Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzurida Yoshlar maslahat guruhini tashkil qilish toʻgʻrisida
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, norma ijodkorligi jarayonida, xususan, yoshlar masalalariga doir qaror loyihalarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishda faol ishtirok etish, yoshlarga doir masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqish, bu borada tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlariga koʻmaklashish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi toʻgʻrisida namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga:
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi toʻgʻrisida namunaviy nizomni oʻz sessiyalarida koʻrib chiqish va u asosida tegishli nizomni tasdiqlash;
Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarini xalq deputatlari Kengashi deputatlariga “ustoz-shogird” anʼanasi asosida biriktirish;
xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalari bilan Yoshlar maslahat guruhining hamkorligini taʼminlash hamda ularni yoshlar masalalariga oid muhokamalar va nazorat-tahlil tadbirlariga jalb etib borish tavsiya etilsin.
3. Quyidagilar Yoshlar maslahat guruhi faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda yoshlarning bevosita ishtirokini taʼminlash;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qonunchilikdagi islohotlar samaradorligini “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish va joylarda qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish;
xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalarining yoshlar masalalariga oid muhokamalari va nazorat-tahlil tadbirlarida ishtirok etish;
hududlarda yoshlar muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqish;
yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda ularning siyosiy bilim va dunyoqarashini shakllantirishga koʻmaklashish;
Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularning manfaatlariga xizmat qiladigan tadbirlarni tashkil qilish (konferensiya, aksiyalar, forum, seminar, davra suhbati, jamoatchilik eshituvi, ochiq muloqot, ijodiy kechalar, vebinar, tanlovlar, musobaqa va boshqalar).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Senat devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi (Q. Muqumov) bilan birgalikda Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xalq deputatlari Kengashlariga tashkiliy, uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatib borsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shahar) hokimliklari Yoshlar maslahat guruhi samarali faoliyat olib borishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini koʻrsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonova zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 26-fevral,
KQ-102-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 26-fevraldagi KQ-102-V-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi toʻgʻrisida namunaviy
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhining (keyingi oʻrinlarda — Yoshlar maslahat guruhi) asosiy maqsad va vazifalarini, Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarining huquq va majburiyatlarini, uni shakllantirish va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Yoshlar maslahat guruhi xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi (keyingi oʻrinlarda — mahalliy Kengash) qarori bilan tashkil etiladigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan hamda faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan maslahat organi hisoblanadi.
3. Yoshlar maslahat guruhi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Senat Kengashining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, tegishli mahalliy Kengash qarorlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Yoshlar maslahat guruhi mahalliy Kengashning vakolat muddatiga tuziladi, vakolat muddati tugagach yangi tarkibi shakllangunga qadar oʻz faoliyatini davom ettiradi.
2-bob. Yoshlar maslahat guruhining asosiy maqsadi va vazifalari
5. Yoshlar maslahat guruhining asosiy maqsadi — yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlashda, norma ijodkorligi jarayonida, xususan, yoshlar masalalariga doir qaror loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda faol ishtirok etish, yoshlarga doir masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqish, bu borada mahalliy Kengash deputatlariga koʻmaklashishdan iborat.
6. Yoshlar maslahat guruhining vazifalari quyidagilardan iborat:
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doirasida hududdagi yoshlar muammolarini aniqlaydi va ularni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
qonun hujjatlarini oʻrganadi, tahlil qiladi va takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
hududiy dasturlarni ishlab chiqish jarayonida yoshlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda takliflar tayyorlaydi;
qabul qilingan qonun va qonunchilik hujjatlari, davlat dasturlari, “yoʻl xaritalari” hamda boshqa hujjatlardagi yoshlarga oid vazifalarni tahlil qiladi, zarur hollarda, tegishli tavsiyalar ishlab chiqadi;
hududda yoshlar masalasiga oid chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati olib borilishida ishtirok etadi;
yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz iqtidorlarini namoyish etishlari uchun tashabbuskor yoshlarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
mahalliy Kengashning doimiy komissiyalari bilan birgalikda yoshlarga doir masalalar boʻyicha oʻrganish ishlari amalga oshirilishida ishtirok etadi, qaror loyihalari ishlab chiqilishidagi muhokama jarayonlarida qatnashadi;
mahalliy Kengashning doimiy komissiyalari yigʻilishlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining yoshlar masalalariga oid hisobotlari (axborotlari)ni eshitish va muhokama qilish jarayonida ishtirok etadi;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalari bilan hamkorlikda yoshlar oʻrtasida ekologiyani asrash va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga qaratilgan aksiyalar oʻtkazadi;
qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini hamda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini keng targʻib qiladi, yoshlar oʻrtasida turli koʻrik tanlovlar, madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarini tashkil etishga koʻmaklashadi;
mahalliy Kengash deputatlarining, senatorlarning yoshlar bilan uchrashuvlari tashkil etilishiga koʻmaklashadi.
3-bob. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
7. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalaridan oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni soʻrash va olish;
mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalari tomonidan tashkil etiladigan majlislar va boshqa tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda belgilangan tartibga qatʼiy rioya etgan holda ishtirok etish;
mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalari ishchi guruhlari tarkibida davlat organlari va boshqa tashkilotlarga borish;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalariga Yoshlar maslahat guruhi zimmasiga yuklangan vazifalar yuzasidan takliflar kiritish;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalarining yoshlar masalasiga oid majlislarida ishtirok etish va ularda koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan fikr bildirish;
yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida hududdagi yoshlar orasida vujudga kelayotgan dolzarb muammolarni aniqlash va ularning yechimlariga doir takliflar ishlab chiqishda ishtirok etish hamda oʻz takliflarini mahalliy Kengashning tegishli doimiy komissiyasiga kiritish.
Yoshlar maslahat guruhi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilish;
mahalliy Kengash faoliyati bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilish;
mahalliy Kengash yoki boshqa davlat organlarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmaslik;
mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalari va kotibiyati faoliyat koʻrsatishi uchun toʻsqinlik qilmaslik;
fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻymaslik;
oʻz faoliyati davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan boʻlsa, maxfiyligiga rioya qilish.
Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Yoshlar maslahat guruhi tarkibini shakllantirish tartibi
9. Yoshlar maslahat guruhi tarkibi (16 — 30 yosh) xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlarining Yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi hamda xalq deputatlari tumanlar (shahar) Kengashlarining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — doimiy komissiya) tomonidan gender tenglikni inobatga olgan holda shakllantiriladi.
10. Mahallalardagi yoshlar yetakchilari, oliy taʼlim muassasalarining talabalari, oʻrta maxsus, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻquvchilari, turli yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan eng faol va tashabbuskor, ijobiy natijalarga erishgan yoshlar Yoshlar maslahat guruhining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi va siyosiy partiyalarning hududiy boʻlinmalari Yoshlar maslahat guruhi aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya etishlari mumkin.
11. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari soni, qoida tariqasida, tegishli mahalliy Kengash deputatlari sonining 50 foizidan oshmasligi lozim.
12. Mahalliy Kengash deputatlari bir vaqtning oʻzida Yoshlar maslahat guruhining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
13. Quyidagi hollarda Yoshlar maslahat guruhining aʼzolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:
Yoshlar maslahat guruhi tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berilganda;
Yoshlar maslahat guruhining yigʻilishlarida muntazam ravishda sababsiz ishtirok etmaganda;
mazkur Nizom talablarini bir necha bor buzganda;
mahalliy Kengashning doimiy komissiyasi topshiriqlarini bajarmaganda;
Yoshlar ishlari agentligi va siyosiy partiyalar hududiy boʻlinmalari (oʻzlari taqdim qilgan nomzodlar boʻyicha) hamda mahalliy Kengash doimiy komissiyasining tegishli taqdimnomasiga koʻra;
chet elga koʻchib ketganda yoki boshqa davlat fuqaroligini olganda;
ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan deb topilganda.
Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarini uning tarkibidan chiqarish mahalliy Kengash qaroriga asosan amalga oshiriladi.
14. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari haqidagi maʼlumotlar mahalliy Kengashning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi mumkin.
15. Yoshlar maslahat guruhi rahbari va kotibi uning birinchi tashkiliy yigʻilishida doimiy komissiya tavsiyasiga koʻra aʼzolar tomonidan ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
5-bob. Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini tashkil etish tartibi
16. Yoshlar maslahat guruhi faoliyatining asosiy masalalari uning yigʻilishida koʻrib chiqiladi. Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishi, qoida tariqasida, har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishining kun tartibi loyihasi Yoshlar maslahat guruhi kotibi tomonidan Yoshlar maslahat guruhi raisi va aʼzolarining takliflari asosida shakllantiriladi.
17. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari uning yigʻilishi oʻtkazilishidan kamida 3 kun avval bu haqda xabardor qilinadi. Xabarnomada yigʻilish oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek, kun tartibi loyihasi koʻrsatiladi.
18. Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishini uning rahbari olib boradi.
19. Yoshlar maslahat guruhining yigʻilishlarida mahalliy Kengash deputatlari va kotibiyat xodimlari ishtirok etishi mumkin.
20. Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda videokonferensaloqa shaklida ham oʻtkazilishi mumkin.
21. Yoshlar maslahat guruhi tadbirlari ochiqlik va oshkoralik asosida tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
22. Yoshlar maslahat guruhining yigʻilishi, agar unda Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarining kamida yarmi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
23. Yoshlar maslahat guruhining qarori yigʻilishda ishtirok etayotgan Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
24. Yoshlar maslahat guruhining yigʻilishida qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi. Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishi bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, yigʻilishga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda mahalliy Kengash doimiy komissiyasiga, Yoshlar maslahat guruhi aʼzolariga yuboriladi.
25. Yoshlar maslahat guruhi tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi.
26. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari mahalliy Kengash deputatlariga “ustoz-shogird” tizimi asosida biriktiriladi.
27. Yoshlar maslahat guruhi faoliyatiga mahalliy Kengash kotibiyati va Yoshlar ishlari agentligining hududiy boʻlinmasi tomonidan tashkiliy hamda amaliy-uslubiy jihatdan yordam koʻrsatiladi.
6-bob. Yoshlar maslahat guruhi rahbari va uning kotibi vazifalari
28. Yoshlar maslahat guruhi rahbari oʻz vazifalarini bajarishi davrida doimiy ish faoliyatidan ajratilmagan holda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini tashkil qiladi va unga umumiy rahbarlik qiladi;
oʻz vakolatiga koʻra yoshlarga oid masalalar boʻyicha koʻrib chiqilishi uchun mahalliy Kengashga takliflar kiritadi;
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishlarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishlarida raislik qiladi;
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;
Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;
Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha qonunchilikka asosan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
29. Yoshlar maslahat guruhi kotibi:
Yoshlar maslahat guruhining faoliyatini tashkiliy va texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal etadi;
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, yigʻilish oʻtkazilishini tashkil etadi;
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt, joy va taklif etiladigan shaxslar roʻyxatini, yigʻilish kun tartibi loyihasini Yoshlar maslahat guruhi rahbari bilan kelishadi;
Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni yigʻilish oʻtkaziladigan vaqt, joy va kun tartibi loyihasi haqida xabardor qiladi;
Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishi bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning mahalliy Kengash doimiy komissiyasi hamda Yoshlar maslahat guruhi aʼzolariga joʻnatilishini taʼminlaydi.
7-bob. Yoshlar maslahat guruhi aʼzolarini ragʻbatlantirish
30. Yoshlar maslahat guruhi yigʻilishlarida doimiy ravishda ishtirok etib, muhokama jarayonlarida oʻz takliflari bilan faol qatnashgan, tahliliy materiallar ishlab chiqish, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishga koʻmaklashish va ishtirok etish, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishda jonbozlik koʻrsatgan Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari ragʻbatlantirilishi mumkin.
31. Ragʻbatlantirish mahalliy Kengash raisi, mahalliy Kengash doimiy komissiyasi tashabbusi bilan tashakkurnoma eʼlon qilish, soha boʻyicha tegishli davlat mukofotlariga tavsiya qilish tarzida, shuningdek qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa koʻrinishda amalga oshiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Yoshlar maslahat guruhining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan taʼminlash mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
33. Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirib borish mahalliy Kengash doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatiladi.
34. Ushbu Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini toʻxtatib turish yoxud tugatish mahalliy Kengash qarori bilan amalga oshiriladi.