Norasmiy tarjima
Konvensiya
Korxonalarda mehnatkashlar vakillarining huquqlarini himoya qilish va ularga beriladigan imkoniyatlar toʻgʻrisida
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi, Xalqaro Mehnat Byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1971-yilning 2-iyunida oʻzining Ellik oltinchi Sessiyasiga toʻplanib, mehnatkashlar mehnat sohasida birlashmalar erkinligini cheklashga qaratilgan har qanday kamsitish harakatlariga qarshi himoyani taʼminlovchi Jamoa muzokaralarini olib borish va birlashish huquqi toʻgʻrisidagi 1949-yilgi Konvensiya qoidalarini hisobga olib, korxonalarda mehnatkashlarning vakillari huquqlarini himoya qilish hamda ularga berilgan imkoniyatlarga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining beshinchi bandi hisoblanib va, mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib, bir ming toʻqqiz yuz yetmish birinchi yil iyun oyining yigirma uchinchi kunida quyidagi “Mehnatkashlar vakillari toʻgʻrisidagi 1971-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qiladi:
1-modda
Korxonadagi mehnatkashlarning vakillari ularga zarar yetkazish mumkin boʻlgan xar qanday xatti-harakatlarga qarshi, shu jumladan, ularning mehnatkashlar vakili sifatidagi maqomiga yoki faoliyatiga asosan yoki ularning birlashmaga aʼzo boʻlganligiga, yoki ularning birlashma faoliyatida ishtirok etganligiga asosan boʻshatilishiga qarshi samarali himoyadan, ular qanchalik amaldagi qonun hujjatlariga yoki jamoa shartnomalariga yoki boshqa birgalikda kelishilgan shartnomalarga muvofiq ravishda faoliyat olib borgan boʻlsalar, shu darajada foydalanadilar.
2-modda
1. Korxonada mehnatkashlar vakillariga ular oʻz funksiyalarini tez va samarali bajarishiga imkon beradigan kerakli shart-sharoit yaratiladi.
2. Shu munosabat bilan, tegishli korxona ehtiyojlari, koʻlami va imkoniyatlari hamda mamlakat sanoat munosabatlarining xususiyatlari hisobga olinadi.
3. Mehnatkashlar vakillariga bunday imkoniyatlarning berilishi tegishli korxona faoliyatining samaradorligini pasaytirmaydi.
3-modda
Ushbu Konvensiya maqsadida “mehnatkashlar vakillari” atamasi milliy qonun hujjatlariga. yoki amaliyotga muvofiq bunday deb eʼtirof etilgan shaxslarni anglatadi, xususan:
a) kasaba uyushmalari vakillari, yaʼni kasaba uyushmalari yoki ushbu kasaba uyushmalari aʼzolari tomonidan tayinlangan yoki saylangan vakillar; yoki
b) saylangan vakillar, yaʼni milliy qonun hujjatlari yoki jamoa shartnomalari qoidalariga muvofiq korxona mehnatkashlari tomonidan erkin saylanadigan vakillar va ushbu vakillarning funksiyalari tegishli mamlakatdagi kasaba uyushmalarining mutlaq vakolatlari deb eʼtirof etiladigan faoliyat turini oʻz ichiga olmaydi.
4-modda
Milliy qonun hujjatlari, jamoa shartnomalari, sud yoki hakamlik sudi qarorlari, ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan himoya qilinish huquqi va imkoniyatlar bilan taʼminlangan mehnatkashlar vakillari turi yoki turlarini belgilab berishi mumkin.
5-modda
Bir korxonaning oʻzida ham kasaba uyushmalari vakillari, ham saylangan vakillar mavjud boʻlgan hollarda, zarurat tugilganda, saylangan vakillarning mavjudligi tegishli kasaba uyushmalarning yoki ular vakillarining mavqeyiga salbiy taʼsir koʻrsatish uchun foydalanilmasligini taʼminlash maqsadida hamda saylangan vakillar bilan tegishli kasaba uyushmalar va ular vakillari oʻrtasida barcha muhim masalalar boʻyicha hamkorlikni ragʻbatlantirish maqsadida kerakli choralar qabul qilinadi.
6-modda
Ushbu Konvensiyani amalga oshirish milliy qonun hujjatlari yoki jamoa shartnomalari orqali yoki milliy amaliyotga mos keluvchi har qanday boshqa yoʻl bilan taʼminlanishi mumkin.
7-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
8-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik, ushbu Konvensiya Tashkilotning xar bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
9-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
10-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni roʻyxatga olganligi haqida Tashkilot aʼzolariga xabar berganda, Tashkilot aʼzolarining eʼtiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
11-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi. moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
12-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
13-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 9-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, xar qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
14-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)