Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MATBAA FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 367-sonli “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga davriy bosma nashrlar va kitob mahsulotlarining nusxalarini bepul yuborish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida matbaa korxonalarini ochish va faoliyat koʻrsatishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-dekabrdagi 454-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 24-son, 199-modda)
bosma mahsulotlarning majburiy bepul nusxalarini belgilangan qoidaga muvofiq yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, matbaa korxonalari Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida roʻyxatga olingandan va Ichki ishlar vazirligining hududiy organlarida hisobga qoʻyilgandan soʻng oʻz faoliyatini boshlaydilar.
Roʻyxatdan oʻtkazilmagan matbaa korxonalarining faoliyati toʻxtatilib, ularning olgan daromadlari davlat budjetiga oʻtkaziladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-dekabrdagi 454-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 24-son, 199-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga matbaa korxonalarini roʻyxatdan oʻtkazish Yagona davlat reyestrini yuritish vazifasi topshirilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-dekabrdagi 454-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2002-y., 24-son, 199-modda)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-fevral,
52-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-dekabrdagi 454-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 24-son, 199-modda)
Bosma mahsulotlarning majburiy bepul nusxalarini belgilangan qoidaga muvofiq yuborish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Barcha matbaa korxonalari (shu jumladan, matbuotda davlat sirlarini saqlash inspeksiyasi tashkilotlari bilan kelishuvdan holi boʻlganlar ham), ularning tashkiliy-huquqiy shakllaridan, idoraviy tegishliligidan, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, oʻzlari tayyorlagan maxfiy boʻlmagan bosma asarlar tirajining dastlabki qismidan davlat hokimiyati va boshqaruv muassasalariga bepul majburiy nusxalar yuborishga majburdirlar.
2. Maxfiy boʻlmagan bosma asarlarning bepul majburiy nusxalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxat boʻyicha yuboriladi.
Majburiy nusxalar sifatida yuborish quyidagilarga tegishli emas:
xizmat nashrlari, davlat hokimiyati va boshqaruv tashkilotlari, boshqa davlat tashkilotlari hujjatlari;
sud-prokuratura amaliyoti byulletenlari;
korxonalar, tashkilotlar, oʻquv va ilmiy muassasalarning axborot materiallari va xizmat hujjatlari;
qatʼiy hisobot hujjatlari va ularga tenglashtirilgan materiallar;
harbiy mahsulotga tegishli maxfiy boʻlmagan texnikaviy hujjatlar;
blanka mahsulotlari, yoʻriqnomalar va hisobot, hisob-kitob va rejali hujjatlar, toʻldirilgan blankalar koʻrsatkichlari, hisob-kitob va hisobot hujjatlarining albom shakli;
nusxalar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Chet davlat matbaa korxonalarida tayyorlangan nashrlardan majburiy nusxalar bu nashrlarni tayyorlash uchun tuzilgan shartnomaga muvofiq va Vazirlar Mahkamasining koʻrsatmasiga binoan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tasdiqlaydigan roʻyxatga binoan nashr etuvchi tashkilotlar tomonidan yuboriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-dekabrdagi 454-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 24-son, 199-modda)
4. Majburiy nusxalar buyurtmachi tomonidan belgilangan nashr umumiy tiraji hisobidan nashrni tarqatishni rasmiylashtirishga qadar, gazetalar esa har bir soni chiqadigan kunda yuboriladi. Har bir majburiy nusxaga “Majburiy nusxa” belgisi qoʻyilgan tamgʻa bosiladi.
5. Majburiy nusxalarni yuborgunga qadar va nashrni tarqatishga rasmiylashtirmay turib, buyurtmachiga tirajni berib yuborish taqiqlanadi.
6. Turli matbaa korxonalarida tayyorlangan nashrlardan majburiy nusxalar yuborish oʻsha nashrni tarqatish rasmiylashtiriladigan joyda amalga oshiriladi.
7. Majburiy nusxalar matbaa korxonasi tomonidan ilova qilinadigan hujjat (nakladnoy) bilan yuboriladi. Unda matbaa korxonasining nomi va manzili, muallif va nashr nomi, nashriyot yoki nashr etuvchi tashkilot, majburiy nusxalar kimga yuborilayotgani, buyurtma raqami, tiraji, joʻnatilayotgan nusxalar soni va joʻnatish sanasi koʻrsatiladi.
Majburiy nusxalarni pochta toʻlovi yoki ustama narx qoʻyish yoʻli bilan yuborish man qilinadi.
8. Majburiy nusxalarni oʻz vaqtida va toʻliq yuborish uchun matbaa korxonalari va nashriyotlar (nashr etuvchi tashkilotlar) rahbarlari, matbaa korxonasi qaramogʻidagi boʻlimlar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari shaxsan javobgardirlar.