Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 73, 85-moddalari hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 20-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi namunasi va tavsifi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining koʻkrak nishoni namunasi va tavsifi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasiga transportda tekin yurish huquqini beradigan ilova varaqasining namunasi va tavsifi 4 va 4a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan deputatning va senatorning transportda tekin yurish huquqi amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida” 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
5. Ushbu qaror nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga yuborilsin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-oktabr,
1415-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) deputati (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzosiga (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) guvohnoma va koʻkrak nishoni berish, ulardan foydalanish, shuningdek yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan guvohnoma va koʻkrak nishoni oʻrniga yangisini berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Deputatning, senatorning guvohnomasi deputat va senatorning vakolati hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
2. Deputat va senatorning koʻkrak nishoni deputatlik va senatorlik maqomiga ega boʻlgan vakolatli shaxs sifatida ajratib turuvchi belgi hisoblanadi.
Koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
3. Deputat va senatorga guvohnoma hamda koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) (deputatlar uchun alohida, senatorlar uchun alohida yuritilgan tegishli qayd daftarida) roʻyxatga olinib, Markaziy saylov komissiyasi Raisi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan topshiriladi.
2-bob. Deputat va senatorning guvohnomasi
4. Deputat va senatorning guvohnomasi Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan muhri shaklidagi gologramma yopishtirilishi bilan tasdiqlanadi.
5. Deputatga guvohnoma Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har yangi chaqiriqda 001 raqamidan 075 raqamigacha u saylangan saylov okrugi tartib raqami boʻyicha, 076 raqamidan 150 raqamigacha partiyalar roʻyxati asosida roʻyxatga olingan ketma-ketlik boʻyicha beriladi.
Senatorga guvohnoma Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 001 raqamidan 056 raqamigacha saylangan hududi boʻyicha senatorning familiyasiga muvofiq alifbo tartibida, 057 raqamidan 065 raqamigacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonida koʻrsatilgan tartibda beriladi.
6. Deputat va senatorga guvohnoma bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekin yurish huquqini beruvchi ilova varaqasi ham qoʻshib topshiriladi.
7. Boʻshab qolgan oʻrinlarga saylanib, roʻyxatga olingan deputatga guvohnoma, qoida tariqasida 151 tartib raqamidan boshlab beriladi.
Boʻshab qolgan oʻrinlarga saylanib (tayinlanib), roʻyxatga olingan senatorga guvohnoma, qoida tariqasida 066 tartib raqamidan boshlab beriladi.
3-bob. Guvohnoma yoki koʻkrak nishonni yangisini olish tartibi
8. Deputat va senatorning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi oʻrniga aynan shu raqam bilan yangi guvohnoma beriladi.
Deputat va senatorning yaroqsiz holga kelgan koʻkrak nishoni yangisi bilan almashtiriladi.
Deputat va senatorning yoʻqolgan guvohnomasi oʻrniga navbatdagi tartib raqami bilan yangi guvohnoma beriladi.
9. Guvohnoma yoki koʻkrak nishoni yaroqsiz holga kelgani haqida deputat Qonunchilik palatasi orqali, senator Senat orqali Markaziy saylov komissiyasiga ikki ish kuni ichida ariza bilan murojaat qilishi shart.
Guvohnoma yoki koʻkrak nishoni yoʻqotilgani haqida deputat Qonunchilik palatasi Spikeri nomiga, senator Senat Raisi nomiga yozgan va ustxat qoʻyilgan bildirishnoma nusxasini ilova qilgan holda Markaziy saylov komissiyasiga ikki ish kuni ichida ariza bilan murojaat qilishi shart.
Arizaga guvohnoma yoki koʻkrak nishonining yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganligi sabablari koʻrsatilishi hamda yaroqsiz holdagi guvohnoma yoki koʻkrak nishoni va tegishli hujjatlar ilova qilinishi lozim.
Deputat va senator guvohnomasini va (yoki) koʻkrak nishonini yoʻqotgan taqdirda unga ushbu Nizomda belgilangan tartibda guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni yoʻqolgani haqida ariza bergan kundan boshlab bir oy ichida yangi guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni beriladi.
10. Deputat va senatorning yoʻqotilgan guvohnomasi topib olingan taqdirda ushbu guvohnoma ichki ishlar organlariga yoki Markaziy saylov komissiyasiga darhol topshirilishi shart.
11. Deputat va senatorning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi, topib olingan guvohnomalar yoki vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan deputat yoki senatorning Markaziy saylov komissiyasiga qaytarilgan guvohnomalari kesish yoʻli bilan foydalanib boʻlmaydigan holga keltiriladi hamda belgilangan tartibda (yoqish yoʻli bilan) yoʻq qilinadi va bu haqda tuzilgan dalolatnoma idoraviy arxivda saqlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Deputat va senator guvohnomasi hamda koʻkrak nishonidan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
Deputat va senator oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini koʻrsatib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Deputat va senator guvohnoma hamda koʻkrak nishonini avaylab asrashi shart boʻlib, ularning saqlanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
13. Deputat va senatorning guvohnomasini va (yoki) koʻkrak nishonini olib qoʻyish, shuningdek guvohnomani va (yoki) koʻkrak nishonini boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
14. Deputat va senatorning vakolatlari muddati tugaganidan keyin guvohnoma va koʻkrak nishoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi hamda deputatlik yoki senatorlik vakolatini toʻliq oʻtagan shaxsda esdalik sifatida qoladi.
15. Deputat va senatorning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni tegishincha Qonunchilik palatasi va Senatning devoni orqali ikki ish kunidan kechiktirmay guvohnoma va koʻkrak nishoni Markaziy saylov komissiyasiga qaytarilishi shart.
16. Deputat, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning vakolatlari muddati davrida vafot etgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni uning oila aʼzolarida xotira sifatida qoladi.
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi guvohnomasining
NAMUNASI


Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
2a-ILOVA
2a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi guvohnomasining
TAVSIFI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosining (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) guvohnomasi 95x65 millimetr oʻlchamdagi toʻq qizil rangli qattiq charm muqovali kitobcha koʻrinishiga ega boʻladi.
2. Deputat guvohnomasining old tomoni yuqori va oʻrta qismlari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining metaldan tayyorlangan oʻxshash tasviri oʻrnatiladi, uning ostida ikki satrda oltin rangda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI DEPUTATI” degan matn joylashtiriladi.
3. Senator guvohnomasining old tomoni yuqori va oʻrta qismlari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining metaldan tayyorlangan oʻxshash tasviri oʻrnatiladi, uning ostida ikki satrda oltin rangda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATORI” degan matn joylashtiriladi.
4. Deputat va senatorning guvohnomasi ichki soʻl tomonining:
oʻrta qismi chap tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi siymosini anglatuvchi moviy va yashil ranglar ustiga Davlat gerbining rangli tasviri tushiriladi;
yuqori qismidan pastroqda, markazdan teparoqda toʻq sargʻish rangda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATI” yoki “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI AʼZOSI” degan matn joylashtiriladi;
pastki qismining markazida qizil rangda guvohnomaning amal qilish muddati (kun, oy, yil) koʻrsatiladi.
5. Deputat va senatorning guvohnomasi ichki oʻng tomonining:
chap oʻrta qismida deputat yoki senatorning 30x40 millimetr oʻlchamidagi (oq fonda) rangli fotosurati joylashtiriladi. Fotosurat oʻng tomonining pastki burchagiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining muhri shaklidagi (nishablikning turlicha burchagida oʻz shaklini oʻzgartiradigan) gologramma yopishtiriladi;
yuqori qismi markaziga bir satrda qizil rangda “GUVOHNOMA №___” soʻzlari joylashgan boʻladi. Bunda chiziq oʻrniga guvohnomaning tartib raqami yoziladi;
oʻrta qismining markazida, fotosuratdan oʻngroqda alohida uch satrda deputat yoki senatorning familiyasi, ismi va otasining ismi qora rangda yirik koʻrsatiladi;
pastki qismining markazida qora rangda “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 20__-yil __-_________dagi ____-son qarori bilan roʻyxatga olingan.” degan matn joylashtiriladi.
6. Guvohnomaning ichki tomonlari (Davlat bayrogʻi siymosidan foydalangan holda) maxsus qogʻozdan tayyorlangan va shaffof plyonka bilan qoplangan boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi koʻkrak nishonining
NAMUNASI

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
3a-ILOVA
3a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi koʻkrak nishonining
TAVSIFI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosining (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining hilpirab turgan tasviri koʻrinishida boʻladi.
2. Deputat va senator koʻkrak nishonining asosi mis qotishmadan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonning old tomoni sirlangan moviy, oq va yashil rangdagi tasma chiziqlar hamda qizil rangdagi hoshiya chiziq bilan qoplangan. Oq tasma chiziq moviy va yashil tasma chiziqlardan sirlangan qizil rangdagi hoshiya bilan ajralib turadi.
3. Koʻkrak nishon old tomonining yuqori chap burchagida moviy fonda yarim oy va undan oʻngroqda uch qatorda oʻn ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan boʻladi. Yarim oy vertikal holatda joylashtirilgan, yulduzlar esa undan oʻngroqda, uch qatorda, yaʼni yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz joylashtiriladi.
4. Deputat koʻkrak nishonining oq tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “OLIY MAJLIS” degan, yashil tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “DEPUTATI” degan, senator koʻkrak nishoning oq tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “OLIY MAJLIS” degan, yashil tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “SENATORI” degan matnlar sariq rangda yoziladi.
5. Koʻkrak nishon toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
6. Koʻkrak nishonning kattaligi 35x26,5 millimetr.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasiga transportda tekin yurish huquqini beradigan ilova varaqasining
NAMUNASI

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-son qaroriga
4a-ILOVA
4a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasiga transportda tekin yurish huquqini beradigan ilova varaqasining
TAVSIFI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) guvohnomasining transportda tekin yurish huquqini beradigan ilova varaqasi 80x55 millimetr oʻlchamdagi oq rangdagi, och koʻk rangli tangir tushirilgan qattiq qogʻozdan tayyorlanadi.
2. Deputat, senator guvohnomasining ilova varaqasi old tomoni chap qismining yuqorisida qizil rangda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan. Gerbning oʻng tomonidan uch satrda: “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATI” yoki “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATORI” degan matn joylashgan.
3. Guvohnoma ilova varaqasining qolgan matni qora rangda yoziladi.
Ilova varaqasining old tomoni oʻng qismining yuqorisida guvohnomaning tartib raqami va “— Guvohnomaga” degan yozuv joylashadi. Mazkur matnning yuqorisida deputat yoki senator ismining bosh harfi hamda familiyasi qoʻyiladi. Undan soʻng ilova varaqasida quyidagi mazmundagi matn joylashtiriladi:
“Deputat, senator Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) tekin yurish huquqidan foydalanadi.
Deputat, senator aeroportlar va aerovokzallar, temir yoʻl vokzallari hamda stansiyalarining rasmiy shaxslar va delegatsiyalar uchun moʻljallangan zallaridan tekin foydalanish huquqiga ega.
Deputat, senator oʻz guvohnomasini koʻrsatganidan keyin temir yoʻl vokzallari va stansiyalarining chipta sotadigan kassalari, fuqaro aviatsiyasi agentligi yoki aeroportlar unga poyezdning yotoqli yoki yumshoq oʻrindiqli vagonidan, samolyot salonidan navbatsiz joy berishlari shart. Deputat, senator palataning majlisiga borayotganda unga samolyot chiptasi parvozdan kamida ikki soat oldin, boshqa hollarda esa, kamida bir sutka oldin beriladi.
Chiptasida oʻrindiqning tartib raqami ham koʻrsatiladigan shaharlararo; shuningdek shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslarda deputat, senator avtovokzallar va avtostansiyalarning kassalaridan navbatsiz olinadigan tekin chipta bilan yuradi. Qolgan barcha hollarda deputatning, senatorning yoʻlovchilar transportida yurishi (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) deputatning, senatorning guvohnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Deputat, senator har bir transport turida amalda boʻlgan normalarga mos qoʻl yukini tekin olib yurish huquqiga ega.
Transport tashkilotlari bilan hisob-kitob qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.”.