-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2024-y., 09/24/405/0495-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Monopoliyaga qarshi organ tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vakolatini berish koʻzda tutilgan davlat muassasasini tashkil etish (qayta tashkil etish) rad etilganda, davlat muassasasi roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi 405-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2024-y., 09/24/405/0495-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 346-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslarini va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etishda (qayta tashkil etishda) monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
6. Davlat muassasasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda faoliyat sohasiga tegishli boʻlmagan uyushmalar (ittifoqlar) shaklidagi birlashmalar tuzishi va ularga aʼzo boʻlishi mumkin.
7. Davlat muassasasi qonunlarga, qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga va oʻzining ustavi (nizomi)ga muvofiq faoliyat yuritadigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi.
8. Davlat muassasasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda hamda uning ustavi (nizomi)da tashkiliy-huquqiy shakli davlat muassasasi ekanligi koʻrsatiladi.
Davlat muassasasi, agar uni tashkil etish toʻgʻrisidagi hujjatda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, faoliyat koʻrsatish muddati cheklanmagan boʻladi.
9. Davlat muassasasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Davaktiv agentligi) davlat muassasasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi mavjud boʻlganda, davlat xizmatlari markazida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Davlat muassasasi davlat xizmatlari markazida uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida bir vaqtning oʻzida soliq va statistika organlarida hisobga qoʻyiladi.
Davlat muassasasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-101-sonli “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 2-bandi.
10. Davlat muassasasini tashkil etishning belgilangan tartibini buzish yoki davlat muassasasi ustavi (nizomi)ning qonunchilikka mos kelmasligi uni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga sabab boʻladi.
Davlat muassasasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqa asoslarga koʻra rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Davlat muassasasining ustavi (nizomi) hamda tashkiliy tuzilmasi muassis tomonidan, markaziy apparat va hududiy boʻlinmalari tuzilmalari muassis bilan kelishgan holda uning rahbari tomonidan tasdiqlanadi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlarida belgilangan hollar bundan mustasno).
Davlat muassasasining markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari tuzilmalariga, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, zarur hollarda, uning rahbari tomonidan boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasining markaziy apparat va hududiy boʻlinmalarining shtatlar jadvali belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki uning hududiy boʻlinmasida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Agar davlat muassasasi toʻgʻrisidagi nizom yoki ustav normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlanishi belgilangan boʻlsa, nizom yoki ustav muassis tomonidan tasdiqlanishi talab etilmaydi.
12. Davlat muassasasi ustavi (nizomi)da quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
davlat muassasasi va uning muassisi nomi (davlat, ingliz va rus tilida), joylashgan yeri (pochta manzili);
idoraviy mansubligi, hududiy va idoraviy tuzilmalari;
davlat muassasasining asosiy vazifalari, funksiyalari, faoliyat yoʻnalishlari, huquqlari va majburiyatlari;
davlat muassasasi rahbariyatini shakllantirish tartibi;
davlat muassasasining hayʼati, boshqa kengash, maslahat, ekspert organlari (mavjud boʻlganda);
davlat muassasasi va uning hududiy tuzilmalari rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
davlat muassasasining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi;
davlat muassasasi faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda indikatorlarini belgilash tartibi;
davlat muassasasiga biriktirilgan va oʻz faoliyati davomida vujudga kelgan mulklaridan foydalanish shartlari;
davlat muassasasi hisobdorligi;
davlat muassasasini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi;
davlat muassasasini qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
Mazkur bandning sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilari faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tashkil etilgan respublika darajasidagi davlat muassasalarining ustavi (nizomi)da koʻrsatiladi.
13. Davlat muassasasining ustavi (nizomi)ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar uni tasdiqlagan tashkilot yoki uning huquqiy vorisi qaroriga koʻra kiritiladi.
14. Davlat muassasasi:
qayta tashkil etilganda yoki qayta tashkil etish yoʻli bilan boshqa yuridik shaxsga qoʻshib yuborilganda yoxud tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgarganda uning huquq va majburiyatlari yangi tashkil etilayotgan davlat muassasasiga oʻtadi, mol-mulki hamda moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hujjatlari topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan yangi tashkil etilgan davlat muassasasiga topshiriladi;
boʻlinganda esa, moliyaviy majburiyatlari taqsimlash balansiga muvofiq taqsimlanadi, boshqa huquq va majburiyatlari yangi vazifalardan kelib chiqib belgilanadi.
Bunda soliq organlari tomonidan tugatilayotgan davlat muassasasining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish talab etilmaydi.
3-bob. Davlat muassasasining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
15. Davlat muassasasi quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar hamda unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan qarorlar, buyruqlar, koʻrsatmalar qabul qilish, zarur boʻlganda, boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakolatiga kiradigan masalalarda davlat organlari va tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat muassasasi vakolatiga kiradigan masalalarda belgilangan tartibda sudlarga arizalar va daʼvolar kiritish;
agar qonunda belgilangan boʻlsa, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish va jarimalar solish;
qonunchilikda belgilangan tartibda budjetdan tashqari jamgʻarmalarga ega boʻlish;
davlat muassasasi nomidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
davlat organlari va manfaatdor shaxslardan oʻz vakolati doirasida zarur axborotlarni soʻrash va olish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Davlat muassasasi:
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarishi;
oʻzi qabul qilgan qarorlar hamda buyruqlarni oʻz vaqtida, sifati va toʻliq bajarishi;
faoliyatini rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini samarali tashkil etishi va bajarishi;
oʻziga biriktirib berilgan mulklar, shu jumladan, koʻchmas mulklardan maqsadli foydalanishi;
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalar doirasida fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi shart.
Davlat muassasasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
17. Davlat muassasasi oʻz majburiyatlari boʻyicha ixtiyoridagi mablagʻlar bilan javob beradi. Bu mablagʻlar yetarli boʻlmasa, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, muassis davlat muassasasining majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar boʻladi.
18. Davlat muassasasi muassisning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
19. Davlat muassasasining filiali va vakolatxonasi majburiyatlari boʻyicha ularni tashkil etgan muassis javob beradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 47-moddasi.
20. Davlat muassasasi davlat aktivlarini, shu jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari va boshqa mol-mulklarining but saqlanishi boʻyicha moddiy javobgar hisoblanadi.
4-bob. Davlat muassasasi rahbarining huquqlari va majburiyatlari
21. Davlat muassasasining rahbari quyidagi huquqlarga ega:
davlat muassasasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;
davlat muassasasi xodimlari bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
davlat muassasasi xodimlari bajarishi shart boʻlgan buyruqlarni qabul qilish hamda koʻrsatmalar berish;
davlat muassasasi nomidan ishonchnomasiz faoliyat koʻrsatish.
Davlat muassasasining rahbari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 24-moddasi.
22. Davlat muassasasining rahbari:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan davlat muassasasiga yuklangan vazifa va funksiyalar bajarilishini tashkil etishi;
davlat muassasasi oldiga qoʻyilgan vazifalarning bajarilishini tashkil etishi va nazorat qilishi;
davlat siriga oid maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilishi;
oʻz faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlari, davriy ish rejalari va faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlari hamda mezonlariga soʻzsiz erishilishini taʼminlashi;
faoliyatini rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirishi;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishi shart.
Davlat muassasasining rahbari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
5-bob. Muassisning huquq va majburiyatlari
23. Muassis quyidagi huquqlarga ega:
davlat muassasasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar, buyruqlar va koʻrsatmalar chiqarish, zarur boʻlganda, boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
davlat muassasasining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan prognoz koʻrsatkichlari, davriy ish rejalarini va faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlari va mezonlarini tasdiqlash, ularning natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, majlislarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, hisobot yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish, bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, davlat muassasasining rahbari bilan mehnat shartnomasini tuzish yoki tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muddatidan oldin toʻxtatish;
davlat muassasasining rahbarini tayinlash, jumladan, qonunchilikka asosan tanlov natijalari boʻyicha tayinlash, mehnat qonunchiligiga muvofiq u bilan mehnat shartnomasini tuzish;
davlat muassasasining ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish va belgilangan tartibda tasarruf etish;
oʻz tarkibiga kiradigan tashkilotlarga tegishli davlat koʻchmas mulki obyektlarini bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazish toʻgʻrisida Davaktiv agentligi bilan kelishuvga koʻra qaror qabul qilish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
tugatilayotgan davlat muassasasi kreditorlarining talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulklarini olish;
davlat muassasasining mulkiga oid bitimlarni haqiqiy emas deb eʼtirof etish, shuningdek, davlat muassasasiga yetkazilgan zararlarni undirish toʻgʻrisida ushbu davlat muassasasi rahbariga nisbatan sudga daʼvo arizasi kiritish.
Muassis qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
24. Muassis:
davlat muassasasining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan prognoz koʻrsatkichlari, davriy ish rejalarini va faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlari va mezonlari bajarilishi boʻyicha hisobotini eshitishi va ularning bajarilishini doimiy nazorat qilishi;
davlat muassasasiga berilgan davlat mulkidan maqsadli foydalanilishini va saqlanishini, shuningdek, uning begonalashtirilishini nazorat qilishi;
davlat mulki obyektlarini saqlash va boʻsh turgan qismidan samarali foydalanishni tashkil qilishi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi.
davlat muassasasining oʻz majburiyatlari hamda tugatilayotgan davlat muassasasining majburiyatlari boʻyicha ixtiyoridagi mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, uning xarajatlari qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan mablagʻlar, shu jumladan, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplab berilishi shart.
Muassisga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
6-bob. Davlat muassasasining mulki
25. Quyidagilar davlat muassasasining mulki hisoblanadi:
muassis tomonidan davlat muassasasiga operativ boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan mulk;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa, budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hamda oʻz mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilgan mulklar.
Agar taʼsis hujjatlariga muvofiq muassasaga daromad keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilgan boʻlsa, bunday faoliyatdan olingan daromad va bu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulk muassasaning mustaqil tasarrufiga oʻtadi va alohida balansda hisobga olinadi.
26. Tashkil etilgan davlat muassasasida davlat mulkini operativ boshqarish huquqi topshirish va qabul qilish dalolatnomasi davlat muassasasi rahbari va muassis tomonidan imzolangan vaqtdan boshlab yuzaga keladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan xollar bundan mustasno.
27. Davlat muassasasining mulki davlat muassasasi xodimlari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas.
28. Davlat muassasasining mulki quyidagi hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda muassis bilan kelishgan holda tasarruf etiladi:
asosiy vositalarni sotish, hisobdan chiqarish (binolari va inshootlari, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlaridan tashqari);
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boʻlinmalari, qurilish sohasidagi loyihalashtirish tashkilotlari, maxsus litsenziyaga ega boʻlgan tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining xulosasiga muvofiq yaroqsiz deb topilgan hamda vakolatli organlar tomonidan buzish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarini buzish;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki uning hududiy boʻlinmalari roziligi bilan avtotransport vositalarini xarid qilish, bino va inshootlarni sotib olish va/yoki qurish;
mulkni davlat muassasasi faoliyati maqsadlariga muvofiq boʻlmagan boshqacha tarzda tasarruf etish.
Bino va inshootlar (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar), shuningdek, davlat muassasasiga tegishli aksiyalar (ulushlar) Davaktiv agentligi tomonidan sotiladi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli mol-mulklar (bino va inshootlar, aksiyalar, ulushlar va boshqalar) hamda qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Bunda bino va inshootlarni (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlarni), shuningdek, davlat muassasasiga tegishli aksiyalarni (ulushlarni) sotishdan tushgan mablagʻlar ularni sotib olish manbalaridan qatʼi nazar, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat muassasalariga xoʻjalik jamiyatlarini taʼsis etish hamda ularning ustav fondi (ustav kapitali)da ishtirok etish taqiqlanadi.
30. Davlat muassasasining bino va inshootlari (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan bino va inshootlari), avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini sotish va ijaraga berish, shuningdek, ularga tegishli aksiyalarni (ulushlarni) sotish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
31. Davlat muassasasining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish yoki buzish quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq sotiladiganlari bundan mustasno:
belgilangan xizmat muddatining tamom boʻlishi (toʻliq yaroqsiz deb topilishi);
ularning jismoniy eskirishi, avariyalar, tabiiy ofatlar, foydalanishning normal sharoitlari buzilishi oqibatida yaroqsiz holga kelishi;
maʼnaviy eskirishi;
davlat muassasalari binolari qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiya qilinishi va qayta tashkil etilishi munosabati bilan boʻshab qolishi;
foydalanish zarurati boʻlmaganda.
32. Davlat muassasasining operativ boshqaruvida boʻlgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek, davlat muassasasining shartnoma boʻyicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulki ham uning operativ boshqaruviga oʻtadi.
33. Davlat muassasasining mol-mulki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan garovga qoʻyiladi. Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari, shuningdek, xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirilayotgan davlat muassasalari mulklarini garovga qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Davlat muassasasi oʻz tarkibiga kiradigan tashkilotlarga tegishli koʻchmas mulkni bir tashkilotdan boshqa biriga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni Davaktiv agentligi bilan kelishuvga koʻra qabul qiladi.
35. Davlat muassasasining koʻchmas mulk obyekti va boʻsh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat sherigi tomonidan tegishli bitim tuzilgandan soʻng oʻn kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi.
36. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyat organlarining davlat koʻchmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularning tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritilishiga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) boʻyicha majburiy tartibda Davaktiv agentligining xulosasi olinadi.
37. Shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan davlat muassasasi xodimlari soniga davlat koʻchmas mulki obyektlarining ishchi xonalari maydoni hisob koʻrsatkichlari mos kelishi lozim.
38. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning hududiy organlari davlat muassasasining operativ boshqaruv huquqidagi koʻchmas mulkni xatlashi va majburiy realizatsiya qilishi mumkin emas, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
7-bob. Davlat muassasasining filiallari va vakolatxonalari
39. Davlat muassasasi muassis bilan kelishgan holda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yuridik shaxs tashkil etmasdan filiallar tashkil etishi va vakolatxonalar ochishi hamda ularni belgilangan tartibda yopishi mumkin.
40. Davlat muassasasining filiallari va vakolatxonalari ularning muassisi nomidan tasdiqlangan ustav (nizom)lari asosida faoliyat koʻrsatadi va uni tashkil etgan muassis tomonidan mol-mulk bilan taʼminlanadi.
41. Davlat muassasasining filiali yoki vakolatxonasi rahbari davlat muassasasining rahbari tomonidan muassis bilan kelishgan holda tayinlanadi va uning ishonchnomasi asosida faoliyat koʻrsatadi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, filial yoki vakolatxona rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi toʻxtatilgan taqdirda, ishonchnoma davlat muassasasining muassisi rahbari tomonidan bekor qilinadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 47-moddasi.
8-bob. Davlat muassasasi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi
42. Davlat muassasasi fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir huquqlarini amalga oshirishlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va hisobdorligini taʼminlashi shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
43. Davlat muassasasi oʻz rasmiy veb-saytida oʻzining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtiradi hamda ularning doimiy ravishda yangilab borilishini taʼminlaydi.
Ochiq maʼlumotlar portalida foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda koʻrish imkoniyatini yaratgan holda muassasaning yuqori turuvchi tashkiloti, koʻchmas mulk obyektlari, qurilishi tugallanmagan obyektlari va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi va boshqa maʼlumotlarni (tijorat siri mavjud yoki cheklangan holda tarqatiladigan maʼlumotlar bundan mustasno) eʼlon qilib boradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Davaktiv agentligining “property.davaktiv.uz” axborot tizimiga har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davrining keyingi oyi 25-sanasiga, yil yakunlari boʻyicha esa keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar hisob obyektlarining joriy holati, shuningdek, moliyaviy koʻrsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib boradi.
9-bob. Davlat muassasasining faoliyatini nazorat qilish
44. Davlat muassasasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda har yili hisobot davri tugagach, muassisga va boshqa vakolatli organlarga davlat muassasasi faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
45. Budjetdan moliyalashtiriladigan davlat muassasalarida budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
(45-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
Daromad keltiriladigan faoliyat turi bilan shugʻullanadigan davlat muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda ichki audit xizmati joriy etiladi va tashqi audit oʻtkaziladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-bobi.
46. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muassis va boshqa vakolatli organlar davlat muassasasi rahbari zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi yuzasidan ularning faoliyati ustidan muntazam monitoring olib boradi, monitoring natijalariga koʻra davlat muassasasi faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
47. Monitoring va baholash yakunlari boʻyicha yuqori koʻrsatkichga erishgan davlat muassasasining rahbariyati va xodimlari ragʻbatlantiriladi yoxud yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortiladi.
48. Hujjatlarning saqlanishi va belgilangan tartibda saqlashga berilishi uchun davlat muassasasi rahbari javob beradi.
10-bob. Davlat muassasasini tugatish
49. Davlat muassasasi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
faoliyat koʻrsatish muddati tugaganda;
uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga erishilganda;
tashkil qilish vaqtida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanganda;
sud davlat muassasasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topganda;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, sudning qaroriga koʻra;
oxirgi olti oy mobaynida faoliyat koʻrsatmayotgan boʻlsa;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53-moddasi.
50. Agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, muassis yoki davlat muassasasini tashkil qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ davlat muassasasini tugatish hamda tugatuvchini (vakilni) tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Davlat muassasasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin olti oydan oshmagan muddatda tugatilishi zarur.
51. Tugatilayotgan davlat muassasasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hududdagi soliq organi tomonidan uning moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiriladi, uning muddati oʻn kalendar kundan oshmasligi kerak.
Tekshirishda davlat muassasasining oxirgi tekshirish oʻtkazilgan sanadan boshlab (agar davlat muassasasini tekshirish davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab amalga oshirilmagan boʻlsa, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab) davlat muassasasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida davlat xizmatlari markazi xabardor qilingan sanagacha boʻlgan davr mobaynidagi moliya-xoʻjalik faoliyati qamrab olinadi, biroq ushbu davr uch yildan oshmasligi zarur.
52. Davlat muassasasini tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi (vakil) yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
53. Davlat muassasasi oʻz majburiyatlarini ixtiyoridagi mablagʻlar hisobiga bajaradi, bu mablagʻlar yetarli boʻlmasa, uning muassisi tomonidan budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Bu mablagʻlar yetarli boʻlmasa, uning muassisi tugatilayotgan davlat muassasasining majburiyatlari va huquqlarini qabul qiladi.
54. Tugatilayotgan davlat muassasasining mablagʻlari kreditorlar talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, kreditorlar oʻz talablarining qolgan qismini ushbu davlat muassasasining muassisi hisobidan qondirish toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar.
55. Tugatilishi belgilangan davlat muassasasining mol-mulklari kreditorlar talablari qondirilgandan keyin topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan muassisga oʻtkaziladi.
56. Davlat muassasasini tugatish ishlarining sifatli, toʻliq va oʻz muddatida amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat ushbu davlat muassasasining muassisiga yuklanadi.
57. Davlat muassasasi tugatilganda, davlat xizmatlari markazlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan chiqariladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 55-moddasi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
58. Ushbu Nizom qoidalari qoʻllanishi bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
59. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
60. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan ayrim turdagi davlat muassasalarining alohida oʻziga xos xususiyatlari va huquqlari belgilanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 302-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki obyektlarining hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-bandda:
a) “e” kichik banddan “kiritadi” soʻzi chiqarib tashlansin;
b) quyidagi mazmundagi “j” va “z” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“j) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi budjetdan moliyalashtiriladigan davlat tashkilotlarining moliyaviy koʻrsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
z) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qoʻmitasi davlat tashkilotlarining moliyaviy koʻrsatkichlari, jumladan, mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan tushumlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi”.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Davlat tashkilotlari tomonidan hisob obyektlarining joriy holati, shuningdek, moliyaviy koʻrsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimiga har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davridan keyingi oyining 25-sanasiga, yil yakunlari boʻyicha esa keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar kiritib boriladi”.
3. 9-band quyidagi mazmundagi “d” kichik band bilan toʻldirilsin:
“d) moliyaviy hisobotlari:
moliyaviy koʻrsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2023-y., 09/23/302/0508-son; 11.07.2024-y., 09/24/405/0495-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)