|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.06.2019
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 531-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 28-martdagi 87-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining ustavi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshida Yuristlar malakasini oshirish markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 21-iyuldagi 364-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-iyundagi 118-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 12-iyul,
212-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyuldagi 212-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida”gi 1997-yil 25-iyundagi PF–1791-son Farmoni bilan tashkil etilgan.
2. Markaz adliya va sud organlari hamda advokatura xodimlarini, huquqshunos professor-oʻqituvchilarni, shuningdek davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlarini (yuriskonsultlarini) qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan davlat taʼlim muassasasidir.
3. Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda Adliya vazirligining buyruqlari, yoʻriqnomalari, koʻrsatmalari, shuningdek ushbu Ustavga asosan amalga oshiradi.
4. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan mustaqil tuzilmasi boʻlib, oʻz balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochilgan hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga hamda oʻz faoliyati uchun zarur boshqa belgilar va rekvizitlarga ega boʻladi.
5. Markaz bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga boʻysunadi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi.
6. Markazning nomi:
davlat tilida — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi;
ingliz tilida — Lawyersʼ Training Center under the Ministry of Justice of the Republic of Uzbekistan;
rus tilida — Sentr povisheniya kvalifikatsii yuristov pri Ministerstve yustitsii Respubliki Uzbekistan.
7. Markazning manzili: Toshkent shahri, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 15-uy.
II. Markazning maqsadlari, vazifalari va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
(II boʻlimning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
8. Adliya va sud organlari hamda advokatura xodimlarini, huquqshunos professor-oʻqituvchilarni, shuningdek davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlarini (yuriskonsultlarini) qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markaz faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
81. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tinglovchilarni amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan oxirgi oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan, sud, huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida huquqni qoʻllashning zamonaviy mamlakatimiz va xorijiy tajribasi bilan tanishtirish;
nazariy tayyorgarlikning sud faoliyati amaliyoti bilan chambarchas oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash, oʻquv jarayonida olingan nazariy bilimlarni amaliyotda yaxshi oʻzlashtirib olish uchun tegishli respublika, viloyatlar, tumanlar sudlaridagi sudyalikka nomzodlarning stajirovkasini tashkil etish;
oʻquv, ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va amalga oshirish uchun respublikaning yetakchi taʼlim, tadqiqot muassasalari, sud organlari, shuningdek xorijiy mamlakatlarning jinoyat, fuqarolik, xoʻjalik va maʼmuriy sud ishlarini yuritish sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarini jalb etish, shu jumladan kontrakt asosida jalb etish.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
9. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda adliya, sud, yuridik xizmat, advokatura boʻyicha huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
zaxirada boʻlgan va ilk bor fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo (shahar) va jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlar raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudi hamda viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining sudyalari lavozimlariga taqdim etilayotgan shaxslarni maxsus kurslarda oʻqitish;
sudyalar lavozimiga zaxirada turgan yoki birinchi marta tayinlangan (saylangan) shaxslarni sud faoliyati koʻnikmalariga tayyorlashni, qonun hujjatlarining mazmuni va mohiyati, huquqni qoʻllash amaliyoti va amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari toʻgʻrisidagi chuqur bilimlarni egallab olishini taʼminlash;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
yuridik oliy taʼlim muassasalari huquqshunoslik fanlari professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish;
boshqa soha mutaxassislarining huquqiy bilimlarini oshirish boʻyicha shartnoma asosida oʻqishlar tashkil etish;
huquqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
huquqshunos kadrlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalar ishlab chiqish va taqdim qilish;
huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish.
III. Markazning huquqlari
10. Markaz oʻz maqsadi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tegishli vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlardan statistikaga oid maʼlumotlar hamda zarur materiallarni olish uchun murojaat qilish;
yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-uslubiy ishlarni belgilangan tartibda tashkil qilish va ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
oʻquv-uslubiy, ilmiy-amaliy va madaniy aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish yuzasidan hamkorlik qilish maqsadida oliy taʼlim muassasalari hamda xorijiy davlatlar muassasalari bilan shartnomalar tuzish;
ajratilgan budjet mablagʻlari hamda oʻz mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda zarur jihoz va anjomlarni sotib olish;
oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy maqolalar toʻplamlarini nashr qilish;
tejab qolingan mablagʻlarni, shuningdek shartnoma asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarni oʻzining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga, yangi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar va boshqa adabiyotlar sotib olishga, nashr etishga, xodimlarni ragʻbatlantirishga sarflash;
noshirlik faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshirish, davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirish, sud-huquq tizimining dolzarb muammolari boʻyicha davriy, ilmiy-nazariy va amaliy nashrlar chiqarish;
oʻquv-uslubiy ishlarga yuqori malakali huquqshunos olimlarni, tajribali amaliyotchi xodimlar va xorijdan mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy oʻquv dasturlariga asosan oʻquv dasturlarini mustaqil ishlab chiqish, professor-oʻqituvchilar tarkibini belgilash;
(10-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
oʻz faoliyatini rivojlantirish uchun modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasini, ijtimoiy rivojlantirish jamgʻarmasini, moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasini, valyuta ajratmalari jamgʻarmasini tashkil qilish. Mazkur mablagʻlar olib qoʻyilishi mumkin emas, ular kelgusida foydalanish uchun yigʻiladi;
xalqaro konferensiya, simpozium, seminar va anjumanlarni tashkil qilish hamda ularda ishtirok etish.
Markaz Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
IV. Markaz tuzilmasi va boshqaruv organlari
11. Markaz tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi;
Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi;
Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi;
Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi;
Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi;
Oʻquv-uslubiyot boʻlimi;
Xalqaro aloqalar boʻlimi;
Axborot-kompyuter boʻlimi;
Nashriyot boʻlimi;
Buxgalteriya;
Kutubxona;
Xoʻjalik boʻlimi;
kadrlar boʻyicha katta inspektor.
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Markazda qoʻshimcha ravishda boshqa kafedralar, boʻlimlar, laboratoriyalar ochilishi mumkin.
12. Markaz faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktori ikki oʻrinbosarga ega: oʻquv-uslubiy va ilmiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosar hamda moliya-iqtisod va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosar.
13. Markaz direktori va uning oʻrinbosarlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
14. Markaz direktori oʻz vakolati doirasida qonun hujjatlariga muvofiq buyruqlar chiqaradi va ularning bajarilishini taʼminlaydi.
Direktor qonun hujjatlari va mazkur Ustavga muvofiq:
Markaz nomidan ish olib boradi, barcha tashkilotlarda uning huquqlarini himoya qiladi;
direktor oʻrinbosarlari oʻrtasida Markaz tuzilmasiga asosan vazifalarni taqsimlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ajratilgan mablagʻlar va ish haqi fondi doirasida lavozim maoshlari sxemasini, shtatlar jadvalini, shuningdek Markaz taʼminoti xarajatlari tizimini, maxsus mablagʻlar smetasini, shu jumladan tinglovchilarga turli pulli xizmatlar koʻrsatish xarajatlarini tasdiqlaydi hamda ularga oʻzgartirishlar kiritadi;
xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
Markaz xodimlari uchun oylik maosh tizimi va ragʻbatlantirish jamgʻarmasini taqsimlaydi;
Markazning mol-mulki, mablagʻlarini tasarruf qiladi;
shartnomalarni imzolaydi, ishonch qogʻozlari beradi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida Markaz hisob raqamlarini ochadi;
belgilangan tartibda modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasini, ijtimoiy rivojlantirish va valyuta ajratmalari jamgʻarmasini tashkil qiladi;
yuqori malakali professor-oʻqituvchilarga, ilmiy xodimlar va boshqa xodimlarga moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi hisobidan tarif stavkasining yuz foizigacha miqdorda oylik ustama belgilaydi;
Markaz xodimlarini mukofotlaydi va zarur hollarda ularga nisbatan intizomiy choralar koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ichki mehnat tartibini belgilaydi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq qoʻshimcha taʼtil muddatini belgilaydi;
tinglovchilar uzoq vaqt sababsiz mashgʻulotlarga qatnashmagan yoki ichki tartib-qoidalarni buzgan taqdirda, ularni tinglovchilar safidan chiqaradi va bu haqda ularning ish joyiga maʼlumot yuboradi;
ilmiy kengashlar, konferensiya, simpozium, seminar va anjumanlarda Markaz nomidan qatnashadi;
Ilmiy kengash ishiga rahbarlik qiladi;
ilmiy tadqiqotchilarni Markazga biriktirish masalalarini koʻrib chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Markaz direktorining oʻquv-uslubiy va ilmiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari:
Markaz kafedralari va Oʻquv-uslubiyot boʻlimi, Xalqaro aloqalar boʻlimi faoliyatiga rahbarlik qiladi;
oʻquv jarayonini tashkil qilishga bevosita rahbarlik qiladi;
tinglovchilarni oʻqitish taqsimot-rejalari loyihalarini tayyorlaydi;
oʻquv rejalarini ishlab chiqadi;
oʻquv-uslubiyot boʻlimi xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi ularning ishini nazorat qilib boradi;
xorijiy davlatlar taʼlim muassasalari bilan aloqa oʻrnatish va ular bilan hamkorlik qilish ishlariga javob beradi;
Markaz professor-oʻqituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari tomonidan olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻnaltirib boradi;
Markazning Ilmiy kengashi ish rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Ilmiy kengash muhokamasiga kiritadi;
Markazning oʻquv-uslubiy va ilmiy ishlari boʻyicha hisobotlar tayyorlaydi;
direktorning topshirigʻiga koʻra boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16. Markaz direktorining moliya-iqtisod va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari:
Markazning Axborot-kompyuter boʻlimi, Nashriyot boʻlimi, Buxgalteriya, Kutubxona, Xoʻjalik boʻlimiga rahbarlik qiladi;
xoʻjalik ishlarini tashkil etadi;
Markaz faoliyati bir maromda borishi uchun uni kerakli jihozlar bilan taʼminlaydi;
Markaz binolaridan talab darajasida foydalanish, binolarni zarur taʼmirlash va kapital qurilish ishlarini tashkil qiladi hamda ularning bajarilishini taʼminlaydi;
Markazning xoʻjalik shartnomalari majburiyatlari bajarilishini taʼminlaydi, xoʻjalik faoliyati boʻyicha bank operatsiyalari amalga oshirilishini tashkil etadi;
Markazning moliya-xoʻjalik ishlari toʻgʻrisidagi rejalari va hisobotlarini tayyorlaydi;
direktorning topshirigʻiga koʻra boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17. Markaz kafedralari, boʻlimlari va boshqa tarkibiy tuzilmalari direktor tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida ish olib boradi.
18. Markaz faoliyatiga taalluqli muhim masalalarni hal qilish uchun direktor, uning oʻrinbosarlari, kafedra mudirlari, kasaba uyushma qoʻmitasi raisi, yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat tarkibda Ilmiy kengash tuziladi.
19. Ilmiy kengash oʻz faoliyatini Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan Ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizom asosida olib boradi. Ilmiy kengash ishi yillik ish rejasiga muvofiq tashkil qilinadi.
Ilmiy kengash:
mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar va sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish hamda huquqshunos mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarini hal qiladi;
ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama qiladi va Markaz nomidan xulosa beradi;
Markaz ilmiy tadqiqotchilarining mavzularini tasdiqlaydi, ularni kafedralarga biriktiradi;
kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar oʻtkazadi;
professor-oʻqituvchilarni ilmiy unvonlarga tavsiya qiladi;
belgilangan tartibda Markazning faxriy doktori darajasini beradi;
namunaviy oʻquv dasturlarini koʻrib chiqadi;
Markaz, uning tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini koʻrib chiqadi.
V. Markaz faoliyatini moliyalashtirish
20. Markaz faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
shartnoma asosida pullik oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari roʻyxatiga kiritilgan ilmiy dasturlarni maqsadli moliyalashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari buyurtmasi boʻyicha tanlov asosida bajariladigan ishlar uchun ajratiladigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
21. Markazning direktori va uning oʻrinbosarlari, professor-oʻqituvchilariga oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari, qolgan xodimlariga esa Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilanadi.
22. Markazning direktori va uning oʻrinbosarlari, doimiy asosda ishlovchi kafedra mudirlari va boʻlim boshliqlariga adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun belgilangan martaba darajalari joriy etiladi.
23. Markaz xodimlarining oldingi ish joyidan berilgan martaba darajalari saqlab qolinadi.
Markazdagi ish davri martaba darajalarini olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
VI. Oʻquv jarayonini tashkil qilish
24. Markaz taʼlim faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy-siyosiy hayotining zamonaviy talablari, jamiyat hayotini yanada taraqqiy toptirish va yangilash, shuningdek jahon fani va madaniyati yutuqlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan, yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat talablariga javob beradigan namunaviy oʻquv dasturlari va oʻquv dasturlari asosida amalga oshiradi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
25. Markazning oʻquv dasturlari yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat talablari va namunaviy oʻquv dasturlariga asosan ishlab chiqiladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
26. Markazda tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kunduzgi oʻqish shaklida, ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.
27. Markazga oʻqishga yuboriladigan xodimlar kasbiy yoʻnalishi boʻyicha guruhlarga boʻlingan holda oʻqitiladi, ularning oʻqish vaqti va muddati Markaz bilan kelishilgan holda tayyorlangan hamda tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Advokatlar palatasi tomonidan tasdiqlanadigan taqsimot-rejalarga muvofiq belgilanadi.
Oʻqishga yuborilgan xodimlarning Markazga yetib kelishi taqsimot-rejalarga asosan tegishli tashkilotlar tomonidan taʼminlanadi.
28. Markazda tinglovchilarni oʻqitish:
malaka oshirish kurslarida ikki haftadan bir oygacha;
qayta tayyorlash kurslarida uch oydan olti oygacha boʻlishi mumkin.
Zaxirada boʻlgan va ilk bor fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo (shahar) va jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlar raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari sudyalari lavozimlariga taqdim etiladigan shaxslar qayta tayyorlash maqsadida uch oylik kurslarda oʻqitiladi.
Sudya lavozimiga birinchi marta tayinlangan (saylangan) shaxslar belgilangan tartibda majburiy tayyorgarlikdan oʻtadilar;
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 347-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 5-modda)
Shartnoma-toʻlov asosida tinglovchilarni oʻqitish muddati buyurtmachi tashkilot bilan Markaz oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida belgilanadi.
29. Huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli ravishda oʻzlashtirgan hamda taʼlim kursi talablarini toʻliq bajargan tinglovchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Oʻqish (stajirovka) natijalariga koʻra Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga sudya lavozimlarida ishlash uchun nomzodning nazariy va amaliy tayyorgarligi toʻgʻrisidagi xulosa taqdim etiladi.
(29-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi 327-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 431-modda)
30. Oʻqish muddati mobaynida tinglovchilarning asosiy ish joylaridagi oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi. Respublikaning boshqa hududlaridan Markazga oʻqishga kelgan tinglovchilarga xizmat safari xarajatlari oʻqishga yoʻllagan tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.
31. Markazda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xarajatlari adliya va sud xodimlari, sudyalikka zaxiraga olingan nomzodlar, yuridik oliy taʼlim muassasalari huquqshunoslik fanlari professor-oʻqituvchilari uchun davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Yuridik xizmatlar xodimlari (yuriskonsultlar), advokatlar va boshqa toifadagi tinglovchilarni oʻqitish xarajatlari har bir kishi uchun oyiga respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn barobari miqdorida pul oʻtkazish yoʻli bilan qoplanadi.
VII. Markazning xalqaro aloqalari
32. Markaz huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzish, tegishli xalqaro tashkilotlar bilan belgilangan tartibda oʻzaro manfaatli asosda ilmiy axborotlar almashish ishlarini yoʻlga qoʻyadi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro aloqalarni amalga oshiradi. Markaz tinglovchilar uchun oʻquv jarayonining muayyan qismini va xodimlarning tajriba orttirishini yetakchi xorijiy ilmiy va oʻquv markazlarida, firmalarda va xalqaro tashkilotlarda mustaqil ravishda tashkil etishi mumkin.
33. Markazda chet el fuqarolarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, Markaz professor-oʻqituvchilari va tinglovchilarining xorijiy davlatlardagi oʻquv va ilmiy-tadqiqot ishlari, tajriba orttirishi xalqaro shartnomalar, davlat organlari oʻrtasida tuzilgan bitimlar asosida amalga oshiriladi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
34. Markaz faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
35. Ushbu Ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyuldagi 212-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshida Yuristlar malakasini oshirish markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 21-iyuldagi 364-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
2. 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Belgilab qoʻyilsinki, Yuristlar malakasini oshirish markazida:
davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda adliya, sud, yuridik xizmat, advokatura boʻyicha huquqshunos kadrlar qayta tayyorlanadilar va malaka oshiradilar;
zaxirada boʻlgan va ilk bor fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo (shahar) va jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlar raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudi hamda viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining sudyalari lavozimlariga taqdim etilayotgan shaxslar uch oylik maxsus kurslarda oʻqitiladilar;
yuridik oliy taʼlim muassasalari huquqshunoslik fanlari professor-oʻqituvchilari malaka oshiradilar;
boshqa soha mutaxassislarining huquqiy bilimlarini oshirish boʻyicha shartnoma asosida oʻqishlar tashkil etiladi;
huquqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi;
huquqshunos kadrlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalar ishlab chiqiladi;
huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik amalga oshiriladi”.
3. 6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Markazning direktori va uning oʻrinbosarlari, professor-oʻqituvchilariga oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari, qolgan xodimlariga esa Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilanadi”.
4. Qarorning 2-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 330-modda; 2014-y., 1-son, 5-modda; 2017-y., 22-son, 431-modda)