Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “Sud faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha amaliy magistratura dasturi asosida oʻqitish tashkil etilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
magistratura bosqichida oʻquv jarayoni taʼlimning kunduzgi va kechki shakllarida toʻlov-kontrakt asosida tashkil etilishi;
magistratura dasturlari boʻyicha qabul parametrlari, toʻlov-kontrakt qiymati har yili Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kengashi taklifi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan tasdiqlanishi;
magistratura mutaxassisligiga ichki va tashqi abituriyentlar alohida tanlov asosida qabul qilinishi;
magistratura dasturi boʻyicha taʼlim olish muddati bir yilni tashkil etishi, bitiruvchilarga magistratura mutaxassisligi boʻyicha davlat namunasidagi diplom berilishi.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-iyun,
327-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyundagi 327-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) magistraturasiga (keyingi oʻrinlarda — magistratura) oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kengashi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya Kengashi) — Akademiya rektori rahbarlik qiladigan jamoatchilik boshqaruvi organi;
Akademiya qabul komissiyasi — magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilish uchun tanlov oʻtkazish, abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va ularga maslahatlar berish hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish uchun har yili Akademiya rektori buyrugʻi bilan kamida 5 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladigan komissiya;
ichki abituriyent — oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan, sud tizimida, sudyalar hamjamiyati organlari va muassasalarida kamida 3 yillik ish stajiga ega boʻlgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tayinlanadigan yoki kelishib olinadigan lavozimlarda faoliyat yuritib kelayotgan hamda ushbu Nizom talablari asosida magistraturaga oʻqishga kirish tanlovlarida ishtirok etuvchi shaxs;
tashqi abituriyent — oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan hamda ushbu Nizom talablari asosida magistraturaga oʻqishga kirish tanlovlarida ishtirok etuvchi shaxs.
3. Magistratura mutaxassisligiga qabul jarayoni taʼlimning kunduzgi va kechki taʼlim shakllari uchun amalga oshiriladi.
4. Magistraturada oʻqish muddati — kunduzgi va kechki taʼlim shakllari uchun bir yilni tashkil etadi.
5. Magistratura mutaxassisligining kechki taʼlim shaklida (kunduzgi taʼlimdan farqli ravishda) bir haftada odatda, besh kun oʻqitiladi va haftalik oʻquv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.
6. Kechki taʼlimda oʻqish kunduzgi smena mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda auditoriya mashgʻulotlari (maʼruza, amaliy mashgʻulot va boshqalar) shaklida amalga oshiriladi.
7. Magistraturaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy taʼlim tashkilotlariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
8. Magistraturada oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida tashkil etilib, magistratura dasturlari boʻyicha ichki va tashqi abituriyentlar qabul parametrlari, toʻlov-kontrakt qiymati har yili Akademiya Kengashi taklifi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Akademiyaning magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan va taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt summasini toʻlash boʻyicha imtiyozlar qonunchilikka muvofiq qoʻllanadi.
9. Akademiyaning magistratura mutaxassisligiga qabul ushbu Nizomda belgilangan oʻziga xos qoidalarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
10. Magistratura mutaxassisligiga qabul teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va tanlov asosida amalga oshirilib, kirish imtihonida yuqori ball toʻplagan abituriyentlar toʻplagan ballari reytingi asosida qabul qilinadi.
11. Magistraturaga yurisprudensiya bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha bakalavr darajasiga ega boʻlgan shaxslar oʻrtasida tanlov asosida qabul qilinadi.
12. Tanlov, qoida tariqasida, avgust oyida magistraturada oʻqitiladigan tilda oʻtkaziladi.
Qabul parametrlarining oʻqitish tili boʻyicha taqsimoti Akademiya Kengashi tomonidan belgilanadi.
13. Magistratura bitiruvchilariga magistratura mutaxassisligi boʻyicha davlat namunasidagi diplom beriladi.
2-bob. Akademiya qabul komissiyasi faoliyatini tashkil etish va hujjatlarni qabul qilish
14. Akademiya qabul komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari, aʼzolar va masʼul kotibdan iborat tarkibda shakllantiriladi va uning faoliyati masʼul kotib tomonidan muvofiqlashtiriladi.
15. Akademiya qabul komissiyasi majlisida aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etganda, u vakolatli hisoblanadi. Ovozlar soni teng boʻlganda, Akademiya qabul komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Akademiya qabul komissiyasi magistraturaga qabul boshlanishidan bir oy oldin qabul muddati, mutaxassislik shifri va nomi, qabul parametrlari, tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, kirish imtihoni oʻtkaziladigan imtihon dasturini Akademiyaning rasmiy veb-sahifasi va ijtimoiy tarmoqlarida hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
17. Abituriyentlar har yili 1-iyuldan 30-iyulgacha (30-iyul kuni ham) Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda hujjatlari elektron platformaga yuklanadi.
Ichki abituriyentlardan qoʻshimcha ravishda maʼlumotnoma (obyektivka), mehnat daftarchasi talab etiladi, xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat esa ichki abituriyentning xohishiga koʻra taqdim etilishi mumkin.
18. Kirish imtihoni oʻtkaziladigan bino va auditoriyalarda ularni oʻtkazish uchun sanitariya va yongʻin xavfsizligi qoidalariga toʻliq javob beradigan zarur texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilishi taʼminlanadi.
3-bob. Tanlovni oʻtkazish
19. Tashqi abituriyentlar uchun magistraturaga qabul Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
20. Ichki abituriyentlar uchun magistraturaga qabul mutaxassislik fanlaridan, shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat boʻlmagan taqdirda, chet tilidan test shaklidagi tanlov orqali amalga oshiriladi.
Bunda baholash mezonlari quyidagicha belgilanadi:
mutaxassislik fanlari boʻyicha 40 ta test uchun — 80 ball;
chet tili boʻyicha 10 ta test uchun — 20 ball.
Test sinovlarida eng koʻp (maksimal) toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 100 ballni tashkil etadi. Kirish imtihonida 56 va past ballni toʻplagan abituriyentlar oʻqishga qabul qilinmaydi.
Test sinovlari Akademiya tomonidan yoki uning buyurtmasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
21. Test sinovlari Agentlik tomonidan oʻtkazilgan taqdirda, ularni tashkil etish va oʻtkazishda quyidagi tartiblar eʼtiborga olinadi:
mutaxassislik fanlari boʻyicha test topshiriqlari Akademiya tomonidan taqdim etilgan dasturlar asosida tavsiya etilgan mutaxassislar tomonidan Agentlik binosida maxfiylik taʼminlangan holda shakllantiriladi. Bunda test topshiriqlari oʻqitish tilida tuziladi hamda har bir savol uchun toʻrtta javob varianti keltirilib, ulardan faqat bittasi toʻgʻri boʻladi;
test sinovlarida qatnashuvchi abituriyentlarning roʻyxati (familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)) Akademiya tomonidan Agentlikka taqdim etilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida Agentlik tomonidan Akademiya bilan kelishgan holda test sinovi oʻtkazish sanasi va vaqti belgilanib, Akademiya bu haqida xabardor qilinadi;
abituriyentlar test sinovlariga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asosida kiritiladi;
test sinovlari oʻtkaziladigan binoga abituriyentlar maxsus tekshiruvdan oʻtkazilgan holda kiritiladi. Bunda jadval, kitob, mobil telefon, kompyuter, kalkulyator, telekommunikatsiya vositalari hamda boshqa yordamchi materiallarni olib kirish, shuningdek, test jarayonida oʻzaro muloqot qilish yoki bir-biriga yordam berish taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzgan shaxslar test sinovidan chetlashtiriladi va testdan oʻtmagan deb hisoblanadi.
22. Test sinovlarida ishtirok etish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
Test sinovlari Agentlik tomonidan oʻtkazilgan taqdirda, toʻlov Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasining hisobraqamiga oʻtkaziladi.
23. Akademiyaga oʻqishga qabul qilingan ichki abituriyentlarning sinov ishlari ular shaxsiy hujjatlarining yigʻmajildlariga kiritiladi.
24. Kirish imtihonini oʻtkazish jadvali Akademiya qabul komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi. Qarorga kirish imtihonida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan ichki abituriyentlar roʻyxati, qoida tariqasida, guruhlarga boʻlingan holda ilova qilinadi.
25. Kirish imtihoni oʻtkaziladigan imtihon dasturi Akademiya qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
26. Kirish imtihoni oʻtkazilishiga qadar Akademiya qabul komissiyasi tomonidan sinov fanlari boʻyicha tasdiqlangan maslahatlar jadvaliga muvofiq mashgʻulotlar tashkil etiladi.
27. Ichki abituriyentlar kirish imtihonini topshirish uchun belgilangan vaqt va joyga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kelishi lozim. Belgilangan vaqtdan kech qolgan ichki abituriyentlar sinovga kiritilmaydi, sinovda qatnashmagan ichki abituriyentlar uchun qoʻshimcha sinov oʻtkazilmaydi.
28. Ichki abituriyentlarning kirish sinovlari davomida auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Ularning sogʻligʻi yomonlashishi va boshqa zarur holatlarda sinov materiallarini qoldirib, kuzatuv ostida auditoriyadan chiqishga ruxsat beriladi.
29. Kirish imtihonini oʻtkazish tartibini buzgan ichki abituriyentlar auditoriya kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirgan holda sinovdan chetlashtiriladi va ularning sinov ishlari baholanmaydi.
30. Kirish imtihoni natijalari test natijalari taqdim etilgan vaqtdan eʼtiboran 24 soat davomida Akademiya rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
4-bob. Tanlov natijalari boʻyicha shikoyatlarni koʻrib chiqish
31. Ichki abituriyentlarning kirish imtihoni natijalari boʻyicha shikoyatlari natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kamida uch nafardan iborat Apellyatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
Agentlik tomonidan oʻtkazilgan test sinovlari boʻyicha shikoyat u Akademiya tomonidan Agentlikka taqdim etilgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechikmasdan koʻrib chiqiladi va shikoyatni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan qabul qilingan xulosalar Agentlik tomonidan Akademiyaga taqdim etiladi.
Shikoyat koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingan kuni abituriyentga shikoyati qanoatlantirilgani yoki rad etilgani toʻgʻrisida Akademiya tomonidan yozma ravishda xabar beriladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibiga Akademiya qabul komissiyasi aʼzolari kiritilmaydi.
32. Kirish imtihoni natijalari boʻyicha shikoyatlarni koʻrib chiqish kuni va vaqti haqida Akademiya rasmiy veb-saytida eʼlon beriladi.
33. Ichki abituriyentlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish natijasida Apellyatsiya komissiyasi:
kirish imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirishi va shikoyatni qanoatlantirishni rad etishi;
ichki abituriyentning shikoyatini qanoatlantirishi mumkin.
Ichki abituriyentning shikoyati qanoatlantirilgan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasi ichki abituriyentning kirish imtihoni ishiga uzil-kesil ball qoʻyadi va qabul qilingan yakuniy qaror haqida unga xabar beradi.
Ichki abituriyentlar Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
5-bob. Oʻqishga qabul qilish tartibi
34. Akademiya qabul komissiyasi tomonidan test sinovlari ballari jamlanib, umumiy qaydnomada taʼlim shakllari boʻyicha shakllantiriladi.
Roʻyxatda ichki abituriyentlar toʻplagan eng yuqori balldan boshlab kamayib borish tartibida oʻqishga qabul qilinganlar tanlab olinadi.
35. Umumiy qaydnoma asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlarni magistraturaga oʻqishga qabul qilishga tavsiya etish toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirilib, tasdiqlanadi.
36. Akademiya qabul komissiyasining bayonnomalariga asosan Akademiya rektorining toʻlov-kontrakt asosida abituriyentlarni darsga qoʻyish haqidagi buyrugʻi chiqariladi hamda bu haqdagi maʼlumot Akademiya rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish tavsiya etilgan abituriyentlar shartnomada belgilangan toʻlov summasining tegishli qismini belgilangan muddatda toʻlagan taqdirda, Akademiya rektorining magistratura talabalari safiga qabul qilish haqida buyrugʻi chiqariladi.
37. Toʻlov-kontrakt asosida darsga qoʻyilgan talabalar shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlov summasining tegishli qismini toʻliq toʻlashlari lozim.
Toʻlov-kontrakt boʻyicha shartnoma shartlarini belgilangan muddatda bajarmagan talabalar Akademiya rektorining buyrugʻiga asosan oʻqishdan chetlashtiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
38. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 09/26/327/0628-son)