Oʻzbekiston Respublikasi qonuni
AXBOROT OLISh KAFOLATLARI VA ERKINLIGI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun har kimning axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tadqiq etish, uzatish hamda tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisidagi qonunchilik Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida axborot olish kafolatlari va erkinligi sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Axborot olish kafolatlari
Har bir fuqaroning axborot olish huquqi kafolatlanadi.
Har kimning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi.
4-modda. Axborot olish erkinligining asosiy prinsiplari
Axborot olish erkinligining asosiy prinsiplari axborotning oshkoraligi, hamma olishi mumkinligi, ochiqligi va haqqoniyligidan iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
5-modda. Axborot olishga doir soʻrov
Har kim axborot olishni soʻrab bevosita oʻzi yoxud qonuniy vakillari orqali murojaat etish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
6-modda. Soʻrovning shakllari va uni qarab chiqish muddatlari
Axborot olishga doir soʻrov ogʻzaki, yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda ifodalanishi mumkin.
Yozma soʻrovda murojaat etuvchining ismi, otasining ismi, familiyasi, manzili, soʻralayotgan axborotning nomi yoki xususiyati koʻrsatiladi.
Yozma soʻrovda murojaat etuvchining elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Yozma soʻrovda elektron manzilning koʻrsatilganligi murojaat etuvchining soʻrovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga boʻlgan roziligidir.
Yozma soʻrovlar, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuboriladigan soʻrovlar roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Soʻrovga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, soʻrov olingan sanadan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak.
(6-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ogʻzaki soʻrovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi shart.
Agar soʻrov tushgan organ yoki mansabdor shaxs soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, murojaat etuvchiga bu haqda soʻrov olingan sanadan boshlab yetti kundan kechiktirmay maʼlum qilishi, shuningdek, imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega boʻlgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini maʼlum qilishi shart.
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Axborot olishni taʼminlash
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga oʻzining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlari bilan, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majburdir. Axborot olish imkoniyati qonunchilik hujjatlarini va tegishli materiallarni eʼlon qilish va tarqatish yoʻli bilan taʼminlanadi.
(7-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Axborot berish va unga haq toʻlash
Murojaat etuvchining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot uning soʻroviga binoan tekinga beriladi.
Boshqa axborotni berganlik uchun tomonlarning kelishuviga muvofiq haq olinishi mumkin.
9-modda. Taqdim etilishi mumkin boʻlmagan axborot
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirdan iborat axborotni berishlari mumkin emas.
10-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik
Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini va taxallusini qoʻygan muallifning kimligini uning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbai yoki muallifning kimligi faqat sud qarori bilan oshkor etiladi.
11-modda. Axborotning toʻgʻriligi uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositalari eʼlon qilinayotgan axborotning toʻgʻriligini tekshirib koʻrishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning toʻgʻriligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 155, 218-moddalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XX1 bobiga qarang.
(11-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Shikoyat qilish huquqi
Davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, jamoat birlashmalarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning fuqarolarning axborot olishga doir huquqlarini kamsituvchi xatti-harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
13-modda. Axborot olish huquqini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot olish huquqining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(13-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 43-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 144-moddasi.
14-modda. Axborot olish kafolatlari va erkinligi sohasidagi xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 24-aprel,
400-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 108-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)