Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining kasb etikasi qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 7-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3422]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son “Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining kasb etikasi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TAShKULOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-mart,
3-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 7-martdagi 3-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining kasb etikasi
qoidalari
Mazkur Qoidalar nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining kasb etikasiga oid asosiy qoidalar va talablarni (bundan buyon matnda kasb etikasi qoidalari deb yuritiladi) belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Kasb etikasi qoidalarining maqsadi nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida sud-ekspertlik faoliyatiga boʻlgan hurmat va ishonchni oshirish hamda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining (bundan buyon matnda sud ekspertlari deb yuritiladi) odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarining oldini olish hisoblanadi.
2. Sud eksperti xizmat vazifasiga kirishganda nodavlat sud ekspertiza tashkilotining rahbari tomonidan mazkur kasb etikasi qoidalari bilan tanishtirilishi lozim.
3. Sud ekspertlari kasb etikasi qoidalariga soʻzsiz rioya qilishi, oʻz xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishi, sud ekspertlarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hamda sud-ekspertlik faoliyatining nufuzini saqlashi lozim.
4. Sud ekspertlari har qanday vaziyatda adolatli, halol va xolis boʻlishlari, sud-ekspertlik faoliyatining nufuzini pasaytiradigan, uning obroʻsiga putur yetkazadigan hamda sud ekspertlarining adolatli, halol va xolisligiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan oʻzlarini tiyishlari lozim.
2-bob. Sud ekspertlari faoliyatini amalga oshirishning asosiy prinsiplari
5. Quyidagilar sud ekspertlari faoliyatining asosiy prinsiplari hisoblanadi:
sud ekspertining mustaqilligi;
sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda qonuniylikka rioya qilish;
sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish;
tadqiqotlarning xolisligi, har tomonlamaligi va toʻliqligi.
Sud ekspertining mustaqilligi prinsipiga asosan:
sud eksperti sud ekspertizasini oʻtkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor boʻlgan boshqa shaxslardan mustaqildir;
sud eksperti oʻzining fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga muvofiq oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi;
sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor boʻlgan boshqa shaxslarning foydasini koʻzlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda qonuniylikka rioya etilishi prinsipiga asosan, sud ekspertlari sud-ekspertlik faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilgan holda amalga oshiradi.
Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi prinsipiga muvofiq:
sud-ekspertlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlarida nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi;
shaxsning erkinligini vaqtincha cheklashni yoki uning shaxsiy daxlsizligi buzilishini talab etuvchi sud-ekspert tekshirishlari faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda oʻtkaziladi.
Tadqiqotlarning xolisligi, har tomonlamaligi va toʻliqligi prinsipiga asosan:
sud eksperti tadqiqotlarni xolisona, qatʼiy ilmiy va amaliy asosda, tegishli ixtisoslik doirasida, har tomonlama va toʻliq hajmda oʻtkazadi;
sud ekspertining xulosasi (xulosa) qilingan fikrlarning asosliligi va ishonchliligini umum eʼtirof etilgan ilmiy va amaliy maʼlumotlar bazasiga muvofiq tadqiqot imkoniyatini beradigan qoidalarga asoslanishi lozim.
3-bob. Sud ekspertlarining kasb etikasiga qoʻyiladigan talablar
6. Sud eksperti quyidagilarga majbur:
xizmat vazifalarini vijdonan va yuqori professional darajada bajarish;
mehnat intizomi, kasb etikasi va ish yuritish qoidalariga qatʼiy rioya qilish, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanish;
sud ekspertizasini oʻtkazish uchun zarur uskuna va materiallardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishni taʼminlash;
xizmat mavqeyidan davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatiga noqonuniy taʼsir koʻrsatish uchun foydalanmaslik;
oʻz faoliyatida korrupsiyaviy holatlar vujudga kelishining oldini olish.
7. Sud ekspertiga quyidagilar taqiqlanadi:
sud-ekspertlik faoliyatini obroʻsizlantiradigan harakatlarni amalga oshirish;
tadqiqot oʻtkazish davomida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlardan gʻarazli yoki shaxsiy maqsadlarda foydalanish;
sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilish.
8. Sud ekspertlari mehnat faoliyati davomida quyidagilarga amal qilishi lozim:
xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi;
fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi kamsitilishiga olib keluvchi harakatlar (harakatsizlik)ga yoʻl qoʻymasligi;
halol, adolatli va kamtar boʻlishi, shuningdek fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qatʼiy nazar, xushmuomala, vazmin samimiy va odob doirasida munosabatda boʻlishi;
jamiyatda axloqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga amal qilishi;
oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olmasligi;
ish faoliyati davomida hamkasblariga hurmatda boʻlishi hamda ularning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi maʼlumotlar, tuhmat, turli uydirmalarni tarqatmasligi.
9. Sud ekspertlari kiyinishda quyidagi talablarga rioya etishi lozim:
erkin harakatlanish uchun qulay va kasbga mos holda kiyinishi;
atrofdagilarning eʼtiborini oʻziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda boʻlmasligi;
kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi;
umumeʼtirof etilgan milliy-anʼanaviy shakllarga va maʼnaviy axloqiy tarbiyaga zid kelmaydigan kiyimlarda boʻlishi.
10. Sud ekspertlari ishdan tashqari vaqtda quyidagilarga majbur:
umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid boʻlgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan oʻzlarini tiyishlari;
milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish;
jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʻngilochar maskanlarda) atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʻl qoʻymaslik;
jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki daʼvat qilmaslik;
ish faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni ishga aloqador boʻlmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmaslik.
4-bob. Yakuniy qoidalar
11. Sud ekspertlari tomonidan mazkur kasb etikasi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat tegishli nodavlat sud ekspertiza tashkilotining rahbari hamda Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
12. Mazkur kasb etikasi qoidalarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2023-y., 10/23/3422/0127-son)