O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QARORI
Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2025-yil 20-noyabrdagi PQ-350-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va BMTning Butunjahon turizm tashkiloti o‘rtasida tuzilgan kelishuv bitimiga muvofiq Butunjahon turizm tashkiloti (keyingi o‘rinlarda — Tashkilot) shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi (keyingi o‘rinlarda — Akademiya) tashkil etilgani;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmonida Akademiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili Davlat budjeti hisobidan mablag‘lar ajratib borilishi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-son qarorida:
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Akademiyada mehmonxonalar va restoranlar uchun yuqori malakali xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
Akademiyaga talabalarni qabul qilish kvotalari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqib belgilanishi;
Akademiya Samarqand shahrining Bobur Mirzo ko‘chasi 3a-uy manzilidagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga (keyingi o‘rinlarda — Universitet) qarashli binoga bepul joylashtirilishi nazarda tutilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo xorijiy davlatlarning iqtidorli mutaxassislari Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida ta’lim olishi bo‘yicha maxsus grant ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Akademiya huzuridagi “Global yashil turizm startaplari” laboratoriyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
respublikada “yashil turizm” talablarini keng qo‘llashga ko‘maklashuvchi innovatsion ishlanmalarni yaratish;
startap loyihalarga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilishda, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalar va dasturiy mahsulotlar transferini amalga oshirishda ko‘maklashish;
startap loyihalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan yangi ma’ruzalar, qo‘llanmalar, o‘quv materiallari yaratishda hamda “yashil turizm” masalalari bilan bog‘liq o‘quv faoliyatining boshqa shakllarida foydalanishni tashkil etish;
“yashil turizm” yo‘nalishida innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish, ularning natijalarini tijoratlashtirish va keng targ‘ib qilishga ko‘maklashish;
“yashil turizm” yo‘nalishidagi startap loyihalari, ilmiy-tadqiqot ishlari va olingan natijalarni muntazam muhokama qilib borish.
4. Belgilansinki:
Akademiyaning ma’muriy boshqaruv shtatlari soni 16 birlikni tashkil qiladi;
Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, o‘quv-yordamchi va texnik xodimlari soni oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlar asosida aniqlanadi.
5. Turizm qo‘mitasi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahri Go‘ro‘g‘li ko‘chasidagi 13-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarni buzish yoki rekonstruksiya qilish, ushbu hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish va “Badiiy galereya” o‘quv laboratoriyasini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
6. Binolarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, “Badiiy galereya” o‘quv laboratoriyasini tashkil etish, manzarali daraxtlar, butalar va gul ko‘chatlarini ekish ishlarini (keyingi o‘rinlarda — qurilish-montaj va tashkiliy ishlar) qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida, istisno tariqasida, Samarqand viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” DUKni buyurtmachi etib belgilashga ruxsat berilsin. Bunda:
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish-montaj va tashkiliy ishlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari qisqa muddatda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi qurilish-montaj va tashkiliy ishlarni amalga oshirishda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Turizm qo‘mitasi raisi hamda Samarqand viloyati hokimi A.M. Boboyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-dekabr,
787-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 787-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo xorijiy davlatlarning iqtidorli mutaxassislari Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida ta’lim olishi bo‘yicha maxsus grant ajratish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo xorijiy davlatlarning iqtidorli mutaxassislari Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida (keyingi o‘rinlarda — Akademiya) ta’lim olishi (qayta tayyorlash va malaka oshirish) bo‘yicha maxsus grant ajratish tartibini belgilaydi.
2. Har yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassislariga Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida ta’lim olish uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan maxsus grant ajratiladi.
3. Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida maxsus grant asosida ta’lim oladigan mutaxassislar yil davomida o‘tkazib boriladigan tanlov orqali aniqlanadi.
4. Tanlovda quyidagi shaxslar ishtirok eta olmaydi:
a) hujjat topshirish vaqtida shaxs 45 yoshdan oshgan, ilgari xorijda shu kabi mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirgan bo‘lsa;
b) diplomatik va konsullik korpusi a’zolari yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik va konsullik korpusi vakillarining oila a’zolari;
v) O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining ma’muriy-texnik xodimlari;
g) O‘zbekiston Respublikasida joylashgan xalqaro tashkilotlar xodimlari yoki O‘zbekistonda joylashgan xalqaro tashkilotlar xodimlarining oila a’zolari;
d) ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball va undan yuqori, Common European Framework of Reference for Languages (CEFR) bo‘yicha kamida V2 va undan yuqori, TOEFL IBT bo‘yicha kamida 72 va undan yuqori ball ko‘rsatkichi bilan tan olingan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan shaxslar (ingliz tilida tahsil olgan yoki ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarning mutaxassislari bundan mustasno);
e) sohada oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lmasa.
5. Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida maxsus grant bo‘yicha ta’lim olish uchun nomzodlar komissiya (keyingi o‘rinlarda — Tanlov komissiyasi) tomonidan tanlab olinadi.
6. Tanlov komissiyasining tarkibi va ish tartibi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Tanlov o‘tkazilishini e’lon qilish va unda ishtirok etish uchun hujjatlarni qabul qilish tartibi
7. Tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti va Akademiyaning rasmiy veb-saytlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.
Tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’londa quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
maxsus grant ajratiladigan ta’lim dasturlari ro‘yxati;
talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati, ularni qabul qilish tartibi, muddati va joyi;
tanlov ishtirokchilariga (yoshi, chet tilini bilish darajasi, ilmiy maqolalarning mavjudligi bo‘yicha) qo‘yiladigan talablar;
tanlov bosqichlarini o‘tkazish joyi va muddati;
bog‘lanish uchun telefon raqamlari va elektron pochta manzili.
8. Tanlov ishtirokchilari Akademiyaga elektron platforma orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
belgilangan namunadagi ariza;
shaxsini tasdiqlovchi pasport yoki ID karta nusxasi;
diplom va sertifikatlarning nusxalari;
ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball va undan yuqori, Common European Framework of Reference for Languages (CEFR) bo‘yicha kamida V2 va undan yuqori, TOEFL IBT bo‘yicha kamida 72 va undan yuqori ball ko‘rsatkichi bilan tan olingan xalqaro sertifikat nusxasi (ingliz tilida tahsil olgan yoki ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarning mutaxassislari bundan mustasno);
tanlov ishtirokchisining iqtidorini namoyish etuvchi qisqa rolik;
Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo xorijiy davlatning turizm sohasiga mas’ul bo‘lgan yuqori tashkilotining tavsiyanomasi.
9. Tanlovning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar hujjatlarni bosma shaklda rasmiylashtirilgan holda Akademiyaga taqdim etadi.
3-bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi
10. Tanlov komissiyasi tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqadi.
11. To‘plangan hujjatlar asosida tanlov ishtirokchilari bilan ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalari, shaxsiy-kasbiy xususiyatlari va qobiliyatlari yo‘nalishida suhbat o‘tkaziladi, bunda suhbat jarayoni videotasvirga tushiriladi.
Vasiylik kengashining qaroriga asosan tanlov ishtirokchisi bilan suhbat onlayn-video muloqot shaklida o‘tkazilishi mumkin.
12. Suhbat jarayonidagi nomzodga beriladigan savollar va ularning javoblari, Tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan tanlov ishtirokchisiga qo‘yiladigan ballar hamda suhbatning umumiy natijalari qayd etib boriladi.
13. Tanlov komissiyasi a’zolari tanlov ishtirokchisining bilimi, shuningdek, ish tajribasini hisobga olib, uni suhbatdan o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish haqida qaror qabul qiladi. Bunda ushbu qaror Tanlov komissiyasi majlisida hozir bo‘lgan a’zolarning bergan ballari natijasi bo‘yicha qabul qilinadi.
14. Tanlov komissiyasi suhbat natijalarini umumlashtiradi va Vasiylik kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
15. Vasiylik kengashi maxsus grant ajratilishi tavsiya etilgan tanlov g‘oliblari ro‘yxatini tasdiqlaydi.
16. Akademiya o‘z veb-saytida tanlov g‘oliblari ro‘yxatini e’lon qiladi.
17. Tanlov g‘olibi o‘qish jarayonlari boshlanganidan keyin bir oy mobaynida o‘quv jarayonida ishtirok etmasa, ya’ni Akademiyaga kela olmasa, unga grant ajratilmaydi.
18. Tanlov g‘olibi bilan Akademiya o‘rtasida o‘quv jarayonlarini tashkil etish shartlari, tomonlarning majburiyatlarini ko‘rsatgan holda shartnoma tuziladi.
4-bob. Apellyatsiya komissiyasi
19. Tanlov o‘tkazilishi yuzasidan kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun Vasiylik kengashining qaroriga asosan Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Apellyatsiya komissiyasiga shikoyatlar tanlov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab uch kun ichida beriladi.
21. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat kelib tushgan kundan boshlab besh kun ichida ko‘rib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi shart.
22. Tanlovni o‘tkazish tartibi va Tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan deb topilgan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasi tanlov ishtirokchilari bilan qayta suhbat o‘tkazadi yoki tanlov natijalarni qayta hisoblaydi.
5-bob. Tanlov g‘oliblariga grantlar ajratish miqdori va shartlari
23. Maxsus grant miqdori xorijiy davlatlar mutaxassislarining (keyingi o‘rinlarda — mutaxassislar) quyidagi xarajatlarini qamrab oladi:
har oyda 500 AQSH dollari ekvivalentidagi stipendiya va yashash xarajatlari;
bir martalik 100 AQSH dollari ekvivalentidagi sayohat, O‘zbekiston hududlari madaniyati va hayoti bilan tanishish bilan bog‘liq xarajatlar;
bir marta ekonom klassda O‘zbekistonga kelish va o‘z Vataniga qaytish xarajatlari.
24. Tanlov g‘oliblari bilan Akademiya o‘rtasida tomonlarning majburiyat va vakolatlarini belgilab beruvchi shartnoma tuziladi.
Tuzilgan shartnomaga muvofiq maxsus grantlar tanlov g‘oliblari O‘zbekistonga kelgan va Akademiyaga o‘qishga qabul qilingan jarayondan boshlab o‘tkazib beriladi.
25. Tanlov g‘oliblari shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda, Akademiya tinglovchilari safidan chetlatiladi va ularning Akademiyada bo‘lishi hamda o‘qishini ta’minlash uchun ajratilgan barcha moliyaviy xarajatlar belgilangan tartibda Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga qaytariladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.12.2025-y., 09/25/787/1164-son)