Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestrida 2024-yil 2-dekabrda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4580-CN-2024-H]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar);
oʻz mamlakatlari oʻrtasida yangi davr uchun har qanday sharoitdagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va fuqarolarning tashriflarini osonlashtirish maqsadida;
hamda tenglik va oʻzarolik asosida doʻstona maslahatlashuvlar oʻtkazgan holda;
vizadan oʻzaro ozod etish yuzasidan quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar:
I modda
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi oddiy pasportiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Xitoy Xalq Respublikasining amaldagi xizmat pasportiga, davlat ishlari uchun pasportiga va oddiy pasportiga ega boʻlgan Xitoy Xalq Respublikasining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida boʻlish muddati oʻttiz (30) kundan oshmaydigan muddatda va har qanday bir yuz sakson (180) kunlik davrda jami toʻqson (90) kundan ortiq boʻlmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
II modda
Mazkur Bitimning I moddasida nazarda tutilgan har qaysi Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari xalqaro sayohatchilar uchun ochiq oʻtkazish punktlarida boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kiradilar, undan chiqadilar yoki tranzit qiladilar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladigan kirish, chiqish va tranzitga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va qoidalariga rioya qiladilar.
III modda
1. Mazkur Bitimning I moddasida koʻrsatilgan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlishlari davomida uning amaldagi qonunchiligi va tartibotiga rioya qiladilar.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning mazkur Bitimning I moddasida koʻrsatilgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida oʻttiz (30) kundan ortiq muddat qolish yoki yashash yoxud mehnat qilish, oʻqish, media faoliyati bilan shugʻullanish yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanish niyatida boʻlgan fuqarolari, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kirishdan oldin tegishli viza olish uchun murojaat qiladi.
3. Mazkur Bitimning I moddasida koʻrsatilgan har bir boʻlish muddati gumanitar sabablarga koʻra, fors-major holatlari yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli idorasi tarafidan taqdim etilgan boshqa sabablarga koʻra uzaytirilishi mumkin.
IV modda
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan birining boshqa davlatning persona non grata deb hisoblash yoki qabul qilinishi nomaqbul fuqarolarining oʻz hududiga kirishini taqiqlash yoxud ularning oʻz hududida boʻlishlarini sabablarini koʻrsatmagan holda tugatish huquqini cheklamaydi.
V modda
1. Istalgan Ahdlashuvchi Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibi yoki ijtimoiy sogʻliqni saqlash nuqtai nazaridan mazkur Bitimning amal qilishini qisman yoki toʻliq vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Shu bilan birga, u boshqa Ahdlashuvchi Tomonni toʻxtatib turishga qadar yoki toʻxtatib turish bekor qilinguniga qadar oʻz vaqtida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq toʻxtatib turish mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatib turishni amalga oshirayotgan Ahdlashuvchi Tomonning hududida boʻlib turgan mazkur Bitimning I moddasida koʻrsatilgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolarining huquq va manfaatlariga daxl qilmaydi.
VI modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab oʻttiz (30) kun ichida diplomatik kanallar orqali mazkur Bitimning I moddasida koʻrsatilgan oʻz pasportlarining namunalarini almashishni yakunlaydilar.
2. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishi muddati davomida yangi pasportlar joriy etsa yoki mavjud pasportlarga oʻzgartirishlar kiritsa, tegishli Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni bunday oʻzgarishlar toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabardor qiladi hamda ariza berishdan kamida oʻttiz (30) kun oldin yangi yoki oʻzgartirilgan pasportlarning namunalarini taqdim etadi.
VII modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun ichki huquqiy protseduralar belgilangan tartibda amalga oshirilgandan soʻng diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qiladilar. Mazkur Bitim oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab oʻttizinchi (30) kuni kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uni tugatish toʻgʻrisida murojaat qilgunga qadar amal qiladi. Bunday holda, bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladi hamda mazkur Bitim xabarnoma olingan kundan boshlab toʻqsoninchi (90) kunida oʻz kuchini yoʻqotadi.
3. Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Oʻzgartirishlar mazkur Bitimning VII moddasi 1-bandiga muvofiq kuchga kiradi.
VIII modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida doʻstona maslahatlashuvlar yoki muzokaralar orqali hal etiladi.
IX modda
Mazkur Bitim Toshkent shahrida 2010-yil 9-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida diplomatik pasport egalarining oʻzaro vizasiz safarlari toʻgʻrisidagi Bitim va Pekin shahrida 2019-yil 27-avgustda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida ishbilarmon doiralar vakillari uchun viza jarayonlarini soddalashtirish toʻgʻrisidagi Bitimdan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
BUNING TASDIGʻI SIFATIDA, oʻz Hukumatlari tarafidan tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Chendu shahrida, 2024-yil 1-dekabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)