Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Taʼlim va sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblarini “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasini taqdim etish orqali ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga muvofiq respublika, viloyat, tuman (shahar) darajasida taʼlim va sport yoʻnalishlarida oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblariga “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasini sovgʻa qilish tartibini belgilash nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Taʼlim va sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblarini “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasini taqdim etish orqali ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasini taqdim qilish tartibi;
“Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasi boʻyicha sayohatlar tashkil etish tartibi;
sayohat tashkilotchilarining vazifalari;
sayohatchilarning huquqlari va majburiyatlari.
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyul,
406-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyuldagi 406-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Taʼlim va sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblarini “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasini taqdim etish orqali ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom respublika va viloyat darajasida taʼlim va sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblarini “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasini taqdim etish orqali ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sayohat — ushbu Nizom doirasida fan olimpiadasi va sport musobaqasida gʻolib boʻlgan yoshlarning hududlardagi madaniy meros obyektlari, muzeylar, milliy bogʻlar va dam olish maskanlariga tashrifini oʻz ichiga olgan holda tashkil etiladigan madaniy tadbir;
sayohatchilar — ushbu Nizomga muvofiq “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasi taqdim etilgan oʻquvchi-yoshlar;
turoperator xizmatlari — turistik mahsulotni targʻib qilish va realizatsiya qilish boʻyicha xizmatlar (tashish, joylashtirish, ovqatlanish, axborotga oid xizmatlar koʻrsatish boʻyicha xizmatlar majmui (shu jumladan, gid (ekskursiya yetakchisi), gid-tarjimon va (yoki) yoʻriqchi-yoʻl boshlovchining xizmatlari) va shartnoma boʻyicha koʻrsatiladigan boshqa turistik xizmatlar);
fan olimpiadasi va sport musobaqasi tashkilotchisi (keyingi oʻrinlarda — tashkilotchi) — taʼlim va sport yoʻnalishlarida fan olimpiadasi yoki sport musobaqasi oʻtkazayotgan va bunday tadbirni tayyorlash hamda oʻtkazishni tashkiliy, moliyaviy va moddiy jihatdan taʼminlashni amalga oshirayotgan yuridik shaxs;
gʻolib — fan olimpiadasi va (yoki) sport musobaqasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan oʻquvchi-yoshlar.
3. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasi (keyingi oʻrinlarda — yoʻllanma) respublika va viloyat darajasida:
davlat va nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, akademik litsey va kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha olimpiadalar va (yoki) sport musobaqalari gʻoliblariga;
oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblariga;
oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan sportchilarga taqdim etiladi.
2-bob. Yoʻllanmani taqdim etish tartibi
4. Taʼlim va sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblariga quyidagi yoʻllanmalar taqdim etiladi:
respublika darajasida — respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchi-yoshlarga Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi turistik obyektlarga uch kunlik sayohat;
viloyat darajasida — hududiy bosqichda gʻolib boʻlgan oʻquvchi-yoshlarga boshqa viloyat hududidagi turistik obyektlarga ikki kunlik sayohat.
5. Yoʻllanma tashkilotchi tomonidan fan olimpiadasi yoki sport musobaqasi yakuni boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash jarayonida taqdim etiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sport vazirligi har yili aprel oyining 15-sanasiga qadar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha fan olimpiadasi va sport musobaqasi gʻoliblarining sayohat tadbirlari reja-jadvalini tasdiqlaydi.
7. Tasdiqlangan sayohat tadbirlari reja-jadvaliga muvofiq tashkilotchilar tomonidan har yili iyun va iyul oylarida yoʻllanmaga ega boʻlgan shaxslar ishtirokida turoperator xizmatlaridan foydalangan holda sayohatlar tashkil etiladi.
8. Turoperator va tashkilotchi oʻrtasida sayohat tadbirlarini tashkil etish va xizmat koʻrsatish boʻyicha (yoʻllanmalar darajasi kesimida) belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
9. Turoperatorlar tomonidan yoʻllanmalarning darajasiga qarab tashkilotchilarga oʻzaro kelishuvga koʻra chegirmalar taqdim etilishi mumkin.
10. Tashkilotchi tomonidan sayohat tadbirlari tashkil etilishidan oʻn kun oldin yoʻllanmaga ega boʻlgan shaxslarga belgilangan tartibda sayohat tadbirlari tashkil etiladigan kun va joy toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
11. Tashkilotchilar tomonidan har yili sayohat xarajatlariga transport xizmati, yashash va ovqatlantirish, ekskursiyalar (gid xizmati va turizm obyektlariga kirish chiptasi) va sayohat sugʻurtasi bilan bogʻliq xarajatlar kiritiladi.
Sayohat xarajatlarini qoplash tashkilotchilarning mablagʻlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshiriladi.
12. Turoperator bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq tashkilotchilar tomonidan sayohatchilarning xavfsizligi va yashash manzillariga yetib borishi taʼminlangani nazorat qilib boriladi.
3-bob. Tashkilotchilarning vazifalari
13. Tashkilotchilar:
sayohatchilarga sayohatni tashkil etadi, ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot beradi;
sayohatchilarga sifatli turoperatorlik xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi;
sayohat tadbirlarini madaniy meros obyektlari, muzeylar, milliy bogʻlar, dam olish maskanlariga tashrifni oʻz ichiga olgan tarzda tashkil etadi;
sayohatchilarning xavfsizligini taʼminlaydi va turoperatorlar tomonidan sayohatchilarning oʻz manzillariga yetkazilishini taʼminlaydi;
sayohatchilar tomonidan yetkazilgan har qanday koʻrinishdagi zararni qoplashni talab qiladi;
turizm resurslarini saqlash choralarini koʻradi.
4-bob. Sayohatchilarning huquqlari va majburiyatlari
14. Sayohatchilar quyidagi huquqlarga ega:
shartnomada koʻrsatilgan xizmatlarni olish;
sayohat bilan bogʻliq toʻliq va ishonchli maʼlumotlarni, shu jumladan, madaniy meros obyektlari, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar va turizm obyektlari, atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
shaxsiy xavfsizligi, oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, shuningdek, oʻz mol-mulkining but saqlanishi taʼminlanishini talab qilish;
shoshilinch tibbiy yordam olish.
15. Sayohatchilar:
sayohat tadbirlarida ishtirok etish uchun oʻz sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni turoperatorning talabiga koʻra taqdim etishi;
sayohat tadbirlari davomida atrof-muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlariga zarar yetkazmasligi;
shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya etishi shart.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
17. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2026-y., 09/26/406/0784-son)