Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yerlardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni maqbul joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yer uchastkalarini berish tartib-taomillari noshaffof va byurokratiyalashtirilgan boʻlib qolmoqda, bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlarning zamonaviy meʼmoriy qiyofasini yaratishda yerlardan samarali foydalanishga toʻsqinlik qilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan yer uchastkalarini berishdagi huquqbuzarliklar yoki ularni asossiz olib qoʻyish bilan bogʻliq koʻplab murojaatlar yer uchastkalarini berishning tanlov tartibi lozim darajada yoʻlga qoʻyilmaganligini koʻrsatmoqda.
Vakolatli organlar faoliyatida yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish va kelishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan toʻliq hajmda foydalanish taʼminlanmayapti, bu esa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarining choʻzilishiga va byurokratik toʻsiqlarga sabab boʻlmoqda.
Koʻpchilik aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari mavjud emasligi, eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan shaharsozlik normalari va qoidalari kompleks qurish talablariga rioya etilmasligiga va aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasi yomonlashuviga olib kelmoqda.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlardagi byurokratik tartib-taomillar va toʻsiqlarni qisqartirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Shunday tartib belgilansinki, unga koʻra:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk yoki ijara huquqi asosida berish “E-AUKSION” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi, Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yer uchastkalarini ijaraga berish hollari bundan mustasno;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni yigʻish, koʻrib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan xolda elektron shaklda amalga oshiriladi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda qonun hujjatlari normalarini va amaliyotda ularni qoʻllashdagi mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilish asosida yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni birxillashtirish boʻyicha qaror qabul qilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga beriladigan yer uchastkalarini ajratish boʻyicha materiallarni yigʻish va vakolatli tashkilotlar bilan kelishish tartib-taomillarini bajarish boʻyicha avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etishni, shuningdek, uni “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi bilan integratsiya qilishni;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion oʻtkazish orqali berilishini tashkil etishni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
aholi punktlarining bosh rejalari loyihalariga, qishloq (ovul) fuqarolar yigʻinlari hududlarini arxitektura-rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga boʻlgan talablarni loyihalarning tarkibini, ularni kelishish tartibi va muddatlarini soddalashtirgan, shuningdek, aholi punktlarini rivojlantirish va qurishni rejalashtirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish narxlarini pasaytirgan holda tubdan qayta koʻrib chiqishni;
aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha ishlarni moliyalashtirishda tadbirkorlik subyektlari — davlat-xususiy sheriklik ishtirokchilariga batafsil rejalashtirish loyihalarida koʻrsatilgan chegaralar doirasida yer uchastkalarini olishga ustunlik huquqini taqdim qilgan holda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishni;
aholi punktlari bosh rejalaridan, qishloq (ovul) fuqarolar yigʻinlari hududlarini arxitektura-rejalashtirishni tashkil etish loyihalaridan ularning ochiq grafik qismini Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari veb-saytlarida eʼlon qilish orqali hammaning foydalanish imkoniyatini taʼminlashni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Quyidagilar:
hisob-kitob (smeta) qiymati 2 milliard soʻm va undan yuqori boʻlgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlash;
qurilish (rekonstruksiya, kapital taʼmirlash) qiymati oldin eʼlon qilingan qiymatidan oshgan ijtimoiy va fuqarolik ahamiyatiga ega obyektlar boʻyicha xulosalar berish tartibi bekor qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-dekabrdagi “Ijtimoiy va fuqaro obyektlarini loyihalash va qurishda tegishli tartib oʻrnatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1666-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-aprel,
PQ-3677-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2018-y., 07/18/3677/1093-son, 12.10.2018-y., 06/18/5552/2038-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)