Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 20-iyuldagi PQ-232-son qarori ijrosini taʼminlash hamda “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 20-iyuldagi PQ-232-son qaroriga muvofiq:
Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etilganligi;
qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori lavozimi joriy etilganligi;
Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — muvofiqlashtiruvchi Kengash) tarkibi va uning asosiy vazifalari belgilanganligi;
Direksiyaga oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondidan 50 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻ begʻaraz ajratilishi belgilanganligi;
Yangi Toshkent shahri barpo etiladigan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlari hududidan 19 720,9 ga yer maydonlarini Direksiyaga ajratish qayd etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Direksiya:
oʻz xodimlari, konsultant sifatida jalb etiladigan malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarning soni, ish haqi va malaka talablari ularga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishilgan holda belgilanadi;
oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini rasmiylashtirish, koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish, boʻlish joyida hisobga olish (muddatini uzaytirish), Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani olish (muddatini uzaytirish) xarajatlari Direksiya mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Yangi Toshkent shahri hududida:
markazlashgan va markazlashmagan investitsiyalar, tarmoq investitsiya dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha kompleks dasturlar, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy sohalardagi infratuzilmalarni rivojlantirish dasturlari hamda boshqa maqsadli dasturlar bilan bogʻliq loyihalarni, shuningdek, tadbirkorlik loyihalari Direksiya bilan tuzilgan investitsiya shartnomalari asosida amalga oshiriladi;
shartnomalarda nazarda tutilgan investitsiya shartlari loyiha ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda, Direksiya tomonidan loyihani vaqtincha toʻxtatish yuzasidan zarur choralar koʻriladi;
loyiha ishtirokchilari tomonidan yerdan foydalanish talablari buzilgan taqdirda, mazkur yer uchastkalari Direksiyaga qaytariladi hamda loyihani amalga oshirish uchun sarflangan mablagʻlardan qatʼi nazar, faqatgina yerning qiymati investitsiya shartnomasi shartlariga muvofiq Direksiya tomonidan qoplab beriladi;
tashqi muhandislik tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar Direksiya tomonidan mustaqil belgilanadi;
“Aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan zamonaviy maʼmuriy boshqaruv tizimi joriy etiladi.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Direksiya tomonidan muhim ijtimoiy, madaniy va maʼmuriy obyektlarda amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlari Direksiyaning bank hisobvaraqlarida jamlanadigan xalqaro grantlar, texnik koʻmaklashish mablagʻlari, homiylik xayriyalari, xorijiy imtiyozli kreditlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Direksiyaning joriy faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, unga tegishli bino va inshootlarni saqlash, ulardan foydalanish, qurish va taʼmirlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash, shuningdek, mebel, aloqa vositalari, kompyuter va boshqa barcha zarur inventarlar bilan taʼminlash Direksiya mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda xarajatlar smetasi muvofiqlashtiruvchi Kengash tomonidan tasdiqlanadi;
Yangi Toshkent shahri barpo etiladigan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridagi 19 720,9 ga yer maydonlari va ushbu yer maydonlarining chegaralaridan 5 km masofada tutash hududlarida joylashgan obyektlarda Yangi Toshkent shahri bosh rejasi tasdiqlangunga qadar mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini oʻzgartirish, qayta qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, oʻz hududida qoʻshimcha bino va inshootlarni qurish uchun tegishli ruxsatnoma berish va loyiha hujjatlarining arxitektura qismini kelishish xulosasini berish qatʼiyan taqiqlanadi.
6. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Direksiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Yangi Toshkent shahri hududida qurilish obyektlarining birlamchi ruxsat berish hujjatlarini va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni ekspertizadan oʻtkazish, davlat qurilish nazoratini amalga oshirish hamda foydalanishga topshirish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni nazarda tutuvchi maʼmuriy reglamentni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda Yangi Toshkent shahri barpo etiladigan hududda:
bir oy muddatda yer toifasidan qatʼi nazar yer uchastkalari, bino va inshootlar, ekinlar, shuningdek, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan mulkdorlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ular toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar toʻplamini shakllantirsin;
xatlov natijasida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari aniqlangan taqdirda, yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxsning oʻz hisobidan bartaraf etish choralarini koʻrsin;
uch oy muddatda loyiha doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulklariga yetkaziladigan zararlarni qoplash maqsadida amaliy chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Direksiya “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga tegishli boʻlgan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Bobur koʻchasi 14-uy manzilidagi bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori D.Q. Adilov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.B. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-oktabr,
568-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-oktabrdagi 568-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Ustav Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Direksiya davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, qonunchilikka muvofiq oʻz mustaqil balansiga, bank hisobvaragʻiga, Direksiyaning toʻliq nomi yozilgan muhrga, shtampga va blankaga ega boʻladi.
4. Vazirlar Mahkamasi Direksiyaning muassisi hisoblanadi.
5. Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi;
qisqacha nomi — Yangi Toshkent direksiyasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Direksiya po stroitelstvu goroda Noviy Tashkent pri Kabinete Ministrov;
qisqacha nomi — Direksiya Noviy Tashkent;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Directorate for the construction of the city of New Tashkent under the Cabinet of Ministers;
qisqacha nomi — Directorate of New Tashkent.
6. Direksiya joylashgan yer (pochta manzili): 100100, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur koʻchasi, 14-uy.
2-bob. Direksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan amaliyotlar asosida hamda yetakchi xorijiy va mahalliy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda, Yangi Toshkent shahri hududini rivojlantirish rejalarini (master reja), tarmoq rejalarini va manzilli dasturlarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
Yangi Toshkent shahri hududida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib borish, salohiyatli investorlarni tanlash, ular bilan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda bitimlar tuzish va ularning ijrosini nazorat qilish;
Direksiya tomonidan tasdiqlangan hududda loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish boʻyicha alohida texnik shartlarga amal qilish toʻgʻrisida bitimlar tuzish va ularning ijrosi ustidan monitoring olib borish;
Yangi Toshkent shahri hududidagi ijtimoiy soha obyektlari, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yoʻl-transport infratuzilmalarini barpo etishda buyurtmachi funksiyasini bajarish;
zamonaviy uy-joylar qurish ishlariga katta tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, ularga zamonaviy uslublar, energiya tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qoʻllash yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berish;
Yangi Toshkent shahri hududida barpo etiladigan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yoʻl-transport infratuzilmalaridan yagona operator sifatida foydalanish va isteʼmolchilar bilan xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzish;
qurilishga salohiyatli investorlarni, shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali taqdimot tadbirlarini va reklama kampaniyasini tashkil etish.
8. Direksiya oʻziga yuklangan vazifalar doirasida quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanish, oqava suv tarmoqlarini tozalash xizmatlari koʻrsatish sohasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;
ichimlik va oqava suv tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olishga yoʻl qoʻymaslik, ichimlik va oqava suv tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish;
ichimlik va oqava suv tarmoqlari obyektlarining holati va ulardan foydalanish shartlari, ichimlik va oqava suv tarmoqlaridagi shikastlanish va avariyalarning profilaktikasi boʻyicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yoʻqotilishining belgilangan meʼyorlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish;
sugʻorish, qurilish-montaj, obodonlashtirish ishlariga faqatgina markazlashtirilgan texnik suvlardan foydalanish shartlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish;
zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, energiya resurslaridan samarali foydalanish monitoringini yuritish;
issiqlik energiyasi va elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va uzatilishi, shuningdek, yakuniy isteʼmolchilarga taqsimlash va sotishda yagona buyurtmachi hamda yetkazib beruvchi funksiyalarini bajarish;
transport vositalari uchun turargohlar, quvvatlash infratuzilmasini yaratish va boshqarish;
yoʻllarda harakatni boshqarish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar majmuini belgilash;
obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish;
chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, koʻmish va realizatsiya qilish tizimini, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etgan holda rivojlantirish va ular faoliyatini ragʻbatlantirish;
aholida sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun qulay sharoitlar yaratish;
muhim ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼmuriy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalar roʻyxatini shakllantirish va amalga oshirish.
9. Direksiyaga qonunchilik hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vaziri topshiriqlariga muvofiq boshqa vazifalar ham yuklanishi mumkin.
3-bob. Direksiya huquqlari va majburiyatlari
10. Direksiya quyidagi huquqlarga ega:
Yangi Toshkent shahrini barpo etish boʻyicha tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha hujjatlarga boʻlgan talablarni mustaqil ravishda belgilash va tasdiqlash;
yer uchastkalarini sotishda ularda barpo etiladigan obyektlarga qoʻyiladigan asosiy talablarni mustaqil belgilash;
qurilish ishlarining sifat, texnik va muddat nazoratini mustaqil amalga oshirish;
kommunal boshqarish, investitsiya faoliyati, marketing, baholash, geologiya qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlar texnik holatini tekshirish xizmatlarini koʻrsatish;
davlat sherigi sifatida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim talablarini vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda belgilash;
Yangi Toshkent shahri hududida isteʼmolchilarga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar tariflarini Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — muvofiqlashtiruvchi Kengash) bilan kelishgan holda belgilash;
Yangi Toshkent shahrini barpo etish davrida investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish, ularni transport infratuzilmasi obyektlari va yordamchi inshootlar bilan taʼminlashni tashkil qilish;
Yangi Toshkent shahri hududidagi yer uchastkalarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotish yoki ijaraga berish toʻgʻrisida (har bir loyihaga alohida texnik shart asosida) muvofiqlashtiruvchi Kengashga taklif kiritish;
xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlarini amalga oshirish hamda ushbu xizmat safarlari bilan bogʻliq barcha xarajatlarni Direksiya mablagʻlaridan toʻlash;
oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish doirasida xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish, kelishuvlar va memorandumlar imzolash;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz mol-mulkidan foydalanish va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
obyekt foydalanishga topshirilib, kafolat muddati tugagunga qadar nazorat oʻlchovini oʻtkazishni tashkil etish.
Direksiya oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Direksiyaning majburiyatlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vaziri topshiriqlarini belgilangan muddatlarda, toʻliq va sifatli bajarish, kelgusida tizimli monitoring olib borilishini taʼminlagan holda uzoq va oʻrta muddatli, har yilgi rivojlanish dasturlari ishlab chiqish;
loyihalashtirish jarayonini tekshirib borishni, mualliflik nazoratini olib borilishini taʼminlash, qurilishni texnik nazorat qilish, qurilish jarayonida va kafolat muddatida aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
belgilangan tartibda buxgalteriya hisobi va hisobotini, soliq, statistika hisobotini va boshqa hisobotlarni yuritib borish.
Direksiyaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
12. Direksiya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi.
13. Direksiya unga yuklangan vazifa va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javobgardir.
4-bob. Direksiyaning mol-mulki va uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari
14. Direksiya mol-mulki unga davlat tomonidan belgilangan tartibda operativ boshqaruv huquqi bilan birikitilgan mulkdan iborat boʻlib, Direksiyaning oʻz faoliyatidan olingan daromadlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
Direksiya mol-mulkini sotish, berish yoki ayirboshlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Barcha soliqlar, budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin qoladigan sof foyda Direksiya ixtiyorida qoldiriladi.
Direksiya oʻz sof foydasi hisobiga zaxira fondini, shuningdek, boshqa fondlarni tashkil etishi mumkin.
Xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromadlar va ular hisobiga sotib olingan mulk hamda vositalar Direksiya mulki hisoblanadi.
15. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Direksiyaga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarini sotishdan (ijaraga berishdan) tushadigan mablagʻlar;
obyektlar qiymatidan ajratmalar, shu jumladan, investitsiya bitimlariga asosan investorlar tomonidan obyektlarni qurish ishlari uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlardan ajratmalar;
hisobvaraqdagi vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlari;
investitsiya shartnomasiga muvofiq markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning qurilish-montaj ishlari qiymatidan ajratmalar;
shartnoma asosida majburiyatlarni bajarmaganligi uchun sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarimalar (sanksiyalar) va penyalardan ajratmalar;
boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan kelib tushadigan mablagʻlar;
shartnoma asosida xizmat koʻrsatishdan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
16. Direksiyaning joriy faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, unga tegishli bino va inshootlarni saqlash, ulardan foydalanish, qurish va taʼmirlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash, shuningdek, mebel, aloqa vositalari, kompyuter va boshqa barcha zarur inventarlar bilan taʼminlash Direksiya mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda xarajatlar smetasi muvofiqlashtiruvchi Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Direksiya xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish
17. Direksiya tuzilmasi va shtatlar jadvali, xodimlar mehnatiga haq toʻlash va mukofotlash miqdori hamda tartibi Direksiya direktori tomonidan muvofiqlashtiruvchi Kengash bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
18. Direksiya direktori belgilangan ish haqi fondini tejashdan hamda budjetdan tashqari tushgan, shuningdek, xodimlarning tasdiqlangan shtatlar jadvalida nazarda tutilgan shtat birliklari yetishmasligidan iqtisod qilingan mablagʻlardan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishda, Direksiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda foydalanishga haqli.
19. Direksiya xodimlarining oldingi ish joyida olgan uzoq muddat uzluksiz mehnati uchun qoʻshimcha haqlari va ustamalari saqlab qolinadi.
20. Direksiya direktori vazifalarini tashabbus koʻrsatib va vijdonan bajargan xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida ularga Direksiyaning oʻz mablagʻlari hisobiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 100 baravari miqdorida oylik ustamalar belgilashga, har chorakda mukofotlashga, moddiy yordam tayinlashga haqli.
6-bob. Direksiya faoliyatini tashkil etish
21. Direksiya direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Direksiya direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishilgan holda, Direksiya direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
22. Direksiya direktori:
yakka tartibdagi ijro organi hisoblanadi va Direksiya joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Direksiya faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Direksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Direksiya xodimlarining lavozim majburiyatlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Direksiya xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
oʻz vakolati doirasida Direksiya xodimlarining bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi.
Direktor qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Direktor boʻlmagan davrda uning vakolatlarini vazifalar taqsimotiga muvofiq direktor oʻrinbosarlari bajaradi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Direksiya qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda qayta tashkil etiladi yoki tugatiladi.
24. Direksiya belgilangan tartibda davlat reyestridan chiqarilgan vaqtdan boshlab tugatilgan hisoblanadi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2023-y., 09/23/568/0803-son)