Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Mediatorlarning kasb etikasi qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 5-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3741]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan buyuraman:
1. Mediatorlarning kasb etikasi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-dekabr,
32-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 30-dekabrdagi 32-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Mediatorlarning kasb etikasi qoidalari
Mazkur Qoidalar mediatorlarning kasb etikasiga oid asosiy qoidalar va talablarni (bundan buyon matnda kasb etikasi qoidalari deb yuritiladi) belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Kasb etikasi qoidalarining maqsadi mediatorlar faoliyatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida mediatorlarga boʻlgan hurmat va ishonchni oshirish hamda mediatorlarning odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarining oldini olish hisoblanadi.
2. Mediatorlar kasb etikasi qoidalariga soʻzsiz rioya qilishi, mediatorlik faoliyatini halol va vijdonan bajarishi, mediatorlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hamda mediatorlik faoliyatining nufuzini saqlashi lozim.
3. Mediatorlar qonunchilik hujjatlariga va kasb etikasi qoidalariga qatʼiy rioya etishi shart.
4. Mediatorlar Mediatorlar reyestriga (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) kirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga (bundan buyon matnda hududiy adliya organlari deb yuritiladi) ariza taqdim etganda mediatsiyaga oid qonunchilik hujjatlari va kasb etikasi qoidalari bilan tanishganligini tasdiqlashi kerak.
2-bob. Mediatorlar faoliyatining asosiy prinsiplari
5. Mediatorlar oʻz faoliyatini maxfiylik, ixtiyoriylik, mediatsiya taraflarining hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorlarning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshiradi.
6. Mediatorlarning maxfiylik prinsipiga quyidagilar kiradi:
mediatorlar mediatsiya jarayonida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni ularni taqdim etgan mediatsiya tarafining, uning huquqiy vorisining yoki vakilining yozma roziligisiz oshkor qilishga haqli emasligi.
Bunda, mediatorlarning hududiy adliya organlariga statistika maʼlumotlarini Mediatorlar tomonidan statistika maʼlumotlarini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3740, 2025-yil 30-dekabr) muvofiq taqdim etib borishi maxfiylik prinsipini buzish hisoblanmaydi;
mediatorlar oʻzlariga mediatsiya jarayonida maʼlum boʻlib qolgan holatlar haqida guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emasligi;
mediatsiya taraflarining mediatorlarga murojaat qilganligi fakti, shu jumladan jismoniy shaxslarning ismlari va yuridik shaxslarning nomlarini oshkor qilmasligi;
mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish jarayonida mediatorlar tomonidan mediatsiya taraflaridan olingan barcha maʼlumotlar va hujjatlarni oshkor qilmasligi;
mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish jarayonida mediatsiya taraflari toʻgʻrisida mediatorlarga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor qilmasligi;
mediativ kelishuv yoki mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv mazmuni va shartlari, shu jumladan mediatorlar va mediatsiya taraflari oʻrtasidagi moliyaviy hisob-kitoblarni oshkor qilmasligi.
7. Mediatsiyaning ixtiyoriylik prinsipiga quyidagilar kiradi:
mediatsiya taraflarining mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda ishtirok etishi mediatsiya taraflarining oʻzaro ixtiyoriyligiga asoslanishi, bunda mediatsiya jarayonida mediatsiya taraflarining majburan jalb etilishi mumkin emasligi;
mediatsiya taraflari mediatsiyani qoʻllashdan uning istalgan bosqichida voz kechishga haqli ekanligi va mediatsiya taraflari oʻzaro maqbul kelishuvni muhokama qilish uchun masalalarni tanlashda erkinligi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish vaqtida mediatsiya taraflarini yarashishga majburlash taqiqlanishi;
mediatsiya kelishuviga erishish yoki erishmaslik boʻyicha qaror qabul qilishda bosim oʻtkazmasligi.
8. Mediatorlarning mediatsiya taraflari bilan hamkorligi va teng huquqliligi prinsipiga quyidagilar kiradi:
mediatorlar mediatsiya taraflarining mediatsiya tartib-taomilini mediativ kelishuv shartlariga bir tomonlama taʼsir koʻrsatmagan holda amalga oshirishi;
mediatorlar mediatsiya tartib-taomilini nizo xususida mediatsiya taraflarining hamkorligi asosida oʻzaro maqbul qarorga erishish maqsadida amalga oshirishi;
mediatorlar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibini, mediatsiya tartib-taomilidagi oʻz nuqtai nazarini, bu nuqtai nazarni himoya qilish usullari va vositalarini tanlashda, axborot olishda, mediativ kelishuv shartlarining oʻzaro maqbulligini baholashda teng huquqlardan foydalanishi hamda ularning zimmasida teng majburiyatlar boʻlishi.
9. Mediatorlarning mustaqilligi va xolisligi prinsipiga quyidagilar kiradi:
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediatorning mustaqilligi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediatorlarning faoliyatiga biror-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi;
mediatorlarning mediatsiya taraflaridan biri bilan shaxsiy yoki xizmat munosabatlariga kirishmasligi;
mediatorlarning mediatsiya natijasidan bevosita yoki bilvosita moliyaviy yoki boshqa turdagi manfaatdorligi boʻlmasligi;
mediatorlarning mediatsiyadan tashqari mediatsiya taraflaridan biri bilan hamkorlik qilmasligi.
Bunda, mediatsiya taraflarining roziligi bilan, mediatorlar oʻzining toʻliq mustaqil va xolis boʻla olishiga ishonch hosil qilgan taqdirda mediatsiyani boshlash yoki davom ettirishi mumkin.
Mediatorlar har doim xolis boʻlib harakat qilishi, mediatsiya jarayonini amalga oshirish maqsadida har ikki tarafga teng xizmat koʻrsatishni oʻz oldiga ustuvor vazifa qilib qoʻyishi kerak.
Mediatorlarning mustaqilligi va xolisligiga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, ular mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishdan voz kechishi kerak.
Mediatorlar mediatorlik faoliyatini targʻib qilishda yolgʻon va ishonchli boʻlmagan maʼlumotlardan foydalanishi taqiqlanadi.
3-bob. Mediatorlarning kasb etikasiga qoʻyiladigan talablar
10. Mediatorlar mediatsiya taraflarining mediatsiya jarayonida teng imkoniyatlarga ega boʻlishini taʼminlashi lozim.
Mediatorlar mediatsiya taraflarining shaxsiy xislatlari, ijtimoiy kelib chiqishi, qadriyatlari, eʼtiqodi yoki ularning mediatsiyada oʻzini tutishiga qarab ularga nisbatan bir tomonlama munosabatda boʻlmasligi lozim.
11. Mediatsiya taraflari mediatsiya oʻtkazishning qonuniy vositalari va usullarini qoʻllash boʻyicha mediatorlarga ixtiyoriy rozilik bildirishi kerak.
12. Mediatorlar mediatsiya taraflari bilan munosabatlarda:
qonunchilik hujjatlari talablariga va Mediatorning kasb etikasi qoidalariga rioya etishi;
mediatsiya boshlanguniga qadar mediatsiya taraflariga mediatsiyaning maqsadini, shuningdek ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;
ishga kirishishdan oldin mediatsiya taraflariga mediatsiyaning oʻtkazish tartibi, qiymati (shu jumladan, toʻlov tartibi va shakli) va ularning oqibatlari toʻgʻrisida maʼlumot berishi;
mediatsiya taraflariga oʻzining kasbiy malakasi va ish tajribasi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumot berishi;
muzokaralar davomida mediatsiya taraflarining xavfsizligi va teng huquqliligi, oʻzaro hurmat muhitini yaratishga koʻmaklashishi;
mediatsiya taraflariga, ularning vakillariga, mediatsiyaning boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmat va xushmuomalalik koʻrsatishi;
mediatsiya taraflarini diqqat bilan tinglashi, maʼlumotlarni tahlil qilish va umumlashtirishi, muzokaralar jarayonini boshqarishi, mediatsiya taraflarini nizoni hal qilishning maqbul variantlarini izlashga undashi;
muzokaralar natijasini bir tarafning foydasini koʻzlab ish olib bormasligi lozim.
4-bob. Yakuniy qoida
13. Mazkur kasb etikasi qoidalarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2026-y., 10/26/3741/0007-son)