Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilm-fan, kasbiy va oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar”, alohida “Tomon” deb ataluvchilar,
har ikkala davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga intilib,
ilm-fan, kasbiy va oliy taʼlim sohalarida tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirib,
Tomonlar davlatlarining ilm-fan, kasbiy va oliy taʼlim sohasidagi milliy qonunchiligini inobatga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, oʻzaro manfaatdorlik va oʻzaro foyda asosida ikki davlat oʻrtasida ilm-fan, kasbiy va oliy taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlar hamkorligi ularning vakolat doirasi hamda milliy qonunchiligidan kelib chiqib, quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
1. Ilm-fan, oliy va kasbiy taʼlim sohalaridagi innovatsiyalar va qonunchilik boʻyicha axborot almashish;
2. Ilm-fan, oliy va kasbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish;
3. Talabalar almashinuvi va ularning tanlovlar, musobaqalar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarda oʻzaro ishtirokini yoʻlga qoʻyish;
4. Oʻqituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, ularning kasbiy rivojlanishi va malakasini oshirish sohalarida treninglar hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish;
5. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma diplom dasturlarini joriy etish;
6. Oʻquv-uslubiy vositalar, taʼlim dasturlari, taʼlimda qoʻllaniladigan yangi texnologiyalar va innovatsion loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha tajriba almashish;
7. Tomonlar davlatlari hududlarida oʻtkaziladigan seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarda oʻzaro ishtirok etish, shuningdek, qoʻshma tadbirlar tashkil etish;
8. Oʻzbek va ozarbayjon tillarini oʻzaro oʻqitish;
9. Oliy taʼlimga sohasida malaka darajalarini tan olish boʻyicha axborot almashish;
10. Muhandislik va texnologiya sohasida innovatsiyalar hamda qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish, shuningdek, ushbu sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish;
11. Tomonlar oʻzaro kelishgan hamkorlikning boshqa sohalari.
3-modda
2026-2027 oʻquv yilidan boshlab, har yili Tomonlar taʼlim dasturida belgilangan muddatlarga moʻljallangan oliy taʼlimning bakalavriat, magistratura va doktorantura (falsafa doktori dasturi) bosqichlarida tahsil olish uchun oʻzaro teng asosda 10 ta kvota ajratadilar.
Nomzodlarni tanlash, taʼlim olish muddati va ularning taʼlim xarajatlarini moliyalashtirish bilan bogʻliq masalalar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali xat almashish yoʻli bilan hal etiladi.
4-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirishni Tomonlarning quyidagi vakolatli idoralari amalga oshiradi:
Ozarbayjon tomoni tarafidan — Ozarbayjon Respublikasi Fan va taʼlim vazirligi;
Oʻzbek tomoni tarafidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
Tomonlar oʻz vakolatli idoralari oʻzgargan taqdirda, bir-birlarini diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladilar.
Mazkur Bitim doirasidagi faoliyatlarni moliyalashtirish Tomonlarning mavjud budjeti imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
5-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar tegishli ishchi va ekspert guruhlarini tuzishi, amaliy rejalar va boshqa hamkorlik dasturlarini qabul qilishi mumkin.
Tomonlar axborot almashish va faoliyatni muvofiqlashtirish uchun elektron pochta, videokonferensiya yoki boshqa aloqa vositalaridan foydalanishlari mumkin.
Tomonlar uchrashuvlarda maʼlumot berish uchun tegishli ekspertlar yoki tashkilotlarni taklif qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin.
6-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlarning davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar ularni maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etadilar.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro yozma kelishuviga koʻra, mazkur Bitimga uning ajralmas qismi boʻlgan va mazkur Bitimning 9-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
1. Mazkur Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarilganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida uning amal qilish muddati tugashidan kamida 6 (olti) oy oldin yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, Bitimning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan navbatdagi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
Mazkur Bitimning amal qilishining tugatilishi yoki uni bekor qilinishi u amal qilgan paytda bajarilishi boshlangan va amalda boʻlib turgan loyihalarga daxl qilmaydi.
Boku shahrida, 2025-yil 2-iyulda, ikki asl nusxada, oʻzbek, ozarbayjon va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)