O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5517-son Farmoniga muvofiq, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida:
1. Namangan viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligining:
ilovaga muvofiq To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi zaxirasidagi Ibrat massivida joylashgan 70,0 gektar bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazish;
To‘raqo‘rg‘on tumanidan 70,0 gektar bo‘sh yer uchastkalarini ajratish hisobiga “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Namangan viloyati hokimligi:
a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib davlat yer kadastri ma’lumotlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;
b) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi mablag‘lari hisobiga bir oy muddatda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining yangi hududlari (keyingi o‘rinlarda — “Namangan” EIZning yangi hududlari) bosh rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
Bunda:
bosh reja loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi etib “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi belgilanadi;
bosh reja loyihasini ishlab chiqish Namangan viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
bosh reja loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha tashkiloti tender (tanlov) savdolari natijasiga ko‘ra aniqlanadi;
v) uch yil muddatda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi uchun ajratilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari o‘rniga besh barobarga teng miqdorda yangi yerlarni o‘zlashtirish choralarini ko‘rsin.
3. Belgilansinki, “Namangan” EIZning yangi hududlarida:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5600-son Farmoniga muvofiq elektron onlayn-auksion savdolari orqali;
infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq;
infratuzilma obyektlarini qurish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha buyurtmachi vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ajratiladigan yerlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligining o‘rnini qoplash uchun kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ va Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda “Namangan” EIZning yangi hududlari tasdiqlangan bosh rejasiga asosan:
uch oy muddatda 2023-2024-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi bilan ta’minlash lozim bo‘lgan obyektlar ro‘yxatini tasdiqlasin;
2024-yil 1-martga qadar amalga oshiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda kelishish ishlarini yakunlasin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi obyektlar ro‘yxati tasdiqlangandan so‘ng bir oy muddatda ularning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablag‘larning ajratilishini ta’minlasin.
6. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi “Namangan” EIZning yangi hududlari bosh rejasi belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga qat’iy rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini o‘rnatsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-dekabr,
PQ-407-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-407-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi zaxirasidagi Ibrat massivida joylashgan bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladigan
ER UChASTKALARI
|
Hudud nomi |
Yerdan foydalanuvchi nomi |
Kontur raqami |
Jami yer uchastkasi (ga) |
Shundan: |
Tuproq bonitet bali | |
|
ekin er (ga) |
boshqa er (ga) | |||||
|
“Ettikon” MFY |
To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi |
380 381 383 385 386 |
70,0 |
66,6 |
3,4 |
36 |
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 07/23/407/0975-son)