Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi 1023-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun boʻsh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-apreldagi PQ-3677-son qarori va 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi dasturini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-apreldagi PQ-3677-son qaroriga muvofiq 2018-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatiladiki, unga koʻra:
yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirilishi;
yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni yigʻish, koʻrib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat elektron shaklda amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
boʻsh yer uchastkalarining roʻyxati keyinchalik ularni tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga berish uchun yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalarining tuman (shahar) filiallari tomonidan tuziladi;
yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda “YERELEKTRON” AAT deb ataladi) orqali elektron shaklda amalga oshiriladi;
“YERELEKTRON” AATni yaratish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi deb ataladi) “YERELEKTRON” AAT operatori hisoblanadi;
“E-IJRO AUKSION”ning yagona elektron savdo maydonchasida oʻtkaziladigan elektron auksionlarda yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiradi;
elektron auksionga qoʻyiladigan boʻsh yer uchastkalarining roʻyxati tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi;
yer uchastkalari roʻyxatlarini oʻz vaqtida shakllantirish va tasdiqlash hamda ularni elektron auksionga qoʻyishni muvofiqlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taʼminlanadi;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga ajratish toʻgʻrisida elektron auksion natijalari asosida qabul qilingan qarorlarning bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi, elektron auksion gʻoliblari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etmaslik va yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qoʻyilishi bundan mustasno.
4. Yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishishda “YERELEKTRON” AAT bilan parallel ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi DUKning “Unicon.uz” “E-XAT” yagona xavfsiz elektron pochtasidan foydalanishga 2018-yilning 1-noyabrigacha ruxsat berilsin.
5. “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulanadigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu qarorga 2-ilovada qayd etilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 30-iyungacha boʻlgan muddatda Internet tarmogʻiga ulanganlik hamda “YERELEKTRON” AATga ulanish imkonini beradigan kompyuter va boshqa texnologik uskunalar bilan jihozlanish holatini xatlovdan oʻtkazsin.
6. “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, xatlov natijalari boʻyicha tegishli kompyuter va boshqa texnologik uskunalarni sotib olish va ushbu qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning tuman (shahar) boʻlinmalarini Internet tarmogʻiga ulash sarf-xarajatlarini quyidagilar hisobidan moliyalashtirish manbalarini belgilash boʻyicha asoslangan takliflarni 2018-yil 5-iyuligacha boʻlgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ushbu tashkilotlarning budjetdan tashqari va oʻz mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari (yuqorida qayd qilingan tashkilotlar budjetdan tashqari va oʻz mablagʻlarining yetishmayotgan qismida).
7. “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va hududiy boʻlinmalari boʻsh yer uchastkalari roʻyxatini kelishish hamda ular boʻyicha xulosalar berishda ishtirok etadigan boshqa vazirlik hamda idoralarga eng yaxshi takliflarni tanlash asosida yetkazib beruvchilar yoki ishlab chiqaruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha tegishli kompyuter va boshqa texnologik uskunalarni xarid qilishga ruxsat etilsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda yer resurslaridan foydalanishni puxta tahlil qilish natijalari boʻyicha foydalanilmayotgan yerlar aniqlanishini va keyinchalik ularning boʻsh yer uchastkalari roʻyxatiga kiritilishini taʼminlasin.
9. “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi va Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
vakolatli tashkilotlarning mutaxassislari uchun “YERELEKTRON” AATdan foydalanish tartibini tushuntirish boʻyicha har yili seminar-treninglar tashkil etilishi va oʻtkazilishini;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining ushbu qarorning mohiyati hamda ahamiyati toʻgʻrisida xabardorligini oshirish uchun ommaviy axborot vositalarida keng koʻlamli tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlasin.
10. “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklarining qarorlarida nazarda tutilgan davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni kiritsin;
b) oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari 2018-yil 1-iyuldan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Bosh vazir oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-iyun,
493-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi 493-son qaroriga 1-ILOVA
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida” 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qaroriga muvofiq namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurilayotgan massivlarga:
b) quyidagilar uchun moʻljallangan yer uchastkalari berilgan holatlarda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining qarorlarida nazarda tutilgan davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini berish tartibiga binoan barpo etilayotgan muayyan turdagi obyektlarni qurishga;
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari belgilangan tartibda olib qoʻyilgan jismoniy va yuridik shaxslarga;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-yanvardagi 29-son qaroriga muvofiq erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishga;
davlat ulushi 100 foiz boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga.
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-avgustdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2019-y., 09/19/653/3535-son)
v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan aniqlangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda orqada qolayotgan tumanlar va shaharlarda yer uchastkalari ajratishda tatbiq etilmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-avgustdagi 653-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2019-y., 09/19/653/3535-son)
g) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasiga koʻra 80 — 100 metr kvadrat oʻlchamda namunaviy loyihalar boʻyicha, shu jumladan, tarmoqli zamonaviy sanitariya-gigiyena uzellarini qurish uchun tadbirkorlik subyektlariga beriladigan yer uchastkalariga.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 885-sonli qaroriga asosan “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/885/3940-son)
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda “YERELEKTRON” AAT deb ataladi) — yer uchastkalari berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish tartibotlarini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
yer uchastkasining minimal qiymati — yer uchastkasini auksionga qoʻyish uchun undan doimiy foydalanish huquqining qiymati;
“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi (keyingi oʻrinlarda savdo maydonchasi deb ataladi) — auksionlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, manfaatdor shaxslarning elektron auksionlar jarayonlaridan operator veb-portali orqali bevosita foydalanish imkoniyatini taʼminlaydigan axborot tizimi;
operator — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi savdo maydonchasida auksionlarni tashkil etadigan va oʻtkazadigan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi;
vakolatli organlar va tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda vakolatli tashkilotlar deb ataladi) quyidagilar:
a) yer uchastkasini tanlash boʻyicha xulosa beradigan:
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, Toshkent shahrida Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi;
tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (boʻlimining) yongʻin xavfsizligi boʻlimlari, Toshkent shahrida — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi;
tuman (shahar) davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari, Toshkent shahrida — Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi;
tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari;
b) yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishadigan:
tuman (shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab-chiqarish bosh boshqarmasining hududlararo (hududiy) davlat inspeksiyalari;
tegishli hududlar va inshootlaridan rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmatining hududiy organlari;
auksion ishtirokchisi — auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanoma bergan va unda ishtirok etishga ruxsat etilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
elektron auksion (keyingi oʻrinlarda auksion deb ataladi) — savdo maydonchasi orqali yer uchkastkasidan doimiy foydalanish huquqi realizatsiya qilinadigan auksion.
4. Boʻsh yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun auksion orqali doimiy foydalanishga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemasi boʻyicha beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi deb ataladi) organlari boʻsh yer uchastkalarining roʻyxatini tuzadi va yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlaydi.
“Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi organlarining yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash, shu jumladan yer uchastkasining topografik xaritasini tayyorlash hamda yer uchastkasi chegaralarini naturada belgilash ishlarining qiymati quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
yer uchastkasi maydoni 0,01 gektar boʻlganda, eng kam ish haqining ikki baravari;
yer uchastkasi maydoni 0,01 gektardan 0,05 gektargacha boʻlganda, eng kam ish haqining uch baravari;
yer uchastkasi maydoni 0,05 gektardan 0,1 gektargacha boʻlganda, eng kam ish haqining toʻrt baravari;
yer uchastkasi maydoni 0,1 va undan koʻp gektar boʻlganda, eng kam ish haqining besh baravari miqdorida.
Yer uchastkasini tanlash materialarini tayyorlash ishlarining ushbu band bilan belgilangan qiymati auksionda yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqining ushbu Nizomning 87-bandida belgilangan tartibda realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
6. Tumanlar (shaharlar) hokimliklarining taqdimnomasiga koʻra, vakolatli organlar yer uchastkasini tanlash materiallarini “YERELEKTRON” AAT orqali faqat elektron shaklda kelishadi va ular boʻyicha xulosalar beradi.
Vakolatli organlar tomonidan yer uchastkasini tanlash materillarini kelishish va (yoki) ular boʻyicha xulosalar berish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi organlarining ekologik ekspertizadan oʻtkaziladigan obyektlarni qurishga yer uchastkasini tanlash materiallari boʻyicha xulosa berishi uchun toʻlov undirilmaydi.
7. Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi tumanlar (shaharlar) hokimliklarining “YERELEKTRON” AAT orqali berilgan buyurtmanomalari boʻyicha operator tomonidan auksionga qoʻyiladi.
Operator operator va tegishli tuman (shahar) hokimligi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq auksionni tashkil etish xizmatlarini koʻrsatadi.
Auksionni tashkil etish shartnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan tasdiqlanadi.
Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi auksionga ushbu Nizomga muvofiq yer uchastkasini tanlash materiallarini vakolatli tashkilotlar bilan kelishuvga asosan har bir yer uchastkasi boʻyicha alohida qoʻyiladi.
2-bob. Auksionlarda realizatsiya qilish uchun yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash
1-§. Boʻsh yer uchastkalari roʻyxatini shakllantirish va yer uchastkalarini tanlash materiallarini qurilish organlari bilan kelishish tartibi
8. Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiallari yerlarni xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra, boʻsh yer uchastkalari roʻyxatini tuzadi va har oyning birinchi sanasigacha “YERELEKTRON” AAT orqali tumanlar (shaharlar) hokimliklariga har oyda yuboradi.
9. Har bir yer uchastkasi boʻyicha roʻyxatga quyidagilar ilova qilinadi:
yer uchastkasi, jumladan, maydoni (gektarda), yer uchastkasining yer fondi toifasi, mavjud majburiyatlar, qaysi maqsadda moʻljallanayotganligi, ball bonitet va boshqalar haqida qisqacha maʼlumot;
yer uchastkasini topografik xaritada (koordinatali nuqtalari bilan), bunday xarita boʻlmagan taqdirda — Google xaritada yer uchastkasining chegaralari va manzillarini (aholi punkti va koʻchalar, koʻcha boʻlmaganda esa mavjud obyektdan metr hisobidagi masofa koʻrsatiladi) M 1:500 dan M 1:1000 cha boʻlgan kattalikda koʻrsatilgan holda joylashtirish rejasi;
chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari koʻrsatilgan vaziyat bilan bogʻliq sxema;
yer uchastkasining kamida ikki tomondan oʻrab turgan obyektlar bilan fotosurati (15x20 sm).
Har bir yer uchastkasiga oʻziga xos raqam beriladi.
10. Roʻyxatga ilovalarda ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan barcha materiallar mavjud boʻlmasa yoki ular tegishli sifatda (boshqa kattalikda, noaniq tasvirda) taqdim etilmasa, tuman (shahar) hokimligi yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filialiga kelgusi ish kunidan kechiktirmasdan tegishli yer uchastkasiga oid materiallarni bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklarni koʻrsatilgan holda, qayta tayyorlash uchun elektron shaklda yuboradi.
Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiali tuman (shahar) hokimligi koʻrsatgan barcha kamchiliklarni besh ish kunida bartaraf etadi va materiallarni tuman (shahar) hokimligiga “YERELEKTRON” AAT orqali takroran yuboradi.
11. Tuman (shahar) hokimligi ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan barcha materiallar bilan birga roʻyxatni olgandan soʻng besh ish kunida yer uchastkalaridan maqsadli foydalanishni belgilaydi va ular boʻyicha materiallarni ushbu Nizomning 13-14 bandlariga binoan hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashining xulosasini yoki qarorini olish uchun tuman (shahar) qurilish boʻlimiga, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasiga yuboradi, ushbu Nizomning 12-bandida qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
12. Roʻyxatga kiritilgan ayrim boʻsh yer uchastkalari tuman (shahar) hokimligi tomonidan ulardan maqsadli foydalanishdan kelib chiqqan holda boʻlinishi mumkin.
Bunda tuman (shahar) hokimligi yer uchastkalari roʻyxati olingandan soʻng uch ish kuni mobaynida yer uchastkasini boʻladi va materiallarni yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filialiga boʻlingan yer uchastkalari boʻyicha ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan yangi materiallarni tayyorlash uchun yuboradi.
Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiali ikki ish kuni davomida boʻlingan yer uchastkalari boʻyicha yangi materiallarni tayyorlaydi, boʻlingan yer uchastkalariga oʻziga xos raqamlar beradi va materiallarni tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
Tuman (shahar) hokimligi boʻlingan yer uchastkalari boʻyicha materiallarni olgandan soʻng keyingi kundan kechiktirmasdan ularni ushbu Nizomning 13-14-bandlariga muvofiq hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashining xulosasini yoki qarorini olish uchun tuman (shahar) qurilish boʻlimi (boshqarmasi)ga yuboradi.
13. Shaharsozlik hujjati mavjud boʻlgan taqdirda tuman (shahar) qurilish boʻlimi, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasi uch ish kuni davomida har bir yer uchastkasi boʻyicha xulosa tuzadi va uni tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
Xulosada shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etish talablari bayon etiladi.
14. Shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmagan taqdirda tuman (shahar) qurilish boʻlimi tuman (shahar) hokimligidan materiallarni olgandan soʻng kelgusi ish kunidan kechiktirmasdan ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar qurilish bosh boshqarmasiga hududiy arxitektura shaharsozlik kengashida (keyingi oʻrinlarda kengash deb ataladi) koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Kengash besh ish kunidan kechiktirmasdan navbatdagi majlisda har bir yer uchastkasi boʻyicha materiallarni koʻrib chiqadi.
Kengash qarori (majlis bayoni) u qabul qilingandan soʻng keyingi kundan kechiktirmasdan tuman (shahar) qurilish boʻlimiga, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasiga yuboriladi va u shu kuni kengash qarori bilan tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
15. Tuman (shahar) qurilish boʻlimining, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan xulosasi va kengash qarori (bayoni) tumanlar (shaharlar) hokimliklariga “YERELEKTRON” AAT orqali elektron shaklda yoki nusxasi koʻchirilgan shaklda yuboriladi. Bunda xulosa (qaror) ijobiy yoki salbiy sifatida berilishi mumkin.
Ijobiy xulosada (qarorda) yer uchastkasidan foydalanish huquqi egasiga nisbatan shaharsozlik va boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etish talablari bayon etiladi.
Salbiy xulosada (qarorda) qonunchilikning muayyan normalariga tayangan holda boʻsh yer uchastkasini ajratish imkoni yoʻqligining asoslangan sabablari koʻrsatiladi.
16. Boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallari boʻyicha kengash xulosasi yoki qarori ushbu Nizomning 13-14-bandlarida belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda yer uchastkasini tanlash materiallari maʼqullangan hisoblanadi, ular boʻyicha xulosa va qarorlar esa ijobiy deb topiladi. Bunda tuman (shahar) qurilish boʻlimi, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasi va kengash raisi boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi uchun, shuningdek, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilmasligi uchun shaxsan javob beradi.
17. Tuman (shahar) qurilish boʻlimi, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi salbiy xulosa yoki kengash salbiy qaror chiqargan taqdirda, tuman (shahar) hokimligi boʻsh yer uchastkasi materiallariga ishlov berish, shu jumladan berilgan xulosaga (kengash qaroriga) muvofiq boʻsh yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirish huquqiga ega.
Kengashning berilgan salbiy xulosasi yoki qarorida boʻsh yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirish nazarda tutilgan boʻlsa, tuman (shahar) hokimligi uch ish kunidan kechiktirmasdan boʻsh yer uchastkasining belgilangan maqsadini qayta koʻrib chiqadi va boʻsh yer uchastkasini tanlash boʻyicha yangilangan materiallarni ushbu Nizomning 13-14-bandlarida belgilangan tartibda kengashning xulosasi yoki qarorini olish uchun tuman (shahar) qurilish boʻlimiga, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasiga takroran yuboradi.
Agarda, kengashning salbiy xulosasi yoki qarorida boʻsh yer uchastkasining boshqa parametrlarini (konturni oʻzgartirish, boʻlish, muhofaza etiladigan hudud va boshqalar) oʻzgartirish toʻgʻrisida talablar nazarda tutilgan boʻlsa, tuman (shahar) hokimligi xulosa yoki qaror olingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi tuman (shahar) filialiga qayta ishlash uchun yuboradi.
Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiali uch ish kuni davomida boʻsh yer uchastkasini tanlash materialiga ishlov beradi va ularni tuman (shahar) hokimligiga takroran yuboradi. Yer uchastkasini tanlash materiallariga ishlov berish va yangi materiallar tayyorlash ishlari uchun toʻlov undirilmaydi.
Qayta ishlagan materiallar olingandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tuman (shahar) hokimligi boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini ushbu Nizomning 13-14-bandlarida belgilangan tartibda kengashning xulosasi yoki qarorini olish uchun tuman (shahar) qurilish boʻlimi, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga takroran yuboradi.
2-§. Boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini vakolatli tashkilotlar bilan kelishish tartibi
18. Tuman (shahar) hokimligi tuman (shahar) qurilish boʻlimi, Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasi ijobiy xulosa berganda yoki kengash ijobiy qaror qabul qilgan taqdirda, boʻsh yer uchastkalari boʻyicha materiallarni quyidagi vakolatli organlarga yuboradi:
a) xulosa olish uchun:
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimiga, Toshkent shahrida — Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga;
tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (boʻlimining) yongʻin xavfsizligi boʻlimiga, Toshkent shahrida — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining yongʻin xavfsizligi boshqarmasiga;
tuman (shahar) davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlariga, Toshkent shahrida — Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga;
tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasiga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga;
b) kelishish uchun:
tuman (shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlariga;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniy meros boshqarmalariga;
(18-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2019-y., 09/19/265/2858-son)
tegishli hududlar va inshootlaridan rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmatining hududiy organlariga.
Aholi punktlarida obyektlar qurish uchun boʻsh yer uchastkalarini tanlash materiallari boʻyicha Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatining hamda tuman ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlimining (boshqarmasining) xulosasini olish talab etilmaydi. Zero, ularning joylashuvi bosh rejasida, shuningdek, batafsil rejalashtirish loyihalarida belgilangan boʻladi hamda shaharsozlik hujjati eksplikatsiyasida nazarda tutilgan funksional maqsadiga mos keladi.
19. Vakolatli tashkilotlar boʻsh yer uchastkalari boʻyicha taqdim etilgan materiallarni besh ish kuni mobaynida kelishadi yoki tegishli xulosalar beradi.
20. Vakolatli tashkilotlarning xulosalari “YERELEKTRON” AAT orqali vakolatli tashkilotning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda yoki nusxasi tumanlar (shaharlar) hokimliklariga yuboriladi.
Xulosalar ijobiy yoki salbiy boʻlishi mumkin.
Ijobiy xulosada yer uchastkasidan foydalanish huquqi egasiga nisbatan shaharsozlik, sanitariya, tabiatni muhofaza qilish, yongʻinga qarshi va boshqa norma hamda qoidalarga rioya etish talablari bayon etiladi.
Salbiy xulosada qonunchilikning muayyan normalariga tayangan holda boʻsh yer uchastkasini ajratish imkoni yoʻqligining asoslangan sabablari koʻrsatiladi.
Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining xulosasi boʻsh yer uchastkasi joylashgan hudud, uning toifasi, boniteti va boshqa parametrlardan kelib chiqqan holda, qonunchilikda yuridik shaxslar uchun belgilangan yer soligʻi yillik stavkasining hisob-kitobini oʻz ichiga olishi lozim.
21. “YERELEKTRON” AATda materiallar tegishli yer uchastkasi boʻyicha vakolatli tashkilotning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlash orqali kelishiladi.
Kelishuv hech qanday eʼtiroz va shartlarsiz amalga oshiriladi.
Kelishuv rad etilgan holatda tuman (shahar) hokimligiga “YERELEKTRON” AAT orqali qonunchilikning muayyan normalariga tayangan holda, boʻsh yer uchastkasini ajratish imkoni yoʻqligining asoslangan sabablari koʻrsatilgan xat yuboriladi. Kelishuv rad etilgan xat tumanlar (shaharlar) hokimliklariga “YERELEKTRON” AAT orqali vakolatli tashkilotning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron shaklda yoki uning koʻchirilgan nusxasi yuboriladi.
22. Boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallari kelishilmaganda (yoki kelishishni rad etish taqdim etilmaganda) yoki ular boʻyicha xulosalar taqdim etilmaganda, ushbu Nizomning 19-bandida belgilangan muddat davomida boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallari kelishilgan, ular yuzasidan xulosalar esa ijobiy hisoblanadi. Vakolatli tashkilotlar rahbarlari tumanlar (shaharlar) hokimlaridan boʻsh yer uchastkalari boʻyicha olingan materiallarning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi hamda oʻz vaqtida koʻrib chiqilmasligi uchun shaxsan javobgarlik yuklanadi.
23. Vakolatli organ bilan kelishilmaganda yoki salbiy xulosa olinmaganda, tuman (shahar) hokimligi boʻsh yer uchastkasini tanlash materialini qayta ishlab, ularni ushbu Nizomning 24-25-bandlarida belgilangan tartibda takroran kelishish (ular boʻyicha xulosa olish) huquqiga ega.
24. Vakolatli tashkilotlar salbiy xulosa bergan taqdirda yoki kelishuvni rad etish toʻgʻrisida xat yoʻllagan taqdirda, tuman (shahar) hokimligi vakolatli tashkilotlarning eʼtirozlaridan kelib chiqqan holda uch ish kuni davomida boʻsh yer uchastkasining belgilagan maqsadini va uni tanlash materiallarini qayta koʻrib chiqib, vakolatli tashkilotlarning xulosa va xatlarini ilova qilgan holda ularni yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filialiga qayta ishlash uchun yuboradi.
Bunday holatlarda yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiali uch ish kuni davomida boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini qayta ishlaydi va tuman (shahar) hokimligiga takroran yuboradi.
Boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini qayta ishlash va yangi materiallar tayyorlash ishlari uchun toʻlov undirilmaydi.
25. Tuman (shahar) hokimligi boʻsh yer uchastkasining belgilangan maqsadi qayta koʻrib chiqilgandan soʻng yoki qayta ishlangan materiallar olingach, keyingi ish kunidan kechiktirmasdan boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini ushbu Nizomning 11 — 22-bandlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun vakolatli tashkilotlarga takroran yuboradi. Takroran yuborilgan materiallar ikki ish kunida koʻrib chiqilishi shart.
3-§. Boʻsh yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tuman (shahar) hokimining vakolatiga kirmaydigan boʻsh yer uchastkalari boʻyicha materiallarni kelishish tartibi
26. Ushbu Nizomning 28 — 30-bandlariga muvofiq roʻyxatda nazarda tutilgan boʻsh yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tuman (shahar) hokimi vakolatiga kirmagan taqdirda tuman (shahar) hokimligi vakolatli tashkilotlarning ijobiy kelishuv yoki ijobiy xulosasi olingandan soʻng keyingi ish kunidan kechikmasdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionda realizatsiya qilish orqali yer uchastkasi ajratish uchun taqdimnoma yuboradi.
27. Taqdimnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallari;
tuman (shahar) qurilish boʻlimining, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi xulosasi yoki kengash qarori;
vakolatli tashkilotlarning xulosalari va vakolatli tashkilotlar bilan ijobiy kelishuv toʻgʻrisidagi axborot.
Taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlar “YERELEKTRON” AAT orqali elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron shaklda yoki ularning koʻchirilgan nusxalari yuboriladi.
28. Tuman hokimining vakolatiga quyidagi yerlarni ajratish kiradi:
a) zaxira yerlardan;
b) bir nafar yerdan foydalanuvchiga quyidagi yerlardan 10 gektargacha yer uchastkasi ajratish kiradi:
qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun moʻljallangan yerlardan, tubdan yaxshilash ishlari amalga oshirilgan sugʻoriladigan yerlar, pichanzorlar va yaylovlar bundan mustasno;
oʻrmon fondi yerlaridan, oʻrmon oʻsimliklari bilan qoplangan yerlar bundan mustasno;
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsaddagi yerlardan;
suv fondi yerlaridan.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga quyidagi yerlarni ajratish kiradi:
kadastr qiymati oʻrtacha tuman bonitetidan 20 foizdan ortiq alohida qiymatga ega unumdor sugʻoriladigan yerlar;
muhofaza etiladigan hududlar (tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekratsion maqsadlardagi) egallagan va tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yerlar;
shahar atrofidagi va shaharning yashil hududlaridagi yerlar;
ilmiy tadqiqot tashkilotlari va oʻquv yurtlarining tajriba yerlari;
oʻrmon oʻsimligi bilan qoplangan yerlar.
30. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakolatiga ushbu Nizomning 28-29-bandlarida nazarda tutilmagan yer uchastkalarini ajratish kiradi.
31. Taqdimnomada qayd etilgan boʻsh yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakolatiga kirgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlar kelib tushgandan soʻng uch ish kunida ularni koʻrib chiqadi va quyidagilar haqida qaror qabul qiladi:
tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqining auksionga qoʻyilishiga roziligi toʻgʻrisida;
tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli boʻsh yer uchastkalarining belgilangan maqsadi oʻzgartirilgandan soʻng ulardan doimiy foydalanish huquqining auksionga qoʻyilishiga roziligi toʻgʻrisida;
tegishli boʻsh yer uchastkalaridan foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishini asoslangan sabablar koʻrsatilgan holda rad etish toʻgʻrisida.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori keyingi ish kunidan kechiktirmasdan “YERELEKTRON” AAT orqali tegishli taqdimnoma kiritgan tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi.
32. Taqdimnomada qayd etilgan boʻsh yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kirgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni olgandan soʻng keyingi kundan kechiktirmasdan “YERELEKTRON” AAT orqali Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqlarini auksionga qoʻyish imkoniyatini koʻrib chiqish haqida xat yuboradi.
Xatga tuman (shahar) hokimligining taqdimnomasi va ushbu Nizomning 27-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinadi.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan xat olingandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tegishli materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashiga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi koʻrib chiqish natijalari boʻyicha besh ish kuni davomida Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar haqida protokol qaror (xulosa) yuboradi:
tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishi mumkinligi toʻgʻrisida;
tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli boʻsh yer uchastkalarining belgilangan maqsadlari oʻzgartirilgandan soʻng ulardan doimiy foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishi mumkinligi toʻgʻrisida;
tegishli boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini asoslangan sabablar koʻrsatilgan holda auksionga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida.
Bunda tuman (shahar) hokimligi tomonidan boʻsh yer uchastkalari auksionga qoʻyilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi protokol qarorga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ilova qilinadi.
34. Tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli boʻsh yer uchastkalarining belgilangan maqsadlari oʻzgartirilgandan soʻng ulardan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi protokol qarorga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi besh ish kuni davomida tuman (shahar) hokimligi tomonidan auksionga qoʻyilishiga roziligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori keyingi kundan kechiktirmasdan “YERELEKTRON” AAT orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, tegishli taqdimnoma kiritgan tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan ushbu Nizom 33-bandining toʻrtinchi, beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qarorlar qabul qilingan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ularni keyingi ish kunidan kechiktirmasdan “YERELEKTRON” AAT orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, tegishli taqdimnoma kiritgan tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
35. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu Nizom 31-bandining uchinchi xatboshida nazarda tutilgan qarorni yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi ushbu Nizom 33-bandining toʻrtinchi xatboshida nazarda tutilgan protokol qarorini chiqarganda, tuman (shahar) hokimligi uch ish kuni davomida boʻsh yer uchastkasining belgilangan maqsadini qayta koʻrib chiqadi hamda boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini vakolatli tashkilotlar bilan ushbu Nizomning 11 — 25-bandlarida belgilangan tartibda kelishish (xulosa olish) uchun takroran yuboradi.
Boʻsh yer uchastkasini tanlash boʻyicha takroran yuborilgan materiallar vakolatli tashkilotlar tomonidan ikki ish kunida koʻrib chiqilishi lozim.
Vakolatli tashkilotlar bilan boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallari kelishilgandan (xulosa olingandan) soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ushbu Nizomning 26 — 34-bandlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun takroran yuboriladi.
4-§. Boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga realizatsiya qilish uchun qoʻyish tartibi
36. Barcha vakolatli tashkilotlar bilan kelishilgach yoki ularning ijobiy xulosalari olingach, tegishli boʻsh yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish tuman (shahar) hokimi vakolatiga kirmaydigan holatda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishiga rozilik toʻgʻrisidagi qarori olingandan soʻng tuman (shahar) hokimligi ikki ish kuni davomida boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga realizatsiya qilish uchun qoʻyishga doir materiallar tayyorlanishini taʼminlaydi.
37. Boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionda realizatsiya qilish uchun qoʻyishga doir materiallar ushbu Nizomning 38 — 40-bandlarida belgilangan tartibda tayyorlanadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
boʻsh yer uchastkasining minimal qiymatini aniqlash;
auksion shaklini (ochiq yoki yopiq) belgilash;
boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionda realizatsiya qilish uchun qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
boʻsh yer uchastkasidan foydalanish huquqini ushbu Nizomga muvofiq auksionga realizatsiya qilishga qoʻyish uchun zarur boshqa hujjatlarni tayyorlash.
38. Yer uchastkasining minimal qiymati tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining xulosasida koʻrsatilgan yer soligʻi yillik stavkasining miqdorini va ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq belgilanadigan boʻsh yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlashga doir ishlar qiymatini oʻz ichiga oladi.
Yer uchastkasining minimal qiymati boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyishda boshlangʻich narx hisoblanadi.
39. Roʻyxatga kiritilgan boʻsh yer uchastkalarining kamida 20 foizi yopiq auksionlarda realizatsiya qilinadi.
Yopiq auksionlarda auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) roʻyxatga olingan (doimiy yashaydigan) yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etish huquqiga ega.
Auksionni oʻtkazish shakli toʻgʻrisidagi qaror tuman (shahar) hokimligi tomonidan ushbu band talablari inobatga olingan holda, auksionga qoʻyiladigan har bir boʻsh yer uchastkasi boʻyicha qabul qilinadi.
40. Boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror tuman (shahar) hokimi tomonidan qabul qilinadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
boʻsh yer uchastkasining oʻziga xos raqami va joylashgan joyi;
boʻsh yer uchastkasi kiradigan yerlar toifasi;
boʻsh yer uchastkasining maydoni (gektarda);
boʻsh yer uchastkasining belgilangan maqsadi;
Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlariga binoan auksionga qoʻyiladigan yer uchastkalari boʻyicha — boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyish uchun asos;
boʻsh yer uchastkasining minimal qiymati;
auksion shakli;
yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi egasining majburiyatlari, shu jumladan vakolatli tashkilotlar xulosalarida qayd etilgan majburiyatlar, shuningdek, ajratilgan yer uchastkasida obyektlar va inshootlarni qurish muddatlariga oid talablar;
yer uchastkasi boʻyicha mavjud cheklovlar;
investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar;
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoniga asosan oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
yer uchastkasidan foydalanish shartlari va tartibiga taalluqli boshqa axborot.
41. Tuman (shahar) hokimining boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionda realizatsiya qilish uchun qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan soʻng tuman (shahar) hokimligi keyingi ish kunidan kechikmasdan operatorga yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini sotish boʻyicha auksion tashkil qilish haqidagi elektron buyurtmanomani ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda taqdim etadi.
Buyurtmanoma tuman (shahar) hokimining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi va “YERELEKTRON” AAT orqali operatorga yuboriladi.
42. Buyurtmanomaga quyidagilar elektron (koʻchirilgan) shaklda ilova qilinadi:
a) tuman (shahar) hokimining boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionda realizatsiya qilish uchun qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori;
b) ushbu Nizomning 29-30-bandlarida nazarda tutilgan boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilishda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining tegishli qarorlari;
v) boʻsh yer uchastkasi toʻgʻrisida qisqa axborot, shu jumladan uning oʻziga xos raqami, maydoni (gektarda), belgilagan maqsadi, boʻsh yer uchastkasi kiradigan yer fondi toifasi, mavjud chegaralari, ball boniteti va boshqalar;
g) boʻsh yer uchastkasining chegaralari va manzili (aholi punkti va koʻchalar, koʻchalar mavjud boʻlmaganda esa mavjud obyektdan masofa metrda koʻrsatiladi) koʻrsatilgan boʻsh yer uchastkasini joylashtirish rejasi;
d) chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari koʻrsatilgan vaziyat bilan bogʻliq sxema;
e) boʻsh yer uchastkasining kamida ikki tomondan oʻrab turgan obyektlar bilan fotosurati (15x20 sm);
j) vakolatli tashkilotlarning xulosalari;
z) boʻsh yer uchastkasini ifodalaydigan boshqa hujjatlar, shuningdek, yer uchastkasidan foydalanish shartlari va tartibi.
43. Buyurtmanomaga ushbu Nizomning 42-bandida nazarda tutilgan barcha hujjatlar ilova qilinmaganda yoki ular tegishli ravishda rasmiylashtirilmaganda, operator elektron shakldagi buyurtmanomani olgandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan buyurtmanomani tuman (shahar) hokimligiga bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklarni koʻrsatgan holda qaytaradi.
Tuman (shahar) hokimligi operator tomonidan qayd etilgan barcha kamchiliklarni bir hafta muddatda bartaraf etib, elektron buyurtmanomani ushbu Nizomning 42-bandi talablariga muvofiq takroran yuboradi.
44. Tuman (shahar) hokimligi buyurtmanomani taqdim etish bilan bir vaqtning oʻzida:
bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishi toʻgʻrisidagi axborotni tarqatadi;
“YERELEKTRON” AAT orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishi haqidagi axborotni ushbu Nizomning 42-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi jismoniy va yuridik shaxslarni auksionda ishtirok etishga keng jalb qilishga doir choralarni koʻradi, shu jumladan tuman (shahar) hokimligidan olingan hujjatlar va axborotni auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanoma joylashtiriladigan Internet portal manziliga tayangan holda oʻz rasmiy veb-saytlarida majburiy tartibda joylashtiradi.
3-bob. Auksionni tashkil qilish va oʻtkazish
1-§. Auksionni tashkil qilish va oʻtkazishning umumiy shartlari
45. Boʻsh yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha auksion savdolari faqat savdo maydonida auksion shaklida oʻtkaziladi.
Auksionlar ularda Internet tarmogʻi orqali ishtirok etish imkonini beradigan va buyurtmanomalarni qabul qilish hamda gʻoliblarni aniqlash jarayonlariga aralashish imkoniyatlarini istisno qiluvchi maxsus dasturiy mahsulotdan foydalangan holda oʻtkaziladi.
46. Auksionlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabar va lot haqidagi axborot ular boshlanishidan avval 30 kalendar kunidan kechiktirmasdan operatorning veb-portalida joylashtiriladi.
47. Auksionlarda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron buyurtmanomani taqdim etish va zakalat kiritish orqali ishtirok etiladi.
Ochiq auksionlarda barcha yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishga haqli.
Yopiq auksionlarda elektron auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) doimiy yashovchi (roʻyxatga olingan) jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etish huquqiga ega.
48. Auksion narxlarni oshirish prinsipi boʻyicha oʻtkaziladi.
49. Boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi auksionga yer uchastkasining tuman (shahar) hokimi qarorida (buyurtmanomasida) koʻrsatilgan minimal qiymat boʻyicha qoʻyiladi.
Ushbu Nizomda nazarda tutilgan holatlar va tartibda elektron auksion oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilganda boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi auksionga pasaytirilgan narxda qoʻyiladi.
50. Operator auksionni tashkil qilish xizmatlari uchun shartnomada belgilanadigan miqdorda, ammo boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini sotish summasining besh foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda mukofot oladi.
2-§. Auksionni oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani joylashtirish
51. Operator tuman (shahar) hokimligidan buyurtmanoma va unga belgilangan talablarga mos keladigan hujjatlarni olgandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan oʻz veb-portalida auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomani joylashtiradi.
52. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma operator veb-portalida u oʻtkazilishidan kamida 30 kalendar kun avval joylashtirilishi va veb-portalda auksion boshlanishidan oldin joylashtirilishi lozim.
Tegishli lot boʻyicha auksion boshlangach, veb-portalda avtomatik rejimda auksion boshlangani toʻgʻrisidagi axborot qoʻyiladi.
Auksion nihoyasiga yetgandan soʻng veb-portalda avtomatik rejimda auksionning tugash vaqti va uning natijalari haqidagi axborot qoʻyiladi.
53. Xabar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi zarur:
a) auksion oʻtkaziladigan sana, jumladan, uning boshlanish va tugash vaqti;
b) lot raqami va nomi;
v) auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni qabul qilish sanasi va tugash vaqti;
g) auksion shakli (ochiq yoki yopiq);
d) auksion obyekti haqida axborot, yaʼni aynan:
yer uchastkasining oʻziga xos raqami;
boʻsh yer uchastkasini joylashtirish rejasiga muvofiq chegara va manzil koʻrsatilgan holda, boʻsh yer uchastkasining maydoni (gektarda) va joylashgan joyi;
boʻsh yer uchastkasi kiradigan yerlar toifasi;
yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqiga ega shaxsning majburiyatlari, shu jumladan vakolatli tashkilotlar xulosalarida qayd etilgan majburiyatlar, shuningdek, ajratilgan yer uchastkasida obyektlar va inshootlarni qurish muddatlariga taalluqli majburiyatlar;
yer uchastkasi boʻyicha mavjud cheklovlar;
yer uchastkasidan foydalanish shartlari va tartibiga oid boshqa axborot;
e) yer uchastkasining belgilangan maqsadi;
j) yer uchastkasining minimal qiymati;
z) boshlangʻich narx;
i) boshlangʻich narxdan foiz koʻrinishida va qatʼiy summada ifodalangan qadam bahosi;
k) zakalat pulining boshlangʻich narxdan foiz koʻrinishida va qatʼiy summada ifodalangan miqdori, zakalat puli oʻtkazilishi lozim boʻlgan operatorning bank hisobvaragʻi rekvizitlari;
l) boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyishga asos boʻlgan qarorni chiqargan tuman (shahar) hokimligining nomi, manzili va telefon raqami;
m) tuman (shahar) hokimining qarori boʻyicha qoʻshimcha axborot;
54. Operatorning veb-portalida barcha xohlovchilarga xabarnoma va lot boʻyicha batafsil maʼlumot, shuningdek, ushbu Nizomning 42-bandida koʻrsatilgan hujjatlar bilan erkin tanishish imkoniyati taʼminlanishi lozim.
Shuningdek, operatorning veb-portalida elektron auksionni oʻtkazish qoidalari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Operator aholini ommaviy axborot vositalari orqali, shuningdek, boshqa usullarda elektron auksionlarda ishtirok etish tartibi haqida muntazam tanishtirib boradi.
3-§. Auksionda ishtirok etish shartlari
55. Elektron auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab operatorning veb-portalida avtomatik tarzda qabul qilinadi va auksionni oʻtkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13-00 da) yakunlanadi.
Qabul qilish uchun belgilangan muddat oʻtgandan keyin kelib tushgan buyurtmalar qabul qilinmaydi.
56. Buyurtmanomalar elektron koʻrinishda mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda beriladi.
Buyurtmanoma elektron raqamli imzo bilan imzolanadi. Buyurtmanomada zakalat puli toʻlanganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining rekvizitlari albatta koʻrsatiladi.
Buyurtmachi buyurtmanomaga zakalat puli toʻlanganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining elektron (skaner qilingan) nusxasini ilova qilishi mumkin.
Bunda toʻlov hujjatining toʻlov maqsadida zakalat puli toʻlanayotgan lot raqami koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Bir nechta auksion obyektlari boʻyicha zakalat puli ularning har biri boʻyicha alohida toʻlov hujjatlari bilan toʻlanadi.
Elektron auksionni oʻtkazish qoidalarida auksion ishtirokchisiga shaxsiy kabinetda kiritilgan zakalat puli va zakalat kiritiladigan lotning toʻliq narxi toʻlanganing hisobi yuritiladigan shaxsiy hisobraqam ochish nazarda tutilishi mumkin.
57. Elektron auksionda ishtirok etish uchun zakalat yer uchastkasi minimal qiymatining 20 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisobraqamiga oʻtkaziladi.
58. Buyurtmachi buyurtmanoma qabul qilish muddatidan kechiktirmasdan mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakldagi va elektron raqamli imzo bilan imzolangan xabarnomani operatorga yuborish orqali auksionda ishtirok etish buyurtmanomasini oʻzgartirish yoki chaqirib olishga haqli.
Auksionda ishtirok etishga buyurtmanoma chaqirib olingan hollarda operator toʻlangan zakalat pulini buyurtmanoma chaqirib olingan kundan boshlab, uch ish kunidan kechiktirmay ishtirokchiga qaytaradi. Zakalat puli buyurtmachining auksionda ishtirok etishga bergan buyurtmanomasida koʻrsatilgan bank hisob raqamiga qaytariladi.
Buyurtmachiga qaytarilgan zakalat puli buyurtmachi tomonidan bank hisob raqami rekvizitlari notoʻgʻri koʻrsatilgani yoki boshqa sabablarga koʻra operatorning bank hisob raqamiga qayta kelib tushgan taqdirda, operator bank rekvizitlari toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlar soʻrovnomasini yuborib, ishtirokchini bu haqda xabardor qiladi. Mazkur holatda zakalat puli buyurtmachiga oʻzining bankdagi hisob raqami rekvizitlarini aniq koʻrsatib, murojaat qilgan kundan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmay qaytariladi.
59. Ishtirok etish uchun buyurtma qabul qilingandan keyin u quyidagi talablarga rioya etilganligi yuzasidan tekshiriladi:
buyurtmanoma belgilangan talablarga muvofiq toʻldirilganligi, shuningdek, elektron raqamli imzoning buyurtmanoma bergan shaxsga tegishliligi va haqiqiyligi (shu jumladan amal qilishi toʻxtatilishi, bekor qilinishi);
zakalat pulining operator hisob raqamiga tushishi, shuningdek, zakalat kiritilganini tasdiqlaydigan toʻlov hujjati rekvizitlari, undagi toʻlov maqsadida koʻrsatilgan lot raqamining buyurtmanomada koʻrsatilgan toʻlov hujjati rekvizitlari va lot raqamiga muvofiqligi;
yopiq auksionni oʻtkazishda — auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) yashaydigan yoki roʻyxatga olingan jismoniy yoxud yuridik shaxslarning buyurtmanoma taqdim etgani;
buyurtmanomani xabarnomada koʻrsatilgan buyurtmanoma berish muddati tugaguniga qadar berish.
Buyurtmanoma dastur yordamida avtomatik tarzda tekshiriladi. Tekshiruv natijalari va qabul qilingan qaror haqida buyurtmachiga zudlik bilan xabar qilinadi, ushbu bandning yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Agar, dastur yordamidagi tekshiruvlar natijalariga koʻra buyurtmaning barcha talablarga muvofiqligi, biroq operatorning bankdagi hisob raqamiga zakalat puli kelib tushmaganligi aniqlansa, operator bu haqda buyurtmachini zudlik bilan xabardor qiladi va buyurtmanoma boʻyicha ikki ish kunidan kechiktirmay yakuniy qaror qabul qilinishi kerakligini maʼlum qiladi.
60. Buyurtma mazkur Nizomning 59-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq kelgan taqdirda operator zudlik bilan buyurtmachiga auksionda ishtirok etishiga ruxsat beradi, shuningdek, elektron pochta orqali buyurtmachini auksion ishtirokchisi maqomini olganligi haqida qoʻshimcha ravishda xabardor qiladi.
Auksion ishtirokchilariga auksionda ishtirok etishda foydalanish uchun shaxsiy tartib raqamlar beriladi.
61. Buyurtmanoma mazkur Nizomning 59-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq kelmagan taqdirda, operator zudlik bilan (buyurtma berilgan paytda zakalat puli operatorning bankdagi hisobraqamiga kelib tushmagan hollarda ikki ish kuni davomida) buyurtmachining auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanomasini rad etadi va bu haqda unga elektron xat bilan bildirishnoma yuboradi.
Bunda buyurtmachi kamchiliklarni bartaraf qilgandan soʻng xabarnomada koʻrsatilgan buyurtmanoma qabul qilish vaqti yakunlanguniga qadar auksionda ishtirok etishga buyurtmanomani takroran yuborishga haqli.
62. Operator buyurtmalar va unga ilova qilingan hujjatlarning saqlanishini, shuningdek, ular sir tutilishini taʼminlaydi.
Buyurtmanomalarni qabul qilish davrida, shuningdek, auksionni oʻtkazish davomida operatorning veb-portalida auksion ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlarni (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, yuridik shaxsning nomi va pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, ishtirokchini aniqlash imkonini beradigan boshqa maʼlumotlarni) aks ettirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-§. Auksionda ishtirok etish tartibi
63. Auksion operatorning veb-portalidagi xabarnomada koʻrsatilgan kunda va vaqtda boshlanadi.
64. Auksion unga qoʻyilgan ikki va undan ortiq ishtirokchi mavjud boʻlganda oʻtkaziladi.
65. Auksion ish kuni mobaynida soat 9.00 dan soat 18.00 gacha oʻtkaziladi.
66. Boshlangʻich narx bilan boʻsh yer uchastkasining minimal qiymatiga teng narx belgilanadi, ushbu Nizomning 76-bandi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
67. Auksion qadami auksion obyektining boshlangʻich narxining besh foizni tashkil etadi.
68. Auksion uning ishtirokchilaridan lotni boshlangʻich narxdan bitta qadamga oshirilgan narxda sotib olish boʻyicha taklifni tasdiqlashni soʻrashdan boshlanadi.
69. Agar taklif berilgandan keyin 10 daqiqa davomida auksion ishtirokchilaridan biri belgilangan qadamga oshirilgan lot narxini tasdiqlasa, keyingi taklifni tasdiqlash uchun vaqt yana 10 daqiqaga uzaytiriladi.
70. Agar, tasdiqlangan oxirgi taklifdan soʻng 10 daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi boʻyicha taklif auksion ishtirokchilarining birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, auksion auksion natijalari haqidagi bayonnomani avtomatik tarzda shakllantirgan holda yakunlanadi. Lot narxi boʻyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi auksion gʻolibi deb topiladi.
701. Auksion ishtirokchilariga navbatdagi stavkani dastlab belgilangan qadamdan 5, 10 yoki 20 baravar miqdorda mustaqil belgilash imkoniyati beriladi.
(701-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi 63-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2019-y., 09/19/63/2541-son)
71. Agar, lot narxini oshirish boʻyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan auksion ishtirokchisi buni elektron onlayn-auksionni oʻtkazish vaqti yakunlangunga oʻn daqiqadan kam qolganda amalga oshirgan boʻlsa, auksionni oʻtkazish vaqti oxirgi taklif tasdiqlangan paytdan boshlab keyingi oʻn daqiqaga uzaytiriladi. Keyingi har bir taklif elektron onlayn-auksionni oʻtkazish vaqtini oʻn daqiqadan uzaytirib boradi. Biroq, bunda elektron onlayn auksionni oʻtkazish vaqti 3 soatdan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va auksion 21-00 soatga qadar yakunlanishi lozim. Lot narxi boʻyicha oxirgi taklifni soat 21-00 ga qadar bildirgan ishtirokchi auksion gʻolibi deb topiladi.
72. Auksionni oʻtkazishga toʻsqinlik qiladigan yagona elektron savdo maydonchasida texnik uzilish sodir boʻlgan hollarda, auksion oʻtkazish sanasi va vaqti haqida auksion ishtirokchilariga xabar berilgan holda auksion texnik uzilish bartaraf qilingan kundan keyingi kunda davom ettiriladi.
73. Elektron onlayn-auksion yakunlanganda operatorning veb-portalida avtomatik tarzda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
lotning boshlangʻich narxi;
oxirgi va oxirgidan oldin tasdiqlangan takliflar (oxirgi va oxirgidan oldingi qadamlarni hisobga olgan holda auksion ishtirokchilari tomonidan tasdiqlangan takliflar boʻyicha shakllangan narxlar);
auksion gʻolibining hamda oxirgidan oldin taklifni tasdiqlagan ishtirokchining familiyasi, ismi, otasining ismi yoki nomi.
74. Auksion quyidagi hollarda oʻtkazilmagan deb topiladi:
auksionda ishtirok etish uchun uning birorta ham ishtirokchisi qoʻyilmagan boʻlsa, shu jumladan unda ishtirok etish uchun bironta ariza kelib tushmagan boʻlsa;
auksionda ishtirok etishga faqat bir nafar ishtirokchi qoʻyilgan boʻlib, u auksion obyektini mazkur Nizomning 77-bandida belgilangan tartibda sotib olishdan bosh tortgan boʻlsa;
auksion ishtirokchilaridan hech qaysi biri yer uchastksidan foydalanish huquqini auksion jarayonidan taklif etilgan narxda sotib olish istagini bildirmasa;
yopiq auksion natijalari haqidagi bayonnoma rasmiylashtirilgunga qadar operatorga auksion gʻolibi auksionga qoʻyilgan yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) doimiy yashamasligi (roʻyxatga olinmagani) maʼlum boʻlsa;
auksion gʻolibi va mazkur Nizomning 53-bandida belgilangan tartibda yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini sotib olish taklif etilgan oxiridan oldingi taklifni bildirgan ishtirokchi uning bahosini belgilangan muddatda toʻliq toʻlamasa.
75. Auksion oʻtkazilmagan deb topilganda, operatorning veb-portalida bu haqida uning sabablari, shuningdek, lotning boshlangʻich narxi koʻrsatilgan maʼlumot aks ettiriladi.
76. Auksion oʻtkazilmagan deb topilganda, boʻsh yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi mazkur Nizomning 51 — 77-bandlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan auksionga takroran qoʻyiladi.
Bunda:
yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi ochiq auksion ushbu Nizom 74-bandining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra oʻtkazilmagan deb topilishi sababli realizatsiya qilinmasa, takroriy auksionlarda auksion obyektining boshlangʻich narxi 10 foizga, ammo yer uchastkasi minimal qiymatining 50 foizidan kamaytirilmaydi;
yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi ochiq auksion ushbu Nizom 74-bandining beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra oʻtkazilmagan deb topilishi sababli realizatsiya qilinmasa, shuningdek, yopiq auksion ham oʻtkazilmagan deb topilganda, auksion obyekti takroriy auksionga boʻsh yer uchastkasining minimal qiymatiga teng boshlangʻich narxda qoʻyiladi;
yopiq auksion ushbu Nizom 74-bandining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra ikki marta oʻtkazilmagan deb topilgan hollarda, keyingi takroriy auksion ochiq auksion shaklida oʻtkaziladi.
77. Agar, buyurtma berish muddati tamom boʻlishi paytiga kelib buyurtmanoma faqat bitta ishtirokchi tomonidan berilgan boʻlsa, operator auksion oʻtkaziladigan kunda ushbu ishtirokchiga elektron shaklda auksion obyektini baholash qiymati boʻyicha sotib olish va besh ish kuni mobaynida uning haqini toʻlash toʻgʻrisida taklifni yuboradi.
Agarda, ishtirokchi besh ish kuni mobaynida auksion obyekti qiymatini toʻliq toʻlasa, u auksion gʻolibi deb topiladi va unga ushbu Nizomning 79-80-bandlarida belgilangan tartibda auksion natijalari haqida bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Auksion ishtirokchisi taklif yuborilgan paytdan boshlab, besh ish kuni mobaynida operatorni auksion obyektini sotib olish istagi yoʻqligi toʻgʻrisida xabardor qilsa yoki shu muddat mobaynida yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqining qiymatini toʻliq toʻlamasa, auksion obyektini sotib olishni rad etgan deb topiladi.
5-§. Hisob-kitob qilish va auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi
78. Auksion gʻolibi auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, auksion obyektining qiymatini toʻliq toʻlashi va operatorga pul mablagʻlari oʻtkazilganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining elektron (skaner qilingan) nusxasini joʻnatishi lozim.
Bunda ushbu lot boʻyicha avval toʻlangan zakalat puli mol-mulk qiymatiga qoʻshib hisoblanadi.
79. Gʻolib auksion obyekti qiymatini toʻliq toʻlagandan soʻng operator keyingi ish kunidan kechiktirmasdan:
maxsus blankada auksion natijalari haqidagi bayonnomani rasmiylashtiradi, uni muhr bilan tasdiqlaydi va bir nusxasini auksion gʻolibiga topshiradi (yoki auksion gʻolibining roziligiga koʻra pochta joʻnatmasi bilan yuboradi). Bir vaqtning oʻzida bayonnomaning elektron nusxasi gʻolibning shaxsiy kabinetiga va tuman (shahar) hokimligiga “YER ELEKTRON” AAT yoki yagona himoyalangan “E-XAT” elektron pochtasi orqali yuboriladi;
(79-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi 63-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2019-y., 09/19/63/2541-son)
maxsus blankada auksion natijalari haqidagi bayonnomani rasmiylashtiradi, uni muhr bilan tasdiqlaydi va bir nusxasini auksion gʻolibiga topshiradi (yoki auksion gʻolibining roziligiga koʻra pochta joʻnatmasi bilan yuboradi). Bayonnomaning yana bir nusxasi auksion natijalari haqida xabardor qilgan holda, tuman (shahar) hokimligiga belgilangan tartibda yuboriladi, ikkinchi nusxasi operatorda qoladi.
80. Auksion natijalari haqidagi bayonnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
a) oʻtkazilgan auksion sanasi toʻgʻrisida;
b) tuman (shahar) hokimligining mol-mulk auksionga qoʻyishga asos boʻlgan qarori toʻgʻrisida;
v) auksion gʻolibi toʻgʻrisida;
g) auksion obyekti toʻgʻrisida, shu jumladan:
yer uchastkasining oʻziga xos raqami, maydoni va joylashgan joyi;
yer uchastkasining belgilangan maqsadi;
yer uchastkasida bino va inshootlarni qurish muddati;
investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar;
(80-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan yuklamalar va boshqa shartlar toʻgʻrisida.
81. Auksion natijalari haqidagi bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega boʻlib, yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va ushbu yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini gʻolib nomiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
82. Agar, auksion natijalariga koʻra, auksion gʻolibi besh ish kuni ichida auksion obyekti qiymatini toʻliq toʻlamasa va toʻlov toʻlanganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining nusxasini taqdim etmasa, operator keyingi kalendar kundan kechiktirmay oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisiga elektron shaklda u auksion davomida taklif etgan narxda auksion obyektini qiymatini besh ish kuni ichida toʻlashni taklif qiladi.
Yopiq auksion natijalari haqidagi bayonnoma rasmiylashtirilguniga qadar operatorga auksion gʻolibi auksionga qoʻyilgan yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) doimiy yashamasligi (roʻyxatga olinmagani) maʼlum boʻlsa, oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisiga ham shu mazmundagi xat yuboriladi.
Agar, oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisi besh ish kuni ichida auksion obyektining qiymatini toʻliq toʻlasa, u auksion gʻolibi deb topiladi va unga mazkur Nizomning 79-80-bandlarida belgilangan tartibda auksion natijalari haqidagi bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Agar, auksion ishtirokchisi besh ish kuni ichida auksion obyektini sotib olish istagi yoʻqligi toʻgʻrisida operatorni xabardor qilsa yoki ushbu muddat ichida uning qiymatini toʻliq toʻlamasa, auksion obyektini sotib olishdan bosh tortgan deb hisoblanadi.
6-§. Zakalat pulini qaytarish tartibi va shartlari
83. Ushbu Nizomning 84 va 85-bandlarida koʻrsatilgan hollardan tashqari, auksion yakunlanganidan yoki oʻtkazilmagan deb topilganidan soʻng zakalat puli quyidagilarga qaytariladi:
oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisiga — auksion yakunlangan kundan boshlab 12 ish kuni ichida;
auksionda ishtirok etishga qoʻyilgan yagona ishtirokchiga — xabarnomada koʻrsatilgan auksion oʻtkazish kunidan boshlab 6 ish kuni ichida;
boshqa ishtirokchilarga — auksion yakunlangan yoki oʻtkazilmagan deb topilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida.
Bunda zakalat puli auksion ishtirokchisining arizasiga asosan aynan shu lot boʻyicha takroriy auksionda qatnashish uchun operatorning bank hisob raqamida qoldirilishi mumkin.
84. Auksion obyektining qiymatini mazkur Nizomning 77, 78 va 82-bandlarida belgilangan tartibda toʻliq toʻlagan auksion ishtirokchilariga zakalat puli qaytarilmaydi va mol-mulk qiymatiga qoʻshib hisoblanadi.
85. Auksion obyektining qiymatini mazkur Nizomning 78 va 82-bandlarida belgilangan tartibda toʻliq toʻlamagan auksion ishtiroklariga, shuningdek, mazkur Nizomning 74-bandi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan auksion ishtirokchilariga zakalat puli qaytarilmaydi va operatorning tasarrufida qoladi.
4-bob. Yer uchastkasini ajratish va yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash
86. Tumanlar (shaharlar) hokimlari operatordan auksion natijalari haqidagi bayonnomani olgandan soʻng va yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan pul mablagʻlari tushgach uch ish kuni davomida:
tushgan pul mablagʻlarini ushbu Nizomning 87-bandida belgilangan tartibda taqsimlaydi;
gʻolibga ushbu Nizomning 88-bandiga muvofiq doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisida qaror chiqaradi;
hokimiyat veb-saytida auksion gʻolibiga yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorni eʼlon qiladi.
87. Tuman (shahar) hokimligi, yer uchastkasini realizatsiya qilishdan mablagʻlar kelib tushgandan soʻng bir ish kuni mobaynida:
pul mablagʻlarini (yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov summasini chegirgan holda) Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining va tegishli mahalliy budjetlarning maxsus gʻaznachilik hisobvaraqlariga oʻtkazadi;
yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov summasini tegishli yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining bank hisob raqamiga oʻtkazadi, ularning 20 foizi “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus gʻaznachilik hisob raqamiga (4001) yoʻnaltiriladi.
(87-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi 63-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2019-y., 09/19/63/2541-son)
88. Yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarorda yer uchastkasini doimiy foydalanishga taqdim etish shartlari, shu jumladan auksion gʻolibining yer uchastkasidan belgilangan maqsadda foydalanish, ajratilgan yer uchastkasida bino va inshootlarni belgilangan muddatlarda barpo etish, vakolatli tashkilotlar tomonidan tuzilgan xulosalarda nazarda tutilgan talablarga rioya etish toʻgʻrisidagi majburiyatlari, shuningdek, ushbu majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari albatta koʻrsatiladi.
Yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarorga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish tarmoq grafigi ilova qilinadi.
(88-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
Bunda yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorga auksionni oʻtkazish haqidagi xabarnomada avval nazarda tutilmagan talablar va majburiyatlarni kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Auksion gʻolibi yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan majburiyatlarga rioya etmagan holatlarda, ushbu yer uchastkasi qonunchilikda belgilangan tartibda auksion gʻolibining xarajatlarini qoplamasdan olib qoʻyiladi.
(88-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
89. Yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida yer uchastkasini tanlash materiallari ilova qilingan qaror u qabul qilingandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filialiga auksion gʻolibining nomiga yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini davlat roʻyxatiga olish uchun yuboriladi.
90. Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiali yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorni olgandan soʻng ikki ish kuni davomida:
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va gʻolibga yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatiga olish haqidagi guvohnomani belgilangan tartibda beradi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestriga auksion gʻolibining investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlari toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
(90-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
91. Auksion gʻolibining yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarorda qayd etilgan majburiyatlarni bajarishini tuman (shahar) hokimliklari nazorat qiladi.
911. Agar yer uchastkasiga boʻlgan huquq investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bilan sotilgan taqdirda, yer uchastkalarini, shu jumladan unda qurilgan bino va inshootlarni investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilguniga qadar begonalashtirish, garovga qoʻyish, yuridik shaxslarning ustav fondlariga kiritish yoki boshqacha tarzda tasarruf etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(911-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
92. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan bahs-munozaralar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
93. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun boʻsh yer uchastkalarini elektron auksion orqali berish
SXEMASI
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha elektron auksion tashkil etish uchun
ELEKTRON BUYuRTMANOMA
20__ yil “____” __________ da ___________tuman (shahar) hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK oʻrtasida tuzilgan ____-son shartnomaga muvofiq, shuningdek, ____________ tuman (shahar) hokimining 20__ yil “____” __________ dagi qaroriga binoan ___________ tuman (shahar) hokimligi quyidagi yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini elektron auksionda realizatsiya qilish uchun ushbu buyurtmanomani taqdim etadi: 1. Yer uchastkasining oʻziga xos raqami ______; 2. Yer uchastkasining maydoni _______ga; 3. Yer uchastkasi joylashgan joy ___________________________________; _____________________________________________________________; 4. Belgilangan maqsadi ___________________________________________; 5. Yerning toifasi ______________________________________________; 6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarorining raqami va sanasi (yer uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qaroriga binoan auksionga qoʻyilganda) __________________________________________________________________; 7. Elektron auksion shakli ____________________________; 8. Yer uchastkasining minimal qiymati (soʻmda) _____________; 9. Elektron auksion gʻolibining majburiyatlari: 9.1. Bino va inshootlarni barpo etish muddati ___________________________; 9.2. Doimiy foydalanish huquqi egasiga vakolatli tashkilotlarning xulosalariga muvofiq qoʻyiladigan talablar:_______________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ ______________________________________________________________ . 9.3. Yer uchastkasidan foydalanish shartlari va tartibiga taalluqli boshqa talablar _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ _______________________________________________________________________________________ ______________________________________________________________________________________. 10. Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar oʻtkazilishi mumkin boʻlgan bank hisob raqamining rekvizitlari: Bank nomi ____________________________________________ Bank MFO ____________________________________________________ Bank hisob raqami ______________________________________. 12. Tuman (shahar) hokimligining manzili va bogʻlanish uchun maʼlumotlari (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqalar) _______________________________________________________________________________________ ______________________________________________________________________________________.
Buyurtmanoma 20____ yil “_______” ______________ da taqdim etildi.
____________________ tuman (shahar) hokimi ______________________
(F.I.O.)
ERI____________________
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Elektron auksionda ishtirok etish uchun
ELEKTRON BUYuRTMANOMA
1. ___________________________________________________________________________ (yuridik shaxs uchun — toʻliq nomi, yuridik manzili, bank
_____________________________________________________________________________ rekvizitlari; jismoniy shaxs uchun — F.I.O., yashash joyi) (keyingi oʻrinlarda ishtirokchi deb ataladi), sotish toʻgʻrisida elektron auksion oʻtkazilishi haqidagi xabarnoma bilan tanishdim:
hujjat boʻyicha elektron auksionda ishtirok etish uchun zakalat pulini toʻlab ____________________________________________________________________________, (toʻlov hujjatining rekvizitlari)
Yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha elektron auksion oʻtkazish qoidalari (keyingi oʻrinlarda Qoidalar deb ataladi) bilan tanishib, 20__ yil “____” _______________ soat ____ ____ daqiqada ____________veb-saytida oʻtkaziladigan elektron auksionda ishtirok etish uchun ushbu buyurtmanomani qabul qilishingizni soʻraydi.
2. Ishtirokchi elektron auksionda ishtirok etish uchun ushbu buyurtmanomani taqdim etib, elektron auksionni oʻtkazish boʻyicha Qoidalarda keltirilgan shartlarga rozilik beradi.
3. Ishtirokchi elektron auksion gʻolibi deb topilganda, u auksionda shakllantirilgan lot bahosini toʻliq toʻlashni va toʻlov hujjatining nusxasini auksion yakunlangandan soʻng besh ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etishni zimmasiga oladi.
Shuningdek, agar ishtirokchining stavkasi oxirgidan oldingi boʻlsa, boshqa gʻolib auksion obyekti uchun toʻlovni belgilangan muddatlarda toʻlamasa yoki auksionda ishtirok etish huquqiga ega boʻlmaganda, ishtirokchi besh ish kuni davomida ishtirokchi taklif qilgan narxda lot bahosini toʻliq toʻlashni va toʻlov hujjatining nusxasini taqdim etishni zimmasiga oladi.
4. Ishtirokchi auksionga qoʻyilayotgan obyekt joylashgan tumanda (shaharda) doimiy yashashini (roʻyxatga qoʻyilganini) tasdiqlaydi (jismoniy shaxs yopiq auksionda qatnashishga buyurtmanoma berganda).
Ishtirokchi ishtirokchining yuridik manzili auksionga qoʻyilayotgan obyekt joylashgan tumanda (shaharda) roʻyxatga olinganini tasdiqlaydi (jismoniy shaxs yopiq auksionda qatnashishga buyurtmanoma berganda).
Ishtirokchi uning maʼlumotlari notoʻgʻri boʻlgan taqdirda, auksion natijalari haqiqiy emas deb topilishi va zakalat puli qaytarib berilmasligi haqida ogohlantirildi.
5. Ishtirokchi elektron auksionga qoʻyilgan yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan realizatsiya qilinayotgani toʻgʻrisida xabardor qilindi va ishtirokchi auksion gʻolibi deb topilganda unga yuklanadigan talab hamda majburiyatlarga rioya etishni zimmasiga oldi.
6. Ishtirokchi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydoni operatoridan har qanday bildirishnomani ishtirokchi elektron pochtasining quyidagi manzilida olishini rasman tasdiqladi ____________________________________________________________________________.
(elektron pochta manzili)
Ishtirokchi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydoni operatori ushbu elektron pochta manziliga yuborgan bildirishnomalar joʻnatilgan vaqtda rasman olingan deb hisoblanishini va “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydoni ishtirokchi ushbu bildirishnomalarni oʻz vaqtida oʻqimagani uchun javob bermasligini tasdiqlaydi.
7. Zakalat pulini qaytairish uchun ishtirokchining bank rekvizitlari:
Bank nomi ________________________________________________
Bank MFO ________________________________________________
Bankning hisob raqami_______________________________________
Ilova: 1. Ishtirokchi elektron auksion oʻtkazilishi haqidagi bildirishnomada koʻrsatilgan bank hisob raqamiga zakalat pulini oʻtkazganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining elektron (skaner qilingan) nusxasi.
Toʻldirilgan sana _______________________
Ishtirokchining ERI________________________
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Elektron auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanomani chiqarib olish toʻgʻrisida
____________ ga (elektron auksion oʻtkaziladigan sana) belgilangan _____-son lot boʻyicha elektron auksionda ishtirok etish uchun oʻz buyurtmanomasini chaqirib oladi.
Sana ___________________
Ishtirokchining ERI_________
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi 493-son qaroriga 2-ILOVA
“YERELEKTRON” AAT avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulanadigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) hokimliklari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻlikni saqlash vazirligi va uning hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya markazlari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK.
13. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK.
14. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ.
15. “Oʻztransgaz” AJ.
16. “Oʻzbekenergo” AJ.
17. Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish boshqarmasining mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boʻlinmalari.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi 493-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2018-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida yer uchastkalari ajratish tartibini yanada takomillashtirish va ulardan maqsadli foydalanish chora- tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 22-avgustdagi 189-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2008-y., 34-son, 335-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarga Toshkent shahrida shaharsozlik meʼyorlari va qoidalariga muvofiq yer uchastkalari berish amaliyotini oʻrganish komissiyasi tomonidan Toshkent shahrida yer uchastkasi berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 31-dekabrdagi 292-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatida yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari ajratish tartibini yanada takomillashtirish va ulardan maqsadli foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 20-yanvardagi 16-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., N 4, 24-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarga Toshkent viloyatida shaharsozlik meʼyorlari va qoidalariga muvofiq yer uchastkalari berish amaliyotini oʻrganish komissiyasi tomonidan Toshkent shahrida yer uchastkasi berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2009-yil 18-fevraldagi 45-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., 8-son, 78- modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston milliy avtomagistrali boʻylab yoʻl infratuzilmasi va servisini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 22-oktabrdagi 277-son qarorining 2-bandi va qarorga 2-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., 43-son, 458-modda).
6. Vazirlar Mahkamasining “Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 7-fevraldagi 31-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 2-son, 7-modda).
7. Vazirlar Mahkamasining “Hisob-kitob (smeta) qiymati oshirib yuborilgan obyektlar boʻyicha xulosalar tayyorlash va ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 7-fevraldagi 32-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 2-son, 8-modda).
8. Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek obyektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora- tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 25-fevraldagi 54-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 2-son, 13-modda)*.
9. Vazirlar Mahkamasining Qurilish sohasida ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish tartibotlarini amalga oshirish muddatlari va qiymatini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 30-maydagi 150-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 5-son, 33-modda) 2-ilova.
10. Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 4-iyundagi 154-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 6-son, 35-modda).
11. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-son Farmoni)” 2013-yil 9-sentabrdagi 244-son qaroriga 1-ilovaning 60, 64 va 87-bandlari (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 9-son, 64-modda).
12. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 7-yanvardagi 1-son qarori) 2014-yil 3-iyundagi 138-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 6-son, 56-modda) ilovaning 20-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kadastr hujjatlarini tayyorlash boʻyicha davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 10-iyuldagi 186-son qarori)” 2014-yil 6-noyabrdagi 309-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 46-son, 551- modda) ilovaning 4-bandi.
14. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 31-dekabrdagi 377-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 1-son, 9- modda) 43-bandi.
15. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibotlarini va qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 7-oktabrdagi 285-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 10-son, 89-modda).
16. Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyati va qishloq xoʻjaligidan boshqa ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berishning, bino va inshootlarning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni (fasadini taʼmirlashni) kelishishning, shuningdek obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga, turar joyni noturar joy toifasiga oʻtkazishga ruxsatnomalar berishning umumiy belgilangan tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 9-martdagi 70-son qaroriga 4-ilovaning 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 3-son, 17- modda).
17. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini loyihalashtirish ishlarini va ekspertizadan oʻtkazishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 22-yanvardagi 15-son qarori)” 2016-yil 23-maydagi 166-son qaroriga ilovaning 7-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 5-son, 41-modda).
18. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-son Farmoni)” 2017-yil 25-martdagi 155-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 3-son, 33- modda) 1-ilovaning 1, 3 va 15-bandlari.
19. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2778-son qarori)” 2017-yil 11-maydagi 270-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda) 1-ilovaning 33 va 34-bandlari.
20. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining yer uchastkalari ajratish amaliyotini oʻrganish komissiyalari tarkiblarini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirishlar kiritish haqida” 2017-yil 19-iyuldagi 523-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 29-son, 704-modda).
21. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi va uning tizimidagi tarkibiy boʻlinmalar hamda respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 31-son, 781-modda) 11-ilovaning 10-bandi.
22. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son Farmoni)” 2017-yil 16-avgustdagi 638-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda) 1-ilovaning 56-bandi.
23. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi PF-5065-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora- tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi PQ-3024-son qarori)” 2017-yil 29-avgustdagi 679-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 35-son, 931- modda) ilovaning 19-bandi.
24. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 21-apreldagi PF-5024-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi faoliyatini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-son qarori)” 2017-yil 14-noyabrdagi 915-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 46- son, 1134-modda) 1-ilovaning 48-bandi.
25. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Toshkent viloyatida tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari ajratish tartibotlarini soddalashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 10-yanvardagi 20-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 1-son, 8-modda) ilovaning 1 — 3-bandlari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining qarorlarida nazarda tutilgan davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini berish tartibiga binoan barpo etilayotgan muayyan turdagi obyektlarni qurishga oid qismi 2018-yil 10-sentabrgacha boʻlgan muddatga uzaytiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 09/18/493/1426-son, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2019-y., 09/19/63/2541-son; 01.04.2019-y., 09/19/265/2858-son, 10.08.2019-y., 09/19/653/3535-son; 22.10.2019-y., 09/19/885/3940-son)