Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 18-dekabrdagi OʻRQ-883-son Konstitutsiyaviy Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar, shuningdek ularning ishonchli vakillarining saylovoldi tashviqoti bilan bogʻliq ommaviy tadbirlar oʻtkazishda jamoat xavfsizligini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 5-oktabrdagi 950-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-iyul,
1345-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1345-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga (bundan buyon matnda Saylov kodeksi deb yuritiladi) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi), xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari (bundan buyon matnda mahalliy Kengashlar deb yuritiladi) deputatligiga nomzodlarning (bundan buyon matnda deputatlikka nomzod deb yuritiladi) va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.
2. Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarni va Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxatini belgilangan tartibda roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugatiladi.
3. Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega.
Deputatlikka nomzod deputat etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar hamda Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati boʻyicha nomzodlar saylanishi uchun siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.
4. Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;
saylov komissiyalari aʼzolarining;
diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeyidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.
5. Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga oʻzining kelgusidagi faoliyati dasturini, siyosiy partiyaning dasturini va saylovoldi platformasini tashviqot qilish huquqi beriladi. Tashviqot davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan boʻlishi, xalqning salomatligi hamda maʼnaviyatiga tahdid solmasligi, urushni, milliy nafratni, irqiy va diniy adovatni targʻib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik ishlatib oʻzgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga daʼvat qilmasligi kerak.
6. Saylovoldi tashviqoti:
siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining deputatlikka nomzodlarini yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish;
deputatlikka nomzod va siyosiy partiya toʻgʻrisidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish shaklida olib boriladi.
7. Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) chiqishlar, video va audio roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
8. Saylovoldi tashviqoti:
OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi) orqali;
bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish;
saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Saylovoldi tashviqoti davrida uni olib borishning Saylov kodeksi va ushbu Nizomda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.
9. Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarining mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar.
10. Saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagilar hisoblanadi:
deputatlikka nomzod va siyosiy partiya uchun ovoz berishga chorlovchi bosma, koʻrgazmali, audiovizual materiallar;
deputatlikka nomzodga va siyosiy partiyaga oid plakatlar, bannerlar, varaqalar;
OAVda qoʻyiladigan deputatlikka nomzod va siyosiy partiya uchun ovoz berishga chorlovchi video va audio roliklar;
Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatishga moʻljallangan deputatlikka nomzod yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga chorlovchi boshqa materiallar.
Deputatlikka nomzodlarning tarjimai holi va ularning saylovoldi dasturlari, shuningdek partiya roʻyxati va siyosiy partiyalarning dasturlari toʻgʻrisidagi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi), hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalarining axborot materiallari (plakatlari) saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmaydi.
11. Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish taqiqlanadi.
12. Shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini buzish, notoʻgʻri axborotni, nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni, shuningdek yolgʻon (shu jumladan, chalgʻitadigan yoki adashtirib yuboradigan darajadagi), boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazuvchi har qanday saylovoldi tashviqoti materiallarini, shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
13. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari (jumladan, saylov kunidan ikki kun oldin) joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishdan bir kun oldin olib qoʻyilishi majburiy hisoblanmaydi.
14. Saylov komissiyalari aʼzolari partiya ramzlari tushirilgan kiyim kiyishi, taqinchoq taqishi va boshqa belgilardan foydalanishi taqiqlanadi.
15. Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borish uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladi. Deputatlikka nomzodlarni va siyosiy partiyalarni boshqa manbalardan pul mablagʻlarini oʻtkazish (kiritish), tovarlar yetkazib berish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish shaklida moliyaviy taʼminlash va boshqacha tarzda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.
16. Deputatlikka nomzod va siyosiy partiyaning saylov kampaniyasida ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining hajmi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan teng ulushlarda belgilanadi va siyosiy partiyaning tegishli hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
17. Saylovoldi tashviqoti boshlangunga qadar siyosiy partiyalar oʻzining dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisida tushuntirish va targʻibot ishlarini siyosiy partiyani yoki uning deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga daʼvat etmagan (chaqirmagan) holda oʻz mablagʻlari hisobidan, shu jumladan homiylik mablagʻlaridan foydalangan holda amalga oshirishi mumkin.
2-bob. Ommaviy axborot vositalari orqali saylovoldi tashviqotini olib borish
18. Saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga davlat OAVdan foydalanishda hajmiga koʻra bir xil boʻlgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yoʻli bilan teng sharoitlar taʼminlanadi.
19. Saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida OAVdan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti:
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning respublika organlari fikrini inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan;
xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning hududiy organlari fikrini inobatga olgan holda hududiy saylov komissiyalari tomonidan;
xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning tuman va shahar organlari fikrini inobatga olgan holda tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi.
20. Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari qarorlarida quyidagilar belgilab beriladi:
efir vaqti yoki nashr maydoni bepul taqdim etiladigan davlat OAV roʻyxati;
saylovoldi tashviqotini olib borish uchun deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat (respublika va mahalliy) tele- va radiokanallarida bepul taqdim etiladigan efir vaqti hajmi, shuningdek, ular efiriga uzatiladigan vaqt;
saylovoldi tashviqotini olib borish uchun deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat (respublika va mahalliy) nashrlarida bepul taqdim etiladigan nashr maydoni hajmi, shuningdek, ular chop etiladigan kunlar;
saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlarning OAVda chiqish navbati.
Davlat OAVda bepul taqdim etiladigan efir vaqti va nashr maydoni hajmi hamda vaqti tegishli OAV bilan oldindan kelishib olinadi.
21. Davlat tele- va radiokanallarida ajratiladigan bepul efir vaqti, qoida tariqasida, eng koʻp auditoriya qamrab olinadigan vaqtga (praym-taymga) toʻgʻri kelishi kerak.
22. Bepul efir vaqtidan deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar vakillari ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yigʻilishlari, nomzod yoki siyosiy partiyalar toʻgʻrisida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.
Saylovoldi tashviqoti doirasida tele- va radiokanallarda joylashtirishga moʻljallangan materiallar tegishli tele- va radiokanallar bilan hamkorlikda siyosiy partiyalar hamda deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan tayyorlanadi.
23. Taqdim etilgan efir vaqtidan siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda, agar deputatlikka nomzodlar bunday tadbirlarda qatnashishga rozi boʻlsa, ular oʻrtasida ommaviy debatlar va munozaralar oʻtkazish uchun foydalanilishi mumkin.
24. Bosma OAVda chop etish uchun materiallar deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladi. Saylovoldi tashviqoti materiallari ularni taqdim etgan shaxslarning roziligisiz tahrir qilinishi mumkin emas.
25. Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar ularga taqdim etilgan efir vaqtidan va nashr maydonidan erkin va oʻz ixtiyoriga koʻra qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etgan holda foydalanadi.
Siyosiy partiyalar bilan oʻzaro kelishilgan holda saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari va mazmun-mohiyati birxillashtirilishi mumkin.
26. Muayyan deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga taqdim etilgan bepul efir vaqtidan yoki nashr maydonidan boshqa deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar foydalanishi mumkin emas.
Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar bepul taqdim etilgan efir vaqtidan va nashr maydonidan voz kechishga haqli.
27. Bepul taqdim etilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida saylovoldi tashviqoti materiallari uzatilayotgan hamda chop etilayotgan vaqtda OAV ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanligini qayd etadi.
28. Saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalar vakillarining bepul taqdim etilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida OAVda chiqishlari ularni koʻrsatgan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga qarab amalga oshiriladi.
29. OAV saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodning ishlab chiqarish va xizmat vazifalariga oid faoliyatini yoritishlari mumkin va bu saylovoldi tashviqoti tusidagi tadbir hisoblanmaydi.
30. Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasini yoritib berishda OAV:
teng sharoitlar yaratib berishi, shu jumladan dasturning davomiyligi va hajmi boʻyicha teng sharoitlar yaratib berishi;
materiallarni efirga uzatish hamda chop etishda ular koʻproq birgalikda berilishiga erishishi kerak.
31. Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat va nodavlat OAVda efir vaqti yoki nashr maydoni pulli asosda ham ajratilishi mumkin. Bunda haq toʻlash shartlari OAVlar tomonidan mustaqil belgilanadi. Bu haqdagi axborot ularning rasmiy veb-saytlarida hamda boshqa manbalarda eʼlon qilinishi lozim.
Efir vaqti, nashr maydoni uchun OAV tomonidan belgilanadigan toʻlov shartlari va boshqa talablar (tiraj, efirga beriladigan vaqt, joy, shrift va hokazolar) barcha deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil boʻlishi kerak.
Pulli efir vaqtini yoki nashr maydonini ajratish bilan bogʻliq munosabatlar OAV va siyosiy partiyalar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
OAV tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq toʻlash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil boʻlishi kerak. Bu haqda OAV efirda yoki bosma nashrda yoxud rasmiy veb-sayti orqali xabar berishi yoki boshqacha usullarda eʼlon qilishi lozim.
Mazkur band talablari siyosiy partiyalar tomonidan taʼsis etilgan bosma va elektron OAVlarga tatbiq etilmaydi.
32. OAVda tarqatiladigan axborot haqiqatga toʻgʻri kelishi, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Deputatlikka nomzodning roziligisiz uning shaxsiy yoki oilaviy siridan iborat shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni noqonuniy toʻplash yoki tarqatish taqiqlanadi.
Nomzodlar va siyosiy partiyalar toʻgʻrisida ataylab yolgʻon maʼlumotlarni eʼlon qilish yoki boshqa usullar orqali tarqatish taqiqlanadi.
33. Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar OAVda eʼlon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda oʻzining shaʼni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlovchi maʼlumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli.
Chop etish natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar ushbu OAVda raddiya yoki javob maqola chop etishga haqli.
Bosma OAVda raddiya OAVning navbatdagi sonida, javob paydo boʻlishiga sabab boʻlgan material joylashtirilgan sahifada eʼlon qilinishi kerak.
Elektron OAVda raddiya navbatdagi dasturda yoki koʻrsatuvda efirga uzatilishi, shuningdek raddiya veb-saytda berilgan taqdirda, mazkur javob berilishiga sabab boʻlgan material eʼlon qilingan sahifaga tegishli havola (giperhavola) koʻrsatilgan holda joylashtirilishi kerak.
OAV raddiyani, javob maqolani chop etishdan boʻyin tovlasa yoki chop etishning belgilangan muddatini buzsa, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishga haqli.
34. OAVda, shu jumladan hamma foydalana oladigan telekommunikatsiya tarmoqlarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarni yoritish jarayonining monitoringini olib borish Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Monitoring natijalari har kuni, yoritish ertasidan kechikmay Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etib boriladi.
3-bob. Bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali saylovoldi tashviqotini olib borish
35. Bosma, koʻrgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalar, bosma mahsulotning elektron koʻrinishlari va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallarini toʻsiqlarsiz chiqarish hamda tarqatish uchun deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga teng sharoitlar yaratib beriladi. Saylovoldi tashviqoti materiallari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.
Saylovoldi tashviqoti materiallarini, shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda, tayyorlash va tarqatishda quyidagi talablarga rioya etish lozim:
har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga boʻlgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmasligi;
biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek boshqa shaxsga doir maʼlumotlaridan foydalanib saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatishda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish.
36. Bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagilarga ega boʻlishi kerak:
saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlagan yuridik shaxs nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqida boshqa maʼlumotlar (jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi);
saylovoldi tashviqoti materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxs nomi (jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi);
saylovoldi tashviqoti materiallari nusxasining soni, chiqarilgan sanasi haqidagi axborot;
saylovoldi tashviqoti materiallari sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan taqdirda, ushbu materiallar sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida maʼlumot.
37. Saylovoldi tashviqoti materiallari xonalarga, binolarga, inshootlarga va boshqa obyektlarga osib qoʻyilishi mumkin.
Haykallarga, yodgorliklarga, shuningdek saylov komissiyasi joylashgan binolarga, ovoz berish xonalariga bosma saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish taqiqlanadi.
4-bob. Saylovoldi tashviqotini saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali olib borish
38. Deputatlikka nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalar va ularning vakillariga saylovoldi tashviqotini saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali oʻtkazish uchun teng sharoitlar yaratiladi.
39. Saylovchilar bilan uchrashuvlar deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi.
Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, boshqa deputatlikka nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa deputatlikka nomzodlar tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.
40. Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning oʻtkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda oʻtkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlarni oʻtkazish joyi va vaqti haqida tegishli hududiy, tuman, shahar yoki uchastka saylov komissiyasiga maʼlum qilinadi.
Deputatlikka nomzodning va siyosiy partiyaning saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishi toʻgʻrisidagi axborot mahalliy OAVda eʼlon qilinadi.
41. Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratish, zarur maʼlumot va axborot materiallari bilan taʼminlashni soʻrab davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, jamoat birlashmalariga, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga murojaat qilishga haqli.
42. Saylovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida deputatlikka nomzod, uning ishonchli vakili va siyosiy partiyalar vakillari maʼruza bilan soʻzga chiqishlari mumkin. Maʼruza yakunlari boʻyicha deputatlikka nomzodning kelgusidagi faoliyati dasturi, siyosiy partiyaning dasturi va saylovoldi platformasi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojiga doir turli masalalarga munosabati yuzasidan muhokama va munozaralar oʻtkaziladi.
43. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi;
zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga yordam koʻrsatishi;
deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar bilan uchrashuvlar oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida xabardor qilish masalasida ularga koʻmaklashishi shart.
44. Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning vakillari saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida, saylovoldi yigʻilishlarida, televideniye va radioda nutq soʻzlash vaqtida oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qolgan holda ishlab chiqarish yoki xizmat majburiyatlarini bajarishdan ozod boʻlish huquqiga ega.
45. Deputatlikka nomzod saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzod etib roʻyxatga olingan saylov okrugi joylashgan hududda barcha turdagi davlat yoʻlovchi transportida bepul yurish huquqiga ega (bundan shahar yoʻlovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma qilinadigan reyslari mustasno).
46. Deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovchilar bilan uchrashuvlari ochiq va oshkora tarzda oʻtkaziladi, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida qoʻllaniladigan cheklovlar bundan mustasno.
5-bob. Saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish
47. Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi butun hududida saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari va okrug saylov komissiyalari tegishli hududida saylovoldi tashviqotini oʻtkazish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
48. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.