Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Tuman, shahar saylov komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 26-moddalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Tuman, shahar saylov komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyun,
1335-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 5-iyundagi 1335-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tuman, shahar saylov komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga (bundan buyon matnda Saylov kodeksi deb yuritiladi) muvofiq tuman, shahar saylov komissiyalarini tuzish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasini tuzish
1. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar tegishli xalq deputatlari tuman va shahar Kengashining reglamentida belgilangan tartibda uning majlisida muhokama qilinadi hamda tegishli viloyat, Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga (bundan buyon matnda hududiy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Bunda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashining tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kunidan eʼtiboran ikki ish kuni ichida hududiy saylov komissiyasiga yuboriladi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni tasdiqlash uchun hududiy saylov komissiyasiga tavsiya etish hamda hududiy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.
2. Tuman, shahar saylov komissiyasi hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish besh kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz — oʻn sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda besh yil muddatga tuziladi.
3. Hududiy saylov komissiyasining tuman, shahar saylov komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi qarori uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
4. Yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda tuman, shahar saylov komissiyasi tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashining tavsiyasiga binoan hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi hamda oʻz vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilinguniga qadar amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida ushbu Nizomda nazarda tutilgan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq hududiy saylov komissiyasining vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.
5. Tuman, shahar saylov komissiyasi rasmiy veb-saytida va matbuot nashrlarida oʻz tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.
2-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzosiga qoʻyiladigan talablar
6. Yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
7. Quyidagilar tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) deputati, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari (bundan buyon matnda mahalliy Kengashlar deb yuritiladi) deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzosi;
boshqa saylov komissiyasining aʼzolari;
siyosiy partiyalarning aʼzolari va vakolatli vakillari;
viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari;
prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari;
nomzodlar, nomzodlarning yaqin qarindoshlari (yaʼni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka, opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka, opa-singillari) va ishonchli vakillari;
nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar;
ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar.
8. Nomzodlarning yaqin qarindoshlari yoki bevosita nomzodlarga boʻysunuvchi shaxslar nomzod koʻrsatilgan hududdan boshqa hududda tuman, shahar saylov komissiyalari aʼzoligiga saylangan boʻlsa, ushbu shaxslar tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi tarkibida oʻz faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin.
Saylov kampaniyasi davomida nomzod roʻyxatga olingandan soʻng uning yaqin qarindoshlari yoki unga bevosita boʻysunuvchi shaxslar tuman, shahar saylov komissiyasi tarkibiga kiritilganligi aniqlansa, ushbu shaxslar tuman, shahar saylov komissiyasi tarkibidan belgilangan tartibda chiqariladi.
9. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining tarkibini shakllantirishda mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan talablarni inobatga olgan holda quyidagilar orasidan boʻlishi tavsiya etiladi:
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari;
huquqiy bilim va malakaga ega, shuningdek xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar;
Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (bundan buyon matnda SJBAT deb yuritiladi) va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati (bundan buyon matnda SYAER deb yuritiladi) bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlgan, raqamli texnologiyalar sohasida bilim va amaliy koʻnikmaga ega fuqarolar.
Tuman, shahar saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek yoshlar hamda nogironligi boʻlgan ijtimoiy faol fuqarolarning ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor beriladi. Bunda tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlardagi xotin-qizlarning ulushi kamida oʻttiz foiz boʻlishi tavsiya etiladi.
3-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasiga aʼzolik
10. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolariga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda guvohnoma beriladi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi raisining, rais oʻrinbosarining, komissiya kotibi va komissiya aʼzolarining guvohnomalari hududiy saylov komissiyasining raisi tomonidan imzolanadi va hududiy saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzolariga guvohnomalar elektron shaklda “E-saylov” axborot tizimi orqali berilishi mumkin. Bunda “E-saylov” axborot tizimi orqali guvohnoma hududiy saylov komissiyasi raisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
11. Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
12. Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan hududiy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda tuman, shahar saylov komissiyasining qaroriga binoan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
13. Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzolari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan boʻshatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin emas.
14. Tuman, shahar saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatligiga nomzod yoki ishonchli vakil etib roʻyxatga olingan aʼzosi saylov komissiyasi tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi. Bu haqda tuman, shahar saylov komissiyasi hududiy saylov komissiyasini xabardor etadi.
15. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlari hududiy saylov komissiyasi tomonidan bevosita yoxud uni aʼzolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida yozma ariza berganda;
u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
u oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;
qonunga koʻra u saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan bedarak yoʻqolgan deb topilganda yoxud vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqanda;
u vafot etganda.
Komissiya aʼzosining oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganligiga oid holat u aʼzo boʻlgan tuman, shahar saylov komissiyasining dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
16. Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi komissiya tarkibidan chiqarilgan yoki tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining soni koʻpaytirilgan hollarda tuman, shahar saylov komissiyasining yangi aʼzosi Saylov kodeksida va mazkur Nizomda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
4-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlari
17. Tuman, shahar saylov komissiyasi:
tegishli tuman yoki shahar hududida (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etadi;
tegishli hududda Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi hamda saylovni tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar sonini koʻrsatgan holda saylov okruglarining roʻyxatini eʼlon qiladi;
uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
agar uchastka saylov komissiyalarining qarorlari Saylov kodeksiga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga koʻrsatilgan nomzodlarni belgilangan tartibda roʻyxatga oladi va ular haqidagi maʼlumotlar rasmiy eʼlon qilinishini tashkil etadi;
roʻyxatga olingan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarga guvohnomalar beradi;
nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;
deputatlikka nomzod etib roʻyxatga olinganlarning tarjimai holi va dasturlarining asosiy yoʻnalishlarining chop etilishi hamda saylov uchastkalariga yetkazib berilishini taʼminlaydi;
saylovlarni tuman, shahar miqyosida yorituvchi mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazadi va ularga tegishli guvohnoma beradi;
uchastka saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, tegishli hududda saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, oʻz muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning tayyorlanishini taʼminlaydi;
tegishli tuman yoki shahar hududidagi siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;
saylovchilar roʻyxatlarining tuzilishini va hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini nazorat qiladi;
uchastka saylov komissiyalarini saylov byulletenlari bilan taʼminlaydi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovida saylov okruglari boʻyicha saylov natijalarini aniqlaydi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga oʻtkazilgan saylov yakunlarini chiqaradi, saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi, saylov yakunlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va saylangan deputatlarning roʻyxatlarini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi;
deputatlarga tuman, shahar Kengashi deputati guvohnomasini va koʻkrak nishonini beradi;
tuman, shahar Kengashi deputatlari takroriy saylovi, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;
saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan uchastka saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;
Saylov kodeksining talablari buzilganligi toʻgʻrisidagi materiallarni sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;
saylovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarning arxivlarga va idoraviy arxivlarga topshirilishini taʼminlaydi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov yakunlari toʻgʻrisida tegishli xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga axborot beradi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov yakunlari toʻgʻrisida hududiy saylov komissiyasiga hisobot beradi;
tegishli hududda SJBAT hamda SYAERdan foydalanish boʻyicha umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi hamda hududdagi saylov uchastkalari va saylovchilar soni haqidagi maʼlumotlarni SJBATda dolzarblashtirish ishlarini muvofiqlashtirib boradi;
saylov uchastkalari kesimida saylovchilar roʻyxati ilovasiga kiritilgan saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi hamda mazkur saylovchilarning asosiy roʻyxatga kiritilmaganligi sabablarini oʻrgangan holda hududiy saylov komissiyasiga axborot kiritadi;
saylangan tuman, shahar Kengashi deputatlarining guvohnomasi va koʻkrak nishoni hisobini yuritadi;
tuman, shahar Kengashi deputatlarining monitoringini olib boradi, shuningdek, boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlarni shakllantiradi hamda boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlariga saylov oʻtkazish yuzasidan hududiy saylov komissiyasiga takliflar kiritadi;
saylov uchastkalarining saylov jihozlari bilan taʼminlanganligi boʻyicha monitoring yuritadi;
saylov jihozlarining sifatli va yaroqli holda saqlanishini xatlovdan oʻtkazadi hamda hududiy saylov komissiyasiga axborot kiritadi;
saylov uchastkalarining dislokatsiyalari asosida saylov uchastkalariga tegishli hudud chegaralari boʻyicha saylov okruglari va uchastkalarining geolokatsiyali elektron xaritasi tuzilishini taʼminlaydi;
saylovlar haqida aholining elektoral madaniyatini oshirish masalalari boʻyicha davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Markaziy saylov komissiyasidan yoki hududiy saylov komissiyasidan yuborilgan yoxud bevosita tuman, shahar saylov komissiyasiga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini (shu jumladan, joyiga chiqqan holda murojaat etuvchilar, mutasaddi tashkilotlar va masʼul shaxslar ishtirokida) qonunchilik talablari asosida koʻrib chiqilishini taʼminlaydi;
saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni (oʻquv mashgʻulotlari, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va hokazolarni) tashkil etadi;
Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyasining ish rejalarida belgilangan tuman, shahar saylov komissiyalariga taalluqli bandlarning va tuman, shahar saylov komissiyasi ish rejalarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida sifatli bajarilishini taʼminlaydi;
saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish yuzasidan hududiy saylov komissiyasiga takliflar kiritadi.
18. Tuman, shahar saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tegishli hududdagi davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega. Ular qoʻyilgan masalani koʻpi bilan uch kunlik muddatda koʻrib chiqishi va tuman, shahar saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.
19. Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar tuman, shahar saylov komissiyasiga oʻz vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashishi, uning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
5-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzolari
20. Tuman, shahar saylov komissiyasining raisi:
tuman, shahar saylov komissiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
tuman, shahar saylov komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi, komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
tuman, shahar saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etish uchun davlat organlarining, siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalarining hamda tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarini taklif etadi;
davlat organlari va jamoat birlashmalari, shu jumladan siyosiy partiyalar bilan munosabatlarda tuman, shahar saylov komissiyasi nomidan ish yuritadi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov yakunlari toʻgʻrisida tegishli xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga axborot beradi;
tuman, shahar saylov komissiyasining bayonnomalarini, qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
tuman, shahar saylov komissiyasi qarorlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
fuqarolarni bevosita qabul qiladi va ularning murojaatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini tashkil etadi;
akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining guvohnomalarini va siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarining mandatlarini imzolaydi;
saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, huquqbuzarlikka oid materiallarni sudga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qiladi;
tegishli hudud boʻyicha saylov jarayoni va yakunlari toʻgʻrisida hududiy saylov komissiyasiga hisobot beradi;
qonunchilik hujjatlarida, shuningdek tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari oʻrtasidagi vazifalar taqsimotida nazarda tutilgan oʻz zimmasidagi boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi raisining oʻz vakolatlarini bajarishi imkoni boʻlmaganda, shuningdek rais boʻlmagan taqdirda, raisning vazifalari rais oʻrinbosarining zimmasiga yuklatiladi.
21. Tuman, shahar saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari:
tuman, shahar saylov komissiyasi raisining oʻz vakolatlarini bajarishi imkoni boʻlmaganda, shuningdek rais boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini bajaradi;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
tegishli hududda SYAERdan foydalanish va SJBATni yuritish masalalarini muvofiqlashtiradi;
tuman, shahar va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirish va ularning faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlash ishlarni muvofiqlashtiradi;
ommaviy axborot vositalari vakillari bilan aloqalar oʻrnatadi, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda komissiya faoliyatini har tomonlama yoritilishini tashkillashtiradi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi va ularning murojaatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini tashkil etadi;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarini jalb etgan holda komissiya qarorlari ijrosini taʼminlaydi;
tashkiliy, tahliliy ishlarni va tuman, shahar saylov komissiyasi moddiy-texnik taʼminoti (xizmat koʻrsatish) masalalarini nazorat qiladi;
tuman, shahar saylov komissiyasi raisining topshiriqlarini bajaradi;
oʻz vakolatlari doirasida tuman, shahar saylov komissiyasining boshqa aʼzolariga topshiriqlar beradi;
qonunchilik hujjatlarida, shuningdek tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari oʻrtasidagi vazifalar taqsimotida nazarda tutilgan oʻz zimmasidagi boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
22. Tuman, shahar saylov komissiyasining kotibi:
tuman, shahar saylov komissiyasi majlislarini tashkillashtiradi, muhokama etiladigan masalalar boʻyicha qaror va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarini komissiya majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida xabardor qiladi;
tuman, shahar saylov komissiyasi qarorlari va boshqa materiallar komissiya aʼzolari hamda uchastka saylov komissiyalariga, shuningdek, zaruratga qarab, tegishli hududdagi davlat organlari, siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarga yetkazilishini taʼminlaydi hamda komissiya majlislari haqidagi xabar va maʼlumotlarning ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishini tashkillashtiradi;
tuman, shahar saylov komissiyasi majlislarining, boshqa tadbirlarning bayonnomalari yuritilishini tashkil etadi hamda raislik qiluvchi bilan birga ularni imzolaydi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan taqdim etilgan hujjatlarning toʻgʻri rasmiylashtirilganligini koʻrib chiqish ishlarini tashkil qiladi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olingan shaxslarning roʻyxatini va ular haqidagi maʼlumotlarning ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishini tashkillashtiradi;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari bilan hamkorlikda saylov qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining SYAER va SJBATni yuritish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
tuman, shahar saylov komissiyasi raisi va rais oʻrinbosari topshiriqlarini bajaradi;
tuman, shahar saylov komissiyasining faoliyatiga taalluqli ish hujjatlarini nomenklatura asosida yuritib boradi;
“E-saylov” axborot tizimida ish yuritilishini taʼminlaydi;
tuman, shahar saylov komissiyasining istiqboldagi va joriy ishlarini rejalashtirishni tashkil qiladi hamda rejalashtirilgan tadbirlarning ijrosini nazorat qiladi;
tuman, shahar saylov komissiyasi qarorlari bajarilishi toʻgʻrisida komissiya raisiga doimiy maʼlumot kiritib boradi;
tuman, shahar saylov komissiyasi muhrini, rasmiy blankasini saqlaydi;
boʻshab qolgan oʻrinlarga xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishlarni amalga oshiradi;
uchastka saylov komissiyalari aʼzolari tarkibining elektron bazasini muvofiqlashtirib boradi;
qonunchilik hujjatlarida, shuningdek tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari oʻrtasidagi vazifalar taqsimotida nazarda tutilgan oʻz zimmasidagi boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
23. Tuman, shahar saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari, kotibi oʻz vakolatlarini bajarishi imkoni boʻlmaganda, shuningdek rais oʻrinbosari, kotib boʻlmagan taqdirda, ularning vazifalari tuman, shahar saylov komissiyasi raisi tomonidan komissiya aʼzolari zimmasiga vaqtinchalik yuklatilishi mumkin.
24. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzosining majburiyatlari:
komissiya muhokamasiga kiritilgan masalalarni tayyorlashda ishtirok etadi;
komissiyaning barcha majlislarida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali shaxsan ishtirok etadi, boshqa tadbirlarida qatnashadi;
oʻzi biriktirilgan saylov okrugida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida sifatli bajarilishini muvofiqlashtiradi;
uzrli sabablar bilan (kasalligi, mehnat taʼtilida boʻlishi va boshqalar) komissiya majlisida ishtirok eta olmasligi haqida tuman, shahar saylov komissiyasi raisini yoki komissiya kotibini xabardor qiladi;
tuman, shahar saylov komissiyasi raisining va rais oʻrinbosarining oʻz vakolatlari doirasida bergan topshiriqlarini bajaradi hamda ularning bajarilganligi toʻgʻrisida belgilangan muddatlarda axborot beradi;
koʻrib chiqish oʻziga yuklatilgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini taʼminlaydi;
tuman, shahar saylov komissiyasi raisi tomonidan ovoz berish kunidagi belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlaydi;
saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ular toʻgʻrisida darhol rais yoki rais oʻrinbosarini xabardor qiladi;
qonunchilik hujjatlarida, shuningdek tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari oʻrtasidagi vazifalar taqsimotida nazarda tutilgan oʻz zimmasidagi boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
25. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
tuman, shahar saylov komissiyasi majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi hamda bu masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirish;
tuman, shahar saylov komissiyasi majlisida muhokamada qatnashish, majlisda soʻzga chiqish, takliflar kiritish;
majlis ishtirokchilariga tuman, shahar saylov komissiyasining majlisida qabul qilingan qarori yuzasidan alohida fikr bildirish;
tuman, shahar saylov komissiyasi faoliyatiga doir materiallar va hujjatlar bilan tanishib chiqish.
26. Tuman, shahar saylov komissiyasining barcha aʼzolari odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etadi, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻladi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini oladi, manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda, shuningdek yaqin qarindoshlari tegishli hududda nomzod etib roʻyxatga olingan taqdirda, hududiy saylov komissiyasini darhol xabardor qiladi.
6-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasi ishini tashkil etish
27. Tuman, shahar saylov komissiyasi oʻz faoliyatini mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
28. Tuman, shahar saylov komissiyasi ishining tashkiliy shakli uning zaruratga qarab oʻtkaziladigan majlisi hisoblanadi. Tuman, shahar saylov komissiyasining majlislari u joylashgan binoda, sayyor tarzda yoki videokonferensaloqa shaklida oʻtkaziladi.
29. Tuman, shahar saylov komissiyasining majlisi raisning tashabbusiga koʻra yoki komissiya aʼzolari umumiy tarkibining kamida uchdan bir qismi talabiga binoan chaqirilishi mumkin.
Tuman, shahar saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis oʻtkazilayotgan kundagi komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi agar majlisda videokonferensaloqadan foydalangan holda ishtirok etayotgan boʻlsa, majlisda hozir boʻlgan hisoblanadi.
30. Tuman, shahar saylov komissiyasining qarori ochiq ovoz berish yoʻli orqali komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
31. Tuman, shahar saylov komissiyasi majlislarida masalalar ochiq va oshkora muhokama etiladi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi majlisida bayonnoma yuritiladi.
Bayonnomada majlisning kun tartibi, unda qatnashgan tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari va boshqa taklif etilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar, muhokamaga kiritilgan masalaning qisqacha mazmuni, soʻzga chiqqan va fikr bildirganlar toʻgʻrisida maʼlumotlar, koʻrib chiqilgan har bir masala yuzasidan ovoz berish natijalari, qabul qilingan qarorlar koʻrsatiladi.
Bayonnoma raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi hamda unga qabul qilingan qaror, taalluqli hujjatlar, shuningdek, tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining muayyan masala yuzasidan yozma shakldagi alohida fikrlari (agar boʻlsa) ilova qilinadi.
Okrug boʻyicha saylov natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma tuman, shahar saylov komissiyasining majlisida ishtirok etgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
32. Tuman, shahar saylov komissiyasining qarorlari elektron shaklda “E-saylov” axborot tizimi orqali qabul qilinishi mumkin. Bunda majlisda qabul qilingan qarorning matni “E-saylov” axborot tizimiga tuman, shahar saylov komissiyasi kotibi tomonidan yuklanadi va komissiya raisiga (majlisda raislik qiluvchi) imzolash uchun taqdim etiladi. Bunda tuman, shahar saylov komissiyasi majlisida maʼqullangan tuzatishlar (oʻzgartirish, qoʻshimchalar) qaror matniga kiritiladi.
33. Qarorlar tuman, shahar saylov komissiyasi raisi (majlisda raislik qiluvchi) tomonidan imzolanadi.
“E-saylov” axborot tizimi orqali qabul qilinadigan qarorlar tuman, shahar saylov komissiyasi raisi (majlisda raislik qiluvchi) tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
34. Tuman, shahar saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori tegishli tuman, shahar hududidagi uchastka saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.
35. Tuman, shahar saylov komissiyasi majlislarida Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari va Kotibiyati xodimlari, hududiy saylov komissiyasi aʼzolari, roʻyxatga olingan nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi mumkin.
Majlislarga mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari vakillari va boshqalar taklif etilishi mumkin.
36. Tuman, shahar saylov komissiyasi hududiy saylov komissiyasi tomonidan tuzilganidan soʻng quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:
tuman, shahar saylov komissiyasining birinchi tashkiliy majlisini oʻtkazadi;
tuman, shahar saylov komissiyasi joylashgan binoni belgilangan tartibda jihozlashga zarur boʻlgan tashkiliy ishlarni amalga oshiradi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi birinchi tashkiliy majlisida quyidagi masalalarni koʻrib chiqadi:
tuman, shahar saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ish rejasini tasdiqlash;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolari tomonidan fuqarolarning qabulini tashkil etish;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining navbatchiligini tashkil qilish.
37. Tuman, shahar saylov komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlangan muhrga ega boʻladi.
38. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida tuman, shahar saylov komissiyasining kotibiyati tashkil etilishi mumkin.
Tuman, shahar saylov komissiyasi kotibiyatiga jalb etilgan mutaxassislar ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinadi.
39. Tuman, shahar saylov komissiyasi raisi yoki rais oʻrinbosari tuman, shahar saylov komissiyasiga tashrif buyurgan siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, nomzodlar va ularning ishonchli vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarni tegishli hujjatlar asosida roʻyxatga oladi va qabul qiladi.
40. Tuman, shahar saylov komissiyasining raisi, rais oʻrinbosari yoki kotibi ovoz berish kunida tegishli hududda ovoz berish jarayonining borishi haqida har soatda, muddatidan oldin ovoz berish kunlarida esa, har kunlik ovoz berish natijasi haqida hududiy saylov komissiyasiga maʼlumot berib boradi.
41. Saylovga oid axborot tizimlaridan foydalanishni tashkillashtirish maqsadida tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolaridan birining (qoida tariqasida raqamli texnologiyalar sohasida maʼlum koʻnikmaga ega boʻlganining) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
komissiya aʼzolarining axborot tizimlaridan samarali foydalanishini tashkil etish;
uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga SJBATga kirish uchun tegishli maʼlumotlarni berish;
axborot tizimlaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlash borasida nazorat olib borish;
uchastka saylov komissiyalari tomonidan SJBATda amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtirib borish.
42. Tuman, shahar saylov komissiyasida yuritiladigan ish hujjatlari:
tuman, shahar saylov komissiyasining qarorlari, bayonnomalari, dalolatnomalar daftari va yigʻmajildi;
Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyasining qarorlari yigʻmajildi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlari sayloviga oid hujjatlar yigʻmajildi;
kirish, chiqish hujjatlarini, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini roʻyxatga olish daftari va yigʻmajildi;
moliyaviy hujjatlar va saylov jihozlari hisobiga oid hujjatlar yigʻmajildi;
SYAER va SJBATga oid hujjatlar yigʻmajildi;
kuzatuvchilarni roʻyxatga olish daftari.
43. Markaziy saylov komissiyasining koʻrsatmasiga asosan tuman, shahar saylov komissiyasida yuritiladigan ish hujjatlari elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
7-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasining binosi va xonalarini jihozlash
44. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida tegishli hududda joylashgan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tuman, shahar saylov komissiyasi ixtiyoriga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan binolar, majlis zallari, xonalar hamda jihozlarni bepul berib turishi shart.
Saylovni oʻtkazish davrida tuman, shahar saylov komissiyasi tuman, shahar hokimliklari tomonidan kamida toʻrtta xonadan iborat bino bilan, shuningdek, transport, aloqa vositalari va qoʻshimcha internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati bilan taʼminlanadi.
45. Saylovni oʻtkazish davrida tuman, shahar saylov komissiyasi joylashgan bino tegishli tarzda jihozlanishi va quyidagilarga ega boʻlishi kerak:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (binoning ustida va ichida);
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi (binoning ichida);
tuman, shahar saylov komissiyasining toʻliq nomi koʻrsatilgan peshlavha;
qulflanadigan seyf yoki metall shkaf;
zarur mebellar, konditsioner, orgtexnika vositalari (kompyuter, noutbuk, printer, skaner, nusxa koʻchiruvchi uskuna, UPS), telefon, televizor;
SJBAT va “E-saylov” axborot tizimi talablariga javob beruvchi ikkitadan kam boʻlmagan kompyuter va ularga kerakli boʻlgan qurilmalar (printer, skaner, UPS va boshqalar) hamda uzluksiz (simsiz) internet aloqasi va h.k.;
videokonferensaloqa uchun videomonitor, mikrofon va akustik qurilmalar;
muqobil elektr energiya ishlab chiqaradigan generator qurilmasi;
yongʻinga qarshi vositalar.
Tuman, shahar saylov komissiyasi joylashgan bino va unga olib boruvchi yoʻlaklar ozoda va taʼmirlangan, yoritish moslamalari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
46. Saylovni oʻtkazish davrida tuman, shahar saylov komissiyasi binosida quyidagilar joylashtiriladi:
saylov sanasiga bagʻishlangan plakat;
tuman, shahar saylov komissiyasining tarkibi, manzili va telefon raqamlari;
Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyasining, tegishli tuman yoki shahar sudi, prokuraturasi va ichki ishlar boʻlimining ishonch telefonlari raqamlari.
47. Tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining xonasida quyidagilar boʻlishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, saylovga oid qonunchilik hujjatlari;
tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining tarkibi haqida maʼlumot;
tuman, shahar saylov komissiyasining ish rejasi va navbatchilik jadvali.
48. Stendlarda joylashtiriladigan materiallarda saylovoldi tashviqotiga oid nishon va alomatlar boʻlmasligi kerak.
49. Tuman, shahar saylov komissiyasi binosiga kirish joyida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun oʻrindiqli aravachalarga moslashtirilgan nishab yoʻlaklari (panduslar) boʻlishi va ular belgilangan talablarga mos boʻlishi kerak.
50. Tuman, shahar saylov komissiyasi kompyuterlarini internet tarmogʻiga ulash Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining hududiy boʻlimlari koʻmagida amalga oshiriladi.
8-bob. Tuman, shahar saylov komissiyasi faoliyatini moliyalashtirish
51. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
52. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlari uchun saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli tuman, shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
53. Chet davlatlarning, ular jismoniy va yuridik shaxslarining hamda xalqaro tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan saylovni moliyalashtirish taqiqlanadi.
54. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni moliyalashtirish hamda mablagʻlardan foydalanish tartibi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
9-bob. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish
56. Kelib tushgan murojaatlar tuman, shahar saylov komissiyasi raisi tomonidan komissiya aʼzolari oʻrtasida koʻrib chiqish uchun taqsimlanadi.
Murojaatga javob xati tuman, shahar saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
57. Murojaatda bayon etilgan masalalarni hal qilish tuman, shahar saylov komissiyasi vakolatiga kirmasa, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga yuboriladi.
58. Tuman, shahar saylov komissiyasi saylov kampaniyasini oʻtkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning Saylov kodeksi talablari buzilganligi yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida oʻziga kelib tushgan murojaatlarini oʻz vakolatlari doirasida koʻrib chiqadi.
Ushbu murojaatlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazilishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berilishi, saylovga olti kundan kam vaqt qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlar esa darhol koʻrib chiqilib, javob qaytarilishi shart. Bundan uchastka saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno.
Zarur hollarda tuman, shahar saylov komissiyasi murojaatlarni koʻrib chiqish uchun tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzishi mumkin.
10-bob. Saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
59. Saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
60. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonidagi huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11-bob. Saylovga oid hujjatlarni va muhrlarni saqlash
61. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli hujjatga muvofiq saqlash uchun tayyorlanadi, topshiriladi hamda (yoki) yoʻq qilinadi.
62. Tuman, shahar saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyalari oʻz faoliyatini tugatganidan soʻng ularning muhrlari belgilangan tartibda qabul qilinishini hamda hududiy saylov komissiyasiga yetkazilishini taʼminlaydi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA


Izoh: Tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzolariga guvohnomalar elektron shaklda “E-saylov” axborot tizimi orqali berilishi mumkin. Bunda “E-saylov” axborot tizimi orqali guvohnoma hududiy saylov komissiyasi raisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Tuman, shahar saylov komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tuman, shahar saylov komissiyasining gerbli rezina muhri
NAMUNASI

Tuman, shahar saylov komissiyasining gerbli rezina muhri diametri 35 mm aylana shaklda boʻlib, markazdan 18,5 mm uzoqlikda asosiy aylana va undan 1 mm masofada yana bir aylana oʻtkazilgan. Ikkinchi aylana tagida aylana boʻyicha “OLMAZOR TUMANI SAYLOV KOMISSIYASI”* yozuvi bor. Ushbu matnning tagidan yana bir ichki aylana oʻtkazilgan boʻlib, aylananing ichida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
* Tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi nomi koʻrsatiladi.