Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining
buyrugʻi
Davlat ijrochilarini ijro yigʻimi hisobidan moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 19-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3624]
Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-son “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Davlat ijrochilarini ijro yigʻimi hisobidan moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh prokuror N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-may,
26-B-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2025-yil 14-may
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2025-yil 14-maydagi 26-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat ijrochilarini ijro yigʻimi hisobidan moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (bundan buyon matnda Byuro deb yuritiladi) davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarini ijro yigʻimi hisobidan moddiy ragʻbatlantirish (bundan buyon matnda moddiy ragʻbatlantirish deb yuritiladi) tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Moddiy ragʻbatlantirish sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishni taʼminlash samaradorligini oshirish maqsadida qarzdordan undirilgan ijro yigʻimining bir qismini davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarga ajratma sifatida qoldirish orqali amalga oshiriladi.
2. Moddiy ragʻbatlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolisonalik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Moddiy ragʻbatlantirish asoslari
3. Davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarga beriladigan moddiy ragʻbatlantirish miqdorlari Ijro ishi yurituvlari yagona elektron bazasi (bundan buyon matnda dasturiy taʼminot deb yuritiladi) orqali avtomatik tarzda har oy yakuni boʻyicha hisoblab boriladi.
4. Moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarning ish yurituvida boʻlgan tamomlangan ijro ishlaridan oy davomida toʻlov tizimlari orqali undirilgan ijro yigʻimining bir qismini ajratish orqali amalga oshiriladi.
Bunda, ijro yigʻimining toʻgʻri va haqqoniy qoʻllanilishi, taqsimlanishi va oʻtkazilishiga davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodim masʼul hisoblanadi.
5. Moddiy ragʻbatlantirish qisman yoki soddalashtirilgan tartibda undiruv amalga oshirilgan, ijrosi toʻxtatilgan yoxud kechiktirilgan, shuningdek boshqa hududga yuborilgan hamda ijrosiz qaytarilgan ijro ishlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
6. Ayrim toifadagi qarzdorlardan undiriladigan ijro yigʻimi ajratma sifatida qoldirilmaydi yoki ajratilmaydi. Bunday toifadagi qarzdorlar roʻyxati Byuro direktori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
7. Xizmat safaridagi yoki rotatsiya qilingan davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarga moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari ishlab turgan hudud hamda muqaddam ishlagan hududdagi ish yurituvidagi ijro ishlarining natijalari inobatga olgan holda hisoblanadi.
Bunda, xizmat safaridagi yoki rotatsiya qilingan davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarning ishlab turgan hudud hamda muqaddam ishlagan hududdagi amalga oshirgan ijro ishlari dasturiy taʼminotda hisoblab boriladi.
3-bob. Moddiy ragʻbatlantirish tartibi
8. Moddiy ragʻbatlantirish har oy yakuni boʻyicha Byuro direktori va hududiy boshqarma boshligʻining buyrugʻiga asosan keyingi oyning 10 sanasiga qadar amalga oshiriladi.
9. Moddiy ragʻbatlantirish uchun xarajatlar Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasiga kelib tushgan ijro yigʻimi mablagʻlarining 10 foizi miqdoridagi ajratma hisobidan amalga oshiriladi.
10. Moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari uchun ajratma mulkiy xarakterga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha quyidagi miqdorlarda taqsimlanadi:
1) Byuroning markaziy apparatida:
ajratmaning 80 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda bevosita ijro yigʻimini undirgan davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimga;
ajratmaning 20 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan boshqa xodimlarga;
2) Byuroning hududiy boshqarmalarida:
ajratmaning 80 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda bevosita ijro yigʻimini undirgan davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimga;
ajratmaning 20 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda boshqa davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarga;
3) Byuroning tuman (shahar) boʻlimlarida:
ajratmaning 80 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravaridan oshmagan miqdorda bevosita ijro yigʻimini undirgan davlat ijrochisiga;
ajratmaning 20 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravaridan oshmagan miqdorda Byuroning tuman (shahar) boʻlimlari boshqa davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlariga.
Mazkur bandda koʻrsatilgan xodimlarni ragʻbatlantirishning umumiy miqdori 1 va 2-kichik bandlari boʻyicha mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining uch baravaridan, 3-kichik bandi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravaridan oshmaydi.
Moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari uchun ajratmaning 20 foizi qoʻllaniladigan boshqa davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodimlarning lavozimlari roʻyxati Byuro direktori tomonidan tasdiqlanadi.
11. Mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha undirilgan ijro yigʻimidan ajratma davlat ijrochisiga toʻliq miqdorda, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravaridan oshmagan miqdorda yoʻnaltiriladi.
12. Ijro yigʻimini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, ijro yigʻimini qaytarish xarajatlari keyingi davr uchun toʻlanadigan ajratma hisobidan qayta hisob-kitob qilinadi.
Davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodim prokuratura organlari tizimidan boʻshatilgan va u bilan yakuniy hisob-kitob amalga oshirilmagan boʻlsa, ijro yigʻimini qaytarish xarajatlari yakuniy hisob-kitob davrida ushlab qolinadi hamda agar u bilan yakuniy hisob-kitob amalga oshirilgan boʻlsa, xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi.
13. Moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan toʻlovlar jumlasiga kiradi va intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida ham qoʻllaniladi.
14. Moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega boʻlgan xodim dasturiy taʼminotga notoʻgʻri maʼlumotlar kiritganligi aniqlanganda yoki bir oydan ortiq vaqt mobaynida asosiy vazifasiga kirishmaganda (oʻquv muassasasida tahsil olayotgan, homiladorlik, tugʻish va bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan, kasalligi sababli davolanayotgan yoki boshqa hollarda) qoʻllanilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoida
15. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 10/25/3624/0452-son)