Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-132-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yoʻl ochish maqsadida qaror qilaman:
I. Eksklyuziv huquqlar taqdim etilishiga doir talablar.
1. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar bir yoki bir nechta xoʻjalik yurituvchi subyektlar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish) yoki sotish yoxud sotib olish, shuningdek, yagona operatorlik xizmatlarini koʻrsatish uchun quyidagilar asosida taqdim etilgan mutlaq huquq eksklyuziv huquq sifatida eʼtirof etilsin:
(a) qonunchilik hujjatlari bilan istisno tariqasida berilgan ruxsat (huquq);
(b) umumiy tartibdan tashqari ravishda berilgan yakka tartibdagi litsenziya (ruxsatnoma). Bunda tanlov (tender) asosida taqdim etilgan litsenziyalar (ruxsatnomalar) eksklyuziv huquq sifatida eʼtirof etilmaydi.
2. Eksklyuziv huquqlar berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar mazkur huquq doirasida ishlab chiqaradigan, sotadigan yoki sotib oladigan tovarlar (ish va xizmatlar) narxlari (tariflari) yoki ularning cheklangan darajalarini tartibga soluvchi koeffitsiyent, ustama yoki cheklangan rentabellik narxlarni tartibga soluvchi vakolatli davlat organi tomonidan ularni tasdiqlash orqali tartibga solinishi belgilansin.
3. Belgilansinki, 2025-yil 1-apreldan boshlab eksklyuziv huquq xoʻjalik yurituvchi subyektlarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga faqat quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
(a) konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash;
(b) tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish.
II. Eksklyuziv huquqlar berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar.
4. Eksklyuziv huquqlar berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) kirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga oxirgi kalendar yilda tovarlarni (ish va xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdoridan qatʼi nazar quyidagi talablar qoʻyiladi:
(a) isteʼmolchilarning zarur hajmdagi tovarni va lozim darajadagi sifatli tovarni olishga boʻlgan huquqlari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;
(b) tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilamaslik;
(v) tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati boʻla turib, shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etmaslik;
(g) narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qoʻllaniladigan tovarlar uchun belgilangan narxdan ortiq haq olmaslik, shuningdek, koʻrsatilmagan xizmatlar yoki bepul koʻrsatilishi kerak boʻlgan xizmatlar uchun haq olmaslik.
III. Eksklyuziv huquqlar bekor qilinadigan faoliyat yoʻnalishlari.
5. 2025-yil 1-apreldan boshlab quyidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinsin:
(a) “Oʻzbekekspertiza” AJ va uning hududiy boʻlinmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish boʻyicha;
(b) “OʻzInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha;
(v) “Milliy PR-markazi” DUKning Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini targʻib qilishga yoʻnaltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translyatsiya qilish boʻyicha;
(g) “Sag agro MTP” MCHJning yongʻoq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha mexanizatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha;
(d) “Oʻzbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish boʻyicha.
6. “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUKning turoperator, joylashtirish vositalari, togʻ changʻisi trassalari va plyajlar xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa berish, shuningdek, sertifikatlashtirilgan xizmatlarining standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish vazifasi Turizm qoʻmitasiga oʻtkazilsin.
IV. Eksklyuziv huquq berilgan faoliyat yoʻnalishlarini oʻrganib borish tartibi.
7. 2025-yildan boshlab har yili:
(a) 1-aprelga qadar eksklyuziv huquq berilgan sohadagi vakolatli davlat organlari tomonidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Raqobat qoʻmitasi) Reyestrga kirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksklyuziv huquqlarini bekor qilish yoki saqlab qolish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflar kiritiladi;
(b) 1-mayga qadar eksklyuziv huquq berilgan sohadagi vakolatli davlat organlarining takliflari Raqobat qoʻmitasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oʻrganib chiqiladi;
(v) 1-iyunga qadar Raqobat qoʻmitasi tomonidan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish yoki saqlab qolish maqsadga muvofiqligi yuzasidan umumlashtirilgan takliflar Vazirlar Mahkamasiga tegishli qaror qabul qilish uchun taqdim etiladi.
8. Raqobat qoʻmitasi 2025-yil 1-aprelga qadar eksklyuziv huquqlar berilishi nazarda tutilgan qonunchilik hujjatlarini xatlovdan oʻtkazgan holda Reyestr shakllantirsin va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilsin.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, J.A. Xodjayev va A.J. Ramatov hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi X.S. Turaxujayev belgilansin.
11. Mazkur Farmon ijrosi uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-fevral,
PF-35-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6019-son Farmonida:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2020-yil 1-oktabrdan boshlab:
tarmoq va sohalarda vakolatli etib belgilangan davlat boshqaruvi organlarining asosiy vazifalaridan biri raqobat muhitini yaxshilash va uni rivojlantirish hisoblanadi hamda mazkur vazifalarni amalga oshirish rahbar va uning birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklatiladi;
davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslarini va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolati berilgan davlat muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish), mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadlarida tashkil etish bundan mustasno, monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan soʻng amalga oshiriladi;
davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar toʻqnashuviga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt davlat xaridlari yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoxud toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar ishtirokchisi boʻlishi mumkin emas, bundan davlat tomonidan himoya qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlari, shuningdek, davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan davlat xaridlari mustasno;
davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi tender va tanlov savdolari, eng yaxshi takliflarni tanlab olish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilishidan avval u bilan affillangan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtirishga majburdir;
b) quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
besh va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyekti tovar yoki moliya bozorida faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokidagi korxonani va uning affillangan shaxslarini tashkil etishga;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beruvchi, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qiluvchi, roʻyxatdan oʻtkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan davlat muassasalari, shuningdek, davlat maqsadli jamgʻarmalariga faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan sohalarda ushbu organlar va boshqa tashkilotlar tomonidan ular ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga;
yagona yetkazib beruvchi boʻlgan yoki oʻziga mazkur huquq berilgan yoxud ustun mavqega ega boʻlgan davlat ishtirokidagi korxona tomonidan faoliyati muassisning tovarlaridan (resurslaridan) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanishga bogʻliq boʻlgan hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shugʻullanadigan, ushbu korxonaga affillangan shaxslarni tashkil etishga, bundan mazkur affillangan shaxslarning ularni raqobatchilar bilan teng faoliyat shart-sharoitlari bilan taʼminlagan holda boʻlib yuborish natijasida tashkil etilishi hollari mustasno”;
b) 3-bandning oltinchi xatboshisi “har qanday turdagi” soʻzlaridan keyin “davlat yordamini, shu jumladan,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 4-bandda:
beshinchi xatboshi “4-ilovaga muvofiq” soʻzlaridan keyin “tasdiqlansin” soʻzi bilan toʻldirilsin;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
g) 5-bandning “b” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
d) 5-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6074-son Farmoni 3-bandining birinchi xatboshisidagi “monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni (tariflarni) tartibga solish organlari” soʻzlari “sohada davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organ va narxlarni (tariflarni) tartibga solish organi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi PF-101-son Farmoni 18-bandining uchinchi xatboshisidagi “faoliyatidan tashqari” soʻzlari “faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-108-son Farmonida:
a) 1-bandning beshinchi xatboshisidagi va 4-ilova nomidagi “xususiy sektorga beriladigan funksiyalari” soʻzlari “davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlari asosida bosqichma-bosqich xususiy sektorga va boshqa tashkilotlarga oʻtkaziladigan ayrim funksiyalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-ilovaning 4-bandida:
“Chora-tadbirlar nomi” grafasidagi “tashkilotlari hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining” soʻzlari “tashkilotlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Amalga oshirish muddati” grafasidagi “2023-yil davomida” soʻzlari “Doimiy ravishda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-sentabrdagi “Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-156-son Farmoni 6-bandining oltinchi xatboshisidan “hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida loyiha ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2831-son qarorida:
2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
3-bandning yettinchi xatboshisidan “keyinchalik bosh pudratchi funksiyalarini oʻziga yuklagan holda,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi “Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3025-son qarorining 3-bandida:
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi va yettinchi xatboshilar tegishincha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4126-son qarorining 6-bandida:
ikkinchi xatboshidan “va tabiiy monopoliyalar” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshidan “, tabiiy monopoliyalar” soʻzlari chiqarib tashlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi “Tartibga solish taʼsirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5025-son qarori 2-bandi “a” kichik bandining oltinchi xatboshisi “har qanday turdagi” soʻzlaridan keyin “davlat yordamini, shu jumladan,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-5054-son qarorida:
a) 5-bandda:
oʻninchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar tegishlicha oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 51-bandning beshinchi xatboshisidagi “Turizm va sport vazirligi tomonidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va Moliya vazirligi” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qarorining 5-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi “Suv taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni oshirish” dasturi doirasida “Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida ichimlik suv hamda oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-159-son qaroriga 7-ilovaning 13-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-171-son qarorida:
a) 7-ilovaning 13-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 8-ilovaning 13-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-283-son qarorining 16-bandidagi “Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-avgustdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-341-son qaroriga 4-ilovaning 11-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-avgustdagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Namangan viloyati Chust, Pop va Namangan tumanlari ichimlik suv taʼminotini yaxshilash hamda Chust va Mingbuloq tumanlari markazlarida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yoʻli bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv taʼminotini yaxshilash” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-342-son qarorida:
a) 7-ilovaning 13-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 8-ilovaning 12-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-maydagi “Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy oʻrta taʼlim maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-163-son qaroriga 3-ilovaning 4-pozitsiyasi “Masʼul ijrochilar” ustunidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (Sharaxmetov)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-266-son qaroriga 4-ilovada:
a) 4-pozitsiyaning “Masʼul ijrochilar” ustunidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 10-pozitsiyada:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni” soʻzlari “Narxlarni” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi “Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-183-son qarorida:
11-bandning “v” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
4-ilovaning 7-pozitsiyasi “Masʼul ijrochilar” ustunidan “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
21. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-maydagi 136-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandi toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“vakolatli organ — belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar”.
22. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
4-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasining Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK (keyingi oʻrinlarda — Markaz)” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin”;
7-banddagi “Markazga” soʻzi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUKga (keyingi oʻrinlarda — Markaz)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
49 — 52-bandlar, 53-bandning ikkinchi xatboshisi, 54-bandning uchinchi xatboshisi, 56-band, 58-bandning birinchi va toʻrtinchi xatboshilari, 60-bandning ikkinchi xatboshisi, 61-bandning birinchi xatboshisi, 62-bandning birinchi xatboshisi, 63-band, 64-bandning “d”, “e”, “z” va “i” kichik bandlari, 65-band, 68-bandning “b” kichik bandi, 69 va 70-bandlardagi tegishli kelishikdagi “Markaz” soʻzi tegishli kelishikdagi “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin”.
23. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan Milliy standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, roʻyxatdan oʻtkazish, bekor qilish hamda ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Milliy standart davlat tilida qabul qilinadi va chop etiladi. Milliy standartlar Standartlar instituti yoki tarjimonlik xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)