Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan parlament nazorati doirasida Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarining 2025-2026-yillardagi ijrosi oʻrganildi.
Oʻrganish natijalari koʻrsatganidek, viloyatda joriy yilning I choragida yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 13,4 trln soʻmni, oʻsish surʼati 9,1 foizni tashkil etib, aholi jon boshiga 4,4 mln soʻmga yetgan.
Bunda iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 8,7 foizga, bozor xizmatlari 16,3 foizga, qishloq xoʻjaligi 9,7 foizga va qurilish ishlari 10 foizga oshgan.
Kuzatilgan iqtisodiy faollik natijasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 21,5 mingtani tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,7 foizga koʻpaygan. 10 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 3 mingga yetgan, 40 nafar chempion tadbirkor shakllangan.
Ushbu davrda 499,1 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirilgan. Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 34 mln dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 900 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Eksport hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga oshib, 159,7 mln dollarga yetgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 28 ta loyiha hisobiga ichki bozorda talab yuqori boʻlgan importning oʻrnini bosuvchi 101,8 mlrd soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Viloyat iqtisodiyotida xizmat koʻrsatish va turizm sohalarining ulushini oshirish boʻyicha 800 dan ziyod savdo va servis obyektlari, shu jumladan turizm yoʻnalishida 5 ta joylashtirish vositasi (mehmonxona, xostel, mehmon uylari) faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Turizm maskanlariga 166 ming xorijiy va 290 mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan, turizm xizmatlari eksporti 31,5 mln dollarni tashkil etgan.
Aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish, yashirin iqtisodiyotni hamda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlar natijasida joriy yilning yanvar — may oylarida 18,1 ming kishi doimiy ish oʻrinlariga joylashtirilgan, 195,6 mingi daromadlarini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olingan, 24,3 ming nafar norasmiy band kishining mehnat faoliyati legallashtirilgan. Joriy yilning I choragida ishsizlik darajasi 4,8 foizgacha kamaygan.
Shuningdek, 17,2 mingta kambagʻal oila bilan manzilli ish olib borilib, ularga “individual rejalar” asosida 21 mingga yaqin xizmatlar koʻrsatilgan. Bu orqali ushbu oilalarning barqaror daromad manbalari shakllantirilmoqda. 25,9 ming oila (119,1 ming kishi) kambagʻal oilalar reyestridan chiqarilgan.
Kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2,9 trln soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, shundan 869 mlrd soʻm tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan.
Mahalla darajasida iqtisodiy faollikni kuchaytirish maqsadida hokim yordamchilari koʻmagida 1,6 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 3,9 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratilgan.
Ijtimoiy jihatdan ogʻir hududlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Bandixon, Boysun va Oltinsoy tumanlari va 114 ta “ogʻir” mahalladagi aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 370 mlrd soʻmlik 156 ta loyiha doirasida ishlar boshlangan.
Tashabbusli budjet dasturining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida 130 dan ziyod mahallada 153 ta loyiha gʻolib deb topilib, budjetdan 216,8 mlrd soʻm ajratilgan. Joriy yilning yanvar — may oylarida budjet daromadlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 114 foizga oshib, 1,6 trln soʻmni tashkil etgan.
2026-yilning I choragida tuman va shaharlar budjetlari ixtiyorida qolgan mablagʻlar (64 mlrd soʻm) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobarga koʻpaygan.
Shu bilan birga, oʻrganish va tahlillar viloyatda oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Viloyat hokimligi, masʼul vazirlik va idoralar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlarida belgilangan viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid ayrim vazifalar bajarilishi taʼminlanmagan.
Xususan, Transport vazirligi masʼul boʻlgan (2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qaror) 2024-yil 1-iyuldan boshlab Termiz shahrida 10 ta shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar toʻliq taʼminlanmagan va belgilangan 108 ta avtobus oʻrniga amalda 35 ta avtobus jalb qilingan.
Viloyat hokimligi tomonidan (2026-yil 9-fevraldagi PQ-51-sonli qaror) kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 114 ta mahalladan 92 tasida kichik quyosh elektr stansiyalarini qurish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida Energetika vazirligiga ajratilmagan.
2026-2027-yillarda Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan boʻlsa-da, Qishloq xoʻjaligi hamda Suv xoʻjaligi vazirliklari masʼulligida Sariosiyo tumanida 100 gektar yaylov maydonida zamonaviy sugʻorish tizimini joriy etish ishlari sust tashkil etilgan.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va AT “Xalq bank” masʼul boʻlgan Sherobod tumanida besh ming bosh qoramolga moʻljallangan yirik chorvachilik majmuasini ishga tushirish loyihasiga garov taʼminoti bilan bogʻliq muammolar hal etilmagani tufayli kredit mablagʻlari ajratilmagan.
Sanoat ishlab chiqarishini barqaror taʼminlash, mahalliy sanoatni rivojlantirish va eksport hajmini oshirish borasidagi muammolar saqlanib qolgan. Xususan, 6 ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 190 mlrd soʻmga kamaygan.
Joriy yilning yanvar — may oylari yakunlari boʻyicha sanoat mahsulotlari eksporti prognozi koʻrsatkichlari 9 ta hududda bajarilmagan. Eng past natija Angor tumanida qayd etilgan boʻlib, prognoz ijrosi atigi 11 foizni tashkil etgan.
Sanoat zonalari faoliyati samaradorligi ayrim hududlarda past darajada boʻlib, 2018 — 2021-yillarda tashkil etilgan Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Yangiobod”, Uzun tumanidagi “Istiqlol-2”, Oltinsoy tumanidagi “Boʻston” hamda Muzrabot tumanidagi “Yangidiyor” kichik sanoat zonalaridagi yer maydonlari auksion savdolariga chiqarilmagan.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratishga oid vazifalar ijrosi tizimli tashkil etilmagani va mavjud imkoniyatlardan foydalanilmagani sababli mahallalarda mikroloyihalarni tashkil etish boʻyicha belgilangan reja koʻrsatkichlari Bandixon (83 foiz), Uzun (81 foiz), Denov (70 foiz), Boysun (63 foiz) va Sariosiyo (61 foiz) tumanlarida toʻliq taʼminlanmagan.
Tijorat banklari tomonidan biriktirilgan tumanlarda oʻrtacha 5 tadan mahsulotlarni qayta ishlash, qadoqlash va saqlash loyihalarini tashkil qilish ishlari Angor, Muzrabot, Bandixon, Qiziriq va Uzun tumanlarida boshlanmagan.
2026-yil 1-may holatiga muammoli kreditlar qoldigʻi 2025-yilning mos davriga nisbatan Angor tumanida 0,7 foiz punktga, Qumqoʻrgʻon tumanida 0,7 foiz punktga, Termiz tumanida esa 3,4 foiz punktga oshgan.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida 79 ta holatda noqonuniy tarzda va amaldagi tartibga rioya qilinmagan holatda tekshiruvlar oʻtkazilgan boʻlib, ularda 142 ta huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyilgan.
Shahar va tuman hokimliklari tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishda hududning ixtisoslashuvi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari hamda aholi yashash punktlariga yaqinligi kabi muhim mezonlar yetarli darajada inobatga olinmaganligi sababli 2,2 mingga yaqin yer uchastkasi bir yildan ortiq muddat davomida sotilmasdan qolmoqda.
Ommaviy savdoga chiqarilgan davlat mulki obyektlari boʻyicha targʻibot ishlarining sustligi, boshlangʻich narxni pasaytirish mexanizmlari oʻz vaqtida qoʻllanmaganligi, shuningdek, infratuzilma bilan bogʻliq muammolar hal etilmaganligi natijasida 2022 — 2025-yillardagi xususiylashtirish dasturlari doirasida boʻsh turgan 51 ta davlat mulki obyekti sotilmagan.
Hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar (2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-sonli) ijrosida ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, aholi bandligini taʼminlash rejasi xizmat koʻrsatish va servis loyihalarini ishga tushirish hisobiga 84,5 foizga, qurilish sohasida esa atigi 84 foizga bajarilgan.
Mavjud boʻsh ish oʻrinlariga aholini ishga joylashtirish boʻyicha Muzrabot (49 foiz), Shoʻrchi (56 foiz), Bandixon (61 foiz) tumanlarida hamda Termiz shahrida (84 foiz) belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilmagan.
Qurilish sohasida 3,3 mingta ish oʻrni legallashtirilganligi qayd etilgan boʻlsa-da, ularning 3 mingdan ortigʻining faoliyat turi qurilish sohasiga aloqador emas, asosan qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalariga toʻgʻri keladi. Hokim yordamchilari tomonidan aniqlangan norasmiy bandlik holatlarini legallashtirish boʻyicha Qiziriq va Shoʻrchi tumanlari hamda Termiz shahrida umuman natija qayd etilmagan. Shuningdek, Jarqoʻrgʻon va Muzrabot tumanlarida atigi 2 tadan, Sherobod tumanida esa 3 ta ish oʻrni boʻyicha aholi bandligi rasmiylashtirilgan.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning daromadini oshirish, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish hamda bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrilgan choralar yetarli darajada emas. Joriy yilning yanvar — may oylarida Denov (4 foiz), Jarqoʻrgʻon (2 foiz), Qumqoʻrgʻon (1 foiz) va Uzun (1 foiz) tumanlarida reyestrga kiritilgan oilalarning oʻrtacha daromadi reyestrga kiritilishdan oldingi davrga nisbatan 1 foizdan 4 foizgacha pasaygan.
Boysun va Qiziriq tumanlarida vaucher tizimi asosida oʻqishga jalb qilingan har toʻrt kishidan biri oʻquv kurslarini yakunlamagan. Muzrabot tumanida esa oʻtgan davr mobaynida ushbu tizim asosida birorta ham ishsiz fuqaro kasb-hunarga oʻqitilmagan.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami farzandlarini ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, qoʻshimcha taʼlim berish, ommaviy sportga jalb qilish boʻyicha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagan. Xususan, viloyatda ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning maktab yoshidagi farzandlari soni 88 mingdan ziyod boʻlsa-da, joriy yilning oʻtgan besh oyida sport toʻgaraklariga jalb etilganlar soni atigi 172 nafarni tashkil etgan.
Tashabbusli budjetning 2026-yilgi 1-mavsumi doirasida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga qaratilgan 3 ta obyekt boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiquvchi loyihachi tashkilotlar, shuningdek, avtomobil yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha 3 ta obyekt uchun qurilish-pudrat tashkilotlari aniqlanmagan.
Davlat budjeti daromadlari ijrosini taʼminlash, shu jumladan muddati oʻtgan soliq qarzdorligini undirish yoʻnalishida ayrim hududlarda ishlar samaradorligi past. 2026-yilning 1-yanvar holatiga koʻra soliq toʻlovchilarning budjet oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi Jarqoʻrgʻon, Angor, Denov, Qiziriq, Bandixon, Sherobod va Qumqoʻrgʻon tumanlarida oshgan.
Joriy yilning yanvar — aprel oylarida aholini doimiy ish oʻrinlariga joylashtirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar ortigʻi bilan bajarilgan boʻlsa-da, korxona va tashkilotlarda rasmiy band boʻlgan hamda daromad soligʻi toʻlovchi aholi soni yil boshiga nisbatan Sariosiyo, Denov, Sherobod, Shoʻrchi, Uzun, Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlarida kamaygan.
Surxondaryo viloyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari K. Tursunovning Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Transport, Energetika, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Sport vazirliklari, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Soliq, Oila va xotin-qizlar, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitalari, Kasbiy taʼlim, Davlat aktivlarini boshqarish, Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentliklari, Markaziy bank hamda Surxondaryo viloyati hokimligiga viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarini ijro etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilsin.
3. Surxondaryo viloyati hokimligi:
viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻygani, ishlarni lozim darajada tashkil qilmagani uchun viloyat kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon, Sariosiyo, Termiz va Shoʻrchi tumanlari hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari hamda ushbu tumanlarning kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari boshliqlarining faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqsin;
Energetika vazirligi bilan birgalikda quyosh elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan ogʻir toifadagi mahallalarda yer maydonlarini ajratish bilan bogʻliq muammolarni qisqa muddatlarda hal etib, qolgan obyektlar boʻyicha qurilish ishlarini belgilangan grafik asosida tashkil etsin;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda norasmiy bandlikni aniqlash va legallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, Davlat mehnat inspeksiyasi hududiy boʻlinmasi va hokim yordamchilari oʻrtasidagi hamkorlik mexanizmlari, masʼuliyat va vazifalar taqsimotini aniq belgilasin;
Boysun, Qiziriq va Muzrabot tumanlarida ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar aʼzolarini kasb-hunarga oʻqitishda vaucher tizimi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, oʻquv kurslarini yakunlash va bandlikni taʼminlash koʻrsatkichlarini oshirish yuzasidan taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Bandixon, Boysun, Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida mikroloyihalarni tashkil etish boʻyicha mavjud imkoniyatlarni toʻliq safarbar etgan holda reja koʻrsatkichlari ijrosi past boʻlgan hokim yordamchilarining faoliyati samaradorligini oshirsin;
Denov, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon va Uzun tumanlarida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni daromadli mehnat bilan band qilish, tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga oʻqitish va mikroloyihalarga biriktirish orqali ularning daromadlarini barqaror oshirish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sport vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda:
joriy yilning 1-avgustiga qadar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning maktab yoshidagi farzandlarini sport toʻgaraklari, qoʻshimcha taʼlim va innovatsion dasturlar bilan qamrab olish koʻrsatkichlarini tanqidiy oʻrganib, qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda bolalarni sport va fan toʻgaraklariga jalb qilish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining Davlat budjeti hisobidan qoplanishi boʻyicha yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida aholi oʻrtasida tushuntirish va targʻibot ishlarini kuchaytirsin;
tegishli vazirliklar va idoralar (buyurtmachilar) bilan birgalikda Tashabbusli budjet dasturining 2026-yilning 1-mavsumi doirasida ortda qolayotgan 5 ta loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini, pudrat korxonasi aniqlanishini, qurilish-taʼmirlash ishlari jadallashtirilib, belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini taʼminlasin;
Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda faoliyat yuritmayotgan va “quyi barqarorlik” toifasiga tushgan kichik tadbirkorlik subyektlarining muammolarini oʻrganib, ularni hal etish orqali faoliyatini tiklashga, shu jumladan, yangi loyihalarni moliyalashtirish va infratuzilma bilan taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda sanoatda ishlab chiqarish hajmi kamaygan viloyatdagi 6 ta yirik korxonalarning muammolarini oʻrganib, ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Angor, Bandixon, Jarqoʻrgʻon va Shoʻrchi tumanlarida sanoat mahsulotlari eksporti prognozi koʻrsatkichlari bajarilmaganligi sabablarini korxonalar kesimida oʻrganib, muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrsin, shu jumladan, logistika, standartlashtirish, tashqi bozorlar bilan ishlash kabi masalalarda tizimli, maqsadli va natijaga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Qumqoʻrgʻon (Yangiobod), Uzun (Istiqlol-2), Oltinsoy (Boʻston), Muzrabot (Yangidiyor) tumanlaridagi kichik sanoat zonalarida boʻsh turgan yer maydonlarini qayta xatlovdan oʻtkazsin, xatlov yakunlari boʻyicha yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish, eksportbop va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan investitsiya loyihalarini joylashtirish hamda ularni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda sotilmay qolayotgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarining holatini tahlil qilib, ularga savdolarda talabgor boʻlmasligi sabablarini aniqlasin, talab past boʻlgan obyektlarning boshlangʻich narxini qayta koʻrib chiqsin hamda har bir obyekt boʻyicha investitsiya takliflari keng targʻib qilinishini taʼminlasin;
Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yilning 1-avgustigacha Angor, Denov, Jarqoʻrgʻon, Qiziriq, Bandixon, Sherobod va Qumqoʻrgʻon tumanlarida faol soliq qarzdorligini qisqartirish boʻyicha aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilasin, bu borada ushbu tumanlar soliq inspeksiyalari rahbarlarining masʼuliyatini oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda hududiy soliq inspeksiyalari masʼullari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishda qonunchilik talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlasin, tekshiruvlarning qonuniyligi va asosliligi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda:
oʻn besh kun muddatda Denov, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon, Sariosiyo, Sherobod, Shoʻrchi va Uzun tumanlarida rasmiy bandlik hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlovchilari sonining kamayishi sabablarini oʻrganib, ularni bartaraf etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin hamda soliq bazasini kengaytirish, norasmiy bandlikni qisqartirish va yangi soliq toʻlovchilarni hisobga olish boʻyicha mavjud qoʻshimcha rezervlarni safarbar etsin;
viloyatda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ish oʻrinlarini koʻpaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va aholining real daromadlarini koʻpaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqsin hamda amalga oshirsin;
yil yakuniga qadar faol soliq qarzdorligini qisqartirish boʻyicha aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilasin hamda ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat mexanizmlarini joriy etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Muzrabot tumanida joylashgan “SURXON KSP-GRAND” MCHJ tomonidan aylanma mablagʻlarni toʻldirish maqsadida jalb qilingan kredit mablagʻlari boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan qarori qabul qilinganidan keyin bank tomonidan hisoblangan va undirilgan foizlar hamda neustoykaning asosliligini qonunchilik talablari asosida oʻrganib chiqsin hamda oʻrganish natijalari toʻgʻrisida joriy yilning 15-avgustiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritsin.
5. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda Muzrabot tumanida joylashgan “SURXON KSP-GRAND” MCHJning moliyaviy barqarorligini taʼminlash va ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻliq foydalanish uchun texnologik asbob-uskunalar xarid qilishga ajratilgan kredit, shuningdek, ushbu kredit foizining bir qismini qoplash uchun ajratilgan kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha qarz yukini yengillashtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
6. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda har bir hudud va soha kesimida bandlik koʻrsatkichlarini shakllantirish hamda tasdiqlash tartibini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, bandligi taʼminlangan va mehnat faoliyati legallashtirilgan fuqarolar hisobini yuritishda sohaviy mansublikni aniq belgilash, hisobotlardagi koʻrsatkichlarning haqqoniy shakllantirilishini taʼminlash hamda hisobotlardagi nomuvofiqliklarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yagona nazorat mexanizmlarini joriy etsin;
viloyat hokimligi bilan birgalikda maqsadli jamgʻarmalar hisobidan kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashni ragʻbatlantirish uchun “mahalla yettiligi” tomonidan berilgan tavsiyanomalarga asosan subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam mablagʻlari oʻrnatilgan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi:
Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda viloyat hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda yer maydonlari ajratilgan fuqarolarning maqsadli toifaga mansubligini qayta xatlovdan oʻtkazib, yer uchastkalari ajratilishida manzillilik va adolat tamoyillariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasin;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan kambagʻal oilalarga ajratilgan oʻrmon fondi yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishida, shu jumladan, agrotexnik jihatdan koʻmaklashib borsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi va viloyat hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Sariosiyo tumanida 100 gektar yaylov maydonida zamonaviy sugʻorish tizimini tashkil etish hamda chorva ozuqasi yetishtirish loyihasi boʻyicha tashabbuskorlarni aniqlash va moliyalashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal etib, loyihani amaliy bosqichga oʻtkazish choralarini koʻrsin.
9. Energetika vazirligi:
“ogʻir” mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish, ularni kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan mahallalarga daromad keltiruvchi aktiv sifatida topshirish boʻyicha amaliy ishlarni jadallashtirsin;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda Oltinsoy va Bandixon tumanlarida barpo etilayotgan elektr podstansiyalari hamda yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurish obyektlarini joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
10. Markaziy bank:
tijorat banklari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda viloyat hokimligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda muammoli kreditlar (NPL) ulushi yuqori boʻlib qolishining sabablarini tahlil qilib, kredit portfeli sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;
hokim yordamchilari va mahalla bankirlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ularni ragʻbatlantirish mexanizmini amaliyotga tatbiq etsin;
joriy yilning 1-avgustiga qadar Angor, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod va Shoʻrchi tumanlari hamda Termiz shahridagi 47 ta chegara mahallasida turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining imkoniyatlari boʻyicha targʻibot-tushuntirish ishlarini olib borsin va moliyalashtirishga tayyor loyihalar paketini shakllantirsin;
yigirma kun muddatda Angor, Muzrabot, Bandixon, Qiziriq va Uzun tumanlarida ushbu hududlarga biriktirilgan tijorat banklari tomonidan mahsulotlarni qayta ishlash, qadoqlash va saqlash loyihalari roʻyxati shakllantirilishini hamda loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tarmoq jadvallari tasdiqlanishini taʼminlasin;
AT “Xalq bank” va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Sherobod tumanida tashkil etilgan 5 ming boshga moʻljallangan yirik qoramolchilik majmuasini ishga tushirish maqsadida moliyaviy va tashkiliy toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻrsin.
11. Transport vazirligi viloyat hokimligi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar Termiz shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish maqsadida avtobus yoʻnalishlarida brutto-shartnoma asosida xizmat koʻrsatish tizimini joriy etish ishlarini yakuniga yetkazsin.
12. Vazirlar Mahkamasi mazkur Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini muvofiqlashtirib borsin va natijasi yuzasidan 2026-yilning 15-dekabriga qadar Oliy Majlis Senatiga axborot kiritsin.
13. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga:
viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir masalalarni oʻrganish natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilgan ishlar ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish;
aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarining ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini Kengash sessiyalarida eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etilsin.
14. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 2-iyul,
KQ-366-V-son